Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi

So‘nggi paytlarda yog‘li gepatoz tashxisi qulog‘imizga tez-tez chalinyapti. Bu dard aholi orasida jigarini yog‘ bosibdi, deb ataladi. Xo‘sh, bu qanday kasallik, uning belgilari, oqibatlari va eng muhimi, uning oldini olish choralari nimalardan iborat?

Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi

Jigar kasalliklari orasida keng tarqalgan bo‘lib, inson hayotiga jiddiy xavf soladi, turmushini yomonlashtirib, nogiron qilib qo‘yadi. Hatto, o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur holat alkogolsiz steatogepatit, jigar sirrozi va saratoniga aylanishi bilan xavflidir.

Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi ko‘pincha belgilarsiz o‘tib, shifokor ko‘rigidan o‘tayotgan bemorda qonning biokimyoviy tahlili yoki ultratovushli tekshiruvi natijasida aniqlanadi. Bemorda deyarli shikoyat bo‘lmaydi. Holsizlanish, tez charchash, kayfiyatning tez buzilishi, o‘ng qovurg‘aosti sohasida noxushlik, qorin dam bo‘lishi, ba’zida yog‘li ta’omlarni ko‘tara olmaslik singari belgilarga esa ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Teri qichishishi, ko‘ngil aynish va ishtahasizlik, teri va shilliq pardalarda sariqlikni paydo bo‘lishi, jigar va taloqning kattalashishi mazkur jarayonning o‘zoq muddat yashirin kechganligi hamda asoratlanganligidan dalolat beradi. Tanadagi quyidagi metabolik o‘zgarishlar jigardagi ham o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi:

Yuqori kaloriyali ovqatlarni meyoridan ko‘p iste’mol qilish va kamharakat turmush tarzi insulinga bo‘lgan sezgirlikni pasaytirib, jigarni yog‘ bosishiga hamda o‘z navbatida steatogepatitga olib kelishi mumkin. Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi bilan ko‘pincha birga kechadigan metobolik sindromning klinik belgilari yaqqol namoyon bo‘lguniga qadar bemorlarni quyidagi tekshiruvlarda ertaroq aniqlanishi mumkin:

  • turmush va ovqatlanish tarzi ( jismoniy yuklamasini hisobga olgan holda);
  • Tana vazni, son va belning aylanasiga o‘lchami;
  • Arterial qon bosimning ko‘rsatgichlari, EKG holati;
  • lipid ko‘rsatgichlarini baholash: triglitsiridlar, umumiy xolesterin, xolesterin lipoprotoidlarning yuqori va past zichligi;
  • Nahorda qonda glyukoza va insulinning miqdori.

Shifokor yuqoridagilarni o‘rganib, xulosa chiqaradi va zarur tavsiyalarni beradi.

Foydali maslahatlar…

Mazkur kasallikning olidin olish yoki rivojlanishini kamaytirish uchun quyidagilarga qat’iy amal qilish lozim:

  • avvalo ovqatlanish tartibini ko‘rib chiqish kerak. Mintaqamizga xos yog‘li va xamir ovqatlarni ko‘p iste’mol qilishdan tiyilish: sariyog‘, hayvon yog‘i, margarinning qattiq navini kundalik taomnomadan chiqarish lozim;
  • yarimto‘yinmagan yog‘ javxarlariga boy mahsulotlarni iste’mol qilish: o‘simlik moylari (zaytun, kungaboqar, danak), dengiz mahsulotlari, baliq, parranda, zaytun mevasi, kishining quvvatga bo‘lgan talabiga muvofiq mag‘izlar;
  • xolesteringa boy mahsulotlarni kamaytirish: hayvon jigari va buyragi, ikra, tuxum sarig‘i, dudlangan kolbasa, yog‘li go‘sht va sut mahsulotlari;
  • qovurdoq, mo‘l yog‘da qovurilgan ovqatlarni iste’mol qilmaslik;
  • ovqatlarni vitaminlar va tabiiy prebiotiklar bilan boyitish (mevalar, yer noki-topinambur, artishok, brokolli-yashil gul karam, safsar-piyoz, dolchin, sarimsoq);
  • na’matak, zirk, jo‘xori popugidan damlamalar tayyorlab ichib yurish;
  • jismoniy mashg‘ulotlar tana vaznini kamaytiradi, insulinga bo‘lgan sezgirligini oshirib, yog‘larni eritadi, umuman inson vujudiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • naslida o‘t-tosh kasalligi, jigar sirrozi va saratoni, qandli diabet, xafaqon kasalligi bo‘lganlar ixtiyoriy profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tib turishi lozim, ayniqsa, 35-40 yoshdan keyin;
  • dorilarni nazoratsiz qabul qilishdan ehtiyot bo‘lish.

Taniqli olim J.Kaplan qorin qo‘yish, glyukozaga bo‘lgan chidamlilikning o‘zgarishi, arterial qon bosimning yuqoriligi va qonda triglitsiridlar miqdorining oshishini “o‘lim darakchi to‘rtligi” deb atagan. U tanada moddalar almashinuvining buzilishi belgilari nazoratga olinmasa, ko‘pincha o‘limga olib kelishi ta’kidlangan. Metobolik o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash, sog‘lom ovqatlanish turmush tarzi, kishi yoshi va holatiga ko‘ra jismoniy faollik — jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligini oldini olishdagi muhim omillardir.

© Jamolxon o‘g‘li Mubashshir Qosim.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*