Miyani fikrlar nega chulg‘ab oladi?

Miyaga fikrlarning ketma-ket yog‘ilib kelaverishiga obsessiya deb aytiladi. Ular bemorning irodasi va xohishiga bog‘liq bo‘lmagan holda quyilib kelaveradi. Bu xayollar bemorga og‘ir botadi, aslida yoqmaydi va ulardan vrach yordamisiz qutula olmaydi. Masalan, bemor uyidan tashqariga chiqqandan so‘ng, uni eshikni qulfladimmi, olovni o‘chirdimmi, suvni berkitdimmi kabi xayollar bezovta qilaveradi. U uyiga qaytib kiradi, hammayoqni qayta tekshiradi, hammasi joyidaligiga ishonch hosil qilgach, tinchgina ko‘chaga chiqib ketadi. Uydan biroz uzoqlashgandan so‘ng yana haligi fikrlar yog‘ilib kelaveradi va yana uyiga qaytib kiradi. Siqilib ketganidan yig‘lab yuboradi, hech qayoqqa chiqmay qo‘yadi. O‘zida kechayotgan bu alomatlarga, albatta, bemor tanqidiy ko‘z bilan qaraydi va ulardan qutulishni xohlaydi, lekin hech buning ilojini topa olmaydi. Ba’zan bemorda mantiq jihatdan bir-biriga zid bo‘lgan xayollar paydo bo‘ladi. Masalan, yaqinlashib kelayotgan mashina tagiga o‘zini tashlash istagi paydo bo‘ladi-yu, mashina yaqinlashganda, birdan qo‘rqib ketib, orqaga tisariladi. Ba’zi bemorlarning miyasiga o‘ziga yoki boshqa birovga pichoq sanchishdek fikrlar keladi va shu ishni qilib qo‘ymay deb pichoqqa yaqin borishmaydi yoki uni berkitib qo‘yishadi.
Obssessiyadan qutulib bo‘ladimi? Obssesiyalar o‘z vaqtida davolanganda albatta barham topadi. Ba’zi hollarda esa, bir necha oy va xatto bir qancha yillargacha cho‘zilib ketishi mumkin. Ba’zida bemor bir necha oy yaxshi bo‘lib yuradi va so‘ng miyadan ketmaydigan fikrlar yana paydo bo‘ladi. Nevroz va isteriyadan farqli o‘laroq, miyadan ketmaydigan fikrlar surunkali kechishga moyil bo‘ladi. Aksariyat bemorlar tuzalib ketganidan so‘ng ham xursand bo‘lish o‘rniga, yana o‘sha kasallik belgilari qachon paydo bo‘lishini kutib yashashadi. Bunday bemorlar vrachlarni ham bezor qilib yuborishadi. Chunki ular “vrach meni yaxshi davolamadi”, deb arz qilib yurishadi.
Obsessiyalar ko‘pincha kompulsiyalar bilan ham namoyon bo‘ladi. Kompulsiya –  zarur bo‘lmagan harakatlarni ketma-ket qilaverish bilan namoyon bo‘ladigan patologik holat. Masalan, bemor qo‘lini hadeb yuvaveradi, paltosidagi changlarni qoqaveradi, xatto vrach tekshiruvidan ham tiskinib turadi, hadeb dush qabul qilaveradi, atrofdagilardan jerkinadi, ulardan miqrob yuqib qoladi deb qo‘rqib yuradi va h.k.
Davosi qanday? Bunday bemorlarni tibbiy psixologlar, psixonevrologlar va psixiatrlar maxsus dastur asosida davolashadi. Davolash muolajalari bir necha oygacha cho‘zilishi mumkinligi haqida bemor ogohlantiriladi. Psixoterapevtik muolajalarga albatta urg‘u berilishi kerak.

Kitob muallifi Zarifboy Ibodullayevga o‘z minnadorchiligimizni bildiramiz.

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*