Esnash kasallikmi?

Esnash reflektor nafas akti bo‘lib, bu og‘izni katta ochgan holda nafas olish va nisbatan tez chiqarishdir, mazkur jarayonda o‘ziga xos ovoz ham hosil bo‘ladi. Ko‘pgina sut emizuvchilarda charchaganda, yurak va tomirlar ishi yomonlashganda, dim xonada bo‘lganda, shuningdek, uyquchanlikda esnoq kuzatiladi.

Ma’lumki esnash judayam «yuqumlidir». Kishi esnashdan hecham o‘zini tutib turolmaydi, agar suhbatdoshi hozirgina esnagan bo‘lsa.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur holatni insonlarga bir-biri bilan muloqot qilishga yordam beradigan ijtimoiy empatiya (birovning hissiy holatiga hamdardlik)ning o‘ziga xos turi bilan tushuntirish mumkin. Insonda birinchi esnash to‘rt-besh yoshlarda, atrofdagi odamlarning hissiyotlarini interpretatsiya qilish tajribasini o‘zlashtirganda paydo bo‘ladi.

Italiyadagi Piza universiteti mutaxassislari Osiyo, Shimoliy Amerika va Yevropadan 109 nafar ko‘ngillilar orasida tekshirish o‘tkazishdi. 480 ta esnash xurujlari tahlil qilindi. Ekspertlar aniqlashdiki, esnash «yuqumliligining» bosh omili «kontaktlanuvchilar» orasidagi muloqot ekan. Eng «yuqumli» esnashlar oila a’zolari orasida kuzatilgan, tekshiriluvchilarning deyarli yarmi oila a’zosining ketidan kuchli esnash xohishini bildirishgan. «Yuqumlilik» bo‘yicha ro‘yxatda keyingi o‘rinda turuvchilar do‘stlar ekan – 25 foiz. Keyin tanishlar – 12,5 foiz, notanish odam ketidan esnashni xohlaganlar 10 foizni tashkil qilishdi.

Aytish kerakki, esnashning odamga o‘ziga xos foydali jihatlari ham bor. U charchoqni yengishga, ruhiy yukni kamaytirishga, o‘pkadagi havoni yangilashga va miyani «sovitish»ga yordam beradi. Ammo uzundan-uzoq esnash bosh miyaning kislorod tanqisligiga duchor bo‘lganini va ayrim xastaliklar rivojlanayotganini bildirishi mumkin. Qizig‘i, esnashning sababi borasidagi gipotezalarning birortasi ham shu kungacha to‘liq isbotini topmagan.

Olimlarning ta’kidlashicha, esnash tezroq uxlashga ko‘maklashmaydi, aksincha uyquni qochirib, organizmni tetiklashtiradi. Mutaxassislar uchuvchi-sinovchilar va parashyutchilarni kuzatib, mas’uliyatli parvoz oldidan ularning esnash boshlashiga e’tibor qaratishgan. Odatda kuchli hissiy zo‘riqishda, xavfli vaziyatlarda o‘z-o‘zidan odamning nafasi ichiga tushib ketadi. Shuningdek, bunday holatlarda yana bir mexanizm – esnash ro‘y berishi mumkin. Chuqur nafas olish qonni kislorod bilan boyitadi, bu kislorod miyaga yetib boradi va qat’iy harakatga tayyorlanishda unga yordam beradi.

«Esnash nafaqat zerikish yoki uyquning, miya haroratini muvofiqlashtiruvchi murakkab operatsiyaning belgisi hamdir», deyishmoqda amerikalik mutaxassislar. Nyu-York shtati universiteti professori Endryu Gellapning fikricha, odam miyasi kompyuterga o‘xshaydi: «qizib ketsa», u yomon ishlay boshlaydi, shunda esnoq bosib, miyaning qon bilan ta’minlanishi yaxshilanadi, unga nisbatan sovuq havo yetib boradi. Natijada miya faoliyati jadallashadi.

Esnash paytida eng ko‘p jag‘ mushaklari zo‘riqib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘ruvga ta’sir o‘tkazadi. Olimlarning aytishicha, bruksizmga chalinganlar, ya’ni uyqusida tishini g‘ijirlatadiganlarga esnash foydali ekan.

1 ta savol

  1. Аноним

    Nima uchun odam esnaganida koziga yosh keladi?

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*