4.2
(59)

Milk kasalliklari tishlarning husnini buzibgina qolmay, og‘iz bo‘shlig‘i meyoriy holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, milk kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlab davolash juda muhim. Keng tarqalgan milk kasalliklaridan biri gingivitdir.

gingivit

Milk yallig‘lanishi (gingivit) da milkning tishga tutashib turgan chetki qismi va tishlar orasini to‘ldirib turadigan milk so‘rg‘ichlari zararlanadi.

Kasallikning bir qancha turlari farqlanadi. Kataral gingivitda milklar qizaradi, shishadi, qonaydi, biroz qichishadi, ovqatlanish paytida og‘riq paydo bo‘ladi. Ko‘pincha tishlarda yumshoq va qattiq qatlam to‘planadi.

Surunkali gingivitda bemor deyarli hech qanday og‘riq va bezovtalik hissini sezmaydi, milklardagi yallig‘lanish jarayoni esa uzoq va sust kechadi. Shu sababli, surunkali gingivit ko‘pincha stomatolog ko‘rigi vaqtida aniqlanadi.

Bemor tishlarini tozalayotganda milklar qonashi kuzatiladi. Og‘izdan yoqimsiz hid kelib turadi. Milklar biroz qizarib, milk so‘rg‘ichlari bo‘rtadi.

Kasallik zo‘rayganda milklar qizg‘ish tus olib, shishadi va qonaydi. Tishning qattiq to‘qimalari zararlanishi mumkin.

Yarali-nekrotik gingivitda milklarda yaralar paydo bo‘ladi. Bu esa og‘riq keltirib chiqaradi, og‘izdan yoqimsiz hid kelib turadi. Bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, holsizlanib tana harorati ko‘tarilishi mumkin.

Gipertrofik gingivit kasallikning kamroq kuzatiladigan turi bo‘lib, ko‘pincha organizmdagi endokrin o‘zgarishlar natijasida rivojlanadi. Shu sababli, gipertrofik gingivit asosan o‘smirlar, homilador ayollar va qandli diabet bilan og‘riydigan kishilarda uchraydi.

Kasallikning so‘nggi bosqichlarida milklar og‘rib, qonaydi. Atrofik gingivitda milk to‘qimalarining hajmi kichrayib tish ildizi ko‘rinib qoladi. Sovuq yoki issiq taom iste’mol qilinganda og‘riq paydo bo‘ladi.

Tish va og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga yetarlicha amal qilmaslik natijasida tishlar sirtida to‘planadigan yumshoq karash ko‘pincha gingivitga sabab bo‘ladi. Yumshoq karash patogen (kasallik qo‘zg‘atuvchi) mikroblar ko‘payishi uchun qulay ozuqaviy muhit hisoblanadi. Mikroblar ajratgan toksin (zahar) lar milklarda yallig‘lanish jarayonini keltirib chiqaradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Noto'g'ri tishlov sabablari, turlari va davolash

Noto‘g‘ri o‘rnatilgan plomba, koronka va sifatsiz tish protezlarining milk to‘qimasini zararlashi tufayli ham milkning zararlangan joyi yallig‘lanib gingivit rivojlanishi mumkin.

Gingivit tamaki chekuvchilar orasida ko‘p kuzatiladi. Tamaki tutunidagi toksik (zaharli) komponentlar og‘iz bo‘shlig‘i disbakterioziga olib keladi, oqibatda so‘lakning vodorod ko‘rsatkichi (pH) nordonlashadi, nikotin og‘iz bo‘shlig‘ini qon bilan taminlaydigan tomirlarni toraytiradi, yallig‘lanish mediatorlarini faollashtiradi. Bu esa kashanda milklarini gingivit kasalligiga moyil qilib qo‘yadi.

Ko‘pincha immunitet susayishi, yetarlicha to‘yib ovqatlanmaslik, qandli diabet, homiladorlik, vitamin C yetishmasligi, depressiyalar, gripp, angina, OITS, sil va boshqa kasalliklar, shuningdek organizmning og‘ir metallar bilan zaharlanishi, burundan nafas olishning buzilishi ham milk yallig‘lanishini keltirib chiqaradi. Shu o‘rinda aytish joizki, gingivit erkaklarda ayollarga qaraganda ko‘proq kuzatiladi.

Kasallikni mutaxassis shifokor davolaydi. Kasallikning turi va bosqichiga qarab turli davo choralari qo‘llaniladi. Shifokor tish sirtida to‘plangan yumshoq va qattiq karashni olib tashlaydi.

Milk yaralardan tozalangach, to‘qimalari davolanadi. Antiseptik, antibakterial va yallig‘lanishga qarshi gel va mazlar ishlatiladi. Kasallik uzoq vaqt davom etganda antibiotiklar va og‘riq qoldiruvchi dorilar qo‘llaniladi.

Milk yallig‘lanishini darhol davolab tuzatish muhim. Aks holda u asorat berib, bemorda parodontit, gematogen infeksiyalar (infeksion endokardit, glomerulonefrit) rivojlanishi mumkin.

Gingivitning oldini olish uchun og‘iz bo‘shlig‘i gigiyenasiga qat’iy amal qilish lozim. Tishlarni har kuni ikki mahal (ertalab va kechqurun) ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng tozalash kerak. Kashandalar tamaki chekishdan voz kechishsa, bu nafaqat gingivitning, balki boshqa bir qator kasalliklar paydo bo‘lishining ham oldini oladi.

Zaynab VALIYEVA, stomatolog.
«Sihat-salomatlik» jurnali.