3.8
(15)

Tabiat bizga buyuk ne’mat — ko‘rish imkoniyatini ato etgan. Ammo ko‘zdek nozik a’zoning arzimas jarohatlanishi ham jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Ko‘rish imkoniyatidan mosuvo bo‘lish ham hech gap emas. Quyida ko‘z jarohatlanganda qanday yo‘l tutish kerakligi haqida suhbatlashamiz.

Ko‘z qanday jarohatlanadi?

Ko‘zning ajoyib qobiliyati bor. U o‘ziga qarab «uchib» kelayotgan har qanday jismdan o‘zini himoya qiladi, ya’ni avtomatik ravishda yumiladi. Ammo kundalik turmushda turli sabablar tufayli ko‘z jarohatlanishi mumkin. Odatda turmushda ishlatiladigan turli buyumlar va asbob-anjomlar ko‘zni jarohatlashi ko‘p kuzatiladi.

Ko‘zlarni kimyoviy moddalar bilan jarohatlash holatlari ham uchrab turadi. Masalan, sepib ishlatiladigan turli dorilar, aerozollarning qopqog‘i hech ochilavermasa, kuch ishlatib, uning tomchilarini ko‘zga tushirish hech gap emas. Bunday idishlar bolalarning qo‘lida bo‘lsa-ku, asti qo‘yavering. Kiyim oqartiruvchi vositalarni yuz-ko‘zlarga surtish mumkin emasligini bola qayerdan ham bilsin?! Qolaversa, bolaning qo‘liga tushgan har qanday predmet ko‘z uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Qaychi, pichoq singari o‘tkir jihozlarni yuzga qarab yo‘naltirish, ularni ko‘targancha yugurish, pirotexnika (mushakbozlik) vo-sitalarini qo‘llash mumkin emasligini bolalarga, albatta, biz, kattalar tushuntiramiz. Bundan tashqari, xavfli o‘yinchoqlardan ham bola ko‘zi jarohatlanishi hech gap emas.

Asoratlar qanday bo‘lishi mumkin?

Uning qanchalik jiddiy ekaniga ko‘p narsa bog‘liq. Ko‘zga tushgan chang ham aslida jarohat. Faqat kichik jarohat. Ko‘z soqqasi lat yeganda, zarbga uchraganda o‘z vaqtida to‘g‘ri va malakali yordam ko‘rsatilmasa, ayanchli asoratlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak.

Ko‘z jarohatlanishida, birinchi navbatda, uning optik moslamasi — ko‘z soqqasi va shishasimon moddaga zarar yetadi. Eng og‘ir asoratlar ko‘z to‘r pardasi yoki ko‘ruv nervi jarohatlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Ba’zida kichik patologik jarayon butun ko‘ruv a’zosining zararlanishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Koronavirus kasalligi belgilari va davolash

Men qayerga yuguray…

Iloji boricha tezroq shifokor huzuriga shoshiling.

Ko‘z jarohatlangandan keyin og‘riq o‘tib ketdi-ku, deb yuraverish yaramaydi. Zo‘riqish his qilmasdan, ko‘zni ochib-yumishga qiynalmasangiz ham oftalmolog shifokorga uchrang. Chunki ko‘zdagi jarohatdan qolgan asoratlar oradan bir necha kun yoki hatto hafta o‘tib bo‘y ko‘rsatishi mumkin.

Jarohatlangan ko‘z yanada zararlanmasligi uchun uni toza doka bilan yopish kerak. Ko‘zga kimyoviy modda tushgan taqdirda uni oqar suvda ehtiyotkorlik bilan yaxshilab yuvib tashlash zarur. So‘ngra vazelin yoki kungaboqar yog‘ini tomizish foydali.

Shifokor nima qiladi?

Shifokorning amallari jarohat turiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ko‘zga metall zarralari tushgan bo‘lsa, magnit yordamida olib tashlanadi. Ammo jarohat ancha jiddiy bo‘lsa, ko‘z chuqur majmuaviy tekshiruv — UTT, rentgenografiya, kompyuter tomografiyasi tekshiruvlaridan o‘tkaziladi.

Ko‘pincha bemor tez tibbiy yordamga ehtiyoj sezadi. Zamonaviy mikroxirurgik texnika ko‘zning har qanday sohasida operatsiya o‘tkazish imkonini beradi. Lazer koagulyatsiyasi ko‘chgan to‘r pardasini qayta tiklashda asqatadi. Ko‘p hollarda bu operatsiyani takroran o‘tkazishga ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.

Ko‘z jarohati o‘ta jiddiy bo‘lgan holatlarda ko‘rish a’zolarini to‘liq tiklashning imkoni bo‘lmasligi ehtimoli bor. Bunday paytda shifokorlar ko‘rish qobiliyatini qisman bo‘lsa ham tiklashga urinadi.

Jarohatlardan qanday saqlanish kerak?

  • Chilangarlik, duradgorlik ishlari bilan shug‘ullanayotgan vaqtda himoya ko‘zoynaklaridan foydalanishni unutmang.
  • Tovada sachrab turgan yog‘dan ehtiyot bo‘ling.
  • Ichimliklar, ayniqsa, shampan vinosini ochayotganda qopqoq tarafini odamlar yo‘q tomonga qarating.
  • Mushakbozlik qilinayotgan joylardan uzoqroq yuring.
  • Bolalarga pirotexnika vositalarini, o‘tkir, tig‘li, sinuvchan o‘yinchoq va buyumlarni bermang!
  • Ayniqsa, haydovchilar avtomobil boshqarayotganda plastik oynalardan foydalangani ma’qul.

Uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik bo‘yicha jarrohlik operatsiyasini boshdan kechirganlar juda ehtiyot bo‘lishi darkor. Kichik jarohat ham operatsiya samarasini yo‘qqa chiqarishi hech gap emas.

Birinchi yordam.

Agar ko‘zga kichik cho‘p-xas, zarra tushgan bo‘lsa, uni aslo ishqalamang! Bu bilan ko‘z shilliq pardasi yanada kuchliroq zararlanishi mumkin. Tepa qovoqqa tushgan xasni olib tashlash uchun pastga qarab turgan holatda qovoq ustidagi kipriklarni asta pastga torting. Shunda qovoq ichi pastki kipriklar bilan ishqalanadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bolaning rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi 3 ta odatiy narsa

Pastki qovoqdagi xasni olib tashlash uchun uni pastga tortib, uchlari ho‘llangan toza dastro‘mol yordamida ehtiyotkorlik bilan harakat qilinadi. Bunda nigoh tepaga qaragan bo‘ladi.

Boshqa holatlarda

Agar ko‘zingizni biror joyga urib olgan bo‘lsangiz, sovuq suvga botirilgan paxta yoki toza dastro‘molni 15-20 daqiqa mobaynida ko‘zga qo‘yib turing. Urib olganda ko‘zning tashqi qobig‘i ko‘p zararlanmaydi, ammo ichki a’zolarga jiddiy zarar yetishi mumkin. Shu bois, albatta, ko‘zni shifokorlarga ko‘rsatish zarur.

Ota-onalar bolalarni nazoratsiz qoldirmasliklari lozim. Go‘daklar esa hatto o‘z tirnoqlari bilan ko‘zga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ularning tirnog‘ini o‘z vaqtida olish kerak.

Ishlab chiqarish bilan bog‘liq jarohatlar, ayniqsa, xavf­li. Metall, yog‘och, sement-ga ishlov berayotganda mayda zarralar atrofga sachrab, ko‘zga ham tushishi ehtimoldan xoli emas. Bunda jarohat kuchli og‘riq, nurdan qo‘rqish va ko‘z yoshi oqishi bilan kechadi.

Ko‘zga tushgan o‘tkir xaslarni faqat tibbiyot xodimigina olib tashlashi mumkin! Bunday holatlarda ko‘zga toza bog‘lam qo‘yilib, vaqtni boy bermay, shifokor huzuriga otlanish shart.

Ko‘z bug‘, olov, qaynoq yog‘, suv, suyuq metall kabilar bilan zararlanganda ko‘zlarni yumgan holatda yuz toza oqar suvda yuvib tashlanadi. Ko‘zga bog‘lam qo‘ymasdan bemorni davolash muassasasiga tezroq olib borishga harakat qilish kerak.

Ko‘z kislotalar, ishqorli bo‘yoqlar, ohak va boshqa kimyoviy moddalar bilan jarohatlanganda 15-20 daqiqa mobaynida ko‘zlarni qovoqlar ochilgan holatda toza oqar suv bilan yuvib turish kerak. So‘ngra bog‘lam qo‘ymasdan shifokorga olib boriladi.

Elektr payvandlash chog‘ida ultrabinafsha nurlar ko‘zlarni jiddiy jarohatlashi mumkin. Kuyish belgilari oradan 6-8 soat o‘tib paydo bo‘ladi. Og‘riq, yorug‘lik nuridan qo‘rqish, yoshlanish va qizarish kuzatiladi. Odatda 2-3 kundan so‘ng bu belgilar o‘tib ketadi. Shunga qaramay, shifokor huzuriga borish shart.

Yodingizda bo‘lsin!

Ko‘z jarohatlanganda ko‘rish qobiliyati pasayishi yoki umuman yo‘qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Shifokorga qancha tez borsangiz, shuncha yaxshi. Jarohatning darajasi va turini mutaxassisgina aniq biladi, to‘g‘ri yordam ko‘rsatadi va asoratlarning oldini oladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bodom 'suti' - siydik haydovchi vosita

Ko‘z jarohati asoratlarini davolagandan ko‘ra ularning oldini olgan osonroq. Texnika xavfsizligi qoidalariga amal qiling, maxsus himoyalovchi ko‘zoynaklardan foydalaning. Kundalik turmushda ehtiyotkorlik choralari yoddan chiqmasin, ayniqsa, bolalarga e’tiborli bo‘ling.

«Shifo-info» gazetasi.