El sog‘ligi — yurt boyligi

Gripp kasalligiga beparvo bo‘lmang

Gripp keng tarqaladigan o‘tkir yuqumli kasalliklardan biri bo‘lib, deyarli dunyoning barcha mamlakatlarida uchraydi. Mavsumiy ko‘tarilish ko‘rsatkichlari yilning noyabr, mart oylariga to‘g‘ri kelsada, ko‘p hollarda kuz-qish oylarida ro‘yxatga olinadi.

Kasallik virusining A, B, C turlari mavjud va uning asosiy manbai bemor odam hisoblanadi. Havoda saqlanib turgan gripp virusi sog‘-lom odamga tezda yuqadi va bu hol atrofdagilarga bemor aksirganda, yo‘talganda yoki u bilan gaplashganda havo-tomchi yo‘llari orqali o‘tishi mumkin. Kasallik to‘satdan, o‘tkir boshlanadi. Xavfli jihati, kasallikning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga qadar kechadigan yashirin davri bir necha soatdan 3 kungacha davom etadi.

Gripp kasalligiga barcha yoshdagilar moyil bo‘lib, ayniqsa, nimjon, ya’ni immuniteti past bolalar, keksa yoshdagilar, homilador ayollar hamda surunkali xastaliklari bo‘lgan kishilarda og‘ir kechadi. Kasallik asosan nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan boshlanib, keyinchalik bemorda tana harorati 38-40 darajaga ko‘tarilishi, burun bitishi, burundan suyuqlik ajralishi, yo‘tal, mushaklarda og‘riq paydo bo‘lishi, bosh va tomoq og‘rishi, holsizlik hamda ishtaha buzilishi, ba’zida qusish holatlari kuzatilib, bemorlarda yengil, o‘rta va og‘ir shakllarda kechadi. Kasallik o‘pka to‘qimalari yallig‘lanishi, pnevmoniya (zotiljam), meningit (miya pardasi yallig‘lanishi), meningoensefalit (miya pardasi va moddasi yallig‘lanishi), otit (o‘rta quloq yallig‘lanishi, sinusit (burun yondosh bo‘shliqlari- yallig‘lanishi), nefrit, piyelonefrit (buyrak yallig‘lanishi) kabi eng xavfli asoratlarni keltirib chiqaradi. Ba’zida, ya’ni grippning yengil shakllari bilan og‘rigan bemorlar atrofdagilar uchun ko‘proq xavf tug‘diradi. Chunki ular aksariyat hollarda uyda davolanmay, kasalikka yetarli darajada e’tibor bermay, oyoqda o‘tkazadilar.

Quyidagilarga rioya qilishlarini so‘raymiz:

  • grippga qarshi emlash;
  • mavsumga xos kiyinish;
  • o‘z vaqtida ovqatlanish va dam olish;
  • xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib, pollarni nam latta bilan artib turish;
  • ishlab chiqarish korxonalari, davolash-profilaktika, o‘quv muassasalari, bolalar, qariyalar uylari, tashkilot va idoralar hamda turarjoy binolarida issiqlik rejimiga rioya qilish, barcha xonalarning issiqlik harorati 22 darajadan past bo‘lmasligi;
  • kasallikni erta aniqlash maqsadida maktabgacha tarbiya muassasalari, maktabga kirish joylarida ertalabki filtrni tashkil etib, uning o‘tkazilishiga e’tibor qaratish;
  • gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilingan bolalarni izolyatorga joylashtirish hamda ota-onasi va hududiy poliklinikaga xabar berish;
  • ertalabki filtr ishini amalga oshiradigan gripp va o‘tkir respirator kasalliklariga gumon qilinib, izolyatorga yotqizilgan bemorlarni parvarish qiladigan xodimlarni niqoblar bilan ta’minlash;
  • o‘quv-tarbiya muassasalarida tanaffus paytida xonalarni shamollatish rejimini tashkil qilish;
  • maktabgacha tarbiya muassasalarida har kuni bolalarni kamida 2 marotaba toza havoga sayrga olib chiqish;
  • barcha o‘quv muassasalarida sanitariya-targ‘ibot ishlarini olib borish;
  • konsert zallari, kino-teatr, o‘quv va ish joylarini kuniga 3-4 marotaba shamollatib turish, xonalarda dezinfeksiya moddalarini qo‘llagan holda namli tozalov ishlarini olib borish.

Quyidagilarga amal qiling:

  • gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) bilan og‘rigan barcha bemor isitma davrida, albatta, yotoq rejimiga amal qilishi va shifokorni uyga chaqirish;
  • kasallikni oyoqda o‘tkazmaslik;
  • shifokor maslahatlari va tavsiyalari asosida ish tutish;
  • agar bemor uy sharoitida davolansa, unga alohida xona, idish, sochiq, o‘rin-ko‘rpa ajratilib, kam harakat qilish;
  • bemorga qarayotganlar burun va og‘izlarini respirator yoki dokali niqob bilan to‘sishlari va qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turish;
  • bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib, namli tozalov ishlarini amalga oshirish;
  • bemorlar ko‘proq suyuqlik – quruq mevalar qaynatmasi, meva sharbatlarini ichirish hamda oson hazm bo‘ladigan oqsil va vitaminlarga boy taomlarni iste’mol qilish;
  • yo‘talgan va aksirganda og‘iz-burnini ro‘molcha bilan yopish;
  • o‘zboshimchalik bilan davolanish kasallikning og‘ir asoratlariga olib kelishini unutmaslik!

Kasallikning oldini olishda tanani chiniqtirish, badantarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, ochiq havoda yurish, o‘z vaqtida ovqatlanish alohida ahamiyatga ega. Sovuq kunlarda issiq kiyinish, albatta, bosh kiyim kiyish, oyoqlar issiq bo‘lishi muhimdir. Kasallik avj olgan paytda (dekabr, yanvar, fevral oylarida) nafaqat epidemik jihatdan muhim bo‘lgan korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, balki barcha fuqarolarimizga niqob taqish tavsiya etiladi.

Kasallik qanday bo‘lishidan qat’i nazar, inson salomatligi va turmush farovonligiga jiddiy zarar yetkazadi. Shu bois, sog‘lig‘imizga bo‘lgan mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, mavsumiy kasalliklardan ehtiyot bo‘laylik. Unutmang, kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal.

Gripp kasalligiga qarshi emlash, bu albatta, xastalikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘p hollarda aholi tomonidan mazkur kasallikni emlash to‘g‘risida savollar beriladi. Demak, bugungi mavzumiz doirasida gripp kasalligiga qarshi emlash bo‘yicha yo‘llangan savollaringizga quyidagicha javoblarni beramiz.

Grippga qarshi emlash O‘zbekistonda qachondan yo‘lga qo‘yildi?

Respublikada grippga qarshi emlash 1970 yillarda boshlangan bo‘lib, unda grippga qarshi vaksina faqat intronazal, ya’ni burun orqali tomizilgan. Ilmiy izlanishlarning olib borilishi natijasida hozirda vaksinalarning yangi turlari ishlab chiqarilgan. Aholi orasida grippga qarshi emlash yildan-yilga ortib bormoqda.

Bu emlash turining organizm uchun foydasi qanday?

Emlash natijasida organizmda gripp viruslariga qarshi antitelolar paydo bo‘ladi, organizmning immunitet tarangligi ortadi va gripp virusiga nisbatan chidamlilik hosil bo‘lish natijasida organizm gripp kasalligiga chalinmaydi yoki yengil turda o‘tadi.

Necha yoshdan emlash mumkin?

Emlashga tibbiy cheklovlar bo‘lmasa 6 oydan boshlab, barcha yoshdagi sog‘lom aholini emlash mumkin.

Qancha muddatgacha kasallikdan saqlaydi?

1 yil davomida grippga qarshi immunitet bo‘lib, shu davr ichida kasallikdan saqlaydi.

Qayerlarda emlatish mumkin?

Grippga qarshi emlash majburiy emlash jadvaliga kirmasligi, ya’ni epidemik ko‘rsatma asosida tibbiy xodimlar va boshqa mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari davlat tomonidan emlanadilar. Aholi o‘z xohishi bilan pullik vaksina markazlarida emlanishlari mumkin.

Emlangandan keyin organizmda biror o‘zgarish sezilsa, qanday chora ko‘riladi?

Emlangandan so‘ng nojo‘ya o‘zgarishlar bo‘lsa, darhol tibbiyot xodimlariga murojaat qilish zarur.

© Dilorom TURSUNOVA, oliy toifali shifokor.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.