Gestatsion diabet

Qandli diabet keng tarqalgan endokrin kasalliklardan biri. Bu xastalikning ikki turi (insulinga qaram bo‘lgan) va (insulinga qaram bo‘lmagan) farqlanadi.

Aytish joizki, 80-90 foiz hollarda diabetning insulinga qaram bo‘lmagan 2-turi uchraydi. Bu dardga yoshi 35-40 dan oshgan, aksari juda semirib ketgan kishilar ko‘proq mubtalo bo‘ladi.

Qandli diabetning ikkita asosiy turidan tashqari, gestatsion (ya’ni homiladorlik davridagi)diabet ham uchrab turadi.

Insulin tibbiyot amaliyotiga kirgunga qadar qandli diabetga duchor bo‘lgan ayollarda 50-60 foiz hollarda qorindagi bola nobud bo‘lgan. Insulin bilan davolash usuli qo‘llanila boshlanganidan so‘ng qandli diabeti bor homiladorlarda asoratlar asta-sekin kamaya bordi.

Homilador ayollarda homiladorlikdan oldingi qandli diabetning 1 va 2-turi (pregestatsion diabet), homiladorlik davrida paydo bo‘lgan qandli diabet (gestatsion diabet) va glyukozaga turg‘unlikning buzilishi tafovut qilinadi.

Modda almashinuvining buzilishi homiladorlik diabetida va qandli diabetning 1 va 2-turida deyarli bir xil bo‘ladi. Homilaning ona qornida nobud bo‘lishi qandli diabet bilan kechadigan homiladorlikning eng og‘ir asoratlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, chaqaloqlarda tug‘ma nuqsonlar, ularning vazni ortib ketishi (4,5 kg dan ortiq), o‘pka rivojlanishining orqada qolishi holatlari uchrab turadi.

Qandli diabeti bor ayollarda homiladorlik og‘ir kechib, homila tushishi, ko‘psuvlik, kechki toksikozlar, shishlar paydo bo‘lishi va eklampsiya ro‘y berishi mumkin.

Qandli diabeti bor ayollar homilador bo‘lishidan 2-3 oy oldin, hatto vaqtliroq yaxshilab davolanishlari shart. Chunki homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi qand miqdori baland bo‘lsa homilada tug‘ma nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin. Barcha yo‘ldosh xastaliklarni ham aniqlab, davolash lozim bo‘ladi.

Qirq yoshga yaqinlashgan ayollarda homiladorlikning erta davrida gemoglobin 10 foizdan yuqori yoki diabet ketoatsidozi bo‘lganda homiladorlik tavsiya etilmaydi.

Homila saqlab qolingan hollarda ayollar akusher-ginekolog, ko‘z shifokori, diabetolog va boshqalar nazoratida bo‘lishi shart.

Har kuni uch mahal ovqatlanish oldidan ta’sir muddati qisqa oddiy insulin va uxlashdan oldin muddati o‘rtacha davom qiladigan insulin qo‘llaniladi. Nahorda aniqlangan qand miqdori 5,3 mmol/l dan oshmasligi kerak.

Insulin miqdori homiladorlik davrida o‘zgarib turishi mumkin. Ona qonidagi qandning homila qoniga o‘tishi hisobiga homiladorlikning birinchi yarmida insulinga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi.

Homiladorlikning ikkinchi yarmida qonda qand miqdori ko‘tarilib, insulinga talab ortadi.

Homilador ayolning tana vazni, qon bosimi muntazam ravishda nazorat qilib o‘lchab turiladi. Buyurilgan parhez ovqatlar homiladorlikning birinchi uch oyligida tana vazni 1-2 kilogrammga, ikkinchi va uchinchi uy oyligida haftasida 300-400 g dan ortishini ta’minlash lozim. Homiladorlik davrida ayolning vazni ko‘z yorigunga qadar 10-11 kg dan ortmasligi kerak.

Qandli diabetda ma’lum ovqatlanish tartibiga rioya qilish juda muhim. Bemorlar kuniga oz-ozdan 5-6 marta ovqatlanishlari kerak. Qandni tushiruvchi xabdorilarni homiladorlik davrida ichish aslo mumkin emas. Qand o‘rnini bosuvchi vositalar ham tavsiya etilmaydi.

Homilaning rivojlanishini nazorat qilish uchun ultratovush tekshiruvlari ham o‘tkaziladi. Lekin bu usulni iloji boricha kam qo‘llash kerak.

Qandli diabet va homiladorlik asoratsiz kechayotgan bo‘lsa, ayol eson-omon ko‘zi yoriydi.

Bemor ayollar bo‘yida bo‘lishdan saqlanishlari, buning uchun kontratsepsiyadan foydalanishlari tavsiya etiladi. Kontratseptivlar qabul qilayotganda ba’zan insulin miqdorini oshirishga to‘g‘ri keladi.

© Dilorom NAJMUTDINOVA, endokrinolog.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

Bizni Telegram’da ham kuzatishingiz mumkin. Telegram’dagi kanallarimiz @AvitsennaUz hamda @Medicine_Uz

Yuklanmoqda...

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*