FVV ogohlantiradi — Botulizm

Qish mavsumida aholi o‘rtasida tuzlangan, dudlangan va konserva mahsulotlarini iste’mol qilishga bo‘lgan talab ortishi, uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilib, kasallanish holatlari kuzatilgan. Mutaxassislar ovqatdan zaharlanishni – botulizm deb atashadi. Botulizm ovqatdan zaharlanishning bir turi bo‘lib, uning qo‘zg‘atuvchisi uzoq vaqt tuproqda saqlanadigan sporalardir. Ular ochiq havoda mutlaqo zararsiz. Ammo havosiz
muhitga ko‘chganda ko‘payib, nihoyatda kuchli zahar – ekzotoksin ishlab chiqarish xususiyatiga ega. Sporalar tuproq orqali sabzavot, qo‘ziqorin va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga o‘tadi. Ushbu oziq-ovqat mahsulotlaridan tayyorlangan konservada — havosiz sharoitda sporalar o‘zidan o‘tkir zahar chiqaradi. Qarabsizki, konserva mahsuloti tayyor zaharga aylanadi. Botulotoksin mahsulotlar rangi va ta’mini o‘zgartirmaydi. Shu sababli, zaharlangan konservani bilib bo‘lmaydi. Toksin oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga organizmga tushar ekan, oshqozon shirasida parchalanmasdan ichakda so‘riladi va markaziy nerv tizimi hamda bosh miyada shikastlanish o‘choqlarini paydo qiladi. Toksinlar organizmga tushib, kasallik belgilarini paydo qilguncha oradan bir necha soat, hatto bir kecha-kunduz o‘tishi mumkin. Bunda kishida intoksikatsiya belgilari – umumiy darmonsizlik, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Shuningdek, ko‘z qorachig‘i kengayib, narsalar ko‘zga qo‘shaloq bo‘lib ko‘rina boshlaydi. So‘ngra yumshoq tanglay, xalqum falajlanadi. Oqibatda yemakni chaynash, yutish qiyinlashadi. Bunday zaharlanish holatida tana harorati o‘rtacha yoki past bo‘lib, tomir urishi tezlashadi, nafas olish qiyinlashadi. Kasallik yengil o‘tganda ikki-uch hafta, og‘ir o‘tganda esa ikki-uch oy davom etishi mumkin. 60-70 foiz holatlarda o‘lim bilan tugaydi. Qopqog‘i ko‘tarilgan bankalardagi mahsulotlar mutlaqo iste’molga yaroqsizdir. Shu sababli, ularni tezda tashlab yuborish maqsadga muvofiqdir. Ushbu xastalik bilan og‘rigan bemorlar faqat shifoxonada davolanadilar. Botulizmga qarshi  zardob, sun’iy nafas oldirish apparatlari yordamida kurashiladi. Xasta bo‘lmasdan turib, uning oldini olgan ma’qul. Shu bois, mazkur kasallik kelib chiqishining oldini olishda, eng avvalo, konservalash jarayonida sanitariya talablariga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Qolaversa, konserva idishlari qopqoqlarida shish va suyuqliklarning tiniqligi o‘zgarishiga doimo e’tiborli bo‘lish kerak. Sog‘lig‘imiz – boyligimiz. Shunday ekan, unga loqayd qaramaylik.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*