El sog‘ligi — yurt boyligi

Odam hushini yo‘qotsa, unga qayday yordam berish kerak?

Nimadir sabab bo‘lib hushini yo‘qotgan kishi mutloq harakatsiz yotadi, hech bir savolga javob bermaydi va o‘ziga nima bo‘layotganini ham anglamaydi. Chunki bu vaqtda miyaning bir qismi ma’lum vaqtga “o‘chadi”. Biroq ushbu holatda miyaning nafas olish, qon aylanishi va turli reflekslarga javobgar bo‘limlari doimgidek ishlayverishi mumkin.

Odam hushini yo‘qotsa

Bilish muhimki, hushdan ketish oldidan ayrim alomatlar kuzatiladi, ya’ni bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, quloqlarda shovqin paydo bo‘lishi, birdan holsizlanishi, ko‘z oldi qorong‘ilashishi, sovuq ter bosishi mumkin. Hushini yo‘qotayotgan odamning rangi oqara boshlaydi, pulsi sekinlashib, arterial bosimi tushib ketadi. Ko‘zlari yumilib, mushaklar tonusi yo‘qoladi va u muvozanatini yo‘qotib yiqiladi. Bunday vaqtda zudlik bilan birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish zarur.

Masalan:

  • kimningdir hushidan ketayotganini ko‘rib qolsangiz, uning boshi bilan urilmasligiga imkon qadar ko‘maklashing;
  • bemor ichkarida bo‘lsa xona derazalarini oching;
  • bemorni yerga sekingina yotqizing, u o‘tirgan holatda bo‘lmasligi kerak.
  • Boshining ostiga hech narsa qo‘ymang, ammo oyoqlarini iloji boricha biroz yuqoriroq ko‘tarib qo‘yganingiz ma’qul, bu esa bosh miyada qon aylanishi yaxshilanishiga ko‘mak lashadi;
  • bemorning yuziga yengil shapatilab, suv seping yoki novshadil spirtini hidlatish orqali uni hushiga keltirishga urining. Sirka bilan namlangan paxtadan foydalanishingiz ham mumkin;
  • nafas olayotgani va pulsini tekshirib ko‘ring, mabodo nafas olmayotgan va pulsi urmayotgan bo‘lsa, sun’iy nafas berib, yurak sohasini massaj qiling;
  • ”Tez yordam” chaqiring.

Hushdan ketishga oddiy holat deb qaramaslik lozim. Negaki, hushsiz odamning bosh miya faoliyatida qaytarib bo‘lmas vaziyatlar kechayotgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun uni tezroq hushiga keltirishga harakat qilish zarur. Agar bemor 30 daqiqa ichida hushiga kelmasa, demak jiddiyroq chora-tadbirlar ko‘rilishi talab etiladi.

Hushini yo‘qotish ko‘pincha quyidagi hollarda ro‘y beradi:

  • qonda kislorod tanqisligi kuzatilganda;
  • miya chayqalganida;
  • kuchli og‘riq yoki asabiy zo‘riqishdan so‘ng;
  • haddan tashqari charchoq;
  • qattiq sovuqqotish;
  • havoda kislorod kamayib ketishi;
  • kuchli ruhiy hayajonlanish;
  • organizmning suvsizlanib qolishi;
  • bosh jarohatlari;
  • qattiq qo‘rqib ketish;
  • jigar va buyraklarda kasallik tufayli kuchli xurujlar ro‘y berishi;
  • ichak sanchig‘i;
  • oftob urishi;
  • og‘ir jarrohlik amaliyotidan so‘ng muntazam tinka qurishi;
  • yurak faoliyatining keskin izdan chiqqishi;
  • nerv tizimi ishi birdan yomonlashishi;
  • infeksion xastalik bilan og‘rish holatining cho‘zilib ketishi;
  • tok urishi yoki biror narsadan (masalan kimyoviy moddalardan) zaharlanish.

Ushbu maqolani ham o‘qishingizni tavsiya etamiz: Yurak kasalliklari qanday  xavflarga ega?

Kaniza ISAYEVA, shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.