4.2
(31)

Hayotda turli vaziyatlarga tushib turamiz. Gohida kayfiyatimiz yaxshi bo‘lsa, ba’zan tushkunlik girdobida qolamiz, kimnidir yaxshi ko‘ramiz, kimlargadir mehr-muhabbat ulashamiz. Tong otsa uyqudan uyg‘onib, o‘zimizni tetik yoki holsiz his etamiz, ochlik, charchoq, uyqu, xullas, kunimiz ming turfa his-tuyg‘ular ichida o‘taveradi. Bizni qamrab olgan turli-tuman tuyg‘ularning sabablarini ba’zida bilsak, gohida ular boisini anglab yetmaymiz.

garmonlar ahamiyati

To‘g‘ri, jismoniy va psixologik holatimizga hayotdagi turli voqea-hodisalar bevosita ta’sir ko‘rsatib turadi. Ammo bu vaqtda paydo bo‘lgan tuyg‘ularni organizmimizda gormonlar boshqarishini bilasizmi?

Quyida sizning har kunlik kayfiyatingiz, ichki holatingizni belgilab beruvchi asosiy gormonlar haqida ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Estrogen

Estrogen — asosan ayollar gormoni bo‘lib, tuxumdonlarda ishlab chiqariladi. Ular tomirlar elastikligini, terining tarangligini ta’minlaydi. Ayollar nazokati bevosita ushbu garmon miqdoriga bog‘liq. Shuningdek, asab tizimiga stress asoratlariga qarshi kurashishga ko‘maklashadi. Organizmda mazkur gormonning yetarlicha miqdorda ishlab chiqarilishi E (o‘simlik yog‘i, loviya), K (ismaloq, oshqovoq, yashil no‘xat, jigar, tuxum sarig‘i) vitaminlari hamda foliy kislotasi (petrushka, karam) me’yoriga chambarchas bog‘liq.

Testosteron

Testosteron (androgen) erkaklarning birinchi raqamli gormoni bo‘lib, kuch-g‘ayrat manbai hisoblanadi. Ushbu gormonning yetishmasligi erkaklarda nafaqat asabiylik va jinsiy zaiflikni, balki boshqa bir qator muammolarni ham keltirib chiqaradi. Jumladan, organizmning umumiy tonusi tushib ketadi, xotira zaiflashadi, ishchanlik kayfiyati yo‘qoladi. Buning oldini olish uchun rux(sigir va qo‘y go‘shtlari, dengiz mahsulotlari, oshqovoq urug‘i) moddasi mvjud bo‘lgan mahsulotlarni tez-tez iste’mol qilib turish kerak. Shuningdek, erkaklar kuniga yarim litrdan ziyod pivo iste’mol qilish muntazam ravishda erkaklik gormonlarining kamayishiga olib kelishini unutmaslik, alkogol va tamaki mahsulotlaridan imkon qadar chetlanishlari lozim.

Oksitotsin

Oksitotsin — mehr va muhabbat gormoni. Buyrak usti bezlarida ishlab chiqariladi. Homilador ayollarda ushbu gormon farzandini dunyoga keltirayotgan vaqtda juda zarur. U bachadon qisqarishiga xizmat qiladi. Bola tug‘ilganidan keyin ham oksitotsin muhim rol o‘ynaydi. Shu bois u onalarning go‘dagiga berayotgan ona mehri, deb atash mumkin. Mazkur gormonning yetishmasligi g‘am-qayg‘uni (ba’zan mutlaqo besabab kayfiyat tushib ketadi) keltirib chiqaradi, xavotir darajasini oshirib yuboradi. Ushbu gormon shokolad, banan, avakado va selen moddasiga boy bo‘lgan kabachki (qovoqcha), selderey, patisson (kulchaqovoq) kabi mahsulotlarda ko‘p miqdorda uchraydi. Shuningdek, farzandi kulgan vaqtda ota‑ona qonida ko‘p miqdorda mazkur gormon ishlab chiqarila boshlar ekan.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qandsiz diabet - sabablari, belgilari, tashxislash, davolash va kasallik oqibatlari

Tiroksin

Yana bir muhim gormon hisoblangan tiroksin qad‑qomat go‘zalligi va aql‑idrokning shakllanishiga javobgar sanaladi. Qalqonsimon bezlarda ishlab chiqariluvchi ushbu gormon organizmda moddalar almashinuvi, harakatlar koordinatsiyasi va tana tuzilishini boshqarishda ishtirok etadi. Uning ortiqchasi mushaklar vaznining kamayishiga olib kelsa, yetishmovchiligi tana vaznining ortishi (semirish) hamda aqliy zaiflikka sabab bo‘lishi mumkin. Uning me’yori buzilganini uyqusizlik, yurak o‘ynog‘i yoki bezovtalikdan bilish mumkin. Aytish joizki, mazkur gormon organizmda yod moddasi me’yoriga chambarchas bog‘liq. Shu bois yodga boy bo‘lgan dengiz karami, dengiz mahsulotlari yoki yodlangan tuz, non va sut mahsulotlari iste’molini kanda qilmaslik tavsiya qilinadi.

Noradrenalin

Noradrenalin o‘z‑o‘zini himoya qilish gormoni bo‘lib, buyrak usti bezlarida ishlab chiqariladi. Stress holatida ushbu gormon butun organizmni “urush holati”ga tayyorlaydi. Bu vaqtda kuchsizlangan organizmni infeksiyalardan himoyalaydi, immunitet ishini muvofiqlashtiradi. Ushbu gormonning me’yorida ekanini yuzimizdagi sog‘lom qizillikdan bilish mumkin. Kunni yogurt iste’mol qilish bilan boshlagan kishilarda mazkur gormon me’yorida bo‘lishi kafolatlangan. Sababi, yogurt tarkibidagi tirozin aminokislotasi noradrenalin sintezi uchun xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu gormonning ishlab chiqarilishida beta‑karotin (yangi sabzi) muhim rol o‘ynaydi.

Insulin

Insulin – shirinlik gormoni. Oshqozon osti bezida ishlab chiqariladi. Ayni shu gormon biz iste’mol qilgan shirinliklarni parchalab, organizmimiz uchun zarur bo‘lgan energiya, quvvatga aylantirib beradi. Insulinning noto‘g‘ri ishlab chiqarilishi qandli diabet hamda yurak qon‑tomir tizimi xastaliklarining rivojlanishiga olib keladi. Yomon uglevodlar (bulochka, pirojniylar) insulin almashinuvini yomonlashtirsa, yaxshi uglevodlar (yirik maydalangan undan tayyorlangan non, jigarrang shakar va sabzavotlar) me’yorini ta’minlaydi. Insulin – harakat gormoni hamdir. Bir soatlik fitnes mashg‘ulotlaridan so‘ng uning miqdori 6‑7 foizga ortishi isbotlangan.

Somatotropin

Somatotropin – jismoniy faollik gormoni. Bosh miyadagi gipofiz markazida ishlab chiqariladi. Mushaklar tonusi, ortiqcha yog‘larni yo‘qotish, tomirlar mustahkamligiga xizmat qiladi. Uning yetishmovchiligi natijasida mushaklar holsizlanadi, qo‘l terisi so‘lg‘inlashadi. Uning ishlab chiqarilishtda S vitamini, to‘yinmagan yog‘ kislotalari(seld, tunes, skumbriya, baliq yog‘i), proteinlar(mol, induk, tovuq go‘shtlari) va o‘simlik oqsillari(guruch, soya, qizil loviya) katta rol o‘ynagani bois, ularni muntazam ravishda iste’mol qilib yurish lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qandli diabet (saxar) kasalligi - yashirin belgilari, turlari va davolash usullari

Kortizol

Kortizol – stress gormoni. Ushbu gormon kishi xavfli vaziyatga tushganda yoki och qolganda ko‘p miqdorda ishlab chiqarila boshlaydi. Qonda kortizol miqdori baland bo‘lsa doimiy stress va xavotir kuzatilib, moddalar almashinuvi buziladi. Qizil ikra (uning tarkibidagi triptofan “baxt gormoni” – serotanin ishlab chiqarilishiga xizmat qiladi va stressni yo‘qotadi, xolesterol esa asab tizimini mustahkamlaydi), bodom (uning tarkibidagi Ye vitamini odamni tinchlantirib, stress gormoni darajasini tushiradi, ko‘p miqdordagi to‘yinmagan yog‘lar esa xolesterinni kamaytiradi), pista(qon bosimini tushiradi, ortiqcha adrenalinni me’yorlashtiradi, stressni yumshatadi, tetiklik va yaxshi kayfiyat baxsh etadi), loviya (undagi magniy moddasi mushaklarni bo‘shashtiradi, asablarni tinchlantiradi, kortizol miqdorini kamaytiradi), shuningdek, asal, romashka, yalpiz damlamalari, sut, shokolad va pishloq ham kortizol miqdori oshganda, ya’ni tushkunlik, stress, qo‘rquv va xavotir vaqtida koni foyda.

Dofamin

Dofamin — qoniqish (maqtanchoqlik) gormoni. Adrenalinga o‘xshash ushbu gormon insondagi qoniqish hissini boshqaradi. Masalan, mazali taom yegandi, biror o‘ziga xos holatga duch kelganda ushbu gormon natijasida kimgadir maqtangimiz keladi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda mazali taomlar, yangi buyum yoki joylar haqidagi xabar va fotosuratlarni joylashtirish domafin miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshmoqda. Musiqa eshitganda miyada mazkur gormon ko‘p miqdorda ishlab chiqarila boshlar ekan.

Vazopressin

Vazopressin – ishonch gormoni. Gipofizda ishlab chiqariladi. Molekulyar tuzilishi oksitotsinni eslatadi. Mazkur gormon yaqinlik (do‘stlik, mehribonlik), g‘amxo‘rlik va er‑xotin o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Melatonin

Melatonin – uyqu gormoni. “Yoshlik gormoni” deb ham nomlanadi. Inson miyasining markaziy qismidagi epifiz markazida (g‘uddasimon bez) ishlab chiqariladi. Yorug‘likka o‘ta ta’sirchan gormon. Uning sutkalik miqdorini inson biologik soati belgilaydi. Ya’ni, kunduz kuni melotonin miqdori kamayib, kech tushishi bilan orta boshlaydi. Uning ishlab chiqarilishi yarim tunda cho‘qqisiga yetadi. Bir oz eng ko‘p miqdori ushlab turiladi so‘ngra asta sekinlik bilan pasaya boradi. Melotonin ishlab chiqarilishi yorug‘lik darajasiga bevosita bog‘liq. Ya’ni, kech tushsa ham yorug‘lik kamaymasa, yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, natijada uyqusizlik kuzatilishi mumkin.

Yetti yoshda melotonin eng ko‘p miqdorda ishlab chiqarilar ekan. So‘ngra asta‑sekinlik bilan kamayib boradi. 45 yoshda epifiz hajmi kichrayishni boshlaydi va uning hujayralari melotonin ishlab chiqarishni kamaytiradi. Shuning uchun ham 60 yoshga yetganda melotonin ishlab chiqarilishi 20 yoshdagiga qaraganda 50 foizga ham yetmaydi va shu sababli keksalar uyqusizlik bilan bog‘liq muammolarga duch kelishadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qalqonsimon bez yallig‘lanishi haqida ma’lumot bersangiz?

Melotonin o‘ziga xos antioksidant hisoblanib, ba’zi kasalliklar, masalan, saratonning ayrim turlari(ko‘krak bezi saratoni)ga qarshi kurashda uning o‘rni beqiyos. Melotonin yetishmovchiligi ham ayrim xastaliklarning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Zero, muxtaram o‘quvchilarimizga uyqusizlik qanchalik og‘ir asoratlarga olib kelishi yaxshigina ma’lum bo‘lsa kerak.

Mazkur gormonning yana bir qiziqarli tomoni shundaki, u ovqat hazm qilish jarayonida ham ishtirok etadi. Shu sababdan me’yoridan ortiqcha ovqat iste’mol qilganimizda, ortiqcha taomni hazm qilish uchun ko‘proq melatonin ishlab chiqariladi va bizni uyqu bosadi.

Serotonin

Serotonin – «Baxt gormoni». Serosotin bosh miya neyromediatori bo‘lib, ko‘proq gormon deb ataladi. Bosh miya markazidagi g‘uddasimon bezda ishlab chiqariladi. Insonning psixologik va jismoniy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, ishtaha, kayfiyat, libido, ijtimoiy xulq-atvor, kognitiv fikrlashga ta’sir ko‘rsatadi. Serotonin miqdori aqliy salohiyat, organizmga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Uning miqdori qanchalik ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, deyiladi tibbiy maqolalarda.

Serotonin miqdorini tabiiy usulda oshirgan ma’qul. Jumladan, oson hazm bo‘luvchi uglevodlarga boy maydalanmagan donlar, yasmiq, suli yormasi va loviya iste’molini kanda qilmaslik zarur. Ko‘p bosqichli tozalashdan o‘tkazilgan, nosog‘lom va ko‘p bor qayta ishlangan mahsulotlar (oq non, bulochki, konfet)dan tiyilishni ham unutmaslik lozim. Shuningdek, meva va sabzavotlardagi qimmatli uglevodlar, B2, B6 vitaminlari, Omega-3 yog‘ kislotalari (baliq), Quyosh nurlari ostida sayr qilish, mustahkam uyqu, jismoniy mashqlar ham uning miqdorini oshirish xususiyatiga ega.

Har qanday sevimli mashg‘ulot (xobbi), yoqimli musiqa tinglash, suzish yoki velosiped haydash, yaqin inson va qadrdon do‘stlar suhbati ham nafaqat serotonin, balki dopamin va boshqa ko‘plab foydali gormonlarning ishlab chiqarilishiga olib keladi.

Inson Yaratganning buyuk mo‘’jizasi. Tabiatda esa biz hali anglab yetmagan sir-sinoatlar serob. Biz yuqorida ayrim gormonlarning asosiy xususiyatlarini tilga olgan bo‘lsak ham, ularning vazifalari shular bilangina cheklanib qolmaydi.

© Tib.uz nashri