Homilador ayollarda qandli diabet ( 1-qism)

Qandli diabet kasalligi bor ayollarda homilaning yaxshi rivojlanish omillari.

Sizning vujudingizda yangi inson shakllanmoqda. Yodingizda bo‘lsin to‘qqiz oy mobaynida tanangizda qiziqarli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Siz farzand ko‘rishga va ona bo‘lishga tayyorlanmoqdasiz. Homiladorlik yakunida hayotingiz tubdan o‘zgarib, onalik baxtiga erishasiz va boshqa inson hayotiga mas’ul bo‘lib qolasiz. Bu juda yuksak va hayajonli mas’uliyat homiladorlikning erta davridayoq boshlanadi. Homiladorlikning birinchi sakkiz haftasi homila rivojlanishining eng muhim davri hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda o‘zingizning fiziologik va ruhiy holatingizga alohida ahamiyat berishingiz, homiladorlikning xar bir bosqichida ham muhimdir. Buning natijasida sog‘lig‘ingizni saqlab, sog‘lom bola ko‘rish ehtimoli yana ham yuqoriroq bo‘ladi. Bu mas’uliyatni amalga oshirishda siz shifokoringizning uzluksiz nazoratida bo‘lib, u tavsiya qilgan tahlillarni muntazam ravishda bajarib, har oyda bir marta, oxirgi uch oyning har ikki haftasida, oxirgi oyda esa har haftada topshirib turishingiz kerak bo‘ladi.

Homiladorlik davr o‘zgarishlari tasnifi

Odatda homiladorlik 40 hafta (o‘n oy, har oyda 4 hafta) yoki 9 jarida oyi (4 1/3 hafta har bir oyda) davom etadi. Homiladorlik davri gestatsion davr deb ataladi. Har uchta uch oylik – trimestr deb ataladi. Birinchi uch oylik – birinchi trimestr, ikkinchi uch oylik – ikkinchi trimestr va oxirgi uch oylik uchinchi trimestr deyiladi. Har bir davrda homila bachadonda tashqi hayotga tayyorlanib boradi. Har bir trimestrga xos o‘zgarishlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish uchun har birini tasnifini keltiramiz.

Birinchi trimestr (12 haftagacha). Homiladorlikning dastlabki uch oyida farzandingizning asosiy tana a’zolari (yuragi – u qon aylantirishni boshlaydi, oshqozon tizimi, umurtqa pog‘onasi) va tizimlari shakllanadi. Yo‘ldosh – himoya va ozuqa a’zosi hisoblanib rivojlana boshlaydi va filtr vazifasini bajarib, homilani kerakli ozuqa bilan ta’minlaydi, keraksizlariga esa to‘siq bo‘ladi. Sakkizinchi haftasida homilada ko‘z (faqat hali yumuq holda), lab, til, qo‘llar (tirsak, bilak), oyoqlar (tizza, to‘piq) rivojlana boshlaydi. To‘qqizinchi haftasigacha tug‘ilajak bola embrion, keyin esa homila deb ataladi. Birinchi trimestr oxirida homilaning uzunligi 7,5 smga, og‘irligi esa 29,0 grammga teng bo‘ladi. Buyrak, tishlar o‘rni, panjalarda tirnoqlar umuman, asosiy a’zolar va tizimlar shakllanadi. Suyak va mushaklar ham rivojlanib boradi. Boshda soch va kipriklar o‘sa boshlaydi. Sizda esa shu davrda tez-tez toliqish seziladi.

Ikkinchi trimestr (12 haftadan 24-25 haftagacha). Bu davrda homilaning o‘sishi va rivojlanishi davom etib, uning vazni 200,01 grammga, buyi 17,0-18,0 smga teng bo‘lishi mumkin. Homilaning yurak urishi yana ham sezilarli darajada bo‘lib, shifokor stetoskop yordamida eshitib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Bu paytda homiladorlik gormonlari ishlay boshlaydi. Ko‘kragingiz kattalashib, og‘riq sezadigan bo‘lib qolishi mumkin. Uning uchi atrofidagi teri to‘q tusga kiradi. Bachadon o‘sib, siydik pufagini siqadi. Shuning uchun peshob haydash tezlashadi. Milklar qizarishi va qonashi mumkin. Shu sababli og‘iz bo‘shlig‘ini, tishlarni toza saqlash kerak. Ikkinchi trimestr oxirida (6 oylik) homila vazni 715 grammga va bo‘yi 27,5-35 smgacha ortadi. Homila qovoqlari ochiladi, kipriklari o‘sadi, tirnoqlar barmoqlarning oxirigacha o‘sadi. Umuman, homilaning hayotiy zarur tizimlari rivojlanib, takomillashadi, qorningiz ham ko‘rinib qoladi. Homila o‘sgan sari qomatingiz o‘zgarib boradi. Me’da buzilishi, jig‘ildon qaynashi bezovta qilishi mumkin.

Uchinchi trimestr (26-40 haftagacha). Homilaning barcha hayotiy zarur a’zolari va tizimlari shakllanib bo‘ladi. Bosh suyak yumshoq va egiluvchan bo‘ladi. O‘sish tezlashadi. Yettinchi oy oxirida homila vazni 1022-1227 grammgacha, bo‘yi 35-42,5 smga teng bo‘ladi. Bu trimestr mobaynida bola tug‘ilishga tayyor bo‘lib, uning vazni 2965-3067,54 grammgacha, bo‘yi 50 smga teng bo‘lishi kuzatiladi.

Diabet nazorati va sog‘lom bola

Homiladorlik muddatining har bir bosqichi homila shakllanishida juda muhimdir. Bunga erishish uchun esa homiladorlik rejalashtirilgan va puxta o‘ylangan bo‘lishi kerak. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarga qo‘yilgan asosiy talab – kasallik nafaqat homiladorlik davrida, balki undan 3-6 oy avval kompensatsiyalashgan bo‘lishi kerak. Homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi glyukoza (qand) miqdorining baland bo‘lishi bo‘lg‘usi chaqaloqning rivojlanishdagi tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishining asosiy sababi bo‘lishi mumkin. Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon o‘tmaydi, glyukoza, keton tanachalari esa bemalol o‘tadi. Ona qonida shakar miqdori yuqori bo‘lganda u yo‘ldosh orqali homila qoniga o‘tib, homiladorlikning 12 haftalaridan insulin ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan homila me’da osti bezining beta hujayralarini zo‘riqib ishlashga majbur etadi. Bu esa homila qonida insulinning yanada ko‘payishiga olib keladi va homila vazni meyoridan ortiqchaligiga sabab bo‘ladi. Bu holat makrosomiya deb ataladi.

Homila me’da osti bezining zo‘riqib ishlashi oqibatida ko‘p miqdorda ishlanib chiqilgan insulin yangi tug‘ilgan chaqaloqda uchraydigan gipoglikemiyaga (ya’ni qonda qand miqdori keskin pasayishiga) olib keladi. Bu holat titroq, tirishish, sababsiz bezovtalanish kabi belgilar bilan kechib, o‘z vaqtida aniqlanib, choralar ko‘rilmasa fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda chaqaloqqa yordam kerak bo‘ladi (vena orqali glyukoza dorisi yuboriladi), bir necha kun mobaynida yangi tug‘ilgan chaqaloqning qonida qand miqdorining nazorati olib boriladi.

Bundan tashqari, qandli diabetga chalingan onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarda bilirubinning ko‘payish hollari (giperbilirubinemiya) uchrab turadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning 60 foizida uchinchi-beshinchi kunlari terisi sarg‘ishroq tusga kiradi. Fiziologik sariqlikning bu ko‘rinishi normal hol hisoblanadi. Bolaga bachadon ichida bo‘lgan davrida uni tug‘ilganidan keyin-gi davriga nisbatan ko‘proq miqdorda qizil qon hujayralari kerak bo‘ladi. Ortib qolgan qon hujayralari parchalanganda ular bilirubin deb nomlanuvchi sariq modda ishlab chiqaradi. Chaqaloq jigari ishlab chiqilgan bilirubinni tez chiqarib tashlash darajasida rivojlanmaganligi sababli uning terisi sariq tusga kiradi. Odatda, bu hol 10 kungina davom etadi.

Teri sariq tusga kirishi ko‘pchilik chaqaloqlarga xos bo‘lsada, qandli diabet kasalligi bor ayollardan tug‘ilgan chaqaloqlarda uzoqroq davom etishi kuzatiladi. Natijada, bilirubin miya va nervlarni zaharlaydi. Bunday vaziyatda ba’zi bir davolash turlarini qo‘llashga to‘g‘ri keladi (maxsus nur yordamida), juda kam holatda qon quyish zarurati tug‘iladi.

Qandli diabetga chalingan onalardan tug‘ilgan chaqaloqlarda yana bir muammo, ya’ni qonda kalsiy miqdori kamayib ketishi (gipokalsiyemiya) ham uchrab turadi. Qandli diabetli bemorlarda homiladorlikning eng og‘ir asoratlaridan biri – homilaning ona qornida nobud bo‘lishidir. Homilaning halok bo‘lishiga ko‘pincha gipoglikemiya, onadagi ketoatsidoz, homilada insulinning ortiqchaligi oqibatida yo‘ldosh qon tomirlarining diabet ta’sirida o‘zgarishlari natijasida yo‘ldosh gormonlarining yetishmovchiligi sabab bo‘ladi. Qandli diabeti bor onalardan yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limining sabablaridan yana biri homiladorlik davrida o‘pka taraqqiyotining orqada qolganligi natijasida vujudga kelgan nafas olishdagi o‘zgarishlardir. O‘pka rivojlanib yetilmaganligi sababli vujudga keladigan o‘tkir nafas yetishmovchiligi xavfi mo‘ljaldan avvalroq tug‘ishda hamda noilojlikdan tug‘ruqni sun’iy yo‘l bilan homiladorlikning 35-haftasigacha amalga oshirish natijasida tug‘ilgan chaqaloqlarda katta bo‘ladi. Ammo, homilador ayollar o‘z vaqtida tuqqanlarida ham ularda qandli diabet bo‘lsa, o‘pka alveolarining rivojlanmasligi natijasida vujudga kelgan nafas olish yetishmovchiligi ancha ko‘p uchraydi.

Homiladorlikda qandli diabetning kechimi

Qandli diabetli bemorlarning salomatligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasallikning nazorat darajasiga bog‘liqdir. Qandli diabetli ayollardan tug‘ilgan bolaning salomatligi esa onaning sog‘lomlik darajasiga bevosita aloqador. Shu sababli qandli diabetning puxta nazorati sog‘lom bola tug‘ilishi garovidir. Buning uchun ayolda homilador bo‘lishdan 2-3 oy avval qandli diabet yaxshi kompensatsiyalanishi va bu holat butun homiladorlik davomida saqlanib qolinishi kerak. Bunga sabab, bola shunchalik tez rivojlanadiki, ayol esa hali homiladorlikdan bexabar bo‘lishi mumkin. Bu esa bola uchun juda xavfli, chunki homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi qand miqdorining baland bo‘lishi bo‘lg‘usi chaqaloq tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishining asosiy sababi bo‘lishi mumkin. Homiladorlik davrida sizda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, bunda nafaqat tashqi ko‘rinishingiz, balki diabet nazoratining o‘zgarishi ham sodir bo‘ladi.

Sizda insulin miqdori va ukollarning soni, parhez, jismoniy harakatlarning rejalari ham o‘zgarishi mumkin. Shu bilan birga kun davomida bir necha marta qonda qand miqdorini ham aniqlashga to‘g‘ri keladi. Har bir trimestrda insulinga ehtiyoj o‘zgacha bo‘ladi; birinchi trimestrda insulin miqdori pasayadi, 2-3- trimestrda esa aksincha ko‘payishi mumkin.

Ushbu o‘zgarishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish natijasida homiladorlik ko‘ngildagidek yakunlanishi mumkin.

Insulin bilan davolash

Qandli diabet insulin yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan xastalikdir. Insulin – yuqori darajada faol bo‘lgan kimyoviy modda (gormon) bo‘lib, u oshqozon osti bezining alohida hujayralarida ishlab chiqiladi. Inson yashash uchun energiya bilan ta’minlanishi zarur. Energiyani esa odam tanovul qiladigan oziq-ovqat mahsulotlardan oladi. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan uch xil modda: oqsil, yog‘, uglevodlardan iborat. Oqsil tana uchun qurilish materiali hisoblanadi, yog‘ va uglevodlar – quvvat manbaidir. Glyukozaning asosiy manbai – uglevodlar. Uglevodlarning katta qismi ichakdan qonga glyukoza tarzida so‘riladi. Glyukoza samarali qayta ishlanib, quvvatga aylanishi uchun insulin mavjud bo‘lishi zarur. Glyukoza insulin yordamida hujayralarga kirib, tanani energiya bilan ta’minlaydi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida glyukoza hujayraga kira olmaydi va uning qondagi miqdori ortadi. Qandli diabet kasalligining 1-turida insulin yetishmovchiligini bartaraf qilish uchun insulin kiritish bilan to‘ldiriladi. Insulin har kuni teri ostiga yuborilib turilishi shart. Insulin faqat ukol orqali qilinadi, bunga sabab agar oshqozon orqali xab dori shaklida qabul qilinsa u parchalanib ketib, o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi.

Insulin turlari va yuborish tizimi ayol organizmining ayrim xususiyatlariga bog‘liqdir. Sog‘lom kishilarda nahorda qon tarkibida glyukoza – 5,5 mmol/l (100 mg foiz)dan, ovqatlangandan so‘ng 2 soat o‘tgach 7,8 mmol/l (140 mg foiz)dan ortmaydi. Ayni shu ko‘rsatgichlarga erishish homiladorlik davri davolanishidagi asosiy maqsaddir. Bunga shifokor bilan hamkorlikda erishish mumkin. Shuni esda tutish kerak-ki, nonushtadan oldin yuborilgan insulindan keyin ovqat iste’mol qilinmasa, qonda shakar miqdori meyoridan ham pasayib ketishiga olib keladi. Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasining ta’siri, uning ovqatlanishga muvofiq bo‘lishi to‘g‘risida o‘zi qayg‘urishi lozim.

Insulin dorilarining turlari va ta’siri

Ko‘pchilik har xil insulinni ko‘rganlarida sarosimaga tushadilar va ularning farqlari to‘g‘risida so‘raydilar. Birinchi marta tabiiy insulin 1921 yilda olingan. Ko‘p yillardan buyon insulin qoramol hamda cho‘chqaning oshqozon osti bezlaridan olinmoqda, shunga mos ravishda ular qoramol va cho‘chqa insulini deb aytiladi. Cho‘chqa insulinining molekulasi inson insulini molekulasidan faqat birgina aminokislotasi bilan farq qiladi va qandga xuddi inson insulini kabi ta’sir ko‘rsatadi.

“Inson” insulini atamasi insulinning tuzilishi faqat odam tomonidan ishlab chiqariladigan insulin tuzilishiga mos kelishini bildiradi. U DNK-rekombinant texnologiya yo‘li bilan olinadi. Fabrikada tayyorlangan insulin dorilarida farq-lar mavjud. Bu farqlar insulinning teri osti hujayralaridan qonga so‘rilishi tezligida hamda butun insulin so‘riladigan vaqtdadir. Mana shu ikki xususiyatni “insulin ta’sir kuchining boshlanishi” va “ta’sir kuchining davomiyligi” deb aytiladi. Ular oralig‘ida esa “eng yuqori faollik davri” – ta’sirning cho‘qqisi yotadi. Insulin dorilarining bir necha asosiy turlari mavjud, ulardan biri tiniq insulin eritmasidir. Uning ta’siri tez bilinadi va ta’sir faoliyati ham uzoq emas.

Dorilarning bu turi qisqa vaqt ta’sir etish kuchiga ega bo‘lgan insulin (Aktrapid, Xumulin, Regular, Insuman rapid va boshqalar) qonga so‘rilishining va tana tarkibiga yuborilgach 1/2 soatdan keyin ta’sir qila boshlaydi. Biroq, ayrim oziq-ovqat moddalari, shu jumladan, qand ichakdan qonga yanada tezroq shimiladi, shuning uchun ham insulin ovqatdan 1/2 soat oldin qabul qilinishi kerak. So‘nggi yillarda o‘ta qisqa ta’sir qiluvchi insulin analoglari ishlab chiqilgan bo‘lib (Xumalog, Novorapid), ularning ta’siri inyeksiyalangandan 10-15 daqiqa o‘tib boshlanadi va shu sababli ularni ovqat iste’molidan avval va hattoki ovqatlanib bo‘lib ham inyeksiyalansa bo‘ladi. Bu preparatlar ta’sir davomligini uzaytirish maqsadida ularga sekinlashtiruvchi moddalar qo‘shiladi. Insulin va va uning so‘rilishini sekinlashtiruvchi modda qo‘shilmasi odatda, kristallar hosil qiladi.

© Miyassar RAHIMJONOVA, diabetolog.

© «O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Davomi:

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham oaadsqishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*