Koxlear implantatsiyasi va ajoyib natijalar

Tibbiyotning barcha tarmoqlari singari otorinolaringologiya sohasida ham mustaqillik davrida izchil o‘zgarishlar ro‘y berib, LOR bo‘limlari zamonga mos qilib qayta ta’mirlandi va yangi tashxislovchi hamda davolovchi asbob-uskunalarga ega bo‘ldi.

Bugungi kunda LOR mutaxassislari dunyoning yetuk tibbiy markazlarida malaka oshirish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda. Bular bilan bir qatorda xususiy sektor orqali aholiga LOR xizmatini ko‘rsatish imkoniyatlari ham kengaytirilib borilmoqda.

Aytish joizki, yuqori nafas yo‘llari xastaliklari aholining 40 foizdan ortig‘ida uchraydi. Kasalliklarning kechishi, klinik belgilari yillar davomida muntazam o‘zgarib boradi. Masalan, chorak asr ilgari surunkali tonzillit xastaligi asosan LOR kasalligi deb qaralar edi. Endilikda esa burun, uning yondosh bo‘shliqlari va quloq kasalliklari turlarini aniqlab, davolash dolzarb masala bo‘lib turibdi. LOR kasalliklarini davolashda mukammal, bemor tanasiga ziyon yetkazmaydigan dori vositalari keng qo‘llanilib, miniinvaziv, ya’ni kamshikastli jarrohlik amaliyotlari tatbiq qilinmoqda.

Men 30 yillik ish faoliyatimning 10 yilida bemorlarni avvalgi usullarni qo‘llagan holda davolab kelganman. Mustaqilligimizning sharofati bilan zamonaviy asbob-uskunalardan foydalangan holda bemorlarni davolayapman. Ayniqsa kamshikastli jarrohlik usullarini amaliyotga joriy qilish yuqori samaralar bermoqda. Avvallari bemorlarning shifoxona sharoitida sog‘ayishlari uchun o‘rtacha 8-12 kun zarur bo‘lsa, xozir zamonaviy usullar bilan davolanganda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 3-5 kunni tashkil qiladi. Bajariladigan ko‘pgina operatsiyalardan keyin aksariyat bemorlar ertasiga ota-onasi yoki oilasi bag‘riga qaytishmoqda. Yangi tibbiy asboblardan foydalanish va operatsiyani bajarishda umumiy og‘riqsizlantirish vositalarining qo‘llanilishi jarrohlikdan so‘nggi ko‘pgina asoratlarning kamayishiga imkon yaratmoqda.

Sust eshitadigan yoki kar bemorlarni asoratsiz davolash maqsadida ustozlarimdan ko‘p narsa o‘rgandim, hatto Moskva va Kiyev shahridagi olimlardan ham tahsil olishga to‘g‘ri keldi. 2013 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “LOR a’zolarining tug‘ma va orttirilgan xastaliklari” bo‘limining tashkil etilishi va 1 mln AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflanib, tashxislash va davolash asbob-uskunalari bilan ta’minlanishi, shuningdek ushbu markazda dunyoning rivojlangan davlatlaridagi kabi barcha murakkab LOR operatsiyalarining yo‘lga qo‘yilishi davlatimiz tomonidan xalqimiz sog‘ligini mustahkamlash yo‘lidagi g‘amxo‘rligining yaqqol misolidir.

Eng quvonarlisi, o‘ta qimmat va murakkab hisoblangan koxlear implantatsiyasi operatsiyasi ham mahalliy mutaxasislarimiz tomonidan yuqori saviyada bajarilib kelinmoqda.

Shu o‘rinda bir voqeani aytay. Umuman eshitmaydigan bolada koxlear implantatsiyasi o‘tkazildi. Bemor olti oy ichida gapira boshladi. Uni qayta ko‘rikdan o‘tkazayotganimizda onasi yig‘lab yubordi. Aytishicha, uch farzandi ham kar-soqov, lekin operatsiyadan keyin shu bolasi “oyijon” deb tilga kirishi ayolga bir olam baxt va shodlik baxsh etgan! Men faqat o‘sha ayolga emas, balki bunday quvonch barcha bemorlarimizning onalariga nasib etishini istayman…

Hozirga qadar 300 dan ortik eshitishi pastligining og‘ir darajasiga chalingan va kar bolalarga byudjet mablag‘lari hisobidan ushbu koxlear operatsiyasi qo‘llanildi. Bu bolalarimiz hozirgi kunda burro-burro so‘zlab, she’r va qo‘shiqlar aytishyapti va o‘ylaymizki reabilitatsiya choralarining samarasi yuqori bo‘ladi.

Quloqdagi murakkab operatsiyalarni bajarish borasida biz Rossiya,Ukraina, Slovakiya, Italiya, Avstriya, Litva, Germaniya va Turkiya davlatlarining nufuzli klinikalari professorlari bilan hamkorlikda ishlaymiz. Bu hamjihatligimizdan asosiy maqsad yosh, mahalliy mutaxasislarimizni tarbiyalab, barcha turdagi yuqori texnologik operatsiyalarni bajarishni mukammal o‘zlashtirib, xalqimizga jahon standarlariga mos keladigan LOR xizmatini amalga oshirishdan iborat.

Shavkat OMONOV,
otorinolaringolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori, professor,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*