4.2
(101)

Mart ham keldi, qorningizda yangi hayot rivojlanyapti. Xo‘sh, go‘dakka barcha zarur foydali va oziqlantiruvchi moddalarni berish uchun homiladorlik paytida ayol qanday ovqatlanishi kerak? Bu ayniqsa, bahorgi vitaminlar tanqisligi davrida juda dolzarb hisoblanadi. Qaysi mahsulotlar bo‘lg‘usi ona uchun bahorda foydali ekanini bilib oling.

Homiladorlik paytida sog‘lom ovqatlanish – nafaqat bolaning to‘g‘ri rivojlanishi, balki bo‘lg‘usi onaning o‘zini yaxshi his qilishiga kafolatdir. To‘g‘ri tanlangan ratsion homiladorlik paytida ovqat hazm bo‘lishini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi, uyquga berilish va toliqishning oldini oladi, immunitetni mustahkamlaydi va bo‘lg‘usi tug‘ruqqa tayyorlaydi.

Yaxshi suv

Albatta, yaxshi suv – bu juda nisbiy tushuncha. Biroq homiladorlik paytida choy qaynatayotgan, sho‘rva va boshqa taomlarni ishlatishda foydalanayotgan suvingizga alohida e’tibor qaratish zarur. Krandagi xlorlangan suv sizning holatingizda mutlaqo kerak emas.

Unda o‘sha yaxshi, toza va sifatli suvni qayerdan olish mumkin? Bu katta savol. Kimdir muzlatib, keyin eritilgan suvni ma’qul ko‘radi, Kimdir filtrlar sotib oladi – bu ham suvni tozalashning ajoyib usuli, asosiysi kartrijlarni o‘z vaqtida almashtirish. Kimdir suvni faqat artezian qudug‘idan oladi, kimdir shishalarga quyilgan suvdan foydalanadi. Ammo bir narsa aniq – krandagi suvni, ayniqsa qaynatilmaganini ichish mumkin emas. Biroq qaynatilgan vodoprovod suvi ham, ko‘pgina shifokorlarning fikricha, salomatlik bilan bog‘liq ko‘pgina muammolarning sababchisi hisoblanadi. Xususan, ba’zi mutaxassislar qaynash chog‘ida xlor zarralari parchalangan holda, onkologik kasalliklarni keltirib chiqaradi, degan fikrda.

Sabzi va yangi uzilgan sabzavotlar

Aynan sabzida homilador ayol uchun optimal miqdorda A vitamini mavjud. U suyaklar, tishlar va bolaning ko‘zi uchun juda zarur. Muntazam ravishda yangi siqilgan sabzi suvini 1 osh qoshiq zaytun yog‘i bilan ista’mol qilish tug‘ruq yo‘llari to‘qimalarini elastikroq qiladi, degan fikr ham mavjud. Bahorda yangi uzilgan sabzavotlar vitaminlarning yagona manbai hisoblanadi. Shu bois homilador ayolning ratsionida yangi uzilgan lavlagi, sabzi, selderey ildizi va zaytun yog‘idan tayyorlangan salatlar albatta bo‘lishi kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlikda semizlik - sabablari, belgilari, asoratlari va davolash usullari

Shuningdek, yangi uzilgan va tozalangan sabzi – ajoyib tamaddidir. U har doim qo‘l ostingizda bo‘lishi va pechenye va konfetlarning o‘rnini bosishi lozim.

Apelsinlar va smorodina

Bahorda apelsinlar o‘z vitaminini yo‘qotmaydigan kam sonli mevalardan biriga aylanadi. Sitrus mevalaridagi C vitamini haqida hamma biladi. Buning ustiga apelsinlar bahorda homilador ayol uchun rutin deb nomlanuvchi PP vitamini manbai ham hisoblanadi. U qon tomirlarining elastikligini oshiradi. Shuningdek, PP vitamini na’matak, petushok va salatda mavjud.

Homiladorlik paytida zarur bo‘lgan C vitamini yana bir mahsulot – smorodinada bor. Mart oyida smorodinani qayerdan olaman, deb so‘rayapsizmi? Birinchidan, muzlatilgan smorodina sotiladi, ikkinchidan smorodina murabbosida ham oz bo‘lsa-da, C vitamini bor.

Karam va ko‘k piyoz

Achitilgan karam va ko‘k piyoz – bolaning skeleti va tishlari to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlaydigan C vitaminining manbaidir. Asosiysi bu mahsulotlarni xomligicha, issiq ishlov bermasdan tanovvul qilish. Bu juda muhim, chunki C vitamini harorat ta’siri ostida parchalanib ketadi. Shuningdek, C vitamini brokkolida ham bor, uni bug‘da biroz pishirib yeyish mumkin.

Bundan tashqari, yangi uzilgan oddiy karam yog‘lar va uglevodlar almashinuvini me’yoriga keltiradigan modda – biotin manbai hisoblanadi. Aynan shu modda tanqisligida homilador ayollarda ko‘ngil aynishi, seruyqulik va ishtaha yo‘qolishi paydo bo‘ladi.

Yana karam va yangi uzilgan sabzavotlarning sharbatida U vitamini – metilmetionin sulfoniy mavjud bo‘lib, u shilliq pardalarga ijobiy ta’sir qiladi, oshqozon yarasining bitishiga ko‘maklashadi.

Qovoq

Sabzavotlar orasida qovoq eng oxirida yetiladi, aynan shuning uchun qovoqning eti hatto bahorda ham vitaminlarga boy bo‘ladi.

Homiladorlik paytida qovoq juda kerakli mahsulot hisoblanadi. U karotin va vitaminlarga boy. Xususan, qovoq etida ko‘p miqdorda D vitamini mavjud bo‘lib, u bolaning to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi. Qovoqning xom urug‘larida esa ko‘p miqdorda A vitamini bor, u bo‘lg‘usi onaning ovqat hazm qilish tizimi uchun foydali.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Skolioz bo‘lgan qiz homilador bo‘la oladimi?

Qovoqdagi biriktiruvchi to‘qimalar juda yengil o‘zlashtiriladi, shu bois qovoq organizmdan shlaklarni chiqaruvchi haqiqiy parhez mahsuloti hisoblanadi. Qovoqda mis, temir va fosfor mikroelementlari ko‘p, ular bo‘lg‘usi onaga juda zarur.

Agar homiladorlik davrida ovqat hazm qilish bilan muammolar mavjud bo‘lsa, qovoq siz uchun eng kerakli mahsulot hisoblanadi. U qaynatilgan yoki xom bo‘lishining ahamiyati yo‘q. Bundan tashqari, agar homiladorlik paytida unchalik vazn orttirishni istamasangiz, sizga qovoq katta yordam beradi, chunki u tarkibida ko‘p miqdorda mavjud bo‘lgan pektin hisobiga organizmdan xolesterin moddasining chiqarilishiga yordam beradi. Qovoqda glyukoza, fruktoza va saxaroza kabi qand moddalari ham ko‘p.

Quruq mevalar

Turshak, olxo‘riqoqi, anjir, mayiz kabi quruq mevalar bahorgi avitaminozni yengishda yordam beradigan mahsulotlar hisoblanadi. Ularda Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha moddalar mavjud.

Turshak va olxo‘riqoqi temir moddasiga boy, anjirda ham olmaga qaraganda temir moddasi ko‘proq. Agar anjir issiq suvda yoki issiq sutda qaynatilsa, u yo‘tal, tomoq og‘rig‘iga qarshi ajoyib vositaga aylanadi. Anjir eti ter haydovchi va haroratni tushiruvchi ta’sirga ega. Ovqat hazm bo‘lish tizimi uchun quruq mevalardan yaxshisini topolmaysiz. Shuningdek, ular ona va bolaning yurak faoliyati uchun ham foydali.

Buning ustiga quruq mevalar shirinliklarning o‘rnini bosadi.

Yong‘oqlar

Yong‘oqlar (yong‘oq, bodom, funduk) – homiladorlar to‘g‘ri ovqatlanishi uchun yaxshi mahsulotdir. Ularda mis, marganes, magniy, selen, rux, kaliy, kalsiy kabi mineral moddalar va E vitamini mavjud. Ushbu elementlar bolaning miyasi to‘laqonli rivojlanishi uchun juda zarur. Ammo yong‘oqlarni me’yorida iste’mol qilish muhim – kuniga ko‘pi bilan 5 dona, chunki yong‘oqlar juda yog‘li va kaloriyali mahsulot hisoblanadi. Bundan tashqari, yong‘oqlar ich qotishini keltirib chiqarishi va meteorizmni kuchaytirishi mumkin. Ammo bir nechta yong‘oq yangi uzilgan sabzavotlardan tayyorlangan salatga mazali va foydali qo‘shimcha bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Teridagi chandiq va dog‘larni ketqazish usullari

Asal

Homiladorlik paytida asal juda zarur. Ammo asal juda kuchli allergenlardan biri ekanini unutmang. Shu bois uni suiste’mol qilmagan ma’qul. Shunga qaramasdan, asal bo‘lg‘usi onaning yurak faoliyatini va bolaning qon ta’minotini yaxshilaydi, qon bosimidagi o‘zgarishlarda yordam beradi, ona va bolaning immun tizimini yaxshilaydi. Homiladorlik paytidagi shamollashlar vaqtida asal eng birinchi va yagona vosita hisoblanadi, chunki dorilar bola uchun unchalik foydali emas. Bundan tashqari, asal bachadondagi qon aylanishini kuchaytiradi, limfa oqimini yaxshilaydi, bachadonning silliq mushak muskullariga bo‘shashtiruvchi ta’sir qiladi.

Tvorog, pishloq va sut

Sut mahsulotlari homilador ayol uchun asosiy kalsiy manbai hisoblanadi. Kalsiy esa, bolaning skeleti, suyak to‘qimalari va asab-mushak tizimi to‘g‘ri rivojlanishi uchun juda zarur. Buning ustiga kalsiy qon normal quyilishi uchun bo‘lg‘usi onaning organizmiga ham kerak. Tvorog, smetana, pishloq, sut homilador ayolning ratsionida har kuni bo‘lishi shart.

Qaynatilgan go‘sht

Homiladorlik paytida go‘shtdan voz kechmagan ma’qul, ayniqsa bundan oldin go‘shtni sevib tanovul qilgan bo‘lsangiz. Go‘sht homiladorlar uchun zarur mahsulot hisoblanadi, chunki unda B2 vitamini, ya’ni nafaqat anemiyadan himoya qiluvchi, balki homilaning normal rivojlanishiga yordam beruvchi riboflavin moddasi bor. B2 vitaminining tanqisligi bolada tug‘ma anomaliyalar paydo bo‘lishiga, ko‘rish qobiliyati susayishiga va shillik pardalarning yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Go‘shtdagi B1 vitamini, ya’ni tiamin bo‘lg‘usi onaga normal ishtaha va yaxshi uyquni ushlab turish, bolaning mushak va asab to‘qimalarini energiya bilan ta’minlash uchun zarur.