El sog‘ligi — yurt boyligi

Keksalarda bosh miya faoliyati buzilishi

Sabablari

Bosh miyaning rivojlanib boruvchi kasalligi sifatida namoyon bo‘ladigan dissirkulyator ensefalopatiyaga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:

  • xafaqon (gipertoniya) kasalligi;
  • qandli diabet;
  • qonda xolesterin ortishi natijasida yuzaga keluvchi ateroskleroz;
  • kashandalik;
  • semirib ketish;
  • kamharakatlilik (gipodinamiya).

bosh miya faoliyati buzilishi

Miya faoliyati buzlishining rivojlanishi

Kasallik tufayli bosh miya qon tomirlari torayadi, qon o‘tadigan tomirlar devorlarida o‘zgarishlar vujudga keladi. Shuningdek, mayda qon tomirlar shikastlanadi, miya to‘qimasi hujayralari yetarlicha kislorod va zarur moddalar bilan ta’minlanmaydi, miyada surunkali qon aylanishi yetishmovchiligi vujudga keladi.

Keksa kishilarda ro‘y beradigan dissirkulyator ensefalopatiyani ko‘pincha nevroz yoki nevrasteniya bilan adashtiradilar. Aslida esa ensefalopatiya endi boshlanib kelayotganda muolaja olinmasa, dard kuchayib ketib, keyingi bosqichlarga o‘tishi tezlashadi.

Aniqlash

Xastalikni aniqlashda quyidagi tekshiruvlar yordam beradi:

  • ultratovush;
  • ekstra va intrakranial tomirlar dopplerografiyasi;
  • dupleks skanerlash usulida braxio-sefal ekstrakranial magistral arteriyalar holatiga baho berish;
  • EEG;
  • qon koagulogrammasi;
  • xolesterin va lipid spektrini aniqlash; elektrokardiografiya;
  • kompyuter tomografiyasi.

Miya faoliyati buzlishini davolash

Ensefalopatiyaga tashxis qo‘yilgandan so‘ng zarur davo choralari qo‘llanilishi lozim. Aks holda kasallik zo‘rayib ketib, og‘ir asoratlar kelib chiqadi. Masalan, bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi, ya’ni insultlar vujudga kelishi ham mumkin.

Bemorga dori-darmonlar buyuriladi. Davolanayotgan davrda mehnat qilish va dam olish sharoitini tartibga solish, zararli odatlardan voz kechish, tamaki chekmaslik, spirtli ichimliklar ichmaslik, sog‘lom turmush tarziga amal qilish ham naf beradi.

Bemor asabini buzmasligi, g‘am-tashvishlardan o‘zini asrashi kerak.

Oldini olish choralari

Bosh miya faoliyatining ishini doim rag‘batlantirib turish kasallik profilaktikasi uchun zarur. Chunki sog‘lom turmush tarziga amal qilinmagan hollarda to‘qimalar bioenergetikasi buziladi, qonda xolesterin triglitserinlar ko‘payib, lipid modda almashinuvi izdan chiqadi. Ichki tanosil bezlari, mushaklar, nerv to‘qimasi ishi susayib, miyaning funksional qobiliyati pasayadi.

Miya faoliyatini yaxshilash uchun avvalo erkin radikallarni yo‘qotish lozim. Chunki erkin radikallar organizmni qaritadi, ular moddalar almashinuv jarayonida kislorodning zaharli hosilalarini ishlab chiqaradi, natijada oksidlanish reaksiyalari ro‘y beradi va sog‘lom hujayralar zararlanadi.

Demak, erkin radikallarning kushandasi bo‘lmish vitamin A, E, C ga boy oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘proq iste’mol qilgan ma’qul.

Keksalikda bosh miya faoliyati yomonlashishining oldini olish maqsadida turli qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib borgan ma’qul.

Ko‘p kitob o‘qish (sevimli mavzular, sarguzasht yoki tarixiy asarlar), krossvordlar yechish, qiziq seriallar tomosha qilish (serial ko‘rayotganda kishini o‘zga xalqlar hayoti, turli go‘zal manzaralar, tarixiy obidalar zavqlantiradi) va shu kabi qiziqarli mashg‘ulotlar miya hujayralari – neyronlari faoliyatini faollashtiradi.

Nigora TO‘LAGANOVA,
shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Obuna indeksi yakka tartibdagi obunachilar uchun — 865, tashkilotlar obunasi uchun — 866.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *