3.3
(7)

«Isteriya» so‘zi – yunoncha «histeria» so‘zidan olingan bo‘lib, bachadon degan ma’noni anglatadi. Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va isteriyani avvallari bachadon funksiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki uni, asosan, ayollarda kuzatishgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsa-da, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isteriya nevrozning boshqa turlari kabi keng tarqalgan kasallikdir.

Isterik nevroz, asosan, yoshlik davrida, ko‘proq ayollarda kuzatiladi. Ayni paytda uning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishi katta ahamiyat kasb etadi.

Isteriya qanday namoyon bo‘ladi?

Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, rang-barang his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos belgilardir. Ular ruhan va jismonan zaif kishilar hisoblanadi. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori xuddi bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Bunday bemorlar uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xosdir. Isterik buzilishlar faqat nevrozlarda emas, balki psixopatiyalarda ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari aksariyat hollarda xilma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Isteriyada barcha ichki a’zolar kasalliklarini eslatuvchi belgilarini kuzatish mumkin. Aslida ularda ichki a’zolar kasalliklari aniqlanmaydi.

Puerilizm

Puerilizm – bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat bo‘lib, katta yoshdagilarda kuzatiladi. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda, og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xosdir. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb qiladi.

Isteriklarda ham tutqanoq xuruji kuzatiladimi?

Isterik tutqanoq xuruji ham keng tarqalgan belgilardan biridir. Isteriyada kuzatiluvchi tutqanoqlar har xil bo‘ladi va ularning epilepsiyada kuzatiladigan haqiqiy tutqanoqlardan farq qiladigan tomoni ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga doim tomoshabinlar kerak bo‘ladi. Talvasa tutganda, bemor birdan yerga yiqilib, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor “tutqanoq xuruji” paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast yetkazmasdan yiqiladi. Xuruj paytida yoy singari egiladi – bunga isterik yoy deb ataladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ipoxondriya – qanday kasallik?

Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xosdir. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda yerga yiqilib, qo‘l va oyoqlarini yerga uradi, goho boshini ham yerga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, bola shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga yetgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.

Isteriyada shuningdek soxta falajliklar, sezgi buzilishlari, giperkinezlar, tananing qaqshab og‘rishlari kabi belgilar ham kuzatiladi.

Davolash qanday olib borilishi kerak?

Isterik bemorlarni davolashni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish lozim. Davolash muolajalari qancha ko‘p cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyin bo‘ladi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolar oqibatida kasallik belgilari yana namoyon bo‘lib doktor qabuliga kelib qolishi mumkin. Isterik bemorlar vrach va tabiblarga eng ko‘p qatnaydigan bemorlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach ularda «Vrach yo‘qligi sindromi» rivojlanib yana o‘zi davolagan vrach qabuliga kelib qolishi mumkin. Bunday hollarda bemorga qo‘llangan avvalgi davolash usulini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Agar Sizda muvaffaqiyatli davolanib, rahmatlar aytib ketgan bemorni bir-necha oydan so‘ng boshqa bir vrachning qabulida ko‘rib qolsangiz, aslo hafa bo‘lmaslik kerak. Chunki isterik bemorlar vrachlarni o‘zgartirib turishni xush ko‘rishadi.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz