1.8
(4)

Exinokokkoz – parazitar kasallik bo‘lib, ko‘pincha jigar, o‘pka, taloq singari a’zolarni, kamdan-kam hollarda esa bosh va orqa miyani zararlaydi. Kasallik asosan uy hayvonlarini parvarishlash davomida ulardan (yoki ularning exinokokkoz lichinkalari bilan zararlangan axlati tekkan mahsulotlar orqali) odamlarga o‘tib qolishi mumkin.

Exinokokkoz kistalarining ikkita asosiy ko‘rinishi (solitar va ratsemoz) farqlanadi. Solitar ko‘rinishida yakka-yakka kistalar kuzatilib, ularning hajmi ba’zan katta o‘lchamlarda bo‘lib, diametri esa 8-10 sm gacha yetadi.

Ratsemoz exinokokkda bosh va orqa miya to‘qimalarida pufak shingillari joylashib, ularning atrofida kuchli reaktiv o‘zgarishlar kuzatiladi. Exinokokk atrofida yallig‘lanib o‘zgargan miya to‘qimasi bilan o‘ralgan biriktiruvchi to‘qimali kapsula hosil bo‘ladi, uning kundan–kunga oshib boruvchi ta’siri tufayli miyada qon quyilishi va ezilish o‘choqlari kuzatiladi. Pufaklar pardasida yallig‘lanish belgilari ham aniqlanadi.

Bosh miya exinokokkozlarining klinik manzarasi gipertenzion sindrom va o‘choqli simptomlar ko‘rinishida bo‘lib, bosh miya o‘smalarining klinik kechishini eslatadi. Kalla suyagi ichida bosimning oshib ketishi – gipertenzion sindrom bosh og‘rishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ko‘ruv nervi dimlanishi, umumiy holsizlik va epileptik xurujlar bilan namoyon bo‘ladi. O‘choqli o‘zgarishlar esa parazit kistasi miyaning qaysi sohasida joylashganligiga qarab aniqlanadi.

Epileptik xurujlar

Ko‘p hollarda qo‘l va oyoqlarda epileptik xurujlar kuzatilib, keyinchalik o‘sha xuruj kuzatilgan qo‘l yoki oyoqlarda falajliklar kelib chiqadi. Bosh miya nervlari falajliklari yuzaga chiqishi ham uchraydi. Depressiya, aqli zaiflik ko‘rinishidagi psixik buzilishlar paydo bo‘lishi mumkin.

Rivojlanib boruvchi exinokokkozlarda o‘choqli o‘zgarishlar va kalla ichi bosimi oshib boradi. Yakka va ko‘p kamerali exinokokkozlarda ko‘pincha 1-2 yil davomida exinokokk kistasi miyaga kuchli bosim o‘tkazmaydi, ya’ni konsistensiyasi yumshoqligi tufayli bemorning ahvoli nisbatan qoniqarli darajada bo‘lib turadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qrim-Kongo gemorragik isitmasi

Bosh miya exinokokkoz kasalligining kechishida bir qancha bosqichlar tafovut etiladi: birinchi bosqich – latent, ya’ni organizmga parazit kirgandan boshlab subyektiv belgilar paydo bo‘lgunga qadar davom etsa, ikkinchi bosqich – kam sezilarli subyektiv belgilar, bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan kechadi. Uchinchi bosqichda – kuchli namoyon bo‘luvchi nevrologik simptomlar ro‘y bersa, to‘rtinchi bosqich esa bosh miya faoliyatiga doir har xil asoratlar bilan kechadi.

Ta’kidlash joizki, ushbu kasallikka to‘g‘ri tashhis qo‘yishda quyidagilar muhim ahamiyatga ega:
– ichki a’zolar exinokokkozi (ko‘pincha jigar, o‘pka);
– ayrim anamnestik ma’lumotlar;
– kasbi (hayvonlar bilan doimiy aloqada bo‘luvchi cho‘pon, sog‘uvchi, qishloq xo‘jalik xodimlari, uy bekalari, bolalar);
– qonda qayd etiladigan eozinofiliya;
– teridagi Katsoni va RSK Gedin-Veynberg sinamalari.

Orqa miya suyuqligida eozinofilli pleotsitoz va oqsil miqdori oshishi kuzatiladi, ayrim hollarda pufakning alohida qismlari, yantar kislotasi aniqlanishi mumkin.

To‘g‘ri tashxis — samarali davo

Bugungi kunda bosh miya exinokokkozlariga o‘z vaqtida to‘g‘ri tashhis qo‘yish imkoniyatlari katta bo‘lib bosh miya kompyuter va magnit-rezonans tomografiya tekshiruvlari nafaqat ushbu kasallikni aniqlash, ayni holda uning hajmi, bosh miyaning qaysi sohasida joylashganligi, miya tarkibiy qismlariga munosabatini, mo‘ljallanayotgan operatsiyaning texnik tomonlarini aniqlash, asoratlarini kamaytirish, oqibatlarini bashorat etish imkoniyatini yaratadi.

Bosh miya exinokokkozlarini operatsiya qilish malakali neyroxirurglardan ham yuqori darajadagi professional hatti-harakatlarni talab etadiki, o‘tkazilayotgan operatsiya jarayonida mabodo yupqa, o‘ta nozik exinokokkoz pardasi yorilib ketsa yagona kista o‘rnida son-sanoqsiz exinokokkoz kistalari paydo bo‘ladi va aksariyat hollarda uning oqibati fojiali yakunlanishi mumkin.

Bosh miya exinokokkozlaridan farqli o‘laroq, orqa miya exinokokkozi yashirin davrning qisqa bo‘lishi bilan xarakterlanadi, hatto uncha katta bo‘lmagan kista ham orqa miya bosilishini, harakat va sezgi buzilishlari (qo‘l va oyoqlar parez va paralichlari, chanoq a’zolari faoliyati o‘zgarishlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Odam organizmidagi parazitlar TOP-10 ligi

Orqa miya exinokokkozlari birlamchi (orqa miya va umurtqa pog‘onasining tishsimon moddasi kichik tomirlariga gematogen yo‘l bilan tushishi) va ikkilamchi (atrofdagi jarayondan kontakt yo‘li bilan o‘tishi yoki epidural klechatkada kista yorilishi natijasida umurtqa kanali strukturalariga qayta tushishi) bo‘ladi. Parazit faqat umurtqa tanasida joylashgan davrda kasallik uzoq vaqt simptomsiz kechadi. Parazit umurtqa tanasi va yoyining qanchalik darajada katta maydonini zararlashiga, orqa miya va uni qoplab turuvchi pardalar bosilish darajasiga qarab klinik simptomlar kuchayib boraveradi. Orqa miyaning exinokokkoz kistasi orqa miyaning bo‘yin sohasida joylashgan hollarda dastlab bemorning qo‘l va oyoqlarida va ko‘krak qafasida o‘rab oluvchi og‘riq paydo bo‘ladi. Keskin harakat, yo‘tal, aksa urish, ya’ni miya pardalari taranglashgan vaqtlarda og‘riq kuchayadi. Jarayon rivojlanishi natijasida umurtqa harakati chegaralanadi, kifoz, kifoskolioz kelib chiqadi. Exinokokk bilan zararlangan sohada umurtqa o‘tkir o‘simtalari og‘riqli bo‘ladi. Shu sohada bel to‘g‘ri mushaklari taranglashib qalinlashadi.

Davolash va profilaktika

Exinokokkoz kistasi ko‘krak va bel sohalarida joylashganda orqa miyaning bosilishi kuchayavergan sari oyoqlarda nimjonlik (paraparez) ham avj olaverishi mumkin. Ushbu kasallik orqa miya o‘smalari va sil kasalligi bilan differinsial diagnoz o‘tkazilishini taqozo etadi.

Orqa miya exinokokkozlariga bosh miya exinokokkozlari singari anamnez, allergologik (Katsoni reaksiyasi), immunobiologik tekshirishlar natijalari, orqa miyaning kompyuter va magnit–rezonans tomografik tekshiruvlari natijalari inobatga olinib, so‘ng tashxis qo‘yiladi. Bosh va orqa miya exinokokkozlari xirurgik usulda davolanadi.

Bosh miya exinokokkozlarining profilaktikasida ushbu kasallikka chalingan yovvoyi va daydi hayvonlar (bo‘ri, tulki, it, mushuk) bilan munosabatda bo‘ladigan uy hayvonlarini (it, mushuk) muntazam ravishda veterinariya tekshiruvlaridan o‘tkazib turish – ularning veterinar vrach nazoratida bo‘lishini ta’minlash, yosh bolalarning duch kelgan it va mushuklar bilan o‘ynashlarini taqiqlash, tegishli tekshirishlardan o‘tkazilmagan qoramol, qo‘y va echkilarning go‘shtlarini meyoriga yetkazib pishirib (uzoq muddat davomida qaynatib) iste’mol etish, har xil noxush asoratlarning oldini olish uchun esa kasallikning ilk alomatlari paydo bo‘lgandanoq, exinokokkoz kistasi kattalashib ketmasdan turib malakali neyroxirurgga murojaat qilishlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Odamni kana chaqsa, qanday kasallik yuqishi mumkin?

Amirqul SHODIYEV,
Samarqand davlat tibbiyot instituti
“Nevrologiya, neyroxirurgiya, travmatologiya va ortopediya”
kafedrasining dotsenti, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.