Homilador ayollarda qandli diabet ( 3-qism)

Jismoniy mashqlar va homiladorlik

Qandli diabet bilan kasallangan bemorlarning glyukoza miqdoriga jismoniy harakatlar qanday ta’sir etadi, degan savol qiziqtiradi. Avvallari ayollar homiladorlik davrida jismoniy mashqlar qilishmagan. Bunga sabab, mashqlarning homilaga yomon ta’siri ehtimol qilingan. Hozirgi kunda homiladorlikdan oldin mashq qilgan bemorlar uni bajarishni davom ettirishlari mumkin. Biroq, homiladorlikdan avval mashq bajarmagan ayollarga ayni shu davrda ularni boshlash tavsiya qilinmaydi. Bir qator jismoniy mashqlar turi homiladorlik davrida bajarilishi tavsiya etilmaydi – voleybol, basketbol, golf, sakrash, egilish, chang‘ida uchish. Juda yuqori tezlikdan o‘zini asrash muhim. Yurish nafi, ayniqsa, tanovuldan so‘ng qandli diabetda yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, ertalabki nonushtadan so‘ng yurish juda foydali hisoblanadi, chunki glyukoza miqdori ertalab baland bo‘ladi. Suvda suzish ham juda foydali hisoblanadi. Past faollikda aerobika, baquvvat suyanchiqli o‘rindiqda o‘tirib mashqlar bajarish mumkin.

Tug‘ruqdan keyingi mashqlar

Tug‘ruqdan keyingi mashqlarni 4 yoki 6 haftadan so‘ng bajarish juda muhim. Agar kesarkesish operatsiyasi bo‘lgan bo‘lsa, jismoniy mashqlar undan ham kechroq muddatda bajarilishi mumkin. Bunda ularni shifokor maslahati bilan amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Qandli diabet kasalligi bor homilador ayollarda o‘z-o‘zini nazorat qilish

Qandli diabetning nazorati qonda glyukoza miqdori va siydikda glyukoza, atsetonni aniqlash orqali olib boriladi. Bunday tahlillarni o‘tkazish esa glyukoza miqdorini ko‘zda tutilgan raqamlarda olib yurish imkonini beradi.

Qonda glyukoza  miqdorini aniqlash

Homilador ayollarda qandli diabetni kompensatsiyalash uchun qonda va siydikda glyukoza miqdorini tez-tez aniqlab turish kerak bo‘ladi. Olingan natijalar maxsus kundalikka yozib yuriladi, bunga asoslanib, diabet nazorati qanchalik yaxshi olib borilayotganini ko‘rish mumkin va kerakli o‘zgartirishlar kiritish imkoni yaratiladi. Buning uchun qon tarkibidagi qand miqdorini uy sharoitida aniqlash vositalaridan foydalaniladi. Bu glyukoza darajasini aniqlash uchun mo‘ljallangan maxsus test yaproqchalari hamda bemor tomonidan test yaproqchalariga yoki glyukometrning chuqurchasiga tomiziladigan qon tomchisidagi qand miqdorini aniqlaydigan glyukometrlardir. Test yaproqchalaridagi natijalar ularning bo‘yalish darajasini nazorat shkalasi bilan taqqoslash orqali baholanadi. Glyukometrda aniqlangan qon tarkibidagi qand natijalari elektron tabloga chiqariladi. Ayrim glyukometrlar elektron xotira bilan jihozlangan bo‘lib, ular qon tarkibidagi qand miqdorining ilgarigi olingan ko‘rsatkichlarini qayd etib boradi, bu ham bemor uchun, ham shifokor uchun qulaydir. Ko‘pchilik qandli diabeti bor bemorlarga qonda glyukoza miqdorini bir kunda 4 marotaba aniqlash tavsiya etiladi: birinchi, ikkinchi nonushtadan; tushlikdan, uyqudan oldin. Homiladorlik davrida kechasi ham qonda glyukoza miqdorini aniqlash muhim.

Siydikda ketonlar (atseton)ni aniqlash

Homiladorlik davrida nazorat faqat qonda glyukoza miqdorini aniqlash bilan cheklanmaydi. Siydikda keton tanachalari (atseton)ni aniqlash ham juda muhim hisoblanadi. Keton tanachalarining hosil bo‘lishi ona va bola sog‘ligiga juda ziyondir. Homiladorlik davrida keton tanachalari paydo bo‘lish xavfi juda yuqori, buning oqibatida ketoatsidoz holati taraqqiy etishi mumkin. Shuning uchun siydikda atsetonni aniqlab turish shart. Buni amalga oshirishning juda oson yo‘li bor. Siydik tarkibidagi atseton miqdorini aniqlash uchun ham test yaproqchalari mavjud. Aseton borligi gumon qilinganida ana shu test yaproqchalari yordamida uning siydik tarkibidagi miqdorini osonlik bilan aniqlash lozim. Buning uchun yangi yig‘ilgan siydikka maxsus yaproqchalar botirib olinadi. Rangi o‘zgarishiga qarab atseton bor-yo‘qligi va miqdorini aniqlash mumkin. Har xil muammolarning oldini olish, o‘z vaqtida hal etish uchun insulin tizimini har 5-10 kunda nazorat qilish kerak. Bu nazoratni amalga oshirish uchun balki ishda, uyda o‘zgartirish kerak bo‘ladi. Buni amalga oshirishni esa shifokor maslahatiga ko‘ra olib borish tavsiya etiladi.

Qandli diabeti bor homilador ayollarda uchrashi mumkin bo‘lgan o‘tkir asoratlar

Homilador ayollarda qandli diabetning kechishi o‘ziga hos xususiyatlarga ega. Hatto sog‘lom ayoldagi homiladorlik uglevod va yog‘ moddalari almashinuvining o‘zgarishlari bilan kechadi. Sog‘lom ayollarda glyukoza va aminokislotalar ona qonidan homila qon aylanishiga o‘tadi. Glyukoza miqdori ona qonida pasaygani sari beta hujayralardan ajralayotgan insulin miqdori ham kamayadi, bu esa yog‘lar parchalanishi (lipoliz) va keton tanachalari hosil bo‘lishini (ketogenez) kuchaytiradi. Natijada, bu holat och qoringa gipoglikemiya va ketoz bo‘lishiga olib keladi. Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon o‘tmaydi, keton tanachalari esa bemalol o‘tadi. Shu sababli onada bo‘ladigan gipoglikemiya va giperglikemiya homila hayoti uchun xavf soladi. Gipoglikemiya, giperglikemiya, ketoatsidoz sodir bo‘lishining oldini olish chora-tadbirlari o‘z vaqtida aniqlanmasa ular jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli ular to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lish tavsiya etiladi.

Gipoglikemiya

Qon tarkibidagi qand miqdorining meyoridan pasayib ketish holati gipoglikemiya deb ataladi. Bunga sabab ko‘p miqdorda insulin qabul qilish, kam miqdorda ovqatlanish yoki o‘z vaqtida ovqatlanmaslik, hayajonlanish. Bunday vaziyatda qonda glyukoza miqdori va gipoglikemiya belgilarini tezda aniqlash kerak.

Gipoglikemiya alomatlari:

  • titrash, bosh aylanishi;
  • terlash;
  • o‘ziga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar qilish yoki tirishish;
  • qorin ochishi;
  • bosh og‘rig‘i;
  • sababsiz ko‘z yoshlanishi;
  • diqqatni yig‘ib olishning qiyinlashishi;
  • ko‘z oldi qorong‘ilashishi;
  • rang oqarishi;
  • og‘iz atrofida sanchiq hissi;
  • kayfiyatning birdan o‘zgarishi;
  • ko‘rishning yomonlashishi.

Gipoglikemiyaning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilanoq qonda glyukoza miqdorini aniqlash kerak bo‘ladi, bunga imkon bo‘lmasa tez davo choralarini qo‘llash, ya’ni 2-4 dona oq qand yeyish yoki shakar solingan shirinliklar, koka-kola, limonad; meva-sabzavotlardan birontasi; ikki dona glyukoza tabletkasini qabul qilish tavsiya etiladi.

Eng xavfli tomoni shuki, gipoglikemiya holati kutilmaganda sodir bo‘lishi mumkin. Masalan, insulin ertalab soat 7.30 da qilingan va meyorida ovqatlangan bo‘lsangiz, uning ta’siri 3 soat davom etadi. Shuning uchun soat 10 va 10.30 oralig‘ida qondagi glyukoza miqdorini aniqlash kerak. Bunda glyukoza miqdori 3,3 mmolga teng bo‘lsa, ertalabki nonushta miqdorini oshirish yoki ertalabki insulin dozasini pasaytirish kerak. Gipoglikemiya holatining oldini olish uchun uyda glyukagon ukoli yoxud 40 foizli glyukoza eritmasi bo‘lishi muhim.

Giperglikemiya

Ikkinchi muhim muammo – giperglikemiyadir. Qon tarkibidagi qand miqdorining meyoridan ortib ketish holati giperglikemiya deb ataladi. Bunday holat insulin yetishmovchiligi oqibatida sodir bo‘ladi. Bunga esa har xil sabablar olib keladi: insulin dorisini muntazam ravishda qabul qilmaslik, parhezda jiddiy buzilishlarga yo‘l qo‘yish, ruhiy va his-hayajon jihatidan zo‘riqishlar (oilaviy mojarolar, ishxonadagi muammolar), hamroh xastaliklar qo‘shilishi (zotiljam, gripp va boshqalar).

Giperglikemiya belgilari va namoyon bo‘lishi:

  • qonda glyukoza miqdorining ortishi;
  • peshobda ham glyukoza miqdori oshadi;
  • tez-tez va ko‘p miqdorda peshob ajratish;
  • og‘iz qurishi;
  • bosh og‘rishi;
  • ozib ketish va charchash.

Bularning oldini olishning eng yaxshi yo‘li tez-tez qonda glyukoza miqdorini aniqlash va uning belgilari namoyon bo‘lishidan oldin davo choralarini qo‘llashdir. Homilador ayollarda qonda glyukoza miqdori 6,6 mmoldan oshmasligi kerak, bundan yuqorisiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Giperglikemiya o‘z vaqtida bartaraf etilmasa ketoatsidoz holati sodir bo‘lib, tanada keton tanachalari yig‘ila boshlaydi. Bu juda xavfli vaziyat bo‘lib, tezkor davo choralari qo‘llanishini talab etadi. Davolash odatda uch yo‘nalish: insulin dozasini oshirish, ovqat miqdorini kamaytirish, jismoniy harakat qilish orqali olib boriladi.

Keton tanachalarini aniqlash

Qandli diabet kasalligida asosiy energiya manbai bo‘lmish glyukoza insulin tanqisligi oqibatida hujayralarga kira olmaydi. Buning oqibatida yog‘lar parchalanishi tezlashadi, tanada zaharli qoldiq mahsuloltlari, avvalambor yog‘ modda almashinuvining oraliq mahsuli – keton tanachalari to‘planib qolishi kuzatiladi. Ko‘p miqdorda hosil bo‘lgan keton tanachalari peshob bilan chiqa boshlaydi. Biroq barcha ketonlarni tana shu yo‘l bilan chiqara olmaydi va ular tanada qonda yig‘ila boshlaydi. Keton tanachalariga b-oksi yog‘, atsetouksus kislotalari, atseton kiradi, ular qonga nordonlik xususiyatini beradi, shu tufayli bu holat ketoatsidoz deb ataladi. Aseton uchuvchi modda bo‘lganligi sababli, u o‘pka orqali ajralib chiqa boshlaydi, shu tufayli ham bemorlarning o‘pkadan chiqaradigan nafasida atseton hidi paydo bo‘ladi.

Odatda, homiladorlik davrida ertalab peshobda keton aniqlanishi oddiy holga kirmaydi. Shuning uchun bu vaziyatda shifokor bilan maslahatlashishga to‘g‘ri keladi, qonda glyukoza miqdori 11,1 mmol/l dan baland bo‘lsa albatta, peshobda ketonlarni aniqlash shart. Ular ko‘payib ketganda ketoatsidoz holatiga olib keladi. Ketoatsidoz va uning eng keskin namoyon bo‘lishi – diabetga oid koma, qand diabetli bemor hayotiga xavf soladigan darajada og‘irlashishi bo‘lib, u kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatilishini talab etadi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida ketoatsidoz sekin-asta, bir necha soatlar ichida taraqqiy etadi.

Ketoatsidoz belgilari

Diabetga oid komadan oldin odatda bemorda og‘iz qurishi, chanqash, tez-tez siyish, ishtaha pasayishi, ko‘ngil aynashi, qusish, ba’zida qorinda og‘riq paydo bo‘lishi, holsizlik, ko‘p uxlash, chiqarayotgan nafasida atseton hidining paydo bo‘lishi kabi holatlar kuzatiladi. Suyuqlik katta miqdorda ajralib chiqa boshlashi tufayli suvsizlik alomatlari: teri va shilliq pardalarning qurishi rivojlanadi. Zarur davolash choralari ko‘rilmasa bemorning ahvoli yomonlashib boradi: nafas olishi tezlashadi, holsizlik, hafsalasizlik, ruhiy tushkunlik kuchayib boradi, hushidan ketish holati yuz beradi. Komada shu narsa belgiki, bemor hushini to‘la yo‘qotadi. Komatoz holatida bemorning hayoti xavf ostida bo‘ladi, unga zudlik bilan malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishi lozim. Aksariyat hollarda bemorni qutqarib qolishga erishiladi, ba’zida esa shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramasdan, oqibat fojiali yakunlanishi mumkin.

Homiladorlik davri tekshiruvlari (gestatsion tekshiruvlar)

Tug‘ish sizning sog‘ligingiz va sog‘lom bolaga erishish yo‘lida qilgan mashaqqatli mehnat yakunidir. Ayollar uchun onalik eng yuksak baxt bo‘lib, hozirgi davrda zamonaviy nazorat yo‘llari bilan bunga erishish imkoni har qachongidan ham qulaydir. Homiladorlik davri tekshiruvlari bir necha xildan iborat. Bunday tekshiruvlar skrining tekshiruvlarga kirib, homiladorlikning birinchi yarmida perinatal (I toifa) tekshiruvlar deb ataladi. Bunday tekshiruvlar yordamida bola rivojlanishidagi genetik va struktura buzilishlarni aniqlash mumkin. Tekshiruvlarning ikkinchi toifasi odatda, homiladorlikning uchinchi trimestridan tug‘ish davrigacha olib boriladi. Bunday tekshiruvlardan maqsad bola o‘sishini nazorat qilishdir va tekshiruv fetal nazorati deb ataladi. Ular yordamida yo‘ldosh bolaning oziqlanishi va kislorod bilan ta’minlanish darajasini aniqlash mumkin.

Homiladorlik davri testlari

Homila 16 haftalik (ikkinchi trimestrning birinchi yarmi) bo‘lganda uning o‘sishi va rivojlanishini kuzatish, unda tug‘ma nuqsonlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun ayollar qonida alfa-fetoprotein (AFP) miqdorining tekshirishi o‘tkaziladi. Agar bu test musbat natijaga ega bo‘lsa, homiladorlikning ilk muddatlari to‘xtatilishi ona organizmi uchun ancha xavfsizdir. Bunday hollarda qo‘shimcha boshqa testlar qo‘llanilishi tavsiya qilinadi. Ultratovush (UTT) va amniotsentez. Bu qo‘shimcha testlar musbat natija bergan ayollarda esa ko‘pincha sog‘lom bola tug‘ilishi isbotlangan.

Ona tanasida tovush to‘lqinlari yordamida bolaning tana a’zolari ko‘rinishi va surati olinadi. Olingan ko‘rinish sonogramma deb ataladi. Bu usul 20 yildan ziyod qo‘llanib kelinmoqda, bolaga yomon ta’siri aniqlanmagan. Test oldidan qovuq bo‘shatilmaydi, vagina orqali ham uni qilish mumkin, bunday holda qovuq to‘la bo‘lishi shart emas. Bu test ekran kompyuter-monitoring yordamida bajariladi. Butunlay og‘riqsiz. Siz bir muddat yotib tursangiz, qorningiz transduser yordamida tekshiriladi. Odatda, bunday test homiladorlikning ikkinchi yarmida o‘tkaziladi, bu vaqtgacha bola ancha katta bo‘lib qolgan, jinsini aniqlash mumkin. 8 haftada esa har xil rivojlanish nuqsonlarini bilsa bo‘ladi. Bolaning o‘sish nazoratini bajarish uchun UTT tekshiruvi har oyda qilib turiladi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*