4.1
(109)

— Mastopatiya qanday paydo bo‘ladi va u bora-bora sut bezlari saratoniga aylanishi mumkinmi?

— Mastopatiya sut bezlari kasalliklaridan biri sanaladi. Bunda sut bezlarida har xil kattalikda “tuguncha” va fibroz to‘qimalar paydo bo‘ladi. Shu tugunchalar ushlaganda qo‘lga qattiq unnaydi, ba’zan og‘riqli, ba’zan og‘riqsiz kechadi. Hayz ko‘rishdan oldin yoki hayz ko‘rish davrida ko‘krak bezlari og‘risa va shishib, bezillab tursa, demak, bu ham mastopatiya alomatidir.
Mastopatiya ko‘proq yosh ayollarda uchrab, odatda ichki sekresiya bezlari faoliyatining buzilishi oqibatida vujudga keladi. Bu o‘zgarishlarga jinsiy a’zolarning turli yallig‘lanish kasalliklari, jinsiy hayot tartibining buzilishi sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, qalqonsimon bezlari va jigar kasallanishi mastopatiyani keltirib chiqarishi mumkin. Ruhiy iztiroblar, tushkunlik, biror narsadan qattiq tashvishga tushish ham bundan mustasno emas.

Ma’lumki, sut bezlari to‘qimasining tuzilishi va faoliyati ayol kishining yoshiga, bo‘yida bo‘lishiga, bolani emizishiga qarab o‘zgaradi. Bu o‘zgarishlar avvalo tuxumdonlar ishlab chiqaradigan gormonlar ta’sirida ro‘y beradi. Ayol bo‘yida bo‘lganida shu gormonlar ta’sirida bezsimon to‘qima shishadi, sut bezlari kattalashadi. Bola tug‘iladigan vaqtga kelib sut bezlarida uvuz suti, keyinchalik haqiqiy sut ishlab chiqariladi. Ayol ko‘zi yoriganidan so‘ng 10-12 oygacha va bundan ham ko‘p vaqt davomida ko‘kragiga sut kelib turadi. Ana shu muddat oxiriga kelib sut bezlari kichrayadi va sut ishlab chiqarilishi kamayadi. Shuni unutmaslik kerakki, ayol bolasini shu muddatda emizmasa, sut to‘planib qolib ko‘krak bezlarida og‘riq paydo bo‘ladi. Bu holat mastit yuzaga kelishi uchun asos sanaladi. Qattiq “tugunchalar” vaqt o‘tishi bilan kattalashadi. Ayniqsa, bola oldirgandan keyin bu jarayon tobora og‘irlashadi.

Tuxumdonlar faoliyatining buzilishi ham mastopatiyani keltirib chiqaradi. Natijada hayz ko‘rish tartibi o‘zgaradi. Shunisi muhimki, ginekologik kasalliklarni o‘z vaqtida davolatmagan ayollarning sut bezlarida mastopatiya uzoq vaqt davom etadi. Ba’zan to‘qimalarning kattalashishi xavfi bo‘lmaydi. Ayrim hollarda mastopatiya davolanmasa va uni keltirib chiqargan omillar kuchaysa u xavfli o‘smaga aylanib ketishi mumkin. Dardning qandayligini faqat oila shifokori bilan birga onkolog vrach aniqlaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Brutsellyoz

— Gohida ayollar sut bezlari taranglashib og‘rishidan noliydilar. Nima sababdan shunday bo‘ladi?

— Sut bezlarining taranglashib shishishi kasallik alomatidir. Ba’zan bunday o‘zgarishlar hayz ko‘rishdan oldin seziladi. Keyinchalik bunga aloqasi yo‘q vaqtda ham paydo bo‘laveradi. Ko‘krak uchidan rangsiz (ba’zan qo‘ng‘ir, kulrang, ko‘kimtir) ajralma chiqishiga hech bir ayol beparvo qaramasligi kerak.

Ba’zi ayollar mastopatiya bilan og‘rib qolsalar “menda o‘sma borga o‘xshaydi” deb vahimaga tushishadi. Aslida mastopatiyaning hamma turi ham saraton oldi kasalligi bo‘lavermaydi, ammo uni o‘tkazib ham yuborish kerak emas. Masalan, ayol ginekologik kasalliklardan davolanish chog‘ida asabi buzilmasa, dardni tabiiy deb qarab vahimaga tushmasa, tushkunlikka tushmasa va vaqtida davolansa mastopatiya tez tuzaladi. Bordiyu ayol kasallikni ancha o‘tkazib yuborib, so‘ng shifokorga murojaat etsa, unga dori-darmonlar buyuriladi, gormonlar bilan muolaja qilinadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mastopatiyasi bor ayollar onkologik dispanser nazoratida bo‘lib, uch oyda bir marta sut bezlarini tekshirtirib turishlari shart. Sut bezlarining kattalashib, qonli ajralma chiqishi, shish ustidagi teri rangining limon po‘chog‘iga o‘xshashi va tugun paydo bo‘lishi, ko‘krak uchining ichkariga kirishi sut bezlari xavfli o‘smasining ilk alomatlari hisoblanadi. Shunday holatlarni sezgudek bo‘lsangiz, darhol onkolog (mammolog) qabuliga boring, xastalik qancha tez aniqlansa shuncha tez tuzaladi.

— Mastopatiyaning oldini olish uchun ayollar nimalarga ahamiyat berganlari ma’qul?

— Maslahatlarimiz shunday: avvalo jinsiy a’zolardagi yallig‘lanish jarayonlarini o‘tkazib yubormasdan davolatish shart. Ko‘zi yorigan ayollar bolani kamida bir yarim yo ikki yoshgacha emizib boqqanlari ma’qul. Bolani sutdan chiqarishni esa shifokor bilan maslahatlashgan holda amalga oshirish kerak.

Har bir ayol hayz tamom bo‘lgandan keyingi beshinchi kundan boshlab ikkala ko‘kragini qo‘llari bilan paypaslab, qattiq tugunlar bor-yo‘qligini aniqlashi zarur. Agar qo‘lga unnaydigan qattiq tugunlar uchrasa, mammolog shifokorni bundan xabardor qilgani ma’qul. Cho‘milayotganda ham ko‘kraklarga sovun surib so‘ng qo‘l yurgizilsa, sut bezlaridagi tugunlar bor-yo‘qligi seziladi. Yana yechingan holda qo‘llarini boshi orqasida ushlagan holda bezlarini so‘rg‘ich qismi bir tekisdami yoki yo‘qmi qarab qo‘yishi va qo‘ltiq osti bezlarining paypaslab ko‘rishi shart.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ayollar uchun maxsus: Salomatlik kalendari

Har bir ayol turli shamollash kasalliklaridan saqlanishi kerak. Mastopatiyaga sabab bo‘luvchi kolpit (jinsiy a’zo shilliq pardasining yallig‘lanishi), bachadon bo‘yni eroziyasi, tuxumdonlar yallig‘lanishini o‘z vaqtida davolab tuzatish lozim.
Sut bezlarida sal og‘riq bo‘lsa ham darhol vrach maslahatini olishi kerak. Ayniqsa, ayollarimiz klimaks davrida ko‘krak bezlarini tez-tez tekshirtirib turishlari shart.

© Lola Alimxo‘jayeva,
Respublika Onkologiya ilmiy markazining
“Onkomammologiya” bo‘limi ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori.
“Sihat-salomatlik” jurnali