1
(1)

Sariq dog‘ ko‘z tomirlarining eng markaziy, muhim va sezgir ko‘rish qismidir. Ko‘zning optik qismiga yorug‘ tushib, ko‘z kosasidagi sariq dog‘da akslanadi. Xuddi o‘sha sariq dog‘ va ko‘z kosasidagi nervlar birlashib, ko‘zni eng mayda detallarni ham ko‘ra oladigan nur bilan ta’minlaydi. Makulodistrofiya – sariq dog‘dagi distrofik o‘zgarishlar tufayli vujudga keladi va nurni qabul qiluvchi tolalar kasallanadi.

Inson keksaygan sari markaziy ko‘ruvni yo‘qotadi, lekin ko‘r bo‘lib qolmasligiga sabab esa tomondagi ko‘rishning kasallanmay saqlanib qolishidir. Makulodistrofiyaning asosiy sabablaridan yana biri – tomirlar sklerozi yoki aterosklerotik o‘zgarishlardir. Demak, makulodistrofiya – keksalik bilan bog‘liq ko‘rish muammosi ekan. Bu kasallik 60 yoshdan oshgan qariyalarda ko‘p uchraydi. Kasallik irsiy bo‘lishi ham mumkin. Agar sizga shu tashhisni qo‘yishsa, farzandlaringizni xavfdan ogoh qilib qo‘ying.

Kasallik rivojlanishiga sabab nima?

  1. Yosh. Inson yoshi keksaygani sari kasallanish xavfi ham oshib boradi. 50 yoshdan oshganlarning 2 foizida, 75 yoshdan so‘ng esa 30 foizida kasallik xavfi bor!
  2. Jins. Ayollarda kasallik bilan og‘rish xavfi erkaklarga nisbatan yuqori bo‘ladi.
  3. Zararli odatlar. Yomon odatlar, ayniqsa ichish va chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish kasal bo‘lish xavfini keskin oshiradi.

Kasallik xavfining oshishi

Tomirlardagi qon aylanishining yomonlashuvi to‘qimalar yemirilishiga sabab bo‘ladi. Kasallikning so‘nggi sohasida ko‘z oldining qorong‘ulashuvi ortib boradi. Chunki sezgi organlari va markaziy zonadagi tomirlar ish faoliyatini tugatadi. Ko‘rishning yomonlashgani sari to‘qimalar ortida yangi qon tomirlar paydo bo‘la boshlaydi. Bu tomirlar o‘ziga xos devor hosil qilib, sariq dog‘ga qarata qon va suyuqlik o‘tkazib beradi. Makulodistrofiya 2 xil bo‘ladi: quruq va nam.

Quruq makuladistrofiya

Ko‘plab kasallarda uchraydi. Bu kasallik bilan avval bitta ko‘z og‘riydi va qachon ikkinchi ko‘zga o‘tishini hatto mutaxassis vrach ham aytib bera olmaydi.

Makuladistrofiya

Makuladistrofiya

Kasallikning birinchi belgisi ko‘rishning yomonlashuvi bo‘lib, ayniqsa kitob o‘qiganda yaqqol seziladi. U avval bitta ko‘zda boshlangani uchun bemor uzoq vaqtgacha ko‘rishning yomonlashganiga e’tibor bermaydi. Chunki ikkinchi sog‘ ko‘z bilan bemalol o‘qish va ishlash mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Astigmatizm kasalligi

Nam makuladistrofiya

Ko‘z turining 90 foizgacha yo‘qolishi va qayta tiklanmasligi yuqoridagi kasallikka olib keladi. Kasallikning birinchi belgisi: to‘g‘ri chiziqlar to‘lqinli bo‘lib ko‘rinadi. Bu kasallikning asosiy  sababi – yangi paydo bo‘lgan defektli tomirdan sariq dog‘ning ostiga suyuqlik oqib kirishidir. Sizda shunday o‘zgarishlar yuz bersa, tezlik bilan shifokorga murojaat qiling. Kasallikning asosiy belgisi ko‘z nurining keskin pasayishi va ko‘z oldingizda qora dog‘ning paydo bo‘lishidir. Agar shifokor jarrohlik amaliyotini taklif qilsa, rad qilmang va amaliyotdan keyin doimiy nazoratda bo‘ling.

Juda ko‘p ko‘z kasalliklarida muhim belgilar bo‘lmasligi mumkin. Makuladistrofiya ham shunday kasallikdir, uning ikkala turida ham ko‘zda hech qanday og‘riq sezilmaydi. Ba’zan bemorlar kasallik bir ko‘zdan ikkinchi ko‘zga o‘tgachgina sezib qoladilar va shifokor qabulida bo‘lganda esa «keksalik makuladistrofiya» tashhisini eshitadilar.

Xulosani shifokor aytadi

Mutaxassis ko‘z o‘tmasligini nazorat qiladi, maxsus jadval orqali tekshiruv o‘tkazadi, ko‘z ichki bosimini o‘lchaydi va har bir holatga alohida e’tibor beradi. Hatto maxsus Amsler setkasi bilan test o‘tkazishi mumkin.

Setka o‘rtasida qora nuqtasi bo‘lgan, 10×10 sm o‘lchamdagi katak qog‘ozdan iboratdir. Bunda bir ko‘zni yopgan holda ikkinchi ko‘z bilan qog‘oz o‘rtasidagi nuqtaga qaraysiz. Agar ayrim chiziqlar to‘lqinli, ayrimlari umuman ko‘rinmasa, demak siz nam makuladistrofiya bilan kasallangansiz.

Kasallikni yanada aniqlash uchun flyuoresent angiografiya tekshiruvini ham o‘tkazish mumkin. Bu yo‘l bilan yangi va zararli tomirlarning paydo bo‘lishi aniqlanadi.

Ko‘z nurini doimiy nazorat qilishni xohlovchilar «qo‘laki» Amsler setkasidan foydalanishlari mumkin. Faqat bu usulni ham ko‘zlaringiz sog‘lom paytidan boshlashingiz shart.

Mutaxassis bemorga tomirlarni kengaytiruvchi, antiskleroz to‘qimalarda modda almashinuvini yaxshilovchi dori-darmonlarni tavsiya qiladi. Eng asosiysi tarkibida xolesterin kam bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilishni buyuradi va zarur dorilarni tayinlaydi. Davolash faqat shifokor nazorati bilan olib borilishini yodda tuting.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Umurtqa kasalliklarining belgilari

Lazer bilan davolashdan so‘ng darhol uyga ketishingiz mumkin. Bunda kimdir sizga hamroh bo‘lishi va himoya ko‘zoynagini taqishingiz kerak bo‘ladi. Davolashning dastlabki kunlari ko‘z oldingizni tuman qoplashi va og‘riq bezovta qilishi mumkin. Davolashdan so‘ng vrach davolash natijalarini aniqlash, qon tomirlar va to‘qimalar shishi pasayishi, yangi tomirlar paydo bo‘lmasligini oldini olish uchun alohida nazorat olib boradi. Flyuoressent angiografiya tekshiruvidan qayta o‘tkazadi. Davolash kutilgan natijani bermasa, qayta lazer-terapiya o‘tkaziladi. Bu muolaja yo‘qotilgan ko‘z nurini qayta tiklash emas, balki to‘xtatib qolish uchundir. Shuningdek, u makulodistrofiyani davolamaydi. Agar lazer muolajasidan so‘ng ham ahvol yaxshilanmasa, nima qilish kerak:

  • yomon odatlardan voz kechish;
  • doimiy nazoratda bo‘lish;
  • qon bosimini nazorat qilish;
  • qondagi xolesterin va qand miqdorini nazorat qilish;
  • himoya – qora ko‘zoynak taqish.

Buni unutmang! Diabet, qon bosimi, ateroskleroz kasalliklari makulodistrofiyani o‘tishini yanada og‘irlashtiradi. Agar sizga ko‘zoynak yoki lupa yordam berolmasa, ko‘zi ojizlarning ko‘rish korreksiyasi kabinetiga murojaat qiling. U yerda sizga tasvirni va mayda buyumlarni kattalashtirib ko‘rsatadigan optik sistema yordamida xizmat ko‘rsatishadi.

Ko‘zingizda muammolar paydo bo‘lsa, zudlik bilan mutaxassis shifokorga murojaat qilib, zarur muolajalarni o‘z vaqtida qabul qiling. Agar sizga irsiy kasallik deb tashhis qo‘yishsa, o‘z farzandlaringiz va nabiralaringizni bu haqda xabardor qiling, toki ular kasallikning oldini olishga harakat qilishsin!

© Ulug‘bek KARIMOV, oftalmolog.
«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: