El sog‘ligi — yurt boyligi

Immunitet pasayishi belgilari va bartaraf qilish chorasi

Immunitet kuchli bo‘lsa, u bizni turli xastaliklardan himoyalaydi. Lekin ba’zan atrof-muhit ifloslanishi, doimiy stress holatida yurish, yetarli darajada meva-sabzavot, sut-qatiq, go‘sht kabi mahsulotlarni iste’mol qilmaslik, uyimizdagi elektr jihozlar (televizor, kompyuter, mikroto‘lqinli pech) taratayotgan zararli to‘lqinlar va shu kabi yuzlab omillar immun tizimi ishining kuchsizlanishiga olib keladi.

Immunitet pasayishi alomatlari

Quyidagi holatlar immunitet pasayganidan darak beradi:

  • ruhiy holat o‘zgarishi, tana haroratining sababsiz ko‘tarilishi va pasayishi;
  • tez-tez charchash, umumiy holsizlanish, uzoq vaqt davom etayotgan depressiya, ruhiy tushkunlik, atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan befarqlik;
  • tungi uyqusizlik, kunduzlari esa aksincha uyqu kelishi;
  • turli allergik ta’sirlarning paydo bo‘lishi.

Immunitetingiz qay darajada ekanini sizdagi shamollash kasalligining davom etish muddati yoxud biror joyingiz shilingandan keyingi jarohatning bitishiga qarab aniqlash mumkin. Jarohat tez bitsa, tumov tez chekinsa, demak, organizmingizda immunitet darajasi yuqori. Xastalik asoratli kechib, jarohat sekin bitsa-chi? Unda immunitetingizni ko‘tarish uchun darhol harakat qilishingiz darkor. Chunki immun tizimi ishidagi nosozlik organizmning kasalliklarga bo‘lgan moyilligini oshiradi.

Immunitetni oshirish choralarini ko‘ring

Shunday vaqtda immunitetni ko‘tarish choralarini ko‘ring. Har kuni nahorga 1-2 dona qizil sabzi, 2 dona apelsin yoki olma, tushlik paytida yarim bog‘ selderey yoki kashnich, salat bargi, yotishdan oldin 1 piyola qatiq iste’mol qiling. Petrushka, selderey, shivit, salat bargi tanaga quvvat beruvchi, yuqumli kasalliklardan saqlovchi ta’sirga ega.

Oshqozon-ichak, jigar, o‘t pufagi sohasidagi muammolarda oddiygina na’matak, do‘lana, shotut mevalari yordamga keladi. Ular vitaminlarga nihoyatda boy. Odamgiyoh (jenshen), zubturum, gazanda o‘t, dala qirqbo‘g‘ini, arslonquyruq, dastorbosh, behi bargi, tog‘jambil, shivit va zig‘ir urug‘i, bo‘yimodaron kabi o‘simliklar immunitetni oshiruvchi ta’sirga ega. Ular damlanib, kuniga ikki mahal nahorga va yotishdan oldin ichiladi. Damlama quyidagi usulda tayyorlanadi: 1 oshqoshiq o‘tni choynakka solib, ustidan qaynoq suv quyasiz. 5-10 daqiqadan keyin uni ichish mumkin.

Immunitetni ko‘tarishda hamda asab tizimini mustahkamlashda asalga teng keladigani yo‘q. Yotishdan oldin 1 oshqoshiq asal yeb, orqasidan, albatta, qaynatilgan iliq suv ichiladi. Yoki sedanani yanchib, asalga aralashtiriladi va har kuni nahorga no‘xatday miqdordagisi iste’mol qilinadi.

Tarkibida A va C vitamini bo‘lgan mahsulotlar immunitetni ko‘tarish xususiyatiga ega, uni bolalar va kattalar ko‘p iste’mol qilishlari lozim. A vitaminining organizmdagi asosiy vazifasi immun tizimini boshqarish va ko‘rish qobiliyatini me’yorlashtirishdan iborat. Asosan baliq mahsulotlari A vitamini bilan to‘yingan bo‘lib, uning bolalar organizmi uchun o‘rni beqiyosdir. Tuxum, jigar va sut mahsulotlarida ham A vitamini mavjud.

C vitamini organizmdagi mikroblarga qiron keltiradi hamda immunitetni nazorat qiladi. Gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar yuqqanida C vitaminiga boy mahsulotlardan iste’mol qilish, ularning tezda bartaraf etilishiga olib keladi. Na’matak tarkibida C vitamini bor mahsulotlar ichida tengsizi hisoblanadi. Na’matak damlamasini tayyorlash uchun uni yuvib, 10-15 donasini 500 ml suvda o‘n daqiqa qaynatiladi va yopiq idishda 5 daqiqa damlanadi. Xohishga qarab 1 oshqoshiq asal qo‘shib ichsangiz ham bo‘ladi.

Unutmang, har qanday vitaminli mahsulotlar alohida iste’mol qilinsagina tanaga to‘liq singadi. Shu sababli damlamani ovqatlanishdan 2 soat vaqt o‘tgach boshqa mahsulotlarni aralashtirmasdan ichish tavsiya etiladi.

© Zaynab VALIYEVA,
shifokor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Savollar

  1. diyorbek

    bu vositala davlinani tushirmidimi?

  2. Komil

    Omad tilayman

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.