El sog‘ligi — yurt boyligi

Grippni davolash uchun qo‘shimcha tabiiy muolajalar

Gripp ayni kuz-qish faslida keng tarqaladigan, havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi va nafas yo‘llarining zararlanishi bilan kechadi.

Xastalik virusining A, B va C turlari mavjud. Viruslar tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, quyosh nuri va dezinfeksiyalovchi (zararsizlantiruvchi) moddalar ta’sirida tez nobud bo‘ladi. Lekin past haroratda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin.

Kasallikning dastlabki kunlarida virus organizmdan ko‘p miqdorda ajraladi. Bemor aksirganda, yo‘talganda va gaplashganda havo zarrachalari va so‘lak tomchilari bilan atrof-muhitga tarqaladi hamda yaqin atrofdagi odamlarga nafas yo‘llari orqali yuqadi. Sog‘lom inson infeksiya yuqtirgan kishiga 1-2 metr yaqinlikda bo‘lganda kasallik yuqish xavfi ortadi. Aholi zichligi grippning tarqalishini osonlashtiradi. Kasallikdan keyin hosil bo‘ladigan immunitet bir necha yillar, hatto umr bo‘yi saqlanishi mumkin. Alohida ta’kidlash lozim, bu immunitet aynan shu kasallik turiga nisbatan yuzaga chiqadi. Bir mavsumda bir necha marta gripp bilan kasallanish insonning boshqa virus shtammlari yuqtirganligini bildiradi. Bunday holat, asosan, immuniteti past va nimjon bolalarda ko‘proq kuzatiladi.

Gripp haqida ushbu link orqali batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Grippda, asosan, asab tizimi va qon tomirlari zararlanadi. Bundan tashqari, angina (bodomcha bezlarining yallig‘lanishi), quloqning yallig‘lanishi (otit), yurak mushaklarining zararlanishi (miokardit), buyrakning yallig‘lanishi (piyelonefrit), miya pardasining yallig‘lanishi — meningit va o‘pkaning yallig‘lanishi (pnevmoniya) kabi asoratlarga sabab bo‘ladi. Kasallikning kam uchraydigan, lekin juda og‘ir kechadigan asoratlaridan biri bosh miya to‘qimasining yallig‘lanishi — ensefalitdir.

Kasallik, ayniqsa, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar va keksa yoshdagi kishilarda og‘ir kechadi hamda turli asoratlar qoldiradi. Bunga asosiy sabab bolalarda immunitetning to‘liq shakllanmaganligi bo‘lsa, keksa yoshdagi kishilarda mavjud surunkali kasalliklarning qo‘zg‘ashidir.

Grippni davolash shifokor nazoratida olib boriladi. Yotoq rejimiga rioya qilinadi. Bemorni davolashda maxsus parhez tayinlanmaydi. Lekin ishtahaning pasayganligini e’tiborga olgan holda, odatda, ko‘proq suyuq taomlar buyuriladi. Yana turli suyuqliklarni ichish tavsiya qilinadi. Limon, malina va turli murabbolar solingan choylar, asal qo‘shilgan choy, xonadonda tayyorlangan sharbatlar iliq va issiq holda tez-tez ichib turilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, iliq holda gazsiz mineral va qaynatilgan suv ham ichib turish zarur.

Ko‘p hollarda grippga chalingan bemorlarimiz kasallik alomatlari kuzatila boshlagan bo‘lsada, «o‘tib ketadi« qabilida ish tutib, shifokorga murojaat qilishmaydi va aksariyat hollarda kasallikni oyoqda o‘tkazadilar. Bu bir tomondan atrofdagilar uchun infeksiya yuqish xavfini oshirsa, ikkinchi tomondan kasallikning zo‘rayishi va turli asoratlar qoldirishiga imkon yaratadi. Vaholanki, kasallikning boshlanishidayoq yotoq rejimiga rioya qilgan holda o‘z vaqtida davo muolajalari o‘tkazilsa, bemor tezda tuzalib ketadi.

Grippda foydali mahsulotlar

  • Tovuq sho‘rva: yallig‘lanish va burun tiqilishiga olib keluvchi hujayra-neytrofillar rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi;
  • sarimsoq: tarkibida bakteriya, zamburug‘ va viruslarni o‘ldiruvchi allitsin moddasi mavjud;
  • ziravorlar (zanjabil, dolchin, xantal, kashnich): qon tomirlarining torayishiga olib keluvchi tana harorati yuqori bo‘lganda yaxshi naf beruvchi terlashni kuchaytiradi va nafas olish hamda yutinishni yengillashtiradi;
  • tarkibida rux moddasi bo‘lgan mahsulotlar (go‘sht, tuxum, dengiz mahsulotlari, yong‘oqlar);
  • tarkibida beta-karotin moddasi, foliy kislotasi, magniy (masalan, qovun, ismaloq, o‘rik, lavlagi, gulkaram, sarsabil, sabzi, mango, mandarin, pomidor, qovoq, pushti greyfrut, shaftoli, tarvuz, kivi) yuqori darajada bo‘lgan meva va sabzavotlar;
  • C vitaminiga boy mahsulotlar (papayya, sitrus mevalar, apelsin sharbati, sariq yoki qizil garmdori, qulupnay, pomidor va batat);
  • E vitaminiga boy mahsulotlar (makkajo‘xori moyi, bodom, baliq moyi, dengiz qisqichbaqasi, o‘rmon yong‘og‘i, maxsar moyi, yong‘oq moyi, kungaboqar urug‘i va losos balig‘i go‘shti);
  • tarkibida flavonoidlar bo‘lgan malina sharbati, limonlar, ko‘k garmdori, olcha va uzum;
  • bioflavonoidlarning yuqori konsentratsiyalangan shakli — kversetinli mahsulotlar (brokkoli, qizil va sariq piyoz).

Taxminiy taomnoma

  • Nonushta: sutda pishirilgan manniy bo‘tqasi, limonli ko‘k choy.
  • Ikkinchi nonushta: bir dona ilitilgan tuxum, na’matak qaynatmasi.
  • Tushlik: go‘shtli sho‘rvada sabzavotli sup-pyure, bug‘da pishirilgan dumaloq kotletlar, guruch bo‘tqasi, kompot.
  • Tamaddi: asal solib pishirilgan olma.
  • Kechki ovqat: bug‘da pishirilgan baliq, kartoshka pyuresi, meva sharbati.
  • Uyquga yotishdan avval: kefir yoki sutdan tayyorlangan boshqa nordon ichimliklar.

Grippda qo‘llaniladigan xalqona usullar

  • piyoz va sarimsoq bug‘i (piyoz va 2 3 dona sarimsoq tishchasini qirg‘ichdan chiqarib, undan bir necha marotaba chuqur nafas olish) — kuniga 2 4 marta;
  • quritilgan malina mevalaridan tayyorlangan damlama (1 osh qoshiq quritilgan malina mevasiga 1 stakan qaynagan suv quyiladi va 20 daqiqa dam yediriladi) — kuniga 2 mahal 250 ml dan ichiladi;
  • jo‘ka (lipa) daraxti gullari va quritilgan malina mevasi aralashmasi (1 osh qolshiq aralashmaga 1 stakan qaynoq suv quyiladi va 20 daqiqa dam yediriladi) — kuniga 2 mahal 250 ml dan ichiladi.

Grippni davolashda Abu Ali ibn Sino kitoblarida keltirilgan tabiiy usullar haqida ushbu link orqali batafsil ma’lumot oling.

Ko‘za sho‘rva

Masalliqlar: 500 g go‘sht, 2 ta piyoz, 3 ta kartoshka, 1 ta sabzi, 1-2 dona pomidor, 1 tadan qizil va ko‘k bulg‘or qalampiri, 5-6 ta sarimsoq tishchasi, ta’bga yarasha tuz, ziravorlar va ko‘katlar.

Avvalo, oldindan tayyorlab qo‘yilgan ko‘zalarga yuvib, tozalangan va bo‘laklangan go‘sht, sabzi, kartoshka, pomidor, piyoz, sarimsoq piyoz, bulg‘or qalampirlari, ko‘katlarni navbati bilan joylashtiramiz. So‘ng ta’bga yarasha tuz va ziravorlar solib, ustidan masalliqlarni ko‘madigan darajada suv solamiz. Hamma ishni yakunlab olgach, ko‘zalarni oldindan qizdirilgan gaz pechiga joylashtiramiz. Ko‘zalardagi sho‘rva suvi qaynab chiqishi bilan olovni o‘rta darajada pasaytirib qo‘yamiz. Ammo ko‘za sho‘rvani pishirish jarayonida ko‘zadagi suv miqdori kamayib ketmasligi kerak. Sho‘rva go‘shtning qattiq yoki yumshoqligiga qarab 1, 5-2 soatda tayyor bo‘ladi.

Gulkaramli sho‘rva

Masalliqlar: 1 bosh gulkaram, 500 g go‘sht, 1 bosh piyoz, 2 ta sabzi, 3 ta kartoshka, ta’bga yarasha tuz, ziravorlar, ko‘k piyoz va kashnich.

Mol yoki qo‘y go‘shtining yog‘liroq joyi hamda suyaklarini ajratib olamiz va yuvib-tozalab, olovga qo‘yilgan suvli qozonga solamiz. Sho‘rva suvi qaynab chiqqach, ko‘piklarini olib, olovni biroz pasaytiramiz va to‘g‘ralgan piyozlarni qo‘shib, qaynatishda davom etamiz. So‘ng oldindan tayyorlab qo‘yilgan sabzi bo‘laklarini solamiz. 5-7 daqiqadan keyin esa gul bandlaridan ajratilgan gulkaram va bo‘laklangan kartoshka solib, olovni pasaytiramiz. Shu holatda 20 daqiqa davomida miltiratib qaynatamiz. So‘ngra tayyor taomni kosalarga suzib, betiga kashnich va ko‘k piyoz sepilgan holda dasturxonga tortamiz.

Guruchli tovuq sho‘rva

Masalliqlar: 1 ta tovuq, 1 piyola guruch, 1 bosh piyoz, 3-4 ta sarimsoq tishchasi, ta’bga yarasha tuz, ziravor va ko‘katlar.

Tozalab yuvib, bo‘laklangan tovuq go‘shtini suv to‘ldirilgan qozonga solib qaynatamiz. Qaynab chiqqanidan so‘ng ko‘pigini olib tashlab, olovni osh damlanadigan darajada pasaytiramiz va qozon qopqog‘ini yarim yopiq holatga keltirib qo‘yamiz. Sho‘rva shu holatda 3 soat qaynaydi.

Bunday sho‘rvaning guruchini qozonda alohida pishirib olamiz. Buning uchun olovga qo‘yilgan qozon biroz qizigach, 2 osh qoshiq o‘simlik moyi solib, ustidan yuvilgan guruch solamiz va yengilgina qovurib, ta’bga yarasha tuz va guruch botadigan darajada suv quyamiz. Guruch suvini tortgach, olovni pasaytirib, xuddi osh kabi damlab qo‘yamiz. Bu orada piyoz va ko‘katlarni mayda qilib to‘g‘rab, sarimsoqni yanchib olamiz.

Yanchilgan kashnich urug‘i, qizil qalampir, tuz, xitoy tuzi, kunjut va guruchni alohida idishlarda dasturxonga qo‘yamiz. Kosalarga ma’lum miqdorda tovuq go‘shti va sho‘rva solib, dasturxonga tortamiz. Tanovul qilishdan oldin istagan odam ko‘kat va ziravorlarni o‘z ta’biga qarab solaveradi.

Yoqimli ishtaha! Sizga salomatlik tilaymiz!

© «Hordiq plyus» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.