4.2
(113)

Homiladorlik ayollarda koʻplab javobsiz savollarga duch keladigan davr, desak mubolagʻa boʻlmas. Shunday savollardan biri “Homiladorlikda jinsiy aloqa qilish mumkinmi?“, “Homiladorlikda jinsiy aloqa qilish usullari mavjudmi?“ degan soʻrovlardir. Qisqacha qilib aytsak, homiladorlik paytida jinsiy aloqa qilish mumkin va xavfsizdir.

Foto: WebMD

Shifokor konsultatsiyasi

Analiz va muolajalar

Biroq bu masalada, ginekolog shifokoringiz bilan individual maslahatlashishingizni tavsiya qilamiz chunki, sizda homila tushishiga xavf yuqori boʻlsa, homiladorlikning ilk trimestrida jinsiy aloqada boʻlmaslik lozim. 

Homiladorlik paytida jinsiy aloqa homilaga zarar yetkazishi mumkinmi?

Agar sizning shifokoringiz homiladorlik kalendari mobaynida jinsiy aloqada boʻlish uchun ruxsat bergan boʻlsa, unda bu juda xavfsizdir. Chunki homila yoʻldosh, amniotik suyuqlik va bachadon bilan ishonchli himoyalangan, qin tomonidan esa bachadon boʻyni shilliq tiqin bilan yopilgan. Agar sizning yaqinlik harakatlaringiz goʻdakning boshiga yoki tanasiga tegishi mumkinligidan xavotirda boʻlsangiz, keling, qoʻrquvingizni aritaylik: chaqalogʻingiz asosiy voqea sodir boʻladigan joyga yaqin joylashmagan.

Homiladorlik vaqtida jinsiy aloqaning qanday afzalliklari bor?

  • Turmush oʻrtoq, sevikli yor bilan oʻzaro yaqinlik bu bir-biringizni chuqurroq his qilish va anglash uchun ajib palla ham psixologik koʻmak davri hisoblanadi.
  • Orgazm oksitotsin gormonining ishlab chiqarilishiga turtki boʻlganligi sababli, ular bel ogʻrigʻi va homiladorlik bilan bogʻliq boshqa ogʻriqlarni kamaytirishi aniqlangan.
  • Homiladorlikda jinsiy aloqa nafaqat rohatlanishga yordam beradi balki, turli hissiyot gormonlarini ham ishlab chiqarilishiga sabab boʻladi. Natijada, homiladorlikda uyqu hamda kayfiyat yaxshilanadi. 
  • Agar bachadon va homila tugʻruqqa tayyor boʻlishsa hamda tugʻilish muddati kelib boʻlgan yoki oʻtib ketgan boʻlsa, shifokorlar boʻlajak ota-onalarga bolani tugʻilishini ragʻbatlantirish uchun jinsiy aloqa qilishni maslahat berishadi. Chunki, spermada bachadon boʻyni yetilishi uchun zarur boʻlgan maxsus moddalar — prostaglandinlar mavjud. Ular taʼsirida bachadon boʻyni yumshaydi va biroz ochiladi.
  • Bu sizning tugʻruqdan keyingi tiklanishingizni yengillashtirishi mumkin. Homiladorlik jinsiy aloqasi tos aʼzolari tonusini oshirishi sababli, siz tanangizni tugʻish uchun ham, tiklanish uchun ham tayyorlaysiz. Bundan tashqari, tosh mushaklarini “Kegel mashqlari” orqali ham mustahkamlashingiz hamda tugʻruq jarayonining oson oʻtishiga oldindan tayyorlanib borishingiz mumkin. 

Homiladorlikda jinsiy aloqa qilish homila tushishiga sabab boʻladimi?

Jinsiy aloqa homila tushishiga olib kelmaydi. Homilaning tushishi koʻpincha homila normal rivojlanmaganligidan kelib chiqadi. 
Yuqorida taʼkidlanganidek, homiladorlik vaqtida jinsiy aloqa hattoki, tugʻruq jarayonining yengil kechishiga ham yordam berishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homilador ayollar uchun gimnastika

Homiladorlik paytida jinsiy aloqadan keyin qon ketishi normal holatmi?

Bachadonga kelayotgan qon hajmining ortishi hisobiga homiladorlikda jinsiy aloqadan soʻng, baʼzida oz miqdorda qonli ajralmalar kelishi mumkin. Lekin ajralmalar muntazam va koʻp miqdorda kelsa, albatta shifokoringiz koʻrigiga borishingiz, ungacha esa, jinsiy yaqinlikdan asranishingiz lozim.

Jinsiy aloqada ogʻriq sezilsa yoki tezda susaymaydigan ogʻriqli xurujlar kuzatilsa, amniotik suyuqlik oqib chiqsa, darhol ginekologga murojaat qiling.

Homiladorlik paytida ayolning jinsiy maylida oʻzgarishlar boʻladimi?

Homiladorlik paytida ayolning jinsiy mayli haqida oldindan biror narsa deyish qiyin. Chunki, gormonlardagi oʻzgarishlarga bogʻliq holda u pasayishi yoki ortishi mumkin. Albatta, homilador ayolning jinsiy xatti-harakatlari asosan jinsiy hayotning avvalgi faolligi, jinsiy hayotning xususiyatlari, jinsiy hamrohning xatti-harakatlariga ham koʻp jihatdan bogʻliq.

Baʼzi homilador ayollarda ushbu davrda estrogen darajasi yuqori boʻlganligi sababli, jinsiy aloqaga boʻlgan maylning kuchayganligini kuzatish mumkin. Aynan shu gormonlar darajasining ortishi ayolni iliqlik, mehr-muhabbat, erkalashlarni izlashga undaydi, shuning uchun boʻlajak onalarning shahvoniy istagi tez-tez koʻtarilib, rang-barang erotik tushlarni koʻradi.

Ammo homiladorlikda jinsiy aloqaga boʻlgan maylning pasayishi ham odatiy holdir va bundan tashvishlanishga hojat yoʻq. Shuning uchun ham oʻz xohish-istaklaringizni juftingiz bilan muhokama qilishga tortinmang.

Jinsiy aloqa muddatidan oldin tugʻilishga olib kelishi mumkinmi?

Shifokoringiz sizda erta tugʻilish xavfi yuqori yoki yoʻldosh bilan bogʻliq muammolar mavjudligini aytib ogohlantirmasa, ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgan aloqalar bevosita erta tugʻilishiga olib kelmaydi. Orgazm bachadonni qisqarishiga sabab boʻlsa-da, bu tugʻruqni qoʻzgʻatmaydi.

Homiladorlikda jinsiy aloqa usullari yoki qanday pozitsiyalar tavsiya etiladi?

Homiladorlik paytida oʻzingizni har qanday holatda ham qulay his qilmasligingiz mumkin, bu esa sizning yangi pozitsiyalarni sinab koʻrishingiz kerak degani. Shuningdek, ikkinchi trimestrga qadar qoringa bosim beradigan yoki sizni uzoq vaqt orqa tomon bilan yotishga undaydigan pozitsiyalar bilan shugʻullanmaslik maqsadga muvofiq. Agar ayol chalqancha yotgan boʻlsa, pastki kovak vena siqilishi hisobiga ona va bolada kislorod yetishmovchiligi yuz beradi. Tizza-tirsak holatida ham umurtqaga yuk tushishi sababli unchalik qulay emas. 

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 3-hafta

Homilador ayol uchun eng yaxshi pozitsiyalar bu: yon tomonga yotgan holat hamda ayolning tepada qorin va umurtqaga hech qanday bosim oʻtqazmay aloqada boʻlishi. Albatta, bunda turli xavfli holatlarning oldini olish maqsadida noziklikni unutmaslik lozim.

Mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladigan homiladorlikda jinsiy aloqa qilish usullari haqida mana bu maqola orqali ilyustratsion suratlari bilan koʻproq maʼlumot olishingiz mumkin: Homiladorlikda jinsiy aloqada qanday yotish kerak?

Qanday vaqtlarda jinsiy aloqadan cheklanish kerak?

Homilador ayolning holatiga qarab, shifokor homiladorlikda jinsiy aloqa uchun cheklovlar qoʻyishi mumkin. Bu kabi cheklovlarning qoʻyilishiga keng tarqalgan sabablar quyidagilardan iborat:

  • Agar ayolda bundan oldingi homiladorlik homila tushishi, muddatidan oldin tugʻish, yoʻldosh ajralishi bilan yakunlangan boʻlsa;
  • Agar yoʻldoshning notoʻgʻri joylashuvi aniqlansa;
  • Muddatidan oldin tugʻish xavfi mavjud boʻlsa;
  • Qindan suyuq oq rang, qon yoki boshqa ajralmalar muntazam chiqayotgan boʻlsa;
  • Bachadon boʻyni rivojlanmagan yoki muddatidan oldin qisqargan boʻlsa;
  • Agar ayol egizaklarga homilador boʻlsa;
  • Jinsiy infeksiyalar aniqlangan yoki ularga qarshi muolajalar olinayotgan boʻlsa;
  • Ayol aloqaga kirishishni istamasa, jinsiy aloqaga kirishmaslik tavsiya etiladi.

Albatta, bu masalada ginekolog shifokoringiz bilan maslahatlashishingiz va batafsil maʼlumot olishingiz maqsadga muvofiqdir.

Homiladorlikning 38 haftasi jinsiy aloqa qilish uchun xavfsizmi?

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, agar shifokoringiz tomonidan qarshi koʻrsatmalar mavjud boʻlmasa, hamda cheklov tayinlanmagan boʻlsa, 38-hafta yoki undan soʻng ham jinsiy aloqada boʻlish mumkin va bu xavfsizdir. Bu davrdagi yaqinlik sizga oʻzingizni yanada erkin his qilishingizga, uyquni yaxshilashga va hatto homiladorlik bilan bogʻliq baʼzi noqulayliklarni vaqtincha yengillashtirishga yordam berishi mumkin.

Trimestrlarga bogʻliq oʻziga xosliklar nimalardan iborat?

Homiladorlikning ilk uchoyligida toksikoz, baʼzi hidlarni yoqtirmaslik, taʼmga boʻlgan oʻzgarishlar paydo boʻladi. Bundan tashqari, koʻpincha dastlabki haftalarda gormonal oʻzgarishlar tufayli, koʻp hollarda kundalik turmush vaziyatlariga ham noodatiy javob beradilar. Ayni vaqtda boʻlajak onaning jinsiy mayli ham koʻpincha pasayadi. Baʼzilarda esa, aksincha jinsiy xohishning ortishi ham kuzatilishi mumkin va bu ham tabiiy holat.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 13-hafta

Ikkinchi trimestrga kelib, koʻpgina muammolardan holi, organizm ham yangi bosqichga ancha moslashgan holatga keladi. Ushbu davr jinsiy munosabatlar uchun ham eng yorqin palla hisoblanadi. Ikkinchi trimestrda biroz kattalashib qolgan qorinning hisobiga, qulay pozitsiyani topish uchun juftliklardan izlanish ham talab qilinadi.

Homiladorlikning soʻngi uchoyligida, jinsiy aloqa vaqtida biroz qonli dogʻlar kuzatilishi mumkin. Va bu, yuqorida aytib oʻtganimizdek, oddiy holdir. Bundan tashqari, aloqa vaqtida koʻkraklardan suyuqlik oqishi kuzatilishi ham mumkin. Ajralgan suyuqlik — ogʻiz suti boʻlishi mumkin. Bu organizmning boʻlajak onalik sari tayyorlanayotganligidan dalolat beradi. Albatta, yuqoridagi holatlarga aniqlik kiritish, homiladorlikda jinsiy aloqa siz uchun xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilish uchun shifokoringiz bilan ham maslahatlashishingizni tavsiya etamiz. 

Xoʻsh, bu masalaga muqaddas islom dinimiz qanday javob bor dersiz? Quyida “Zikr ahlidan soʻrang” hayʼati tomonidan foydalanuvchining ushbu mazmundagi savoliga berilgan javobni ham havola qilamiz.

— Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, ayolni homiladorlik vaqtida necha oyligidan soʻng jinsiy yaqinlik qilish mumkin emas? Javobingiz uchun oldindan rahmat.

— Va alaykum assalom! Tugʻganidan keyin. Chunki u vaqtda nifos koʻrgan boʻladi. Ungacha tibbiyot nuqtayi nazaridan koʻproq yaqinlik qilish bolani shakllanishi va tugʻilishiga foydali boʻladi. Chunki Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadislarida homilador ayolga yaqinlik qilishni ekinga suv quyish deb taʼbir berganlar. Jismoniy qiyinchilik boʻlsa boshqa gap. Vallohi aʼlam!

Zikr ahlidan soʻrang

Bo’lajak onalarda vitaminlar yetishmasligi holatini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan vitamin komplekslaridan biri Alfavit mamino zdorovyedir.

Alfavit mamino zdorovye bu – 500 mg dan, bir qadoqda 60 dona vitamin va mineral kompleksli tabletkalar.

Tabletkalar tarkibi: Yod, Foliy kislotasi, D-pantenol (B5 vitamini), B1 vitamini, B12 vitamini, B2 vitamini, B6 vitamini, S vitamini, PP vitamini, A vitamini (palmitat shaklida), temir, kalsiy, magniy, mis, xoletsalsiferol (D3 vitamini) ), Xrom, rux, biotin, E vitamini, marganets, K vitamini, L-taurin, molibden

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/offer/alfavit-mamino-zdorove-vitaminno-mineralnyy-kompleks-tabletki-500-mg-n60

Homilador ayollarda qo’llaniladigan boshqa vitaminlar: Elevit, Komplivit, Foliy kislotasi, Vitarich va hk.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.