5
(1)

Bir necha xil maxsus parhezlar ishlab chiqilganki, ularni qo‘llashdan maqsad zararlangan a’zo va tizimlarni to‘liq ehtiyotlash, faoliyatini yaxshilash, moddalar almashinuvini me’yorlashtirishga yordam berish, to‘planib qolgan ortiqcha mahsulotlarni, natriy va suyuqliklarni organizmdan chiqarib yuborish hamda tanadagi yog‘ hajmini kamaytirishdan iborat.

maxsus parhezlar

Maxsus parhez turlari

Maxsus parhezlar oziqaviy moddalar ustunligi bo‘yicha shartli ravishda bir necha turga bo‘linadi:

  • oqsilli (tvorog, go‘sht, baliq);
  • uglevodli (shakar, meva, guruchli-mevali);
  • yog‘li (qaymoq, smetana);
  • magniyli va kaliyli (magniy va kaliyga boy mahsulotlar);
  • ko‘proq suyuqlik qabul qilish (sharbatlar, choy).

Oziq-ovqat mahsulotlarining ustunligi bo‘yicha belgilangan maxsus parhezlar esa quyidagilarga bo‘linadi:

  • vegeterian – o‘simliklardan iborat taomlar;
  • sutli (sut, kefir, tvorog);
  • shakarli;
  • go‘sht va baliq;
  • ichimliklar (sabzavot va mevalar sharbati, na’matak damlamasi, mineral suvlar).

Maxsus parhezlar quvvatliligi va kimyoviy tarkibi bo‘yicha to‘la qiymatga ega emas, shuning uchun ularda kasallikning kechishi va bemorning ko‘tara olishi hisobga olinib, 1–2 kunga yoki haftada 1–3 marta (yengil ovqatlanish) belgilanadi. Ilgarilari maxsus parhezlar ketma-ket ratsionda o‘rtacha 10–15 kunga belgilab qo‘llangan. Hozirgi vaqtda ularning davomiyligi o‘rtacha 2–3 kun bo‘lib, yengil taomlardan iborat parhez tavsiya etiladi.

Tanani yengillashtiruvchi parhezlar

Tanani yengillashtiruvchi (uglevodli, oqsilli, yog‘li) parhezlar turli variantlarga bo‘linadi, ulardan onda-sonda foydalanish mumkin yoki turli parhezli dasturlar tarkibiga kiritiladi. Masalan, uglevodli parhezlar quyidagi tartibda bo‘ladi:

Shakarli parhez

Shakarli parhez o‘tkir nefrit, buyrak va jigar yetishmovchiligini bartaraf etishda tavsiya etiladi. Bir kunda 5 mahal 1 stakan choy 30 g shakar bilan ichiladi.

Kempner parhezi

Guruch-kompotli (Kempner parhezi) arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, buyrak yetishmovchiligi, jigar va o‘t qopi kasalligida buyuriladi. Bir kunda 6 mahal 1 stakan shirin kompot bilan, 2 marta suvda tuzsiz pishgan shirin guruchli bo‘tqa yeyiladi. Bir kunda jami – 1,5 kg yangi yoki 240 g quruq mevalar, 50 g guruch, 120 g shakar, 1,5 l suyuqlik qabul qilinadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Avitaminoz sababi va davolash usullari

Olmali parhez

Olmali parhez semirish, arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, o‘tkir nefrit va buyrak yetshmovchiligi, jigar va o‘t qop kasalligida tavsiya etiladi. 300 g yaxshi pishgan olma yoki olmali taom ko‘rinishida, har kuni 5–6 mahal. Hammasi bo‘lib 1,5–2 kg olma iste’mol qilinadi.

Quruq mevalar parhezi

Quruq mevalar parhezi arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, jigar va o‘t qopi kasalligida tavsiya etiladi. 100 g ivitilgan qora olxo‘ri (yoki turshak, mayiz va boshqalar) har kuni 5 mahal, hammasi bo‘lib 0,5 kg.

Tarvuzli parhez

Tarvuz arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, nefrit, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligi, jigar va o‘t yo‘li kasalligi, semirishga qarshi yeb turish kerak. Kuniga 5 mahal 300–400 g dan tarvuzning o‘rtasi, eng shirin joyi, hammasi bo‘lib 1,5–2 kg iste’mol qilinadi.

Kartoshkali parhez

Kartoshkali parhez nefritlar, arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligida tavsiya etiladi. 300 g po‘sti bilan qaynatilgan yoki tuzsiz pishirilgan kartoshka, hammasi bo‘lib 1,5 kg yeyish lozim.

Bodringli parhez

Bodring semirish, arterial gipertenziya, qandli diabetning II turi semirish bilan, nefritlar, jigar va o‘t yo‘li kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi. 300 g yangi bodring tuzsiz, har kuni 5 marta, hammasi bo‘lib 1,5 kg bo‘lishi kerak.

Salatli parhez

Salatli parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, metabolik sindrom, nefritlar, jigar va o‘t yo‘li kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida buyuriladi. Yangi, xom sabzavot va mevalar, bir kunda 5 mahal 250–300 g dan, tuzsiz, o‘simlik yog‘i yoki smetana qo‘shilgan holda tavsiya etiladi.

Sulili parhez

Suli semirish, aterosklerozni bartaraf etishda yordam beradi. Bir kunda 5 mahal 140 g dan suvda pishgan sulili bo‘tqa, jami 700 g. Shuningdek 1–2 stakan choy yoki na’matak qaynatmasi ichiladi.

Oqsilli, yengil parhezlar quyidagi tartibda belgilanadi

Sutli parhez

Sutli (kefirli) parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, metabolik sindrom, qon aylanishi yetishmovchiligi, nefritlar, jigar va o‘t yo‘li kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi 200–250 g dan sut yoki kefir, prostokvasha (yog‘i kam bo‘lishi mumkin) kuniga 6 mahal, jami 1,2–1,5 l ichgan ma’qul.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Keksalar taomnomasi qanday bo‘lishi kerak?

Tvorogli parhez

Tvorog — semirish, qandli diabetning II turi, ateroskleroz, arterial gipertenziya semirish bilan, qon aylanishi yetishmovchiligi, jigar va o‘t yo‘li kasalligida foydali. 70 g 9% yog‘li yoki yog‘siz tvorog, bir kunda 5 mahal.

Bundan tashqari, 2 stakan choy, 1 stakan na’matak qaynatmasi, 2 stakan yog‘siz kefir (hammasi bo‘lib 1 l) suyuqlik ichish mumkin.

Yaroskiy parhezi

Tvorog-kefirli (sutli) (Yaroskiy parhezi) qulay variant hisoblanadi: 250–400 g tvorog va 1 l kefir (sut) kun davomida.

Go‘shtli parhez

Go‘shtli (yoki baliqli) parhez semirish, ateroskleroz, metabolik sindromda tavsiya etiladi. 70 g yog‘siz qaynatilgan go‘sht yoki qaynatilgan baliq bir kunda 5 mahal, jami 350 g.

Shuningdek 100–150 g sabzavotlar (karam, sabzi, bodring, tomatlar) bir kunda 5 mahal, hammasi bo‘lib 0,6–0,9 kg; shakarsiz 1–2 stakan choy qabul qilinadi.

Yog‘li, yengil parhezlar (smetana) semirish, kamdan-kam hollarda qandli diabetning II turida buyuriladi. Bunda 80 g 20% yog‘li smetana bir kunda 5 mahal (jami 400 g), o‘sha kuni 1–2 stakan na’matak qaynatmasi tavsiya etiladi.

Yengil parhezlarda suyuqlik iste’mol qilish quyidagi tartibda belgilanadi

Sharbatli parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, qandli diabetning II turi semirish bilan, buyrak, jigar va o‘t yo‘li kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi. 600 ml sabzavot yoki meva sharbati, 200 ml suv yoki 0,8 l na’matak qaynatmasi bilan aralashtirilgan, 4 mahal qabul qilinadi.

Choy o‘tkir gastrit, ichakning diareya bilan surunkali yoki o‘tkir kasallanishida buyuriladi. Bir kunda 7 mahal 1 stakan choyga 10 g shakar qo‘shib ichiladi.

© Anatoliy XUDAYBЕRGANOV, parhezshunos,
tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.