Mo‘miyoning asil sirlari

“Mo‘miyo” – yunoncha so‘z bo‘lib, “badan (organizm)ni saqlovchi – muhofaza etuvchi” degan ma’noni anglatadi. Arablar mo‘miyoni “aroqul djibol” (tog‘ shirasi), birmaliklar “chao tui” (tog‘ qoni), mo‘g‘ul va tibetliklar “barashun” (qoya shirasi), turkmanlar “mo‘mnogay”, ayrim tog‘lik joylarda qiyom yoki “zogx” deb atashadi. “Mo‘miyo” so‘zining ikki xil ta’biri mavjud: Muhammad Husayinxon Alaviy (1857) ta’biricha, yumshoq eruvchan, mumsifat, ya’ni “mumiloyin” – muloyim so‘zidan, Beruniyning fikricha, mo‘miyo Erondagi Abin qishlog‘i yaqinidagi g‘ordan topilganligi uchun “mum Abin” – Abin mo‘miyosi ma’nosidan kelib chiqqan. O‘zbeklarda mo‘miyo so‘ziga “asil” so‘zi qo‘shilib, “mo‘miyo-asil”, ya’ni “haqiqiy (toza) mo‘miyo” deb yuritiladi.

Qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan mo‘miyo haqida bir yarim mingga yaqin maqola, kitoblar yozilgan, kinofilmlar yaratilgan, uning tozalanishi, qayta ishlanishi, dori shakllari, qo‘llanilishiga oid o‘nlab patentlar olingan, yigirmadan ortiq dissertatsiya (ulardan 5 tasi doktorlik) yoqlangan. Tibbiyotga rasman kiritilganligiga qaramay, hanuzgacha u eng sirli, eng mo‘’jizakor, ba’zan afsonaviy vosita bo‘lib qolmoqda.

Ertaklarda aytilishicha, avvallari g‘orlardan xazinalar topishgan, geologlar esa noyob minerallar va foydali qazilmalar bilan birga, mo‘miyo toshini izlashgan. Ha, mo‘miyo dengiz sathidan kamida 2000 m. balandlikda, ohaktosh va boshqa foydali elementlar ko‘p uchraydigan, atmosfera va erigan muz suvlari yetib bormaydigan g‘orlarda, kislorodi kam havoda, kuchli quruq bo‘ron va shamollar hukmronlik qiladigan, harorat tez-tez, keskin o‘zgarishi ro‘y beradigan, kuchli elektromagnit nurlanish mavjud bo‘lgan sharoitda paydo bo‘ladi. Bunday sharoitda yerdagi organik qoldiqlarni parchalovchi mikroorganizmlar ham o‘z vazifasini bajarishga ojizlik qiladi. Shu sababli mikroorganizmlar tomonidan parchalanmay qolgan hayvon va o‘simlik biomassasi juda ko‘p yillar o‘tishi bilan qorishib mo‘miyolashadi, ba’zan polimerlashadi, molekulyar massasi ortadi. Nam tegmaydigan joylarda uzoq muddat ichida yuqori harorat ta’sirida mo‘miyolashgan massa hosil bo‘ladi. Tog‘ pastliklariga oqib tushgan mo‘miyo massasi esa tuproq va yomg‘ir suvlarida erib, tog‘-toshlardagi kimyoviy birikmalarni yuvib, tuproqda, toshlar orasida tarqaladi, yana qurib, xuddi sumalaksimon shakl hosil qiladi.

Umuman, mo‘miyoning kelib chiqish sirlari hanuzgacha bahsli: ular haqida turli-tuman, hatto bir-biriga qarama-qarshi ilmiy taxminlar ko‘p bo‘lib, olimlar o‘rtasida yagona fikr yo‘q. Ba’zi olimlar mo‘miyo har xil bakteriyalar ta’sirida parchalangan neft mahsulotlaridan hosil bo‘ladi, deb hisoblashsa, ayrimlar o‘simliklardan, yovvoyi asalari asalidan paydo bo‘ladi, deb taxmin qilishadi. Yana ba’zilar esa mo‘miyo tut va archa daraxtidan ajralib chiqadigan shiradan vujudga keladi desa, boshqalar uni bo‘ron qushi (burevestnik) so‘lagidan hosil bo‘ladi degan fikrda. Xullas, mo‘miyoning kelib chiqishiga oid biologik, zoologik, geologik taxminlar bor. Qaysi biri to‘g‘ri ekanligini hech kim bilmaydi.

Faqat shu narsa aniqki, mo‘miyo Osiyoning baland tog‘li hududlarida, Avstraliya, Amerika va Afrikaning ayrim baland tog‘larida uchraydi. O‘rta Osiyo respublikalarida esa Janubiy Qirg‘iziston va Tojikistonning baland tog‘li tumanlari mo‘miyoga boy joylar hisoblanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, O‘rta Osiyo mo‘miyosining tarkibida mikro va makroelementlar ko‘p. Shuning uchun boshqa hududlardan yig‘iladigan mo‘miyo turlariga nisbatan ular farmakologik jihatdan ancha faol hisoblanadi.

Mo‘miyo haqida muhim ma’lumot: mo‘miyoning letal (o‘ldirish) dozasi 6000 mg/kg.ga teng, bu uni qariyb zaharsiz ekanligidan dalolat beradi. Lekin tabiatda tog‘ mumi, tog‘ moyi, ozokerit, bitum, asfalt va boshqa mo‘miyoga o‘xshash moddalar borki, ular bilan mo‘miyoni qalbakilashtiruvchilar ham uchrab turadi. Qalbakilashtirilgan mo‘miyoni tashqi ko‘rinishidan sof mo‘miyodan ajratish qiyin. Lekin ularni iste’mol qilish o‘ta xavfli. Mo‘miyosimon moddalarni “mo‘miyochilar”, “mo‘miyoloid”lar deyishadi. Agar tajriba qilinadigan hayvonlarga mo‘miyoloidlar berilsa, ularning jigari bir necha marotaba kattalashib, uchinchi kuniyoq ko‘r bo‘lib qoladi. Ming afsus, noinsof shaxslar mo‘miyoloidlar bilan savdo qilganda, plastmassa buyumlarni eritib, mo‘miyoga aralashtirib yuborish hollari ham aniqlangan. Zero, tekshirilmagan, sifat nazorati tamg‘asi qo‘yilmagan mo‘miyoni iste’mol qilish o‘ta xavflidir.

Haqiqiy mo‘miyoni qalbakilaridan ajratishning oddiy usuli bor: qotgan mo‘miyoning usti yaltiroq, sarg‘ish-qo‘ng‘irdan to qora ranggacha ko‘rinishda bo‘ladi. O‘ziga xos hid va mazaga ega. Mo‘miyo muloyim (plastik), bir chilpimini barmoqlar orasida ezg‘ilasa, qo‘lning taftida yumshaydi, muloyim tortadi. U yopishqoq modda, cho‘zsa, ipsimon cho‘ziluvchan holatga o‘tadi. Ochiq, alangada kuydirilsa, toza mo‘miyo hech qanday qurum, kuya, dud va is bermay yonadi, o‘zidan kul qoldiradi. Ko‘p muddat saqlansa qotadi. Qotgan mo‘miyo sindirilsa, parchalanib, yaltiroq, ko‘p qirrali burchaklarga bo‘linadi. Agar mo‘miyoning kichik bo‘lagini stakan qirg‘og‘iga yopishtirib, suv solinsa, mo‘miyo xuddi tumanga o‘xshab eriy boshlaydi. Umuman, mo‘miyo suvda yaxshi eriydi (1:8 nisbatda). Mo‘miyoning suvli eritmasi jigarrang tusda bo‘lib, chayqatilsa, xuddi qahva yoki pivoga o‘xshab ko‘piradi. Eritma jigarrang bo‘lib, taxirroq mazaga, o‘ziga xos kuchli hidga ega. Yana bir oddiy ekspertiza usuli: 0,1 g. mo‘miyo 5 ml. suvda eritiladi va ustiga suyultirilgan ishqor qo‘shilsa, eritma o‘zgarmay qolishi kerak. Agar mo‘miyo eritmasiga biroz kislota qo‘shilsa, u tiniqlashib, ko‘p miqdorda cho‘kma tushadi. Bu mo‘miyoning tozaligidan dalolat beruvchi yana bir belgidir.

Farmatsevt ko‘zi bilan qarab, yana mo‘miyo tarkibiga nazar solsak, uning tarkibidagi namlik, mineral, oqsil, lipid, uglevod, mumsimon modda, alkaloidlar, amino, yog‘, gumin va gippur kislotalari, klechatka va yana boshqa birikmalar borligiga amin bo‘lamiz. O‘sha, “yana boshqalar”ga balzamli moddalar, ufor (efir) moylari, steroidlar, polifenollar, B-guruh vitaminlarini kiritish mumkin. Yaqinda Toshkent farmatsevtika instituti olimlari mo‘miyo tarkibida D-guruhiga oid vitamin mavjudligi va ular mo‘miyo tarkibidagi kalsiy, fosforni singan joylarga transport qilishi, to‘plash haqida fikr bildirishdi.

Mo‘miyoning yana bir xususiyati – uni “mo‘miyo toshi” deb ataladigan xom ashyosidan bezarar ajratib olish, davlat standarti talablariga mos keladigan holatga keltirishdir. Mo‘miyo xom ashyosini qayta ishlash juda oson tuyulsa-da, amalda uning nozik tomonlari ham mavjud. Dastlab g‘orlardan terilgan mo‘miyo toshi emallangan reaktorga solinadi, ustiga issiq (60oC) suv quyiladi. Reaktordagi massa 10-20 soat aralashtirilib, tindiriladi. So‘ngra eritmaning birinchi porsiyasi ajratilib, shisha yoki emallangan idishga solinadi. Qoldiq ustiga yana issiq suv quyiladi. Uni ham 10 soatdan so‘ng ajratib, birinchi va ikkinchi porsiyalar qo‘shiladi. Qoldiqqa uchinchi marta issiq suv qo‘shib, ekstraksiyani davom ettirish mumkin. Ekstraksiyadan qolgan mo‘miyosizlangan qoldiq (pustaya paroda) tezda achib, noxush hid chiqaradi. Ajratib olingan ekstrakt erimaydigan yot moddalardan tozalanadi. Buning uchun Toshkent farmatsevtika instituti olimlari tomonidan sentrifugalash yoki g‘ovak filtr orqali ekstraktni nasos yordamida tortib olish taklif etilgan. Yot moddalar idish tubida qoladi. Shuni ta’kidlash zarurki, konsentrlangan mo‘miyo eritmasi achimaydi, lekin suyultirilgani mog‘orlashi, achishi mumkin. Eritma mexanik aralashmalardan tozalangandan so‘ng bug‘latiladi. Bug‘latish jarayoni 60oSdan yuqori bo‘lmasligi lozim. Quritish dastlab quyuq qaymoq holatiga keltiriladi. Mo‘miyochilar ana shu qiyomsimon quyuq ekstraktni sotishga chiqaradilar.

Toshkent farmatsevtika instituti, Toshkent Davlat texnika universiteti korporativ hamkorlik tadqiqotlarining integratsion sxemasiga muvofiq tozalangan mo‘miyo kukuni sanoat miqyosida ishlab chiqarish uchun juda qulay bo‘lgan infraqizil (IQ) nur yordamida quritadigan maxsus vakuum-kamera yaratildi. Gap shundaki, mo‘miyoni tozalash jarayoni tez va past haroratli muhitni talab qiladi. Yaratilgan qurilmada xuddi shu sharoitga erishildi. Avvallari mo‘miyo odatiy vakuum quritish javonlarida quritilgan, qimmatbaho mahsulot yo‘qotilar, ko‘p vaqt sarflanar va qisman uning eng biofaol birikmalari parchalanib ketar edi. Taklif etilgan yangi IQ-vakuum quritgich qurilmasining afzalligi shundaki, bu jarayon past haroratda qisqa vaqtda sodir bo‘ladi. Olingan mo‘miyo substansiyasi sifatliroq bo‘lib, tannarxi arzonlashadi. Yana bir muhim jihati infraqizil nurlar ta’sirida, chuqur vakuum ostida mo‘miyo quritish bilan bir vaqtda sterillanadi. Hozirgi vaqtda ushbu texnologiya bo‘yicha mahalliy qo‘shma korxonada mo‘miyo asil – 150 mg.li kapsulalar ishlab chiqarilmoqda. Umuman, tibbiyotda yoki xalq tabobatida qo‘llanadigan mo‘miyoning dori turlari ko‘p. Ulardan mo‘miyoning suvli eritmasi teriga surkashga, og‘iz chayishga, burunga, ko‘zga, quloqqa tomizishga, elektroforez qilishga, hatto ichishga ham tavsiya etiladi. Mo‘miyoning suvli-spirtli, moyli nastoykalari, shamchasi tashqariga ishlatiladi.

Maqola nihoyasida mo‘miyoning shifobaxsh xislatlari haqida qisqacha to‘xtalamiz. U ajoyib, o‘ziga xos tabiiy shifobaxsh modda. Mo‘miyo yordamida singan suyak, kuygan va lat yegan joylar, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasi, jigar, o‘t pufagi, buyrak, oshqozon osti bezi, bosh og‘rig‘i, kamqonlik, quloq shamollashi, so‘ngak sili, bavosil, bod, shol, neyrodermit, nevralgiya, parodontoz, sistit va boshqa xastaliklar davolanishi haqida ilmiy manbalar mavjud. Mo‘miyoning bunday universal davolash xususiyatlarini uning biosintez jarayonini yaxshilovchi, antioksidantlik, adaptogenligi bilan tushuntiriladi. Demak, mo‘miyo ta’sirida biror-bir alohida xastalik davolanibgina qolmay, organizmdagi hujayralar ishi yaxshilanadi. Natijada tana tozalanadi, yosharadi, organizmning barcha noxush ta’sirlarga qarshiligi kuchayadi.

Butun umrini mo‘miyoni ortopediya-travmatologiya amaliyotida qo‘llashga baxshida etgan olim Odil Shokirov xulosasi: “Mo‘miyo bevosita jarohatdan so‘ng, eng kichik muddat ichida singan joylarda fosforni to‘plashga imkoniyat yaratadi”. Darhaqiqat, mo‘miyo bilan singan suyak 13-18 kun davolanganda, davolanmaganga nisbatan oldinroq bitishi O. Shokirov tomonidan ilmiy asoslangan. Uning ilmiy natijalarida yana quyidagi xulosalar mavjud: mo‘miyo bilan davolanganda, singan suyak to‘qimalarining qayta tiklanishi va bitib ketishidan tashqari, bemorlarning gematologik ko‘rsatkichlari meyorlashadi; kalsiy, fosfor, qisman, kaliy miqdori ortadi, ishqoriy fosfataza faolligi yaxshilanadi, shuningdek, oqsil va oqsil funksiyasining umumiy miqdori ortadi. Mo‘miyo qabul qilgan bemorlarning umumiy holati yaxshilanadi: uyqu normallashadi, ishtahasi ochiladi, singan joydagi og‘riqlari pasayadi, shish qaytadi, gematoma so‘riladi. Professor O. Shokirovning olgan natijalari o‘tkazilgan klinik sinovlarda tasdig‘ini topdi. Qisqasi, mo‘miyo sirlari oxirigacha ochildi, deb aytishga hali erta.

«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*