Homiladorlik taqvimi: 15-hafta

Homiladorlikning 15-haftasi – bir qarashda, hech qayeringiz og‘rimayapti, noxush sezgilar yo‘q, ishtahangiz zo‘r, lekin bo‘lg‘usi onani nima bezovta qilyapti? Aynan shu davrda ba’zi homilador ayollar terisining quruqlashganini, tirnoqlar sinuvchan bo‘lib qolganini, sochlar esa odatdagidan ko‘proq to‘kilayotganini sezishadi.Shunga qaramay, kichkintoy juda yaxshi rivojlanib boradi, “onadan tashqarida”gi hayotga muttasil tayyorlanmoqda. Unda mazkur tashqi o‘zgarishlarning sababi nimada, ularga qarshi kurashsa bo‘ladimi?

Homiladorlikning 15-haftasida nimalar yuz beradi

Ayol organizmining kalsiy va boshqa oziqlantiruvchi moddalarga bo‘lgan talabi birmuncha oshadi. Faqatgina vitaminlarga suyanib qolmang: ovqatlar ham sizni zaruriy moddalar bilan ta’minlashi kerak. Agar bo‘lg‘usi onani tunda boldirdagi tomir tortishlar bezovta qiladigan bo‘lsa, bu kalsiy tanqisligining alomatidir.

Bachadon tobora kattalashib borib, qorin bo‘shlig‘iga o‘tib oladi, shuning uchun uning qovuqqa bosimi kamayib boradi. Tez-tez siyishlar ortda qoladi. Lekin bachadonning ichakka yuk bo‘lishi ehtimoldan holi emas: ich kelishda muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Qabziyatdan saqlanish uchun taomnomani bir nazardan o‘tkazib olish kerak.

Tomirda aylanib turgan qon hajmining ko‘payishi organizmning temirga bo‘lgan ehtiyoji bilan bevosita bog‘liq. Temir moddasining tanqisligi homilador ayolda kamqonlikni keltirib chiqarishi mumkin, bunda bosh aylanishi, madorsizlik, ko‘z oldi qorong‘ilashuvi yuz beradi.

Homiladorlikning 15-haftasida homilaning rivojlanishi

Kichkintoyning dumg‘azadan boshining uchigacha bo‘lgan kattaligi hatto 10 sm dan oshishi mumkin, vazni esa 70 grammga teng. Tashqi jinsiy organlari tabaqalashib bo‘lgan, demak, homiladorlikning 15-haftasidagi UZIda homilaning jinsini aniqlash mumkin bo‘ladi.

Oyoqchalar o‘sish bo‘yicha ortda qolmaydi, aksincha, endi ular qo‘lchalardan ham uzunroq. Go‘dakning ko‘zlari bir-biriga yaqinlashadi, quloq suprasi deyarli shakllanib bo‘lgan. Kichkintoyning badanida tuklar o‘sishi davom etadi. Gipofiz (miya ostidagi o‘sishga ta’sir ko‘rsatadigan ichki sekretsiya bezi), ter va yog‘ bezlari faol ishga tushib ketishgan.

Hozircha homilaning rangi qizg‘ish bo‘lsa-da, lekin terisi avvalgiday shishasimon-shaffof emas. Kichkintoy faolroq bo‘lib qolgan, yaqin orada onasi uning ilk turtkilashlarini eshitadi.

Yo faol yo parishonxotir

Sezdingizmi, faromushxotir, parishonxotir bo‘lib qolgansiz – xavotirlanmang, mazkur davr uchun bular tabiiy hol. Lekin aqliy-intellektual mehnatdan voz kechmang: aksincha, shu davrda o‘qilgan va o‘rganilgan ko‘p narsalar xotirada uzoq saqlanib qoladi.

Ba’zilar uchun esa tamoman teskarisi – bu vaqtda kuch-quvvatga to‘lishadi, misli ko‘rilmagan faollikka ega bo‘lishadi. Bu ham normal hol. Biroq jismoniy yuklamani kuchaytirib yubormang, uyqu va hordiq rejimiga rioya etishni unutmang.

Tvorog – majburiy!

Bu muddatda eng katta fiziologik muammo – qabziyat. To‘g‘ri ovqatlanish uning oldini olishi mumkin: sabzavot va mevalar, kepakli non, yorma, sut-qatiq mahsulotlari, boshoqli o‘simliklarni albatta iste’mol qiling.

Kalsiy tanqisligi o‘rnini to‘ldirish uchun nonushtada tvorog yeng. Aynan tvorog, qiyom qatlami bilan qoplangan sirok va shirin tvorojnikni emas. Sutkasiga 2 litrgacha suv iching, yilning sovuq kunlarida rezavor mevali mors iste’mol qiling. Bu narsa shamollash kasalliklarining oldini olishda ham qo‘l keladi.

Stomatolog huzuriga boring

Ushbu muddatda maxsus tahlillar tayinlanmaydi (homiladorlik jarayoni me’yorida kechayotgan bo‘lsa, albatta). Shu davrda stomatologga borishga vaqt toping: toksikoz endi ortda qolgan, anesteziya xavfli emas, aynan tishlaringiz esa himoyaga muhtoj.

Barcha stomatologik muammolarni homiladorlikning ikkinchi trimestrida hal etishga harakat qiling, agar homilador bo‘lishdan oldin bunga imkon topmagan bo‘lsangiz, albatta.

Homiladorlikning 15-haftasidagi sezgilar

So‘rg‘ichlarning gardishi, qoida tariqasida, qorayishda davom etmoqda. Ko‘kraklar to‘lishmoqda, oldingi ichki kiyimingizni so‘zsiz kattarog‘iga almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Agar ayolni tunlari bo‘g‘ilish sezgilari qiynayotgan bo‘lsa, cho‘chimaslik kerak, bunday bo‘lishi mumkin. Burundan qon ketishi ham ehtimoldan holi emas, chunki ona organizmida qon hajmi ortib bormoqda.

Homiladorlikning 15-haftasida qorin o‘sib boradi, tor kiyim va tor shimda yurmaslik kerak. Qorningizda hech qanday noqulayliklar bo‘lmasligi lozim. O‘z holatingizdan rohatlanib, ruhlanib yuring, hatto homiladorlar uchun mo‘ljallangan do‘konlarni sayr qiling, bular sizga olam-olam quvonch keltirsin.

© J. Xo‘jaxon.

Homiladorlik.uz

Bizni Telegram’da ham kuzatishingiz mumkin. Telegram’dagi kanallarimiz @AvitsennaUz hamda @Medicine_Uz

loading...

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*