El sog‘ligi — yurt boyligi

Epilepsiya xuruj qilsa…

Epilepsiya bosh miyaning surunkali kasalligi bo‘lib, asosan tutqanoq yoki tirishish xurujlari bilan kechadi. Bu kasallik birlamchi, ya’ni tug‘ma yoki ikkilamchi, ya’ni ba’zi bosh miya kasalliklari natijasida rivojlanadi. Bundan tashqari, epilepsiya hech qanday sababsiz ham kelib chiqishi mumkin.

Epilepsiya nasldan-naslga o‘tishi ham, o‘tmasligi ham mumkin. Ikkilamchi turi bosh miya jarohatlari, organizmning zaharlanish kasalliklari, meningitlar, meningoensefalitlar, o‘smalar, bosh miyada o‘tkazilgan turli operatsiyalar, insultlar, bundan tashqari, bola tug‘ilayotgan paytda yoki homiladorlik paytida olingan jarohatlar, bolalarning turli yuqumli kasalliklari tufayli kelib chiqishi kuzatiladi. Qolaversa, ayrim xastaliklar tutqanoq bilan kechishi mumkin, masalan, bosh miyaga qon quyilishi – gemorragik insult, homiladorlik davrida kuzatiladigan eklampsiya.

Agar o‘z vaqtida davolansa, epilepsiyaning, ayniqsa ikkilamchi turi to‘liq tuzalib ketishi mumkin.

Tutqanoq xurujlarining turli shakllari bor. Generallashgan tutqanoqlar albatta bemorning hushdan ketishi bilan kechadi. Fokal (parsial) tutqanoqlarda tirishish yuz beradi-yu, hushdan ketish kuzatilmaydi.

Ba’zilar tutqanoqda albatta tirishish va hushdan ketish kuzatiladi (bu katta tutqanoqlar deb ataladi) deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, tutqanoq xurujlarining turi juda ko‘p. Ba’zan bemor bir necha soniyaga (10-20 soniyaga) hushidan ketadi – qotib qoladi, buni hatto o‘zi sezmaydi ham (bunday xurujlar kichik tutqanoqlar – absans deb ataladi). Xuddi ana shu xurujlardan bemorning atrofidagilar bexabar qolishadi, chunki bemorning o‘zi ham nima yuz berganini bilmaydi-da. Bu xurujlar bir kunda bir necha bor takrorlansa, yaqinlari e’tibor berishni boshlaydilar. Epilepsiyaning o‘ziga xos tomoni ham shunda: bemor xuruj payti nimalar bo‘lganini mutlaqo eslay olmaydi. Bu holat tibbiyotda tutqanoqdan keyingi amneziya (ya’ni eslay olmaslik) deb ataladi. Faqat bemor u yer-bu yeri shilingani yoki ko‘karganidan xuruj bo‘lganini bilib qolishi mumkin.

Tutqanoqning ong buzilishi bilan kechadigan yana bir turi ham bor. Bunda bemor sog‘lom odamlardek harakat qiladi, masalan, ko‘chaga chiqadi, mashinaga o‘tiradi, hatto boshqa joylarga borib qolishi ham mumkin. Xuruj o‘tganidan keyin esa u yerga qanday kelganini eslay olmaydi.

Tutqanoq xuruji yuz bergan payt birinchi navbatda bemorni tekis, jarohat yetmaydigan joyga yotqizish va boshini o‘ngga yoki chapga burib turish zarur. Bemorning tishlari orasiga qo‘l yoki boshqa narsa tiqish kerak emas. Aks holda bemorning tishlari sinishi yoki qo‘lingizga jarohat yetishi mumkin. Unutmaslik kerakki, tutqanoq xuruji odatda bir daqiqada, uzog‘i bilan uch daqiqada o‘tib ketadi.

Tutqanoq xurujlari ko‘p bo‘ladigan bemorlar buni oldindan sezishadi, ya’ni ularda darakchi belgilar kuzatiladi. Bunday bemorlar xurujdan oldin darrov tekis yerga yotishadi-da, tishlarining orasiga biror yumshoq narsani tiqib olishadi. Xurujdan ikki-uch daqiqa oldin kuzatiladigan darakchi belgilar tibbiyotda aura deb ataladi, uning bir nechta turlari bor. Ko‘rish aurasida bemorning ko‘z oldida turli shakllar va ranglar (masalan, qon rangi), yong‘in, chaqmoq paydo bo‘ladi. Eshitish aurasida esa quloqqa har xil ovoz, qichqiriq, hushtak, tasir-tusurlar eshitiladi. Hid bilish aurasida turli xil noxush hidlar; motor aurasida kutilmagan harakatlar; vegetativ aurada ko‘ngil aynishi, qusish, yurak urishi, nafas olishning buzilishi, oqarib yoki aksincha qizarib ketish kuzatiladi. Bemorda auraning muayyan turi uchraydi va har safar tutishidan oldin aynan shu turi bezovta qiladi. Aura hamma bemorlarda ham uchrayvermaydi.

Agar tutqanoq xurujlari birin-ketin sodir bo‘laversa, yarim soat ichida ham o‘tib ketmasa, bu epileptik status deb ataladi. Bunday holatda zudlik bilan «Tez yordam» chaqirib, bemorni kasalxonaga olib borish zarur. Bunday bemorga shifokorlardan boshqa hech kim yordam bera olmaydi. Epileptik status hatto o‘limgacha olib borishi mumkin, shuning uchun ham kechikish aslo mumkin emas.

Epilepsiya kasalligini davolash, albatta, qat’iy tartib asosida olib borilishi shart. Bemorlar buyurilgan dorini o‘z vaqtida qabul qilishlari juda muhim. Ayrim bemorlar muolaja olsalar-da, xurujlar soni kamaymayotganidan shikoyat qilishadi. Bunday holatlarda yo dorilarning dozasi noto‘g‘ri belgilangan, yoki tutqanoqning o‘sha turiga mos dori tanlanmagan bo‘ladi.

Agar bemor dori ichishni o‘zboshimchalik bilan to‘xtatib qo‘ysa, bir-ikki kundan keyin avvalgidan ham kuchliroq xuruj tutishi, xurujlar soni ko‘payib ketishi mumkin.

Ikkilamchi epilepsiyada dorilar asosan uch yildan besh yilgacha buyuriladi. Bu vaqtda dorining dozasi yo kamaytirib, yoki ko‘paytirib boriladi. Agar shu vaqt ichida tutqanoq tutmasa, elektrensefalografiya va boshqa tekshiruvlar natijalari yaxshi chiqsa, dorilar to‘xtatilib, bemor ro‘yxatdan chiqariladi.

© Mehriniso QILICHЕVA, oliy toifali shifokor.

«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *