5
(2)

Erkaklarga nima uchun kuchli jins vakillari deb ta’rif berilishini bilasizmi? Kasalliklarga kamroq chalinishgani uchun emas, balki dardlarini har doim ham oshkor qilaverishmagani uchun ham shunday deyiladi. Ayniqsa, jinsiy salomatlik bilan bog‘liq muammolarni hatto shifokorga-da aytishga istihola qilishadi. Bu bilan go‘yo erkaklikka putur yetib qoladigandek. Vaholanki, kasalni yashirgan bilan isitmasi, baribir, oshkor qiladi. O‘z vaqtida muolaja qilinmagan xastalik zo‘rayib, noxush oqibatlarga olib kelishi tayin… Quyida erkaklarda uchraydigan ayrim xastaliklar haqida ma’lumot beramiz.

Kriptorxizm

«Kriptorxizm» atamasi yunonchadan olingan bo‘lib, «yashirin moyak» degan ma’noni bildiradi. Bu kasallikda moyak odatdagidek yorg‘oqda emas, balki tashqarida joylashgan bo‘ladi. Bitta moyakning yorg‘oqdan tashqarida joylashishi monorxizm, har ikkisining ham tashqarida bo‘lishi esa anorxizm deb ataladi.

Homila xromosomalari patologiyasi, ona va homiladagi gormonal yetishmovchilik, chov kanali nuqsonlari va boshqa omillar moyakning qorin pardasi orqasidagi bo‘shliqdan tushmay qolishiga sabab bo‘ladi. Ma’lumki, moyaklar dastlab homila qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida shakllana boshlaydi va homiladorlikning to‘qqizinchi oyi ikkinchi yarmida yorg‘oqqa tushib joylashadi. O‘g‘il bola tug‘ilganida moyaklarning yorg‘oqda bo‘lishi uning to‘la sog‘lomligidan darak beruvchi belgilardan biridir.

Bu o‘rinda ota-onalar juda hushyor bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi. Agar olti oygacha ham moyaklar yorg‘oqqa tushmadimi, darhol shifokorga murojaat etish lozim. Odatda, 2-3 yoshgacha bo‘lgan bolalar dorilar yordamida davolanadi, undan kattalari esa operatsiya qilinadi. Muolaja qanchalik kechiksa, oqibatlar shunchalik noxush bo‘lishi mumkin.

Kriptorxizmning chin va soxta turlari bor. Soxta kriptorxizmda moyaklar har-harda yorg‘oqqa tushib turadi, buni operatsiyasiz ham davolash mumkin. Agar bolada chin kriptorxizm aniqlansa, yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z vaqtida davolash yoki operatsiya qilish kerak bo‘ladi.

Kriptorxizmda bola hech narsadan bezovta bo‘lmagani uchun ota-onasiga shikoyat qilmaydi. Kriptorxizmni aniqlash uchun chov sohasini tekshirish, yorg‘oqni paypaslab ko‘rish, to‘la ishonch hosil qilish maqsadida ultratovush tekshiruvi o‘tkazish kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ajinga qarshi mahsulotlar

Shu o‘rinda moyaklar haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tsak. Moyaklar – yorg‘oq ichida joylashgan musicha tuxumidan yirikroq, oval shaklli juft a’zo. Har bir moyak yettita qavat bilan o‘ralgan bo‘lib, urug‘ tizimchasiga osilgan tarzda turadi. Urug‘ tizimchalari orqali esa urug‘ chiqaruv yo‘lagi, qon va limfa tomirlari, asab hamda mushak tolalari o‘tadi. Moyaklar ichidagi uzun, ingichka, o‘rama shaklidagi urug‘ kanalchalari hajm jihatdan ushbu a’zoning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Moyaklar o‘z navbatida ikki xil vazifani bajaradi: generativ faoliyat – spermatogenez jarayonida erkaklar jinsiy hujayralarini (spermalarni) hosil etib, nasl davomiyligini ta’minlaydi; sekretor faoliyat – erkaklarga xos gormonlar, ya’ni androgenlar ishlab chiqaradi.

Orxit va epididimit

Orxit moyaklarning yallig‘lanishi bo‘lib, parotit, gripp, so‘zak, tif kabi yuqumli kasalliklarning asorati sifati yoki yorg‘oqning shikastlanishi oqibatida kelib chiqadi. Moyakka infeksiya gematogen (qon orqali) o‘tadi.

O‘tkir orxit moyakda to‘satdan kuchli og‘riq paydo bo‘lishi, kasallangan tomon terisi qizarib, taranglashishi, harorat oshishi bilan boshlanadi. Tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi, bemorni qaltiroq tutishi mumkin. Kasallik natijasida moyak kattalashadi. Bunday paytda bemor qanchalik ko‘p harakat qilsa, og‘riq shunchalik kuchayib boraveradi. Chunki ko‘p yurganda moyaklar sonlarga ishqalanib, qattiqroq og‘riydi. Keyin urug‘ tizimchasi yo‘g‘onlashadi, biroq moyak ortiqlari o‘zgarmasdan qolaveradi. Orxitda yiringlash jarayoni boshlanishi bilan yorg‘oq terisi qizaradi, shunda moyakning ba’zi bir joylarida yumshagan joylar ham paydo bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kasallikk o‘z vaqtida davolanmasa, surunkali turga o‘tadi. Surunkali orxit bepushtlik, epididimit, moyak atrofiyasi kabi asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Epididimit – moyak ortig‘i (epididimis)ning yallig‘lanishi. Kasallik infeksiyalar yoki yorg‘oqqa shikast yetishi tufayli kelib chiqadi, ko‘pincha 15-30 yoshlilarda va 60 yoshdan oshganlarda kuzatiladi. Epididimitda moyak ortiqlarida og‘riq boshlanib, chov kanali sohasiga tarqaladi. Ortiqlar tezda kattalashib, bezillab og‘riy boshlaydi. Bemorning tana harorati ko‘tarilib, qaltiroq tutadi. Yallig‘lanish jarayoni tezda moyak qobiqlariga, yorg‘oq terisiga o‘tib, moyak kattalashadi. Yorg‘oq terisi qizarib, tortilib, kattalashadi. Ushlab ko‘rilganda issiq bo‘ladi. Agar nafaqat moyak ortig‘i, moyaklar ham yallig‘langan bo‘lsa, ularni paypaslab ko‘rganda bir-biriga yopishgani, kattalashgani va og‘riqliligi aniqlanadi, bunday holatga orxoepididimit deyiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gematomalar qay darajada xavfli?

Vezikulit

Vezikulit urug‘ pufakchalarining yallig‘lanishi bo‘lib, asosan siydik-tanosil tizimining infeksion-yallig‘lanish kasalliklari (prostatit, uretrit, epididimit) asorati sifatida rivojlanadi. Shuningdek, gripp, kariyes, surunkali yiringli tonzillit ham vezikulitga sabab bo‘lishi mumkin. Vezikulitda harorat ko‘tariladi, ko‘proq kechga yaqin yoki tunda bemorni qaltiroq tutadi, sperma (maniy)da qon paydo bo‘ladi. Chov, quymich, orqa chiqaruv teshigi atrofidagi qattiq og‘riqlar bezovta qila boshlaydi. Siyganda, eyakulyatsiya paytida og‘riq seziladi.

Agar davolanilmasa, kasallik belgilari zo‘rayib boradi: tana harorati 38-39 darajagacha ko‘tariladi, og‘riq kuchayadi, urug‘ pufakchalari yiringlashi mumkin. Bunday hollarda bemorni faqat operatsiya qutqaradi. Vezikulit o‘z vaqtida davolanilmasa, kasallik urug‘don ortiqlariga tarqaladi va ikki tomonlama surunkali edididimit kelib chiqadi. Bu esa o‘z navbatida bepushtlikka olib keladi.

Vezikulitni dastlabki bosqichlarda konservativ yo‘l, ya’ni dori-darmon bilan davolash mumkin. Antibakterial terapiyadan tashqari fizioterapiya va boshqa muolajalar buyuriladi. Kasallik belgilari paydo bo‘lishi bilan shifokorga murojaat qiling!

Vezikulitga chalinmaslik uchun sovqotishdan saqlaning, ko‘proq harakatda bo‘ling. Muntazam jinsiy hayot olib boring. Eng asosiysi, surunkali kasalliklarni davolang.

Tib.uz nashri.


Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin: