4.3
(29)

Sevimli farzandingiz ozodalikni ko‘pam suymaydimi? Balki kuchuk va mushuklar bilan o‘ynash uning jonu dilidir yoki qo‘lini yuvmasdan ovqatlanishga o‘tirib olar? Uncha toza oqmaydigan ariqda uzzukun cho‘milishiga nima deysiz? Unda ogoh bo‘ling: bolangiz organizmiga turli tuman mikroblar o‘tib, gijjalar ko‘payishi ehtimoldan xoli emas. Qarabsizki, suyukligingiz ishtahasiz bo‘lib qoladi, injiqlanadi, ko‘z o‘ngingizda ozib boraveradi.

Гижжа

Gijjalar (gelmintlar) 2–12 mm uzunlikda bo‘ladi, ular sog‘ bolaga gijjasi bor bemordan yuqishi, meva-sabzavotlar, xom go‘sht yoki baliq orqali o‘tishi mumkin. Gelmintlar organizmning hamma joyida bir necha haftadan bir necha yilgacha hayot kechiradi. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, gijja kishining ichaklarida hatto 40-50 yilgacha yashashi mumkin. Ko‘pchilik gijjani faqat qorinda bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Aslida nafaqat ichaklarda, balki qon tomirlari, miya, limfa, jigar, o‘t xaltasi, o‘pkada ham gijja bo‘lishi mumkin. Gelmintlar o‘zi yashab turgan joydagi narsalarni yeb kun ko‘radi. Masalan, vitaminlar, oqsillarni yutadi, uglevodlar va mikroelementlarning ichaklarga so‘rilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ko‘pchiligi esa qonni so‘radi.

Gijjasi bor bemorda nimalar yuz beradi?

Bola yaxshi o‘smaydi, skolioz (umurtqa pog‘onasi qiyshayishi) paydo bo‘ladi, bola aqliy rivojlanishdan ortda qolib, unda buqoq bezi kattalashadi, immuniteti susayib, kasalliklar yuqishi osonlashadi, sochi to‘kilishi, terisiga oq dog‘lar tushishi kuzatiladi, dermatitlar, allergiya, anemiya, xoreya, xoletsistit, enterkolit, gastrit singari kasalliklardan biri rivojlanadi, bolaning qorni og‘riydi, asabiylashadi, jizzaki bo‘lib qoladi, uyqusida tishlarini g‘ijirlatadi, gijjalari tuxum qo‘yayotganda orqa chiqaruv teshigi qattiq qichishadi, bola uni qashiyverishi natijasida u yerda toshma hosil bo‘ladi, yiringlaydi.

Odam organizmida parazitlik qiladigan gijjalarning 250 dan ortiq turi aniqlangan. Quyida ulardan forig‘ bo‘lishga yordam beruvchi bir necha muolajalar keltiriladi.

Gijjalarni bartaraf qilish uchun tavsiyalar

  • Bolalardagi gijjalarni yo‘qotishda oshqovoq urug‘i samarali ta’sir ko‘rsatadi. Faqat bu urug‘ chaqilganda uning ko‘kish qobig‘i saqlanishi kerak. Urug‘dagi mag‘izni maydalab idishga solinadi va unga murabbo yoki asal qo‘shiladi. Uch-to‘rt yoshli bolalar uchun 75 g urug‘ga 50 g asal qo‘shish mumkin. Ushbu aralashma nahorda oz-ozdan beriladi, keyin uch soat o‘tkazib, makkai sano o‘tidan tayyorlangan damlamadan bir piyola ichiriladi. Surgi ichilgandan so‘ng gijjalar tushib ketadi va bolaning sog‘lig‘i tiklanadi.
  • Bir stakan sutga kattaroq sarimsoq bo‘lagi solinadi va yumshagunicha qaynatiladi. Suzib olingach, gijjasi bor bolaga ko‘proq ushlab turgan holda huqna (klizma) qilinadi. Katta yoshdagi bolalar uchun bir stakan, kichikroq bolalarga yarim stakan suyuqlik klizma uchun yetadi. Muolaja muddati 7 kun.
  • Yangi sarimsoq sharbatining o‘n-o‘n besh tomchisi qaynatiladi. Iliq holga kelgunicha sovuq sutga tomizilib, kuniga 2-3 marta ichiladi.
  • Bir stakan sutga 5 dona sarimsoq solib, uni past olovda og‘zi yopiq idishda o‘n-o‘n besh daqiqa qaynatiladi. Shundan so‘ng iliq holga kelgunicha sovitiladi. Uni ovqatlanishdan oldin ikki osh qoshiqdan 4-5 marta ichish mumkin. Muolaja muddati bir hafta.
  • O‘rtacha kattalikdagi bir dona piyoz go‘shtqiymalagichdan chiqariladi. Ustidan bir stakan qaynoq suv quyib, 12 soat tindirib qo‘yiladi. 2-3 kun mobaynida yarim stakandan ichiladi.
  • Agar tuzlangan karam suvidan ovqatdan 30 daqiqa oldin yarim stakandan ichib turilsa, gijjaning lyambliya turi yo‘qoladi.
  • Ertalab nahorda bir necha shovul bargidan yeyish yaxshi naf beradi. Shuningdek, nok mevasi va urug‘i ham gijjalarni yo‘qotadi. Faqat nok va uning urug‘ini yaxshilab chaynash kerak. Yong‘oq bargi va sabzi urug‘ining damlamalari ham gijjalarni tushirishga xizmat qiladi.
  • Abu Ali ibn Sino gijjani tushirishda bo‘yimodaron (tыsyachelistnik) o‘simligidan foydalangan. Buning uchun o‘simlik guli kukunidan quyuq damlama tayyorlab, kuniga nahorda 1-2 osh qoshiq miqdorida ichish tavsiya etiladi.
  • Juda yaxshi samara beruvchi yana bir muolaja: 500 g qovoq urug‘i go‘shtqiymalagichdan o‘tkaziladi. Keyin uni bankaga solib, ustidan bir litr suv quyiladi. Bankani ichidagi aralashmasi bilan birga boshqa suvli idishga solib qaynatiladi. Aralashma qaynash darajasiga yetgach, olib sovitiladi. Bir litrning hammasi och qoringa yigirma daqiqa davomida ichiladi. Ikki soat o‘tgach, surgi dori qabul qilinadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Bolalarda gijja: turlari, yuqish yo‘llari, belgilari va davolash usullari

© «Bir safda» jurnali.