Epilepsiya va uning zamonaviy yechimi

 

Insonning miya faoliyati bilan bog‘liq kasalliklar ichida epilepsiya ko‘proq uchrashiga guvoh bo‘lish mumkin. Uning ijtimoiy jihatdan xavfi katta bo‘lgani uchun turmush qurish arafasida turgan yigit-qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar ulardan birortasi epilepsiya yoki boshqa ruhiy kasalliklar bo‘yicha hisobda tursa, tug‘ilajak farzandlarga undagi genetik belgilar ya’ni ruhiy nuqsonlar o‘tishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun ham epilepsiya kasalligiga yo‘liqqan bemor taqdiri tibbiyot xodimlarini hamisha tashvishga solib keladi. Bu kasallikning kelib chiqish sabablari, o‘ziga xos simptomlari, diagnostikasi, davolash jarayoni va profilaktikasi to‘g‘risida «O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi muxbiri Olmazor tumanidagi 18-oilaviy poliklinika psixonevrologi Iroda Karimova bilan suhbatlashdi. Siz quyida shu suhbatni o‘qishingiz mumkin.

– Epilepsiyaning kelib chiqish sabablarini mutaxassis sifatida qanday sharhlaysiz?

– Oddiy tilda biz uni tutqanoq yoki quyonchiq deb ataymiz. Kasallik etiologiyasi va patogenezi oxirigacha o‘rganilmagan. Birinchi tutqanoq vaqtidagi bemorning yoshi bevosita kasallikning paydo bo‘lish sabablari bilan bog‘liqdir. Yangi tug‘ilgan chaqaloq va emizikli bolada og‘ir gipoksiya, bosh miya rivojlanish nuqsonlari va metabolik genetik nuqsonlar (gipoglikemiya, gipokaliyemiya, vitamin V 6 yetishmasligi) xastalik kuchayishiga sabab bo‘lishi taxmin qilingan. Epilepsiya etiologiyasida tug‘ruq travmalari (qisqich ishlatish sababli homila boshchasi va chanoq o‘lchamlarining to‘g‘ri kelmasligi) o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Ayrim hollarda epilepsiyaga duchor bo‘lgan bemorlarning onasi homiladorlik vaqtida qizilcha, grippning og‘ir formasi yoki bosh miya jarohatlanishiga uchragan, spirtli ichimlik, giyohvand modda iste’mol qilgan va tetratogen ta’sirga ega dorilar (rezerpin, remantadin) qabul qilgani aniqlangan. Epilepsiya patogenezini aniqlash mutaxassislarga anchagina qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Turli xil etiologik omillar – alohida neyronlarning ichki qo‘zg‘alishi, funksiponal bog‘langan sistemali neyronlarning qo‘zg‘alishi yoki tormozlanishi, bosh miyaning energetik holati, ayrim aminoksilotalar metabolizimining buzilishi tufayli talvasa kelib chiqishi mumkin. Hozirgi vaqtda epilepsiya patogenezida yangi konsepsiya, ya’ni kaliy (K+) kanallari blokadasidan keng foydalanilmoqda. Bu esa neyronalararo halqa sirkulyatsiyasidagi impulslarning o‘tishini qiyinlashtiradi. Qo‘zg‘atuvchi transmitter (aspartat va glyutamat) tutqanoq rivojlanishida asosiy mexanizm bo‘lib, tormozlovchi (gamma-aminomoy kislotasi) uning tugashini ta’minlaydi.

– Kasallikning aholi o‘rtasida uchrash darajasi qanday va uni aniqlash mezonlari bormi?

– Turli xurujlar va hushdan ketish bilan boshlanadigan epilepsiya yosh tanlamaydi, u bir necha oylik chaqaloqda ham, kattalarda ham uchrashini kuzatganmiz. Har 1000 kishidan 5-10 nafari epilepsiyaga yo‘liqqan bo‘lib, asosan 20 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarda ko‘proq uchrashi mumkin. Kasallanish darajasi jinsga bog‘liq emas, erkak-ayollarda teppa-teng yuradi. Xuddi boshqa asab kasalliklari kabi epilepsiyada nasliy omilning ta’siri yaqqol seziladi. O‘tgan asrning 50-yillarigacha aksariyat davlatlarda epilepsiyadagi nasliy omil juda bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Keyinchalik ilm-fan yutuqlari bunday farazni yo‘qqa chiqardi. Bugungi statistik ma’lumotlar ota-onadan biri epilepsiya bilan og‘risa, ulardan kasal bola tug‘ilishi xavfi 10 foizdan oshmasligini ko‘rsatmoqda. Agar xastalik har ikkisida uchrasa, bu – chinakam fojia. Bola bir umr epilepsiya “girdobi”da qoladi. Tashxis qo‘yish uchun shifokor bemordagi kasallik hamda irsiy moyillikni tekshiradi. Aniq tashxis qo‘yish juda murakkab. Buning uchun mutaxassis ko‘p bosqichli tekshiruvni amalga oshirishi darkor. Elektroensealografiya (EEG) apparati vositasida bemorning miya faoliyati tekshiriladi. EEGda kuzatiladigan patologik o‘zgarishlar, o‘tkir to‘lqinlar, kompleks pik to‘lqinlar, sekin to‘lqinli paroksizma ko‘rinishida kechadi. Epilektik aktivlik kasallikka duchor bo‘lgan bemorlarning 30-40 foizida aniqlanadi. Hozirgi vaqtda amaliyotga keng joriy qilingan komyuter tomografiya va magnit-rezonans tomografiya tekshiruvlari tashxis qo‘yishda aniqlikni ta’minlab, shifokorning bemorni davolashi uchun yengillik tug‘diradi. EEG ko‘rsatkichlari meyorida bo‘lsa, shifokor tutqanoqqa qarshi preparatlarni to‘xtatishga maslahat beradi.

epilepsiya

– Boshqa xastaliklar kabi epilepsiya ham turlarga ajratiladimi?

– 1989 yilda qabul qilingan xalqaro tasnifga ko‘ra, kasallik birlamchi (idiopatik) va ikkilamchi (simptomatik) turlarga bo‘linadi. Epilepsiyaga tibbiy jihatdan chuqur izoh berganimizda, parsial, oddiy, murakkab, ikkilamchi generallashgan, generallashgan, toniko-klonik, tonik, klonik, mioklonik, absans, atonik xususiyatlariga to‘xtalib o‘tish kerak. Oddiy parsial tutqanoqning boshlanishi lokal xarakterda bo‘lib, bemorning es-hushi yo‘qolmaydi. Uning klinik belgisida turli holatlar (motor, sensor, vegetativ va psixik) kuzatilib, epileptik o‘choqning lokalizatsiyasi va epileptik sistemaning morfunksional xususiyatiga bog‘liq. Murakkab parsial tutqanoq hushning buzilishi bilan kechadi. Bemor keyinchalik bo‘lib o‘tgan voqealarni umuman eslolmaydi U ko‘pincha aura bilan boshlanadi. Aura tutqanoqning xabarchisi bo‘lib, xuruj boshlanishiga bir necha soat qolganda, ba’zan esa bir-ikki kun oldin bemorning uyqusi qochadi, xavotir paydo bo‘lib, jahlini bosa olmaydi, yuzi yoki tanasining ba’zi joylarida uvushish yuzaga keladi, lab burchaklari titray boshlaydi. Bemor atrofida ro‘y berayotgan voqeani noreal (derealizatsiya) deb qabul qiladi. Ayrim u “ko‘rib bo‘lgan” yoki “umuman ko‘rmagan” hissiyotga duch kelgandek bo‘ladi. Epilepsiyaning ba’zi turlarida aura kuzatilmaydi. Aurasiz kuzatiladigan katta tutqanoq hayot uchun juda xavflidir. Bemor bosh miya va tan jarohatiga uchrashini oldindan bilib bo‘lmaydi. Toniko-klonik epilepsiya uchun bu belgi tipik bo‘lib hisoblanadi. Bunga xos xarakterli belgi endogen va ekzogen omillar – menstruatsiya, mastlik, o‘ta toliqishga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tanadagi barcha mushaklarda tonik qisqarish boshlanadi. Bemorning ko‘zlari katta ochiladi, ko‘z soqqasi yuqoriga ketadi, qorachiqlari kengayadi, yorug‘likdan ko‘zi qamashadi. Spazmlashgan tovush yoriqlaridan havo o‘tganda epileptik qichqirish paydo bo‘ladi, bu bir necha sekund davom etadi. Keyinchalik mushaklarning tonik rigidligi qaltirashga o‘tadi va klonik fazasi boshlanadi. Klonik tutqanoq faqat klonik faza bilan xarakterlanadi. Bu ko‘pincha emizikli bolalarda kuzatiladi. Bunda bola hushidan ketib, vegetativ buzilishlar bilan birga ikki tomonlama ritmik klonik tutqanoq paydo bo‘ladi. Tungi xuruj kunduzgisidan boshqacharoq tarzda kechadi. Bemor birdan uyg‘onib ketadi, boshi qattiq og‘riydi, kutilmaganda qayt qiladi, asta-sekin ko‘zi va boshi yon tomonga qayrilgan holda tutqanoq xurujlari boshlanib ketadi. Uning yuzi qiyshayib qoladi, so‘lagi oqadi va duduqlana boshlaydi, tilini tishlab olishi, og‘zidan qon aralash ko‘pik kelishi, siyib yuborishi bilan yon-atrofida turgan yaqinlarini hayajonga soladi. Yotgan joyidan tezlikda turib, o‘tirib oladi, oyoqlari bilan velosiped haydayotgandek harakat qiladi, g‘ujanak bo‘lib to‘shakka ag‘anaydi. Gohida u o‘rnidan turib yurib ketadi, qadamini to‘xtatadi, yugurib uydan chiqib ketishi mumkin. Xuruji jarayoni 30 soniyadan 2 daqiqagacha davom etadi. Bemor o‘ziga kelgach, nimalar qilganini eslay olmaydi, ba’zan nima sodir bo‘lganini chala-chulpa hikoya qilib beradi. Epilepsiya qanday holatda va qaysi turda uchramasin, ularning barchasida bir-biriga o‘xshash jihatlar ko‘p. Shuning uchun ham biz shifokorlar kasallikka umumiy qilib, “epilepsiya” nomini berganmiz. Yuqorida keltirib o‘tganlarim esa tadqiqotchilar olib borgan ilmiy izlanishlardan bir shingili, xolos.

– Epilepsiya ruhiy kasallik turi bo‘lgani uchun bemorning miya faoliyati va yurak funksiyasida o‘ziga xos “muhit” mavjud. Ana shu “muhit”ga moslashib yashaydigan bemorning xatti-harakatlarida qanday holat kuzatiladi va bu uning yon-atrofidagi kishilarga ta’sir qilish darajasi xususida nima deya olasiz?

– Epilepsiyada xulq-atvor o‘zgarishlari ba’zan “ijobiy” tus oladi. Ular kimgadir keragidan ortiq darajada mehribon, bosh yordamchi, kulib turadigan, muloyim, har qanday ishga bel bog‘lab kirishib ketadigan shaxslardir. Bu mehribonlik ba’zi hollarda oila a’zolariga emas, begonalarga ko‘rsatiladi. Bemorning jahlini chiqarish oson, qilayotgan ishlariga mos e’tiborni sezmasa yoki tanbeh eshitsa, u yanada qaysar va o‘jar bo‘lib qoladi. Agar bemor birorta kishi bilan “san-man”ga borsa, qaytib o‘sha odamga umuman yaqinlashmaydi. Bu tipdagi kishilarning ayrimlari haqiqatparvar bo‘lsa, ba’zilari g‘irt yolg‘onchi bo‘lishadi. Uning uchun begona odam nohaqlikdan aziyat cheksa, uzoq vaqt u haqda gapirib yuradi, qo‘lidan kelsa, yordamga shoshadi. Ba’zi bemorlar uyi va ishxonasini saranjom-sarishta tutishadi, ozoda kiyinishadi, juda tartibli bo‘lib, ular ba’zan kleptomaniya (kerakmas narsalarni o‘g‘irlash) bilan ham shug‘ullanadilar. Epilepsiya kasalligida kuzatiladigan shaxsiyat o‘zgarishlari kasallikning qaysi yoshda boshlangani, xurujlar soni va turi, o‘tkazilayotgan davolash muolajalarining uzviyligiga bog‘liqdir.

– Epilepsiyaning davolash bosqichlari qanday olib boriladi? Bemor ruhiy kasalliklar dispanserida hisobga olingach, u bilan davolash ishlarini tashkil etishda nimalarga ahamiyat beriladi?

– Ko‘pincha epileptik bemorni nevrologik xarakterdagi kasal, deb hisoblashadi. Bemorga tashxis qo‘yish nevropatolog yoki psixonevrolog zimmasiga tushadi. Psixik nuqson ayrim bemorlarda (25-30 foiz) turli darajada yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin. Davolashni boshlashdan avval shifokor bemorda serebral (o‘sma, ensefalit va boshqalar) yoki ekstratserebral (insuloma, gipoparatireoz) yo‘qligiga ishonch hosil qilishi kerak. Kasallik kompleks, individual, uzluksiz va uzoq muddat davolanishi kerak. Davolash epileptik tutqanoq turini hisobga olgan holda bitta preparat (monoterapiya)dan boshlanadi. Toniko-klonik, tonik, klonik, mioklonik, generallashgan tutqanoqlarda fenobarbitol, benzonal, glyuferal, difenin (fenitoin), karbomazepin (finlepsin, tegretol, stazepin, geksomidin (primidon), volproat natriy (depakin, konvuleks, atsediprol) kabi preparatlar qo‘llaniladi. Oddiy porsial va murakkab tutqanoq turiga qarab, shifokor preparatni to‘g‘ri tavsiya qilishi kerak. Uning dozasini belgilashda tutqanoqqa nojo‘ya ta’sir hosil qilmasligi hisobga olinadi. Birdan ko‘p miqdorda yoki o‘ta kam darajada berish tavsiya qilinmaydi. Preparat dozasi empirik tanlanadi, uning qondagi konsentratsiyasi 2-3 soatdan keyin kulminatsion cho‘qqiga yetadi. Bolalarda sutkalik doza kattalarga nisbatan yuqoriroq bo‘lib, bu ularda metabolizmning intensiv kechishi bilan bog‘liqdir. Bola o‘sgan sari metabolizm sekinlashadi va katta yoshdagi odamlar uchun preparat dozasi kamaytiriladi: 60 yoshdan keyin 20-25 foizga, 70 yoshdan keyin 30-50 foizga. Agar bemor homiladorlik davrini boshdan kechirayotgan bo‘lsa, ikkinchi yarmida doza nisbatan oshiriladi. Agar muolaja samara bermasa, bir nechta preparatlar kombinatsiyasi qo‘llaniladi. Davolashni har doim bitta preparatdan boshlab, dozani asta-sekinlik bilan oshirishning ahamiyati katta. Muolaja tartibi buzilsa, ya’ni preparat qo‘llanilmay qo‘ysa, alkogol qabul qilinsa, haddan tashqari toliqish, giperinsolyatsiya, uyqu yetishmovchiligi ro‘y bersa, bemorning ahvolida salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Rezidual epiloptogen jarohatlanishning dekompensatsiya belgilarida kursdan tashqari degidratatsion, so‘rdiruvchi, qon-tomir davosi olib boriladi. EEG natijasi va terapevtik remissiya xulosasiga ko‘ra, davolash jarayoni 3 yildan kam bo‘lmasligi lozim. Preparat qabuli asta-sekinlik bilan kamaytirilib, bemorning ahvoli o‘nglanishiga qarab, batamom to‘xtatiladi. Agar tutqanoq davolanmasa va tez-tez qaytalasa, bemor neyroxirurgik tekshirish va davolashga yotqiziladi. Xirurgik davoda epileptik o‘choq olib tashlanadi.

So‘nggi yillarda epilepsiyaga qarshi yangi preparat – lamiktal (lamo-tridjin) keng qo‘llanilmoqda. Oddiy va murakkab, absans, generallashgan, toniko-klonik tutqanoqda bu preparat kutilgan samarani beradi. Lamiktal kuniga 50 mg.dan boshlanib, asta-sekinlik bilan 200 mg.gacha yetkaziladi. Qaysi preparat bo‘lishidan qat’i nazar, bemorning yaqinlari uni qabul qilishda, albatta, shifokor bilan maslahatlashib ish tutganlari ma’qul.

Epilepsiya tashxisi qo‘yilgan bemor hududiy tuman ruhiy kasalliklar dispanserida hisobga olinib, doimiy ravishda psixoterapevt yoki psixonevrolog nazoratida bo‘lishi kerak. Zaruriy muolaja usullari uning ko‘rsatmasi bilan amalga oshiriladi.

2 комментария

  1. Ассалому алайкум! мени фарзандим хозирда 5 ёшда. унга ЗРР Цереброастемия диагнози куйилган.
    бола жисмонан соглом лекин гапирмайди. Хозирда махсус богчада юради.
    Айтинчи бу касалликнинг давоси борми. Ушбу касалликни даволовчи шифокор ва унинг
    касалхона манзилини берсангиз. Олдиндан рахмат. Фаррухбек.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*