Keksalar taomnomasi qanday bo‘lishi kerak?

Gerodiyetologlar (keksalar parhezi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar) ning fikriga ko‘ra, yoshi ulug‘ insonlarning taomnomasida geroprotektorlar (qarishni sekinlashtiruvchi moddalar) ning mavjud bo‘lishi muhim ahamiyatga ega ekan. Gerodiyetologlar (keksalar parhezi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar) ning fikriga ko‘ra, yoshi ulug‘ insonlarning taomnomasida geroprotektorlar (qarishni sekinlashtiruvchi moddalar) ning mavjud bo‘lishi muhim ahamiyatga ega ekan.

keksalar taomnomasi

Ayniqsa antioksidantlar (saraton hujayralari paydo bo‘lishining oldini oluvchi moddalar), masalan, aminokislotalar (metonin, sistein, glutamin kislota), vitaminlar, askorbin kislota (vitamin C), nikotin kislota va B guruhi vitaminlari, PP, A, E, K vitaminlari, A provitamini (karotin) va shu moddalar sirasiga kiruvchi mineral moddalar (magniy, rux, temir moddasi, mis) zarur hisoblanib, ular o‘z xususiyatiga ko‘ra keksayishni kechiktiradi.

Odam organizmi uchun foydali bioflavonoidlar, o‘simlik steroidlari, betain (qizil lavlagiga rang beruvchi modda) kabi antioksidantlar qichitqi o‘tida, qizil lavlagida, kashnich, marmarak, estragon o‘simligida, rozmarin giyohlarida mavjud. Olma, uzum, choy, qatiq, suzma, ayron, qimiz, qimron (tuya suti), echki suti ham antioksidant mahsulotlar sirasiga kiradi. Mutaxassis shifokorlar antioksidant mahsulotlar stress (ruhiy zo‘riqish)ning oldini olishini aniqlashgan.

Barvaqt qarishning oldini olish uchun odam bir kecha-kunduzda 8 soat to‘yib uxlashi va to‘g‘ri ovqatlanishi shart. Keksalar o‘z mijozlariga qarab yengil hazm bo‘ladigan parhez taomlarni oz-ozdan va tez-tez iste’mol qilishlari kerak. Yog‘siz go‘sht, parranda, baliq mahsulotlarini qaynatib, sabzavotli garnirlar bilan iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Chunki sabzavotlar go‘shtli taomlarning biologik qiymatini oshiradi.

Keksalar uchun tvorog (bir kunda 50 gramm), shuncha miqdorda baliq va go‘shtning yog‘siz turini 60 grammdan iste’mol qilganlari ma’qul. Baliq va go‘sht solingan sho‘rvalarni haftada 2-3 martadan ko‘p iste’mol qilmasliklari kerak. Chunki, bunday sho‘rvalarda ekstraktiv moddalar ko‘p bo‘lib, podagra kasalligini (bo‘g‘im og‘rig‘ini) keltirib chiqarishi mumkin.

Haftaning boshqa kunlarida sabzavotli sho‘rva, meva qoqilari (olxo‘ri, olma, turshak, anjir) solingan suli, tariq, manniy bo‘tqalarini tayyorlash foydadan xoli bo‘lmaydi. Dengiz mahsulotlari (dengiz karami, qisqichbaqa, baliqlar)dan tayyorlangan taomlar esa parishonxotirlikning oldini oladi. Ayniqsa, ularni 70 yoshdan keyin muntazam iste’mol qilish xotira pasayishini kamaytiradi. Bilish muhimki, yog‘li mahsulotlar, masalan, kurka, mol yoki qo‘y go‘shti, hayvon buyraklari va miyasida xolesterin miqdori ko‘p bo‘lib, qon tomirlarda tiqilmalar hosil qiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Radikulit - faqat bel og‘rig‘i emas

Keksalik yoshidagilar kuniga 5-6 marta yengil ovqatlanishlari kerak. Uyqudan 2-3 soat oldin kechki ovqatni yeyish, uyquga yotishdan avval esa bir stakan qatiq yoki biokefir ichish darkor. Sog‘liqlariga zarar yetmaydigan jismoniy mashqlarni bajarishlari (ko‘p piyoda yurish, ochiq havoda sayr, bog‘ yoki tomorqadagi yengil ishlarni bajarishlari, sportning o‘zlariga mos turlari bilan shug‘ullanish va suzish) ham foydali. Shuningdek, ichaklar harakatini yaxshilash uchun ertalab och qoringa qaynagan va xona haroratida turgan iliq suv yoki ivitilgan turshak suvini ichish, sutga sariyog‘, asal aralashtirib hamda shirqovoq iste’mol qilish yanada yaxshi.

Vaqt o‘tishi bilan keksa yoshdagilar ichagida bijg‘ituvchi bakteriyalar miqdori ortib boradi. Natijada ichakdagi tabiiy mikrofloraning zararsizlantiruvchi faoliyati izdan chiqadi va organizmdan xolesterin chiqib ketishi qiyinlashadi. Ichak mikroflorasini yaxshilash uchun o‘simlik va sut mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar iste’mol qilish katta ahamiyatga ega.

Shakarni kuniga 30 g, ya’ni 4 choy qoshiqdan ko‘p iste’mol qilmang. Uni asal bilan almashtiring, ammo asalni shakar, tort, pirojniy, konfetlar yemaslik sharti bilan kuniga 60 g iste’mol qilsa bo‘ladi. Tuz miqdori kuniga 1 choy qoshiqdan oshmasin, agar allergiyangiz bo‘lmasa, ko‘proq har xil yorma, loviya, ko‘k no‘xatdan taom tayyorlaganingiz ma’qul. Dasturxonda albatta, javdar yoki kepakli undan tayyorlangan non, sarxil mevalar, sarimsoq, yangi uzilgan ko‘katlar, sabzavotlar va piyoz bo‘lishi shart.

© Aida KAMILOVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi
«Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi»
kafedrasi assistenti.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close