3.5
(2)
Homiladorlikning 12-haftasini shifokorlar bejiz kichkintoyning birinchi yubileyi deb atashmaydi. O‘zingizni tabriklasangiz bo‘ladi: yo‘lning uchdan birini bosib o‘tdingiz, dastlabki xavotirli trimestr ortda qoldi. Bola tushib qolishi xavfi anchagina kamaygan, demak, endi qarindoshlar, do‘stlaringiz va rahbaringizni bu sirdan voqif etsangiz bo‘laveradi.

Bu muddatda ayol hisobga turgan bo‘ladi, endi u 3–4 haftada bir marta shifokor ko‘rigiga borib turadi. Odatda ayol o‘zini yaxshi his eta boshlaydi, kichkintoy esa faol tarzda o‘sishni davom etadi.

Homiladorlikning 12-haftasida nimalar yuz beradi

Homiladorlikning har bir haftasi u yoki bu alomatlar, sezgilar va o‘zgarishlar bilan birgalikda kechadi. Shunday qilib: homiladorlikning o‘n ikkinchi haftasida nimalar yuz beradi?

Ertalabki ko‘ngil aynishi tobora yo‘q bo‘lmoqda, ayrimlar 12-haftada toksikozni umuman esdan chiqaradi. Nihoyat ovqatdan rohatlanish paydo bo‘ladi! Ehtimol siydikning tez-tez kelishi ham sizni bezovta qilmay qo‘yadi. Ichaklarning peristaltikasi o‘zining faoliyatini kamaytiradi, demak, qabziyat paydo bo‘lishi ehtimoli katta bo‘ladi.

Qon aylanishi tezlashganligi natijasida ayol yuragi tezroq urayotganini his etishi mumkin. Bachadon esa eniga 10 sm kengaygan, kichik tosga u bemalol sig‘a olmaydi va qorin bo‘shlig‘iga qarab ko‘tariladi.

Yurak, o‘pka, buyrakka yuklama oshadi, shuning uchun qattiq charchash, keragidan ortiqcha ovqat yeyish va rejimning boshqa buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Homiladorlikning 12-haftasida homilaning ahvoli qanday bo‘ladi

Kichkintoy borgan sayin odamchaga o‘xshab boradi, lekin boshi tanasiga nisbatan kattaligicha qoladi. Qo‘l-oyoqlari hali juda mitti bo‘lishiga qaramay, ular shakllanib bo‘lgan. Homiladorlikning 12-haftasida homilaning kattaligi uzunasiga 7–10 sm, vazni 15–20 gramm bo‘ladi.

Bolaning ichki organlari shakllanib bo‘lgan, demak, infeksiyalar hamda dori-darmonlar ta’siri kichkintoyga avvalgiday katta xavf sololmaydi. Endi kichkintoyning ko‘zchalarini yopadigan qovoqlari bor, uning quloq solinchaklari ham paydo bo‘lgan. Jajji qo‘llarida esa tirnoqchalar ham bor!

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlikka tayyorlanish

Bolakay lablarini tirishtirishni, mushtchalarini siqishni, aftini burishtirishni, og‘izchasini ochib-yopishni o‘rganib olgan. Kichkintoy bovul qilishni o‘rgangan, yana atrofidagi suyuqlikni yutishni ham biladi. Bolaning miyasi ikki yarim pallaga ajralib bo‘lgan.

Kayfiyat nihoyatda o‘zgaruvchan

Hissiy barqarorlik hozircha yo‘q, qo‘qqisdan keladigan xavotir xurujlari yoki kayfiyatning birdan ko‘tarilib ketishi mazkur davrda me’yoriy holatdir. Xuddi o‘sha gormonlar ushbu sohani nazorat qilishni davom etadilar, shuning uchun hissiy beqarorlik kun davomida bir necha marotaba takrorlanishi mumkin.

Shifokorning ruxsati bilan homilador ayollar uchun mo‘ljallangan gimnastika bilan shug‘ullanish mumkin, bu narsa sizning sog‘lig‘ingizga ham, ruhiy-psixologik holatingiz uchun ham foydali bo‘ladi. Oddiy autotrening bilan shug‘ullanish ham ortiqchalik qilmaydi: shunchaki har tongda ko‘zgu oldida turib olib, qorningizni silagan holda kichkintoyga va o‘zingizga ham mehringiz to‘lib-toshayotganini ayting.

Ovqatlanish qoidalari: fastfud va gazlangan suvga yo‘q deng

Bu davrda sizning ovqatlaringiz turli hil bo‘lishi kerak, meva va sabzavotlarga alohida e’tibor bering. Hozirgi vaqtda organizmga har qachongidan ham o‘simlik to‘qimalari kerak.

Kuniga 2 litrgacha suv iching, shirin gazli ichimliklar va qog‘oz qadoqdagi sharbatlarni sotib olmang. Fastfud tayyorlanadigan yemakxonalarni ham chetlab o‘tavering.

Ovqatlanish vaqtini o‘tkazib yubormang, kechki payt esa to‘yib ovqat yemang (aks holda qorindagi og‘irlik va hojatxonaga tez-tez qatnash uyqungizga xalaqit beradi).

Homiladorlikning 12-haftasida UZIdan o‘tish

Hozir skrining qilishning vaqti keldi. Biokimyo tekshiruvi uchun tomirdan qon topshirishingiz kerak. Homiladorlikning mazkur davri va bundan keyingi bosqichlarida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar bola sog‘lig‘i va onaning holati uchun mutlaqo xavfsizdir.

Birinchi rejali UZI o‘tkazishning vaqti keldi. Shifokor mazkur taomil vaqtida bachadonning holatini va uning tonusini o‘rganadi, yo‘ldoshning joylashishini aniqlaydi, tug‘ishning dastlabki sanasini belgilay oladi. Birinchi UZI vaqtida homilaning kattaligi va rivojlanish dinamikasiga baho beriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlikda bosh og‘rig‘i: me’yormi yoki xatar

Shu bilan birga shifokor o‘ta muhim axborotga ega bo‘ladi: rivojlanishdagi ehtimoliy patologiya yoki xromosoma anomaliya xatarlarini o‘rganadi. Mazkur UZIni o‘tkazib yuborish mumkin emas – u beradigan axborot muhim ahamiyatga ega.

Homiladorlikning 12-haftasidagi sezgilar

Atrofdagilar qorningiz dumaloq bo‘lib qolganini hali ko‘rishmaydi. Lekin bo‘lg‘usi onaning o‘zi ko‘zgu qarshisida turib bu o‘zgarishlarni kuzatishi mumkin. Odatda ayol shu davrda molniyali va tugmachali shimlardan voz kechib, elastik, uzunroq ko‘ylaklarni o‘ziga ep ko‘ra boshlaydi. Kiyim badanga yopishib turmasa-da, qorin bo‘shlig‘i atrofida “tortishib turganiday” sezgilar ko‘pincha paydo bo‘ladi.

Ko‘krak borgan sayin to‘lishib, hajman kattalashib boradi, shundan terida qichishish boshlanishi mumkin. Ehtimol byustgalterni almashtirish vaqti ham kelib qolgandir. Bu o‘rinda homilador ayollar uchun tayyorlanadigan ich kiyim materialining sifati muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab o‘tishimiz joiz. U tabiiy matodan tayyorlangan va tarkibida paxta tolasi mavjud bo‘lishi kerak hamda tanaga tegib turganida yoqimsiz sezgilarni keltirib chiqarmasligi kerak.

Homiladorlikning 12-haftasida tana va yuz terilarida pigment dog‘lari paydo bo‘lishi mumkin, ular tug‘ruqdan keyin yo‘q bo‘lib ketadi. Qorindagi qoramtir chiziqchani ko‘rib ham cho‘chimaslik kerak, u ham tug‘ruqdan keyin g‘oyib bo‘ladi.

Kiyim-boshlarni o‘zgartirish bilan mashg‘ul bo‘lish hamda o‘zingizning ajoyib holatingizdan boshingiz osmonga yetishi kerak. Ayrim yangi sezgilar juda g‘aroyib bo‘ladi va ular sizning kayfiyatingizni yanada ko‘taradi.

© J. Xo’jaxon

Homiladorlik.uz nashri.