Nokning shifobaxshligi

Nok shifobaxsh mevalardan biri bo‘lib, odamning chanqog‘ini bosuvchi, kayfiyatini ko‘taruvchi xususiyatga ega. Uni ovqatdan 30-50 daqiqa keyin iste’mol qilish lozim.
Nok yurak-qon tomir tizimini tetiklashtirib, buyrak va peshob pufagi yallig‘lanishining oldini oladi. Shuningdek, jigar va qandli diabet kasalliklarida, semizlikning oldini olishda kuniga 3-4 dona yaxshi pishgan nokdan tanovul qilinsa, shifo bo‘ladi. Agar bemorning qon bosimi ko‘tarilsa, bir piyola quritilgan nok va o‘rik mevasini aralashtirgan holda ustiga suv solib, o‘rta olovda qaynatiladi hamda tindirib qo‘yiladi. So‘ng undan har kuni 3-4 mahal yarim piyoladan ichish lozim.

Bod kasalligi bezovta qilganda ham uning damlamasi foydalidir. Buning uchun quritilgan, maydalangan nokdan 2 choy qoshiq olib, ustiga 1 piyola qaynoq suv quyiladi. 2 soat davomida tindirilgach, kuniga uch mahal 1-2 oshqoshiqdan ichiladi. Xolesistit (o‘t pufagi yallig‘lanishi)da har kuni nahorda bu mevadan ikki dona tanovul qilish yoki yovvoyi nokdan tayyorlangan, shakar solinmagan sharbatidan ichish yaxshi foyda beradi.

Diqqat ! Oshqozon hazm qilish a’zolari kasallangan odamlarga uni yeyish mumkin emas.

“Nutrition And You” resursi sahifalarida nokning foydali xususiyatlari haqida ma’lumotlar berilgan bo‘lib, ushbu ma’lumotlar bilan tanishish siz azizlar uchun foydadan xoli emas.

Nok salomatlik uchun zarur bo‘lgan ozuqa tolasi, antioksidant, mineral va vitaminlarga boy meva hisoblanadi. Nok — ozuqa kletchatkasining manbaidir. Bu mevani muntazam ravishda iste’mol qilish ichak rakining oldini oladi.

Bundan tashqari, nok past kaloriyali mevalar sirasiga kiradi. Uning energetik qiymati 100 grammga 58 kilokaloriyani tashkil etadi. Bunday mevalar asosida parhez qilish ortiqcha vazn va xolesterindan qutulishga yordam beradi.

 

Nokda yetarlicha miqdorda C vitamini mujassam. 100 gramm yangi nokda ushbu muhim vitaminning kunlik iste’mol miqdorining 7 foizi mavjud.

Nok tarkibida shuningdek, oz miqdorda beta-karotin, lyutein va zeaksantin mavjud. Ular C va A vitaminlari bilan birgalikda organizmni zararli moddalardan muhofaza qiladi.

Nok bir qator minerallar — mis, temir, kaliy, magniy va B vitaminlar kompleksining ham manbai hisoblanadi. An’anaviy tibbiyotda nokdan qabziyat, o‘t pufagi kasalliklari, artritni davolashda foydalaniladi.

Nokning ozuqaviy qiymati

Qavs ichida kundalik iste’mol meyorining foizi berilgan. Ozuqaviy qiymati AQSH qishloq xo‘jalik vazirligining 100 gramm nok hisobida olingan o‘lchovi asosida “Nutrition And You” resursi sahifalarida chop etilgan ma’lumotlar bo‘yicha keltirilgan.

Umumiy ma’lumotlar:

  • energetik qiymati — 58 kilokaloriya (3 foiz);
  • uglevodlar — 13,81 gramm (11 foiz);
  • oqsil — 0,38 gramm (1 foiz);
  • yog‘lar — 0,12 gramm (0,5 foiz);
  • oziq-ovqat tarkibidagi kletchatka (ozuqa tolasi) — 3,10 gramm (8 foiz).

Vitaminlar:

  • foliy kislotasi (vitamin B9) — 7 mikrogramm (2 foiz);
  • nikotin kislotasi (vitamin B3) — 0,157 milligramm (1 foiz);
  • pantoten kislotasi — 0,048 milligramm (1 foiz);
  • piridoksin (vitamin B6) — 0,028 milligramm (2 foiz);
  • riboflavin (vitamin B2) — 0,025 milligramm (2 foiz);
  • tiamin (vitamin B1) — 0,012 milligramm (1 foiz);
  • vitamin A — 23 xalqaro birlik (MЕ, IU) — 1 foiz;
  • vitamin C — 4,2 milligramm (7 foiz);
  • vitamin E — 0,12 milligramm (1 foiz);
  • vitamin K — 4,5 mikrogramm (4 foiz).

Elektrolitlar:

  • natriy — 1 milligramm ( 0 foiz);
  • kaliy — 119 milligramm (2,5 foiz).

Minerallar:

  • kalsiy — 9 milligramm (1 foiz);
  • mis — 0,082 milligramm (9 foiz);
  • temir — 0,17 milligramm (2 foiz);
  • magniy — 7 milligramm (2 foiz);
  • fosfor — 11 milligramm (2 foiz);
  • rux — 0,10 milligramm (1 foiz).

Fitonutriyentlar:

  • beta-karotin (ß-karotin) — 12 mikrogramm;
  • beta-kriptoksantin (ß-kriptoksantin) — 2 mikrogramm;
  • lyutein-zeaksantin — 45 mikrogramm.

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*