Meningit o‘tqazganlar taqdiri

Meningit – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. Meningitning og‘ir turlari bolalik davrida ko‘p kuzatiladi. Katta yoshdagilarda meningit kam uchraydi va biroz yengil kechadi.
Sabablari. Meningit yuqumli kasallik bo‘lib, u turli viruslar va bakteriyalar sababli rivojlanadi.
Belgilari. Bolaning tana harorati to‘satdan 40°S gacha oshadi, kuchli boshi og‘riydi, ketma-ket qusadi va boshi orqaga qayrilib yotib qoladi. Biroz vaqt o‘tmay bola xushini yo‘qota boshlaydi, ba’zida tanaga toshmalar toshadi, tutqanoq xurujlari kuzatiladi.

Yordam qanday ko‘rsatiladi?

Zudlik bilan “Tez yordam” chaqiriladi va bola shifoxonaga olib boriladi. Bemorni uyda qoldirish mutlaqo mumkin emas. Bemor yotgan uy dezinfeksiya qilinishi va oila a’zolari vrach nazoratiga olinishi kerak.

Davolash qanday olib boriladi? 

Meningit tashxisi bilan davolash yuqumli kasalliklar shifoxonasida olib boriladi. Agar bemor o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilsa, u 10 kun ichida tuzalib ketadi. Bemor komaga tushgan holatlarda davolash muddati cho‘zilib ketishi va asoratlar qolishi  mumkin. Shu yerda men bitta muammoni aytib o‘tmoqchi edim. Ba’zi ota-onalar boladan orqa miyani punksiya qilib miya suyuqligini tekshirishga to‘sqinlik qilishadi. Ushbu muhim tekshiruvga to‘sqinlik qilish aslo mumkin emas. Bu tekshiruvni bolaning ota-onasi ruxsatisiz tibbiy ko‘rsatmalarga binoan vrach bemalol o‘tkazishi lozim. Chunki miya suyuqligini olib tekshirib turish, miyaning ichki bosimi oshib ketishining oldini oladi va bemor komaga tushmaydi. Xatto komada yotgan bemor xushiga keladi, miya ortiqcha yiringli suyuqlikdan ozod bo‘ladi va uning o‘rniga toza suyuqlik ishlab chiqariladi.
 Asoratlari qanday?

Aksariyat hollarda hech qanday asorat qolmaydi. Biroq davolash kech boshlangan holatlar yoki meningitning og‘ir turlarida turli asoratlar qolishi mumkin. Bunday bolalarda surunkali bosh og‘riqlar, o‘ta injiqlik va jizzakilik, miya ichki bosimining surunkali tarzda oshib borishi, xotira buzilishlari, parishonxotirlik kabi asoratlar vujudga kelish havfi bor. Juda kam holatlarda eshitish pasayishi, tutqanoq xurujlari va aqliy rivojlanishdan orqada qolish rivojlanadi. Bunday bolalar  nevropatolog nazoratida davolanib yurishlari lozim. Davolash qay tartibda olib borilishini nevropatolog individual tarzda har qiladi.

Kitob muallifi Zarifboy Ibodullayevga o‘z minnadorchiligimizni bildiramiz.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*