Erkaklar salomatligiga xatarlar

Agar sizni salomatligingizdan ko‘ra ko‘proq mashinangiz yoki sevimli gadjetingiz tashvishlantirsa, demak, siz yolg‘iz emassiz. Aksariyat erkaklarning salomatlik masalasiga panja ortidan qarashi uzoq muddatli kelajakda qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun kompyuterdan uzoqlashing va shifokor qabuliga boring.

        Yurak

Yomon ishlayotgan “motor” o‘zi haqida turli tovushlar yordamida eslatishi mumkin. Agar ularni e’tiborsiz qoldirsangiz, oqibatlari ko‘ngilsiz emas, o‘limga olib keluvchi bo‘lishi aniq. “American Heart Association” ma’lumotlariga ko‘ra, yoshi katta erkaklarning uchdan bir qismi yurak-qon tomir kasalliklarining u yoki bu turidan aziyat chekishi aniqlangan. Rejali ko‘riklar muammoni aniqlash va o‘z uni vaqtida davolashga yordam beradi.

O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi va boshqa respirator kasalliklar

O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi (O‘SOK) odatda kashandaning yengil yo‘talidan boshlanadi. Vaqt o‘tishi bilan u o‘pka saratoni va emfizemasiga olib kelishi mumkin. Butun dunyo bo‘ylab har yili erkaklarda borgan sari ko‘proq saraton kasalligi aniqlanmoqda. Albatta, bunda atmosferaning ifloslanishi, ishlab chiqarish omillari ham o‘z rolini o‘ynaydi, biroq kashandalik oldingiday saraton xastaligining bosh sababchisi bo‘lib qolmoqda.
     

Alkogol

Alkogoldan o‘lish va ichkilikka mukkasidan ketish sababli kasalxonalarga tushish holatlari ayollarga qaraganda erkaklarda juda ko‘p. Buning ustiga erkaklar ikki baravar ko‘p ichadi va mast paytda agressiyaga moyil bo‘ladi. Spirtli ichimliklarni suiste’mol qilish og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq, qizilo‘ngach, jigar va yo‘g‘on ichak saratoni rivojlanishi xavfini oshiradi. Shuningdek, alkogol gormonlar ishlab chiqilishiga ta’sir ko‘rsatadi, bu esa bepushtlikka olib kelishi mumkin.

Tasodifiy jarohatlar va avariyalar

Erkak qanchalik sog‘lom bo‘lmasin, u baribir suvga g‘arq bo‘lish, bosh miya suyagi jarohatini olish yoki mashina urishi xavfidan himoyalanmagan. Kasalliklar profilaktikasi va ularni nazorat qilish markazlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2006 yilda erkaklar orasidagi o‘lim holatlariga aynan fojiali tasodiflar bosh sababchi bo‘lgan. Masalan, ishlab chiqarishdagi jarohatlardan asosan erkaklar jabrlangan – bu jabrlanganlar umumiy sonining 92 foizini tashkil etadi.
 

Jigar kasalliklari

Erkak jigarining o‘lchamini futbol to‘pi bilan taqqoslash mumkin. Ushbu organning vazifasiga oziqlantiruvchi moddalarni so‘rish va organizmni toksinlardan xalos etish kiradi. Eng “mashhur” jigar kasalliklari orasida sirroz, gepatit, autoimmun va genetik kasalliklarni hamda saratonni qayd etish mumkin. Alkogol va kashandalik esa jigar muammolarini yanada chuqurlashtiradi, xolos.

Diabet

Amerika diabetlar uyushmasi vakillarining fikricha, «zamonaviy erkak» – bu qonidagi qand moddasi miqdorini biladigan odamdir. Diabetga chalingan erkaklar testosteron darajasining tushib ketishi holatiga tez-tez duch keladi. Davolanmayotgan diabet buyrak, yurak, asab tizimi, ko‘z kasalliklariga hamda so‘qirlikka olib keladi.

Teri saratoni

Yoshi 50 dan oshgan erkaklar, ayollarga qaraganda ikki baravar ko‘proq teri saratoni rivojlanishi xavfiga moyil bo‘ladi. Nega deysizmi? Quyosh ta’siri va shifokor huzuriga borishning kamligi tufayli. Onkologlar solyariylardan qochish, ko‘chaga chiqishdan oldin qora ko‘zoynak taqish va quyosh nurlaridan himoya qiluvchi kremdan foydalanishni tavsiya etadi.

Manba: «Darakchi» gazetasi.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*