Ibn Sinoni… o‘ldirishgan!

Hamadon tomon yurish boshlanib, jang qizg‘in pallaga kirganda ibn Sinoning dardi yana qaytalab, madori qochdi. Ulug‘ hakim endi kuchdan qolganini va kasallikni daf qilolmasligini anglab, o‘zini-o‘zi davolashni to‘xtatdi…
Tib ilmining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan ibn Sino o‘z faoliyati davomida minglab bemorlarni davolagan, juda ko‘p bemorlarni o‘lim iskanjasidan olib qolgan bo‘lsa-da, o‘ziga kelganda ojizlik qildi… Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn Ali ibn Sino garchi Buxoroning kichikkina Afshona qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tib uning dovrug‘i olamni tutdi. Asli Xorazmlik bo‘lgan va Buxoroda yashab ijod qilayotgan an-Notiliyga shogird tushishi uning ibn Sino bo‘lib dovruq taratishiga sabab bo‘ldi. U hatto ustozidan ham o‘zib ketdi. Bu haqida hakimning o‘zi: «Notiliy qaysi masalalarni mendan so‘ramasin, men u masalani undan ko‘ra durustroq tasavvur qilardim. Nihoyat undan mantiqning yuzaki masalalarini o‘qidim, lekin mantiqning nozik tomonlari unga noma’lum edi», deya yozgandi.
Ibn Sino garchi Buxoro amiri Nuh ibn Mansurni davolab, katta e’zozu ehtiromga sazovor bo‘lgan bo‘lsa-da, Somoniylar davlati qulab, Buxoroi sharifni Qoraxoniylar egallagach, 1005 yilda Xorazmga keladi. Shu tariqa u davr taloto‘plari va siyosiy o‘zgarishlar bois ilmu ijod uchun tinch va barqaror hayotni istab, 1012-1014 yillarda Jurjonda, 1014 yili Rayda, 1015-1023 yillarda Hamadon va so‘ngra Isfahonda muhojirlikda yashadi. Ibn Sino ko‘p yillar musofirlikda hayot kechirgan bo‘lsa-da, oddiy xalq vakillari-yu hukmdorlarni birdek davolagani uchun yuksak e’tibor topib, e’zoz va hurmatga sazovor bo‘ldi.
Davr taloto‘plari va siyosiy fitnalar bois muttasil ko‘chib yurgani, turli xil kasalliklarni davolash, tajribalar o‘tkazish, tahlillar asosida asarlar yozish uchun ko‘p tunlarni uyqusiz o‘tkazgani sababli, mutafakkir hakimga rohatu farog‘at yot edi. Hatto Hamadonda yashayotganida fitna tufayli amir askarlari ibn Sinoning uyiga bostirib kirib, molu mulkini talon-taroj qiladilar va amir Shamsuddavladan buyuk hakimni o‘ldirishni talab etadilar. Natijada, vaziyat o‘nglangunicha ibn Sino ibn Dahnuh degan kishining uyida qirq kun yashirinib yotishga majbur bo‘ladi. Boshqa bir safar esa (yana saroy o‘yinlari bois) ibn Sino Faradjon qal’asida ma’lum muddat qamalib ham yotadi. Bularning bari ulug‘ hakimning sog‘ligiga salbiy ta’sir o‘tkazmay qolmagan…
1035 yilda Isfaxon amiri Alouddavla bilan Toshfarrosh o‘rtasida urush bo‘lib turgan pallada ibn Sinoni qattiq sanchiq tutib qoladi. Buyuk hakim tezda o‘zini davolashga kirishib, kuniga sakkiz martalab o‘ziga o‘zi huqna (klizma) qila boshlaydi. Jang bo‘lib turgan shaharda osoyishtalik bo‘larmidi! Davolanish uchun qulay bo‘lmagan joylarda qilingan huqna natijasida ibn Sinoning ichaklari yallig‘lanib ketadi.
O‘z sog‘ligini o‘ylab ibn Sinoni hamisha yonida olib yuradigan amir Alouddavla hakimning kasalligiga beparvo qaraydi, ibn Sinoni betob holida ham ikki yil davomida o‘z safarlarida birga yurishga majbur qiladi. Bu vaqt ichida hakimning dardi kuchayib ketgan, ichaklardagi o‘tkir yallig‘lanish natijasida sanchiq va og‘riqlar zo‘rayib, ahvoli ancha yomonlashgan edi. Ibn Sino zo‘r berib o‘zini davolashga urinadi, ammo…
Al-Juzjoniy shunday yozib qoldirgan: «…Hatto bir gal huqna qilinadigan narsa ichiga ikki dona karafs urug‘i aralashtirishni buyurdi. Bu bilan u sanchiq paytida paydo bo‘ladigan qorin dam bo‘lishini yo‘q qilmoqchi bo‘lgandi. Uni davolayotgan tabiblardan biri huqnaga ishlatiladigan aralashmaga karafs urug‘ining besh dirham vazndagisini solib yuboribdi. Bu tabib davo asnosida ataylab shunday qildimi yo yanglishib qolib dorini ko‘p solib yubordimi – buni men bilolmadim, chunki bu ish bajarilayotgan paytda ish ustida bo‘lmagan edim…»
Bu «yanglishish» buyuk hakimning dardini zo‘raytirib yubordi, uning ahvoli yanada og‘irlashdi. Shunda ham sog‘ayishdan umidi so‘nmagan ibn Sino o‘zini davolashga zo‘r berib intilar, ammo tabobat qoidalariga har qancha rioya qilib yashagan bo‘lmasin, qochqinlik va qamoqda kechgan yillar, tinimsiz mehnat, ijod tufayli tunni tongga ulashlar natijasidagi uyqusizlik, hasadgo‘ylarning kirdikorlari tufayli tortilgan azob va toliqishlar unga salbiy ta’sir o‘tkazib bo‘lgandi.
Al-Juzjoniyning yozishicha, ibn Sino kasal bo‘lib yotgan o‘sha kezlarda uning xizmatkorlaridan biri ichiladigan doriga ko‘p miqdorda afyun qo‘shib beradi. Buni ibn Sino sezmay ham qoladi. Bu holatning sababini Abu Ubayd al-Juzjoniy shunday izohlaydi: «…Bunday xiyonatning sababi – o‘sha xizmatkorning ibn Sinoga tegishli anchagina mablag‘ni o‘marganida edi. Agar u tuzalib ketguday bo‘lsa, xizmatkor o‘z qilmishining oshkor bo‘lishini va oqibatda jazolanishini bilib, buyuk hakimning o‘lishini istagan edi».
Afyundan so‘ng ahvoli behad og‘irlashgan ibn Sinoni Hamadonga olib keladilar. Qulanj va tutqanoq tutishi natijasida ahvoli battar og‘irlashib borayotgan hakim baribir yashashdan umidini uzmagan, o‘zini o‘zi davolashga urinar, bu muolajalar ta’sir qilib gohida ancha tetiklashib qolar, ba’zida esa hatto o‘rnidan turishga ham majoli kelmasdi. Nihoyat, u butunlay kuchdan qolganini va kasallikni daf qilolmasligini anglab, o‘zini-o‘zi davolashni to‘xtatdi.
Juzjoniyning yozishiga ko‘ra, ibn Sino: «…Endi bundan buyon muolaja foyda bermaydi», degan…
Tib ilmining sultoni, buyuk mutafakkir alloma ibn Sino hazratlari 1037 yil ramazon oyining birinchi jumasida – 24 iyun kuni Hamadon shahrida vafot etdi. O‘shanda u bor-yo‘g‘i 56 yoshda edi.

Elektron tarix portali (E-tarix.uz)

Abu Ali ibn Sinoning 1035 – yilligiga bag’ishlanadi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*