Nafas qisishi sabablari

Nafas qisishini keltirib chiqaruvchi bir qancha omillar mavjud. Masalan, fiziologik (tabiiy) nafas qisishi zinapoyadan tez tushib-chiqqanda yoki avtobusning orqasidan yugurganda yuzaga keladi. Mushaklarning tezda qisqarib bo‘shashi qondagi kislorod miqdoriga bo‘lgan talabini bir necha marotabagacha oshirib yuboradi. Bosh miya esa kislorod yetishmovchiligini reflektor yo‘l bilan tez nafas olish orqali qoplashga harakat qiladi. Fiziologik nafas qisishi yigirma daqiqadan so‘ng o‘tib ketsa, organizm uchun hech bir xavf tug‘dirmaydi. Ammo ikkinchi qavatga yurib chiqqaningizdan so‘ng ham uzoq vaqt nafasingiz qisa boshlasa, demak tanangizning jismoniy holati havas qilgudek emas. Tana holati jismonan meyorda bo‘lganida nafas qisishi kam vaqtdaligida kuzatiladi va yaqqol namoyon bo‘lmaydi.

Muntazam ravishda ochiq havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanilsa kishi o‘zini ancha yengil tortadi. Bunday mashqlar nafas ritmi va yurak urishi tezlashishiga olib kelib, nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Har kuni kamida yarim soatdan muntazam ravishda tez-tez qadam tashlab piyoda sayr qilish ham yaxshi natija beradi. Shuningdek, zinapoyadan 3-4 qavatlarga meyorida piyoda tushib-chiqish ham foyda beradi.

Hissiy zo‘riqish ro‘y bersa.

O‘ta hayajonlanish, vahima bosishi, qattiq jahl va qo‘rquv adrenalin gormoni ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Adrenalin qonga tushgach, o‘pkada meyordagidan ko‘p havo aylanadi, oqibatda nafas siqilishi ro‘y beradi.

Hissiy zo‘riqish tufayli yuzaga kelgan nafas qisishining salomatlik uchun deyarli zarari yo‘q. Lekin vahima xurujlari (vegetativ kriz) lari kuzatilganda bemor mutaxassis shifokorga uchrashishi zarur. Vegetativ kriz paytida kishi o‘z-o‘zidan vahima va qo‘rquvga beriladi, bu holat esa biror kasallik, masalan vegetativ-qon tomir distoniyasining belgisi bo‘lishi ham mumkin.

Nafas qisishining yana bir sababi kamqonlik (anemiya) kasallik bo‘lishi ham mumkin, temir ionlari qonning kislorod bilan to‘yinishi, to‘qimalar orqali nafas olishini ta’minlab, qon yaratilishida muhim rol o‘ynaydi. Temir ionlari yetishmaganda organizmda gipoksiya (to‘qimalarda kislorod yetishmasligi) rivojlanadi. Bunga javoban o‘pkamiz bilan zo‘riqib nafas olish yuzaga keladi. Anemiyada ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Shifokor buyurgan dori vositalar va ovqatlar tarkibida temir organizmga yaxshi so‘rilishi uchun bemorga temir saqlovchi dorilar bilan birga vitamin S ham buyuriladi.

Ortiqcha vazn to‘planganda.

Kishida ortiqcha vazn to‘plansa qalin yog‘ qavati o‘pka va yurakni hamma tomondan o‘rab olib, meyoriy nafas olishga xalaqit beradi. Bundan tashqari ortiqcha vaznga ega odamlarning yuragi ham zo‘riqish bilan ishlaydi. Natijada kerak bo‘lgan muhim a’zolarga meyordagidan kamroq bo‘lgan kislorod yetib boradi.

Ortiqcha yog‘ to‘qimasidan xalos bo‘lishda parhez va jismoniy harakatlar yordam beradi. Jismoniy mashqlarni oddiydan murakkabga qarab sekin-asta ko‘paytirib borish lozim. Aks holda mashq paytida odam hushini yo‘qotishi ham hech gap emas.

O‘pka, yurak-qon-tomir yetishmovchiligida.

Nafas a’zolari kasalliklari tufayli kelib chiqadigan nafas qisishi inspirator va ekspirator turlarga bo‘linadi. Inspirator nafas qisishida bronxlardagi shilliq va balg‘am yoki o‘pkadagi o‘sma sababli nafas olish qiyinlashadi. Ekspirator turdagi nafas qisishida bronxial astmada bronxlar muskulaturasi spazmi tufayli nafas chiqarish qiyinlashadi. Umumiy amaliyot shifokori va pulmonolog ko‘rigidan o‘tish va nafas yo‘llari kasalligini davolash orqali nafas qisishidan xalos bo‘lish mumkin.

Ko‘pincha toj arteriyalari spazmi yoki obstruksiyasida ham nafas qisishi mumkin. Yurakning ishemik kasalligi tufayli nafas qisishi kutilmaganda paydo bo‘ladi, bemorga havo yetishmayotgandek tuyuladi, ko‘krak qafasining chap qismida og‘riq turib, pastki jag‘ va qo‘lga ham o‘tishi mumkin.

Yurak yetishmovchiligi tufayli nafas qisishi odam past yostiqda yotganida boshlanib, bosh va tanani biroz ko‘targanda o‘tib ketadi. Keskin paydo bo‘lib, bo‘g‘ilishga aylanib ketadigan nafas qisishi yurak astmasi uchun xos belgi. Odatda bunday xuruj kechasi bezovta qiladi, bemorning rangi oqaradi, badanini muzdek ter bosadi, qon bosimi tushib ketadi, bezovtalanadi, nam xirillashlar paydo bo‘ladi.

Kutilmaganda kuchayib boruvchi nafas qisishi ro‘y bersa darhol tez tibbiy yordamni chaqirish zarur. Chunki bu xol organizmdagi a’zolar ishining jiddiy buzilishidan darak berishi mumkin. Elektrokardiografiya o‘tkazilib, tashhis qo‘yilgach, kardiolog shifokor davolash tartibini belgilaydi.

© Mashkura ZOHIDOVA,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*