Homilador ayollarda qandli diabet ( 2-qism)

Tana vazni me’yoridan yuqori bo‘lgan homilador ayolning vazn o‘zgarishlar.

Tana vazni meyoridan yuqori bo‘lgan onalarning ham o‘z muammolari bor – bu yuqori qon bosimi, shishlar. Biroq homilador ayolning vazni meyo¬ridan ortiqcha bo‘lsa ham bu davr tana vaznini tashlash vaqti emas. Qabul qilinadigan oziqlar miqdori (quvvati)ni o‘ta kamaytirish tavsiya etilmaydi, chunki bu homila rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Agar siz homiladorlik davrida to‘la bo‘lgan bo‘lsangiz boshqa ayollarga nisbatan vazningiz nisbatan kamroq oshishi kerak. Homiladorlikning birinchi yarmida vazn ortishi haftasiga 200 g, ikkinchi yarmida 400 g dan ortishi gestozlar (shish) mavjudligini ko‘rsatadi.

Vazn oshishini tashkil qiluvchi tarkibiy qismlar va o‘sish ko‘rsatkichlar.

Homiladorlikning boshlang‘ich davrida homila juda kichkina bo‘ladi – 1 kunda 1 gramm qo‘shiladi. Aksincha, ayolning semirishi tezlashadi. Bu davrda bachadon, ko‘krak bezi, qon hajmi ortadi. Yo‘ldosh va amniotik suyuqlik rivojlanadi. Birinchi besh oylikda yog‘ to‘qimalari tez o‘sib boradi. Besh oydan keyin esa o‘sish sekinlashadi. Birinchi bo‘lib ayolning beli, boldiri yo‘g‘onlashadi. Bu tabiiy jarayon natijasida ozuqalar zaxirasi hosil bo‘lib, bola rivojlanishida muhim omildir. Birinchi to‘rt oylikda bola juda kam miqdorda ozuqa talab qiladi. Oltinchi oyga borib, bolaning o‘sishi o‘n barobar ortadi. Bu davrda homila vazni 500 g ga yetadi va vazni oshishi boshlanib, o‘n barobar ortadi.

Yettinchi oy davomida homila vazni 500 g dan 1 kg gacha yetadi. Sakkizinchi oyning oxiriga kelib bola vazni 2 kg ni, bo‘yi esa 35 sm ni tashkil qiladi. Homiladorlikning to‘qqizinchi oyi bolaning vazni har kuni tug‘ruqqa qadar 14 grammga oshadi. Tug‘ilganda bolaning vazni o‘rtacha 3,5 kg ni, bo‘yi esa 50 sm ni tashkil etadi.

Homiladorlik davrida kaloriyaga ehtiyoj.

Inson yashashi, harakatda bo‘lishi va mehnat qilishi uchun energiya sarflaydi. U bunday energiya bilan ta’minlanish uchun ovqat iste’mol qiladi. Energiya moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo‘ladi. Uglevodlar (qand) va yog‘lar esa energiyaning asosiy manbai hisoblanadi. Qandli diabet kasalligi bor homilador ayollarga tarkibida oson o‘zlashtiriladigan uglevodlari bo‘lmagan parhez buyuriladi. Bu parhezning quvvati homilador ayolning mavjud vazniga 30-35 kkal. 1 kg hisoblanadi. Parhez ovqatlar tarkibidagi oqsil miqdori 2 g/kg ga ko‘tariladi va o‘rta hisobda sutkasiga 100-120 g ni tashkil etadi: yog‘lar miqdori 1 g/kg ni tashkil etib, o‘rta hisobda sutkasiga 50-70 g ga teng bo‘ladi. Quvvatiga bo‘lgan talabning qolgan qismi (50-60 foiz) murakkab uglevodlarga boy mahsulotlar hisobiga qoplanadi. Qabul qilinishi kerak bo‘lgan uglevodlarning sof miqdori 200 g dan kam bo‘lmaydi.

Homiladorlik davrida zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari

Tana oqsillarni go‘sht, baliq, tuxum, yong‘oq, dukkaklilar, sut mahsulotlaridan oladi. Oqsillar homiladorlik davrida qon hajmi, ko‘krak bezi va bachadon to‘qimasini o‘stirishi zarur. Shuning uchun bularga ehtiyoj 1,5-2 barobar yuqori bo‘ladi.

Yod va temir

O‘rta Osiyo tuproq va suvida yod tanqisligi mavjud hududlar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, qishloq aholisida temir tanqisligi anemiya (kamqonlik) ko‘p uchrab turadi, kamqonlik homiladorlik muddati oshgan sari jadallashadi. Ayollar organizmida yod va temir kabi muhim mikroelementlarning yetishmasligi homiladorlikning og‘ir kechishiga, asab tizimi buzilgan bolalar tug‘ilishiga olib keladi. Agar ushbu holatning oldini olish choralari ko‘rilmasa, keyinchalik bolada aqlan zaiflik shakllanishi mumkin. Shuning uchun oilada homilador ayolning ovqatlanishiga alohida ahamiyat berish kerak. Oziq-ovqatlar oqsil hamda temir va vitaminlarga yetarli darajada boy bo‘lishi kerak. Ovqatga faqat yodlangan tuz ishlatilishi lozim. Bundan tashqari homilador ayollar shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra yod preparatlarini ham qabul qilib turishlari kerak bo‘ladi, anemiyani davolashda esa temirli preparatlar buyuriladi.

Kalsiy

Homilangizning suyaklari baquvvat bo‘lib shakllanishida kalsiy juda muhimdir. Kalsiyga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoj 1200 mg ga teng. Kalsiy va vitamin D ga ehtiyojni sut bilan to‘ldirish mumkin, sutga aller¬giyangiz bo‘lsa, boshqa choralar ko‘riladi.

Qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlar

Qandli diabet kasalligi bor bemorlar ko‘pincha qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanadilar (asparkam, saxarin va boshqalar). Aniq ma’lumotlarga ko‘ra bu mahsulotlar yo‘ldosh orqali homilaga o‘tarkan, shuning uchun ulardan homiladorlik davrida foydalanmagan ma’qul.

Alkogol

Homiladorlik davrida alkogolni iste’mol qilish bolangizga ziyon yetkazadi. Muntazam ravishda alkogol iste’mol qiluvchi ayollarda rivojlanishdagi tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bola tug‘ilish imkoni juda yuqoridir – vaznning yetishmovchiligi, markaziy asab tizim defektlari va homila alkogol sindromi (HAS) bolani aqlan zaiflikka olib keladi. Bu hol muntazam ravishda 2 shisha pivo ichganda ham sodir bo‘lishi mumkin.

Chekish

Chekish oqibatida homila tushishi, muddatidan oldin tug‘ilishi, rivojlanishi orqada qolishi kuzatiladi. Ayniqsa, homiladorlikning oxirgi uch oyligida chekishning salbiy ta’siri yuqoriroq bo‘ladi.

Anemiya

Anemiya to‘g‘ri ovqatlanmaslik oqibati ekanligini unutmang. Anemiya gestoz va qon ketishlarining rivojlanishiga olib keladi. Yod tanqisligi homiladorlik davrida jadallashishi mumkin. Kamqonlik, yod tanqisligining oldini olish va davolash maqsadida organizm oson o‘zlashtiradigan, tarkibiga 3 valentli temir kiruvchi hamda yod preparatlarini (homiladorlarning bir kunlik yod iste’mol miqdori sutkasiga 200 mkg ni tashkil qiladi) belgilashda shifokor bilan maslahatlashganingiz ma’qul.

Folat kislotasi

Homiladorlik davrida vitaminlarga ehtiyoj juda baland bo‘ladi, ayniqsa, folat kislotasiga ehtiyoj 2 barobar ortadi. Shunga ko‘ra, parhezda shu vitaminga boy bo‘lgan karam, jigar, loviya, apelsin, barcha g‘alla mahsulotlari bo‘lgani ma’qul. Ba’zi hollarda shifokor tavsiya¬siga ko‘ra ularning preparatlari ham qo‘llaniladi.

Vitaminlar

Vitamin tanqisligini bartaraf qilish maqsadida ularga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar bilan bir qatorda, shifokor tavsiyasiga ko‘ra butun homiladorlik davrida maxsus tayyorlangan polivitamin preparatlari qo‘llaniladi.

Qandli diabetning 1-turida ovqatlanish bilan bog‘liq yana bir muammo haqida

Qandli diabetning 1-turida insulin moddasi ishlab chiqarilmasligi bois, tanadagi insulin yetishmovchiligi unga tashqaridan insulin kiritish bilan to‘ldiriladi. Sog‘lom kishilarda ovqat yeyilganidan so‘ng oshqozon osti bezining beta hujayralari tomonidan insulin moddasi ishlab chiqariladi va bu glyukozaning o‘zlashtirilishini ta’minlaydi. Qandli diabetning 1-turi bilan og‘rigan bemorlarda bunday bo‘lmaydi. Ular yetishmayotgan insulin moddasini tashqaridan kiritish yo‘li bilan oladilar. Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasi ta’siri uning ovqatlanishiga muvofiq bo‘lishi to‘g‘risida o‘zi qayg‘urishi lozim. Agar bemor tanaga kiritilgan insulin moddasi yo‘l qo‘yadigan miqdordan ko‘proq ovqat yesa, qand miqdori ortib ketadi. Aksincha, agar u juda kam miqdorda va ancha kech ovqatlansa, gipo¬glikemiya paydo bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib iste’mol qilinadigan ovqat va insulin muvozanatini ta’minlashi oqibatida gipo va giperglikemiyaning oldini olish mumkin. Esda tuting, glyukoza miqdori qonda ko‘tarilishi sababi ikki-uch soat oldin iste’mol qilingan ovqatlanishga bog‘liq. Agarda har kuni bir vaqtda qonda glyukoza miqdori pasayib borsa shifokor bilan maslahatlashing. Homiladorlik davrida uyqu paytida ham ovqat iste’mol qilishga to‘g‘ri keladi, bolangiz 12 soat emas 24 soat oziqlanadi. Bir xil paytda 1 stakan sut ham gipoglikemiyaning oldini oladi.

Birinchi uch oylikda ko‘ngil aynashi, ertalabki darmonsizlik, lohaslik oqibatida ovqatlanish kamroq bo‘ladi. Ahvol yaxshilanishi natijasida sekin-asta ovqatlanish ortadi. Odatda, uchta asosiy va uchta oraliq ovqatlanish tavsiya qilinadi. Ertalabki nonushta eng kam kaloriyaga ega, bunga sabab ertalab qonda glyukoza miqdori yuqoriroq bo‘lishidir.

Homiladorlik davri muammolari

Ko‘ngil aynashini quyidagicha kamaytirish mumkin:

  • boshingizni yostiqdan ko‘tarishdan oldin qotgan yoki shirin bo‘lmagan non yeng;
  • oz-ozdan, tez-tez va xilma-xil (bir kunda 6-7 marta) ovqatlaning;
  • achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • ovqatlangandan so‘ng yotmang.

2. Ich qotishining oldini olish uchun:

  • ko‘p suyuqlik iste’mol qiling;
  • kam ishlov berilgan g‘alla mahsulotlaridan tayyorlangan non, yormalar, xom uglevodlar iste’mol qiling;
  • ko‘proq sabzavotlar qabul qiling, harakatda bo‘ling, jismoniy mashqlar bajaring.

3. Jig‘ildon qaynashining oldini olish:

  • oz-ozdan, tez-tez ovqatlaning;
  • achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • shoshilmasdan, yaxshilab chaynab ovqatlaning;
  • shifokorga murojaat qiling.

4. Ovqatlanish odatlarining o‘zgarishi:

  • odatda yaxshi ko‘rib iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini rad etish oqibatida taom¬noma qaytadan ko‘rib chiqiladi. Bunda shifokor bilan maslahatlashing.

5. Shifokor tavsiya etgan dori-darmonlardan boshqasini qabul qilmang:

  • shifokorlar maslahatisiz dorilarni qabul qilmang. Ular bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ma’lumki, ayrim dorilar tug‘ma nuqsonlarga olib keladi. Bolalarda dorilarga moyillik (o‘rganish) hosil bo‘lishi mumkin.

Qandli diabet kasalligi bor homilador ayollarning jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish inson salomatligini mustahkamlaydi. Qandli diabet kasalligi bilan og‘riganda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ayniqsa, muhimdir. Jismoniy mashqlar jadal olib borilganda insulin reseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi qand miqdorini pasaytiradi, insulin dozasi kamayishiga olib keladi. Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanganda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yog‘lar parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayadi, qonda yog‘ tarkibi yaxshilanadi. Bunda qandli diabet kasalligining tomirdagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar bartaraf etiladi.

Biroq, insulin dorisini qabul qiluvchi bemorlarda ayniqsa, homiladorlik davrida jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarganda ham salomatlik uchun xavfli oqibatga olib kelishi mumkin. Shuning uchun homilador ayollar o‘zlariga yoqadigan va mos keladigan jismoniy mashqlarni shifokor bilan bamaslahat bajarishlari muhimdir. Shifokor sinchiklab sizning ko‘z, qon bosimi, yurak faoliyatingizni tekshirib, barcha o‘zgarishlarni nazorat qilib turadi. Jismoniy mashqlar bolaga, glyukoza miqdoriga ta’sir etishi mumkin. Shuning uchun mashqlardan oldin va keyin qonda glyukoza miqdorini o‘lchash zarur. Agarda bemor qoni tarkibidagi qand miqdori 13,3 mmol/l yoki undan yuqori bo‘lsa, jismoniy mash¬qlar tavsiya etilmasligini bilmoqlik darkor. Bunday ko‘rsatkich bilan tezda shifokorga murojaat etish tavsiya etiladi. Esda tuting, jismoniy harakatlar to‘xtatilgandan keyin ham yana 24 soat ta’siri saqlanadi. Insulin dozasi, ovqatlanish jadvali va jismoniy mashqlar bir-biriga mutanosibligiga erishish zarur. Bunga siz shifokor yordamida erishishingiz mumkin. Jismoniy mashqlar bajarish jarayonida siz o‘zingizni yomon his etsangiz tez bironta glyukoza miqdorini ko‘taruvchi oziq-ovqatlardan foydalanishingiz mumkin (qand solingan shirinliklar, koka-kola, limonad, meva sharbatlari yoki 2-3 dona qand yoxud 2 dona glyukoza tabletkasi). Ahvolingiz ancha yaxshilangandan so‘ng go‘sht bilan buterbrod, bir bo‘lak pishloq, 1 stakan sut iste’mol qiling. Mashqlarni har kuni, ayni bir vaqtda muntazam bajaring. Ehtiyot bo‘ling, haddan ziyod harakat qilmang.

© Miyassar RAHIMJONOVA, diabetolog.

© «O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*