El sog‘ligi — yurt boyligi

Ibn Sinoning hayot yo’li (1-qism)

Hayoti. «Ibn Sinoning otasi Abdulloh, Balh shahridan bo‘lib, somoniy hukmdorlardan bo‘lgan Nuh ibn Mansur (976 997) hukmronligi davrida u Buxoro atrofidagi yerlardan soliq undiruvchi etib tayinlanadi va Buxoroga ko‘chib keladi. U birmuncha muddat Hurmitan qishlog‘ida yashaydi, keyinchalik esa Afshona qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi. Afshonada Abdulloh, Sitora ismli qizga uylanadi. 370 hijriy yilning safar oyi boshida (980 yilning avgust oyi o‘rtasi, 16-17 avgust) ularda o‘g‘il farzand dunyoga keladi va unga Husayn deb ism qo‘yishadi». Abu Ali Husayn ibn Abdulloh ibn Sino Ibn Sinonig tarjimai holi, uning eng katta va taniqli asari «Tib qonunlari»ning muqaddimasida shunday boshlanadi.

Hozirgi zamon ilm fanida ko‘proq buyuk tabib, tibbiyot ilmining sultoni sifatida tanishtiriladi. Lekin tarixiy manbalar va o‘rta asr musulmon sharqi ilm faniga doir asarlar bilan tanishsak, Ibn Sinoning faoliyati va ilmiy ijodi qamrovi ancha keng ekanini ko‘ramiz. Ibn Sino o‘z davri olimlarining aksariyatiga tegishli bo‘lgan sifat – qomusiy alloma bo‘lgan. Ya’ni, o‘z davrida ma’lum va ommalashgan bo‘lgan barcha fanlarni o‘zlashtirgan va ularning barchasi bilan bir vaqtda shug‘ullana olgan. Buni Ibn Sinoning ilmiy ijodiga mansub 450 dan ortiq asarlarning ilm fanning 29 ta sohasini qamrab olishi misolida ham ko‘rish mumkin. Afsuski, ulardan bizning davrimizgacha faqat 274 tasi yetib kelgan holos.

Ibn Sino kichik yoshlaridayoq o‘z davri uchun favqulodda iste’dod va iqtidor namoyish qilgani u haqidagi manbalarda ko‘p takrorlanadi. 10 yoshga yetmasdan u, muqaddas Qur’oni Karimni to‘liq yod olgan ekan. Keyinchalik uni islom jamiyati qonunlari – shariat bo‘yicha tahsil olish uchun Buxorodagi madrasaga o‘qishga berishadi. Madrasadagi talabalar orasida ham u eng kichigi, shunga qaramay eng iqtidorlisi bo‘lganligi asarlarda ta’kidlanadi. 12 yoshida esa Ibn Sino o‘zi tahsil olayotgan madrasdagi barcha talabalardan aql zakovat va zehn borasida o‘zib ketganligi, barcha talabalar unga maslahat va yordam uchun murojaat qilishganligi ham uning iste’dodi naqadar ulkan bo‘lganlidan dalolat berib turibdi.

Keyinchalik Ibn Sino, Buxoroga kelib dars berayotgan olim Abdulloh Natiliydan mantiq va falsafa, Yevklid geometriyasi, va falakkiyot ilmlaridan saboq oladi. Ptolomeyning «Almagest» asarini o‘qib chiqadi. 14 yoshdan boshlab esa, Ibn Sino mustaqil ravishda ilm o‘rganishga kirishgan.

Geometriyani ham, astronomiya va musiqani ham u juda osonlik bilan o‘zlashtirgan ekan. U Aristotelning «Metafizika» asari bilan tanishmagunicha shunday fikrda bo‘lganligini o‘zi haqidagi qaydlarida qalamga olinadi. «Metafizika»ni tushunishi unga juda mushkul bo‘lganligini, bu borada unga Farobiyning «Metafizika» ga sharh sifatida asarlari yordam berganini qayd etadi.

Tibbiyot bilan mustaqil va mukammal shug‘ullana boshlagan Ibn Sinoning kasallikarni davolash borasidagi dovrug‘i mamalakatda juda tez tarqaladi, u bemorlarni bepul va samarali davolar, o‘z tibbiy malakasini o‘zidan avvalgi barcha buyuk hakimlarning asarlari hamda, shahsiy tajribalari bilan muttasil rivojlantirib borardi. 17 yoshida uni Nuh ibn Mansurning saroyiga, kasallanggan amirni davolash uchun chaqirishadi.

Amirni kasalini aniq tashhis qo‘yish orqali davolagach, Ibn Sinoning tibbiyot bobidagi obro‘si yana ham oshib ketadi. Unga amir butun sharqsagi eng ulkan bilim zahiralaridan biriga ega bo‘lgan, eng katta kutubxonalardan biri — o‘z saroyi kutubxonasidan istalgancha foydalanishiga ijozat berdi. O‘zining tibbiy bilimlarini mukammallashtirishi haqida Ibn Sino shunday yozadi «Men tibbiyot bilan shug‘ullanishda o‘qish orqali bilim olishni, meni kitoblardan topib bo‘lmaydigan ko‘plab davolash usullarini kashf etishimga sabab bo‘lgan kasallarni kuzatish orqali to‘ldirib bordim».

Ibn Sinoning ilk ilmiy ishlari uning Buxoroda yashagan davri – 1000 1001 yillarda yozilgan.

999 yilda Somoniylar davlatining Qoraxoniylar tomonidan zabt etilishi natijasida qulashi va Buxoroni dushman qo‘liga o‘tishi, bu orada esa otasi Abdulloh vafot etishi tufayli Ibn Sino Xorazmshohlar davlati poytaxti Urganchga, Xorazmshoh saroyiga ketishga majbur bo‘ldi. Bu yerda ilmiy hayot juda samarali va istiqbolli rivojlanishda edi. Xorazmshohlarning yirik vakillaridan bo‘lgan Ali ibn Ma’mun (997 1009) va uning valiahd vorisi Ma’mun ibn Ma’mun (1009 1017) hukmronliklari davrida Urganchda bir qator yirik alloma olimlar, hususan, Abu Nasr ibn Iroq – yirik matematik va astronom, Abu Sahl Masihiy – mashhur hakim va faylasuf, Abul Hayr Hammar – faylasuf va tibbiyot bilimdoni va buyuk qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy kabi tafakkur va ilm egalaridan iborat yuksak salohiyatli olimlar jamoasi jam bo‘lgan edi.

Urganchda Ibn Sino ham u davolash ilmi borasidagi shuhrati tufayli «Hakimlar sultoni» nomi bilan ulug‘landi. 1008 yilda uni G‘aznaviylar davlatiga, Mahmud G‘aznaviy saroyiga hizmatga taklif etishadi. Bu taklifni rad etgach Ibn Sinoning hotirjam hayoti ko‘p yillik tashvishli safarlarga almashdi. 1001 yilda u Xorazmni yashirincha tark etib, Nisa shahri orqali Gurgonga yo‘l oladi. Gurgonda u o‘zining shogirdi, barcha asarlarining hattot kotibi va bir umrlik hamroh yaqin do‘sti – Abu Ubayd Juzjoniyni uchratadi.

Aynan Juzjoniyning mehnatlari evaziga biz, XXI asr odamlari ham buyuk alloma bobomiz Ibn Sinoning hayoi va ilmuy ishlari haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lmoqdamiz. Gurgonda Abu Ubayd bilan tanishuvdan boshlab Ibn Sinoning shahsiy tarjimai holi va hoyotiy kechinmalari doimiy qayd etib borila boshladi. Hususan, Uning eng asosiy asari «Tib qonunlari» ham Gurgonda, Juzjoniy tomonidan yozila boshladi. Ayrim asarlarini u uzoq safarlar davomida yo‘lda yozganligi manbalarda qayd etiladi.

1015-1024 yillarda u Abbosiylar halifaligiga qarashli bo‘lgan Hamadon shahrida yashadi va mahalliy amirning davlat ishlarida siyosiy va ma’naviy jihatdan faol ishtirokini o‘zining ilmiy ishlari bilan hamohang tarzda olib bordi. U amir Shams ud-Davlani muvaffaqiyatli davolagani uchun, amir uni o‘zini vaziri etib tayinladi. Lekin bu holat unga amrning harbiy mulozimlari orasidan dushmanlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Harbiy mulozimlarning hiyla va fitnalari bilan amirga tayziqlari orqali uni Shams ud-Davla o‘z davlatidan surgun qilishga farmon berdi. Aslida dushmanlari uning surgunga emas, jazoga hukm qilinishini talab qilishgan ekan. Biroq amir Ibn Sinoning davolash bobidagi tajribasi va unga ko‘rsatgan yordamlari tufayli uni jismoniy jazolashdan hayo qilgan emish.

Ibn Sino surgun qilinib, amirlikning davlat chegarasi tashqarisiga chiqarib yuborilgach, oradan naq 40 kun o‘tib amirning eski kasali huruj qilib qoladi va uni favquloddat tezkorlik bilan topib, Hamadonga qaytarib kelishadi. Ibn Sino Shams ud-Davlani ikkinchi marta og‘ir holatdan davolab, yana vazir lavozimini qabul qilib oladi.

Biroq amir keyin baribir uzoq yashamadi. Uning o‘limidan so‘ng, Ibn Sinoni boshqa bir fors amiri – Isfahon amiri Ala ud –Davla hizmatiga chaqirishdi. Bu taklifni qabul qilib, Isfahonga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan chog‘ida uni Hamadonda amirlikka sodiq emaslikda ayblab, 4 oyga minoraga qamab qo‘yishadi. O‘z umrining so‘nggi 14 yilini (1023-1037) Ibn Sino Isfahonda, amir Ala ud –Davla saroyida o‘tkazdi. Saroyda unga ilm fan, va davlat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi uchun shaxsan amir homiylik qilardi va barcha sharoitlarni tayyorlab berganligi Ibn Sinoning shaxsiy yozuvlarida qayd etiladi.

U amirning shaxsiy davolovchi shifokori va maslahatchisi bo‘lib, unga xattoki harbiy yurishlarda ham hamrohlik qiladi. Bu yillar davomida Ibn Sino, uning o‘ziga xos bo‘lgan tanqidchilik uslubi bilan adabiyot va tilshunoslikni o‘rgandi. O‘zining ilmiy faoliyatini samarali ravishda davom ettirdi.

«Tib Qonunlari» kitobini yozib tugalladi. Isfahon amirining harbiy yurishlaridan birida Ibn Sinoda o‘tkir va og‘ir formadagi oshqozon kasalligi (manbalarda Kolit kasalligi deb keltiriladi) paydo bo‘ladi va bu kasallikdan o‘zini-o‘zi davolay olmaydi. Ushbu kasallik natijasida Ibn Sino 24 iyun, 1037 yilda Hamadonda vafot etadi. Dastlab uni Hamadonda dafn etishadi. 8 oydan so‘ng uning qabrini Isfahonga ko‘chirishadi. 1946 yil, Damashqda chop etilgan «Tarixi Hukamo al-Islom» (Islom hakimlari tarixi,) asari muallifi Said Nafisiy bu haqda Abul Hasan Bayhaqiy (1105 1169) qalamiga mansub asardan iqtibos keltirgan holda, «Abu Husayn ibn Abdulloh ibn Sino hijriy 428 yil, Ramazon oyining birinchi Juma kunida, 57 yoshida Hamadonda vafot etdi» deb yozadi.

Ibn Sino o‘limi oldidan bir notanish kishiga vasiyatini yozib qoldirgan ekan. Bu vasiyatga ko‘ra Ibn Sino barcha qullarini ozod etilishini va o‘z mol mulkini kambag‘al va beva-bechoralarga, yetimlarga taqsimlab berilishini buyurgan ekan.

Ortda qoldi shuxrat — shon,

Ortda qoldi, bor unvon,

Ravoqda qoldi hamyon,

Sino kelayotir.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *