4.3
(94)

Kasallikning rivojlanishi davri 9 yoshga to‘g‘ri keladi. Agar miopiyani vaqtida aniqlab kerakli davo choralari ko‘rilsa, nafaqat ko‘rish qobiliyati pasayishining oldi olinadi, balki ushbu jarayonni orqaga qaytarish ham mumkin.

miopiya kasalligi-

Miopiya shunday xastalikka, bunda ko‘zlar faoliyati buziladi, ya’ni uzoqda turgan obyekning tasviri to‘r pardada emas, balki uning oldida paydo bo‘ladi. Natijada, bola uzoqdagi narsalarni (masalan sinf dokasidagi yozuvlarni) noaniq ko‘radi. Yosh ulg‘ayishi bilan miopiya darajasi oshib boradi va bola 20 yoshga to‘lganda, ya’ni organizm shakllanib bo‘lgach barqarorlashadi.

Miopiya kasalligining asl sababi nima?

Miopiyada ko‘z o‘qining uzunligi meyordan yuqori, ya’ni ko‘zning nur sindirish kuchi yorug‘lik nurlari to‘g‘ri to‘r pardada fokuslanishi uchun juda katta bo‘lib, fokus to‘r parda oldida joylashadi. Shuning uchun to‘r pardadagi tasvir noaniq bo‘ladi va uzoqdagi obyekt xira ko‘rinadi.

Bolalarda miopiyaning paydo bo‘lishi asosan genetik moyillik bilan bog‘langan. Miopiya rivojlanishiga moyillik bolalarga  ko‘pincha ota-onasidan o‘tadi. Genetik olimlardan tashqari, miopiya rivojlanishiga bolaning yaqin masofalarda (o‘qish yoki kompyuterda ishlashda) ko‘rish zo‘riqishiga bog‘liqdir. Agar yaqin masofalarda ko‘rish qobiliyatini fokuslash uchun mas’ul bo‘lgan ko‘z mushaklari uzoq muddat zo‘riqish bilan ishlasa, yaqin masofadagi ishni bajarish vaqtida ular uzoq masofaga nazar tashlanganda bo‘shasha olmaydi. Buning natijasida ko‘z doimo zo‘riqish holatida bo‘lib, miopiya rivojlanishiga olib keladi.

Ko‘pgina olimlar bolalarda miopiya rivojlanishini organizmning umumiy kasalliklari bilan bog‘liqligini ta’kidlashadi. Shuning uchun miopiyaning oldini olish uchun bolalardagi skolioz, tonzillit, bolalar infeksiyalari, kariyes va boshqa surunkali kasalliklarni o‘z vaqtida davolash o‘ta muhimdir.

Bolaning to‘g‘ri ovqatlanishi ham uning ko‘rish qobiliyatida katta rol o‘ynaydi. Chunki bir xil turdagi ovqatlar, vitamin yetishmasligi ba’zan bolalarda miopiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Asosiy vaqtini tabiat qo‘ynida o‘tkazib, meva-sabzavot va boshqa turli taomlarni iste’mol qiladigan qishloq bolalaridan farqi o‘laroq, odatda vaqtini xonada o‘tkazadigan, yaxshilab ovqatlanish o‘rniga har xil joyda u bu narsani yeb ketaveradigan maktab o‘quvchilari orasida miopiya ko‘proq uchraydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Enurez - peshob tuta olmaslik

Uyda va sinfxonada o‘quv joyining kam yoritilishi, dars stolining bola bo‘yiga to‘g‘ri kelmasligi ham gohida bola ko‘zlariga katta zarar keltiradi. Shuningdek, dars tayyorlash vaqtida noto‘g‘ri o‘tirish, kompyuterda haddan tashqari ko‘p ishlash miopiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Boshni juda egib yozish yoki o‘qish kabi zararli odatlar ko‘z zo‘riqishga sabab bo‘ladi.

Bola uzoq vaqt yaqinda joylashgan kitob, daftar, planshet kabi predmetlarga diqqat qilsa, ko‘rish o‘tkirligi pasayadi. Agar shifokor maktab yoshidagi bolaga miopiya degan tashxis qo‘ysa, bunga juda jiddiy e’tibor berish kerak, chunki ko‘rish o‘tkirligining pasayishi juda tez rivojlanishi mumkin.

Tug‘ma miopiya

Miopiyaga uchragan ota-onalar kasallik nasldan naslga o‘tishini ko‘zda tutgan holda, ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lgan bolasini ham yilida bir marta oftalmologga ko‘rsatib turishlari lozim. Bu ko‘rish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar albatta paydo bo‘ladi degani emas. Lekin kasallik xavfi 60-80 foizni tashkil qiladi. Tug‘ma miopiya juda xavfli bo‘lib bundan miyaga buzilgan, xira  tasvirlar yetib boradi. Ya’ni, ko‘rish qobiliyati miya po‘stloq xujayralari – miyaning ko‘rish qobiliyatini barqarorlashtirib turadigan qismlari rivojlanmaydi. Agar boladagi bu muammolar vaqtida aniqlanmasa, keyinchalik u yaxshi ko‘rolmaydi, chunki miyaning tegishli qismi noto‘g‘ri rivojlangan bo‘ladi. Davolash o‘z vaqtida boshlansa genetik omil ta’sirini kamaytirib, bolaning hayotini ancha yengillashtirish mumkin. Ko‘p hollarda  davo choralari ko‘rilsa, bola 6 yoshga qadar miopiya kasalligini yengib, ko‘rish qobiliyatini butunlay tiklab oladi.

Kasallikni vaqtida aniqlash uchun bolaning ko‘rish qobiliyatini doimiy ravishda (ayniqsa bir yoshda, 3 yoshga to‘lganda, keyin esa har ikki yilda) tekshirib borish kerak. Ota-onaning yoshligida miopiya rivojlanishi kuzatilgan bo‘lsa yoki ularning ko‘rish qobiliyatida boshqa muammolar bo‘lganda bunday tekshiruvlar juda katta ahamiyatga ega.

Miopiyada ham boshqa kasalliklardagi kabi iloji boricha avvalroq tashxis qo‘yish muhim. Lekin kichik yoshdagi bolalarga tashxis qo‘yish qiyin kechadi, chunki ular nima bezovta qilayotganini aniq tushuntirib bera olmaydilar. Unutmangki, agar kichkintoyning nigohi yaqinlari yuzida, o‘yinchoqlarida to‘xtamay, o‘ynab tursa, u yorug‘likdan qo‘rqsa, narsalarni ko‘ziga  juda yaqin olib kelsa, doimo uydagi jihozlarga to‘qnashib yursa, albatta uni oftalmolog ko‘rigiga olib borish zarur. Bolaning injiqligi va xonada bir o‘zi qolishdan qo‘rqishi hollariga ham e’tibor berish kerak. Chunki bola  yon-atrofdagi narsalarni yaxshi ko‘rmagani uchun qo‘rquv hissiga berilishi ham mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Surunkali toliqish sindromi

Ko‘zoynak taqish ham muolaja

Miopiyaning tuzatishining asosiy usullaridan biri ko‘zoynakdir. Agar bola ko‘zoynak taqsa, keyin hech qachon yechmasligi kerak degan fikr noto‘g‘ridir. Miopiyaning yengil darajasida (3 diopriyaga qadar) ko‘zoynak faqat uzoqdagi predmetlarni ko‘rish uchun belgilanadi. Agar bola kundalik hayotida ko‘zoynaksiz ham qanoatlansa, uni doimiy ravishda ko‘zoynak taqishga majbur qilmaslik lozim. Faqat miopiyaning yuqori darajasida yoki ko‘rish o‘tkirligining o‘ta tez pasayishida ko‘zoynak doimiy ravishda taqish uchun belgilanadi.

Bolalar miopiyasini davolash maxsus apparatlarda mashqlarni bajarish, dori-darmon muolajasi va jarrohlik usullaridan iborat. Maqsad – ko‘z olmasining uzayishi jarayonini barqarorlashtirish, kasallikning kuchayishini to‘xtatishdir. Zamonaviy tibbiyot usullari kasallik o‘z vaqtida aniqlanganda va to‘g‘ri davolanganda har qanday murakkab muammolarni yechishga va 80 foiz hollarda ko‘rish qobiliyatini saqlab qolishga qodir.

Miopiyani davolashning eng samarali usullaridan biri eksimer – lazer korreksiyasidir. Individual dastur bo‘yicha lazerning sovuq nuri shox pardani “dazmollab”, uning ichidagi barcha buzilishlarni yo‘qotadi. Bunda ko‘rish qobiliyati yaxshi bo‘lgan odamlarniki kabi, nurning optimal sinishi uchun meyoriy muhit va sharoit yaratiladi. Lekin bu jarrohlik usuli miopiya 3 yil mobaynida kuchaymagan hollarda tavsiya etiladi va eng yaxshisi 18-21 yoshgacha bu muolajani qo‘llamagan ma’qul. Biroq ayrim hollarda tavsiya qilingan yoshni kutmay jarrohlikni qo‘llash mumkin. Faqat bolalarga ushbu usul juda aniq ko‘rsatmalar, masalan yuqori darajali bir tomonlama miopiyada belgilanadi.

Maslahatimiz shuki …

Bolalarni okulist ko‘rigidan o‘tkazish (3 va 6 oyligida) kerak. Agar muammo aniqlanmasa, keyingi tekshiruv bir yoshda o‘tkaziladi. 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar har yarim yilda, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar oftalmolog shifokor ko‘rigidan yilida bir marta o‘tishi darkor.

Zamonaviy texnik asboblardan foydalanishda bolalar maxsus tartib-qoidalarga rioya etishsa ko‘zlarini miopiyadan saqlashlari mumkin. Masalan:

  • Monitor yetarli darajada yorug‘ bo‘lishi kerak.
  • Kompyutergacha masofa 45 santimetrdan kam bo‘lmasligi lozim.
  • Shrift qancha yirik bo‘lsa, miopiya paydo bo‘lish xavfi shunchalik kamayadi.
  • Bolaning boshi bir tomonga haddan tashqari og‘ib ketmasligi kerak.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gipermetropiya - sabablari, darajalari va davolash usullari

Agar miopiya paydo bo‘lsa, kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Asoratli miopiya kuchayayotgan miopiyaning natijasi bo‘lib, u nogironlikka olib kelishi mumkin. Kuchayayotgan miopiyada ko‘z to‘qimalarini yaxshilanishiga qaratilgan muolajalar bilan birga  akkomodatsiyani yaxshilaydigan maxsus mashqlar va ko‘z yuklamalarining to‘g‘ri rejimiga rioya qilish katta foyda keltiradi.

© Yulduz SHOAKROMOVA, oftalmolog-shifokor.
«Sihat salomatlik» jurnali.