3.9
(101)

Migren – eng kuchli xurujsimon bosh og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Bu kasallik ayollarda ko‘p uchraydi va nasldan-naslga o‘tish xususiyatiga ega. Og‘riq xurujlari, asosan, ko‘z–peshona–chakka sohalarida kuzatiladi va ko‘ngil aynishi, qusish, yorug‘lik va tovushlarga o‘ta sezgirlik bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riq xurujidan so‘ng bemorda uyquchanlik va holsizlik kuzatiladi. Og‘riq xurujlari shu qadar kuchli bo‘ladi-ki, bemor unga chiday olmay ingrab boshlaydi, qorong‘i va shovqinsiz uyga kirib yotib oladi.

migren

Migren xuruji qanday to‘xtatiladi?

Migren xuruji davrida bemorni davolashda asosan og‘riq qoldiruvchi dorilar qo‘llaniladi. Yengilroq holatlarda xuruj boshlangan zahoti aspirin yoki paratsetamol ichishga buyuriladi. Shuningdek, indometatsin, ksefokam, sedalgin, pentalgin, baralgin kabi kuchliroq dorilar ichishga tavsiya etiladi. Bemor analgetiklarni qancha erta qabul qila boshlasa, samarasi shuncha yuqori bo‘ladi. Xuruj boshlanganidan 2 soat o‘tgandan so‘ng qabul qilingan dorilar ta’siri o‘ta past yoki befoyda.
Migren xuruji boshlagan zahoti kofetamin, kofergot, sumatriptan, zomig, ankofen kabi dorilar ichishga buyuriladi. Ushbu dorilardan biri xuruj boshlangan zahoti ichiladi.

Bemorni xurujlararo davrda qanday davolash kerak?

Agarda xurujlar soni oyiga 3–5 martadan oshsa, bemorning hayot tarziga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytlarda bemor shifoxonaga yotqiziladi va rejali davolash muolajalari olib boriladi. Rejali davolash muolajalarini o‘tkazishdan maqsad – xurujlar sonini kamaytirish va kuchini pasaytirishga erishish, bemorning umumiy quvvatini oshirish, xurujlarning oldini olish va xuruj paytida nimalarga e’tibor qaratishga o‘rgatishdir. Chunki bugungi kunda bemorni migren kasalligidan butunlay xolos qilishning iloji yo‘q.

Migren xurujlarini kamaytirishning iloji bormi?

Ha, bor. Buning uchun dam olishni to‘g‘ri tashkil qilish, tungi ishlardan voz kechish va o‘z vaqtida uxlash qonun-qoidalariga amal qilish, ortiqcha hissiy zo‘riqishlardan saqlanish migren xurujlari soni va kuchini kamaytirishga juda katta yordam beradi. Aytib o‘tganimizdek, migren xuruji, ko‘pincha, tashqi salbiy ta’sirlardan so‘ng boshlanadi. Ovqatlanish ratsioniga amal qilish ham o‘ta muhim. Tarkibida tiramin saqlovchi oziq-ovqatlarni (pomidor, selder, kakao, shokolad, pishloq, sut, yong‘oq, tuxum) iste’mol qilishni cheklash lozim. Shuningdek, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish qat’iyan man qilinadi. Ular bosh og‘riq xurujini kuchaytirib yuboradi. Spirtli ichimliklar nafaqat migrenda, balki bosh og‘riqqa moyil kishilarda ham og‘riqni qo‘zg‘ab yuboradi. Bosh og‘riqqa moyil odamlarda hatto pivo ham bosh og‘rig‘ini qo‘zg‘aydi yoki kuchaytiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (4-qism)

Stress holatlarini yuzaga keltiruvchi har qanday vaziyat, ya’ni oila va ishdagi kelishmovchiliklar ham migren xurujini nafaqat qo‘zg‘aydi, balki kasallikning og‘ir kechishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ratsional psixoterapiya, autotrening, jismoniy mashqlar va sportning yengil turlari bilan shug‘ullanish  stress holatlarining oldini oladi yoki ularni bartaraf etadi. Erta saharda turib piyoda yurish va tushlikdan so‘ng ko‘chada sayr qilish migren profilaktikasi uchun o‘ta muhim. Shuningdek, igna bilan davolash, massaj, suvosti uqalashlari kabi muolajalar ham migren xurujlari oldini olish uchun juda zarur. Mehnat ta’tillariga o‘z vaqtida chiqish, rejali tarzda sihatgohlarda dam olib turish ham o‘ta muhimdir.

Bemorlar uchun foydali tavsiyalar

Bemor doimo umumiy amaliyot shifokori nazoratida turishi kerak. Uning vazifasi bemorni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishi va bemorni hurujlararo davrda davolashdan iborat bo‘liog‘i kerak. Har bir bemor migren xurujini qo‘zg‘ovchi va kamaytiruvchi omillardan voqif bo‘lishlari lozim.

Migren xurujini qo‘zg‘ovchi omillar

  • Stress va hissiy charchashlar;
  • uyqusizlik, och qolish yoki to‘yib ovqat yeyish;
  • ortiqcha jismoniy zo‘riqishlar;
  • iqlim buzilishlari;
  • kuchli shovqin va yorug‘liq;
  • spirtli ichimliklar iste’mol qilish va sigaret chekish;
  • shokolad, qahva, yong‘oq, sho‘r va achchiq narsalarni iste’mol qilish;
  • ayollarda – hayz ko‘rish davri, kontratseptivlarni betartib iste’mol qilish;
  • issiq  va kislorod kam joylarda uzoq qolib ketish;
  • atir-upa va shu kabi kuchli hidga ega kimyoviy vositalar;
  • ovqatga qo‘shiladigan turli konservantlar (nitratlar, natriy glutamat, aspartam).

Migren xurujini kamaytiruvchi omillar

  • o‘z vaqtida va yetarli miqdorda uxlash;
  • tinch va sokin joylarda ishlash va dam olish;
  • qorong‘i va hidsiz joylarda bo‘lish;
  • yashash joyini o‘zgartirib turish (ba’zan foyda beradi);
  • og‘riq paytida boshga sovuq yoki issiq narsa qo‘yish;
  • ish va dam olishni to‘g‘ri tashkil etish;
  • og‘riq qoldiruvchi dorilarni zudlik bilan qabul qilish (dorini tanlab o‘tirmasdan qo‘l ostida bor bo‘lgan har qanday analgetik qabul qilinadi).
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oltinchi hakim - jismoniy mashqlar ( 26-qism )

Esda tuting!

Migren inson hayotiga xavf solmaydi. Ammo, yoshlik davrida boshlangan bu kasallik uzoq yillar davom etadi. Davolashni to‘g‘ri tashkil etish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish o‘ta muhimdir. Bunday bemorlarda migren xurujlari yengil kechadi, ularning soni va kuchi kamayadi. “Migren 40 yoshdan keyin to‘xtaydi” degan gap ham o‘rinlidir. Chunki yosh o‘tgan sayin migren xurujlari soni kamaya boradi va butunlay yo‘qoladi.

Ushbu maqolani ham o‘qishingizni tavsiya etamiz: Migren kasalligi (So‘ragan edingiz)

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz