Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi?

Epilepsiya – turli xil xurujlar va xushdan ketishlar bilan namoyon bo‘luvchi bosh miyaning surunkali kasalligi. Epilepsiya aholi orasida ko‘p tarqalgan. Har 1000 kishidan 5-10 ta odamda epilepsiya kasalligi aniqlanadi. Epilepsiyaning 70 foizi 20 yoshgacha bo‘lgan davrda rivojlanadi. Kasallanish darajasi erkak va ayollarda deyarli bir xil.
Epilepsiya buyuk shaxslarda ham uchraydimi?
Tarixdan ma’lumki, Suqrot, Platon, Yuliy Sezar, Janna D ‘Ark, Van Gog, Napoleon, F. Dostoyevskiy  kabi buyuk shaxslar epilepsiya bilan og‘rigan. Shuning uchun ham ba’zi mutaxassislar faqat kuchli tafakkur egalari epilepsiya bilan og‘rishadi deyishsa, boshqa birlari tutqanoq xurujlari odamda talant kurtaklarini qo‘zg‘ab yuboradi, deb hisoblashadi. Bu fikrlarga to‘la qo‘shilish qiyin, biroq epilepsiya bilan og‘riydigan ba’zi bemorlarda kuchli talant alomatlarini men ham kuzatganman. Davolanishga kelgan bemorlar orasida kuchli rassom, shoir va matematiklar bo‘lgan. Bunday bemorlar ichida inson hayratda qoladigan hikmatli iboralar o‘ylab topuvchilar, hikmatlarga boy bo‘lgan to‘rtliklar bituvchilar ko‘p. Doimo xuruj kuzatiladigan bir bemor qizda sezgi va idrok qobiliyatining kuchayganini guvohi bo‘lganman. Biroq, epilepsiya kasalligi bilan og‘riydigan aksariyat bemorlarda tutqanoq xurujlari vaqtida to‘xtatilmasa, og‘ir ruhiy buzilishlarga olib keladi, ularning aqli zaiflashib boradi. Tutqanoq xurujlari qanchalik erta yoshda boshlansa, ruhiy buzilishlar shuncha erta rivojlanishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, og‘ir ruhiy buzilishlar epilepsiyaning barcha turida ham kuzatilavermaydi.
Epilepsiya nasliy kasallikmi?
Xuddi boshqa asab kasalliklaridagi kabi epilepsiyada nasliy omilning ham ahamiyati bor. O‘tgan asrning 50-yillarigacha aksariyat davlatlarda epilepsiyada nasliy omilning ahamiyati juda bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Keyinchalik ilm-fan yutuqlari  bunday farazni yo‘qqa chiqardi. Hozirgi davrning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, ota-onalardan biri epilepsiya bilan og‘risa, ulardan kasal bola tug‘ilishi havfi 10 foizdan oshmaydi.
Epilepsining nechta turi bor?
Epilepsiyaning turlari juda ko‘p. Biroq tibbiy amaliyotda epilepsiyaning barcha turlarini 3 guruhga ajratib o‘rganishadi. Bular:

  1. Simptomatik epilepsiya – bosh miyaning biror-bir kasalligi sababli (o‘sma, meningit, leptomeningit, bosh miya jaroxatlari va boshqa sabablar) rivojlangan epilepsiya.
  2. Idiopatik epilepsiya  – kelib chiqishida nasliy omil ahamiyatli bo‘lgan epilepsiya. Ularda bosh miya kasalliklari aniqlanmaydi.
  3. Kriptogen epilepsiya – sababi topilmagan epilepsiya. Bunday bemorlarda epilepsiya aniqlanadi, biroq uning sabablarini aniqlab bo‘lmaydi.

Epilepsiya sabablari juda ko‘pmi?
Ha, sabablari ko‘p. Ularni qisqartirib ushbu jadvalda keltirib o‘taman.
Epilepsiya sabablari (Xarrison ma’lumotlari, 2000 y.)

Epilepsiya sabablari (Xarrison ma’lumotlari, 2000 y.)

Yoshi Epilepsiyaning asosiy sabablari
2 yoshgacha Homilador ona kasalliklari
Tug‘ish paytidagi miya  jaroxatlari
O‘tkir infeksiyalar
Mineral moddalar, vitaminlar va aminokislotalar yetishmovchiligi (kalsiy, magniy, V6 vitamini, glutamin kislotasi, folat kislota yetishmovchiligi)
Genetik buzilishlar
2-12 yosh Nasliy omillar
O‘tkir infeksiyalar
Bosh miya jaroxatlari
Febril tutqanoqlar (tana harorati oshganda uchraydigan xurujlar)
12-18 yosh Nasliy omillar
O‘tkir infeksiyalar
Bosh miya jaroxatlari
Miya tomirlari anevrizmalari
18-35 yosh Bosh miya jaroxatlari
Bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari
Alkogolizm
Bosh miya o‘smalari
35 yoshdan keyin Bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari
Bosh miya jaroxatlari
Bosh miya o‘smalari
Alkogolizm
Bosh miya qon tomir kasalliklari
Izoh: Epilepsiya sabablari ichida bosh miya jaroxatlarining ko‘p uchrashiga e’tibor bering.

Aura nima yoki epilepsiya xuruji boshlanishini oldindan bilish mumkinmi?
Aura – bu epilepsiya xabarchisi. Xurujlar boshlanishiga bir necha soat qolganda, ba’zan esa bir-ikki kun oldin bemorning uyqusi qochadi, xavotir paydo bo‘ladi, jahldor bo‘lib qoladi, yuzi yoki tanasining ba’zi joylarida uvishishlar paydo bo‘ladi, lab burchaklari titray boshlaydi. Odatda, mana shu belgilardan so‘ng katta tutqanoq xurujlari boshlanadi. Tutqanoq xurujlaridan oldin auralarning kelishi bu yaxshi. Chunki bunday paytlarda bemor o‘zini xavfsiz joyga oladi, ota-onasi yoki o‘zi uydan chiqib ketmaydi, xavfli joylarda yurgan bo‘lsa, xavfsiz joyga o‘tadi va h.k. Biroq epilepsiyaning ba’zi turlarida auralar kuzatilmaydi. Aurasiz uchraydigan katta tutqanoq xurujlari hayot uchun xavflidir! Bunday bemorlar bosh va tan jaroxatlariga ko‘p duchor bo‘lishadi. Chunki xurujlar bo‘lish paytini bemor bilmaydi va o‘zini havfsiz joyga ola olmaydi.
Tutqanoq xuruji qanday boshlanadi?
Tutqanoq xuruji to‘satdan boshlanadi. Xuruj boshlanganda bemorning yuzi va oyoq qo‘llari bir tomondan tortishib boshlaydi va bemor g‘ujanak bo‘lib yotib oladi. Nafas  olish qisqa vaqtga to‘xtaydi va bemorning rangi ko‘karib ketadi. Bu paytda u qichqirib yuboradi, tilini tishlab oladi. Bu vaqtda bemorning barcha muskullari qotib qoladi (tonik bosqich). Bu davr o‘rtacha 1 daqiqa davom etadi. Ba’zida 30 soniyadan oshmaydi.
Keyin xurujlarning titroqli davri (klonik bosqichi) boshlanadi. Bunda bosh va oyoq-qo‘llar titray boshlaydi. Bosh orqa va yon tomonga buraladi, ko‘z olmasi yuqori va yon tomonga qarab og‘adi. Shu holatda titrashlar davom etib turadi. Titroqlar 2-3 daqiqa davom etadi, bu paytda bemor siyib ham yuboradi. Tonik-klonik xurujlarning umumiy davomiyligi 3-5 daqiqaga teng. Xurujlardan so‘ng bemor 2 soat mobaynida qattiq uyquga ketadi. Uni uyg‘otmaslik kerak. Uyqudan turgandan so‘ng esa bosh og‘rig‘i kuzatiladi.
Tungi xurujlar qanday ro‘y beradi?
Tunda bo‘ladigan xurujlar turli-tuman bo‘ladi. Xurujlarning ba’zilari quyidagicha kechishi mumkin. Bemor birdan uyg‘onib ketadi, boshi qattiq og‘riyotgan bo‘ladi, qayt qiladi va asta-sekin ko‘zi va boshi yon tomonga qayrilgan holda tutqanoq xurujlari boshlanib ketadi. Yuzi qiyshayib qoladi, og‘zidan so‘lak oqadi va duduqlana boshlaydi. Ba’zan yotgan joyidan to‘satdan turib o‘tirib oladi, oyoqlari bilan velosiped haydayotgandek harakatlar qiladi yoki g‘ujanak bo‘lib yotib oladi. Gohida o‘rnidan turib yurib ketadi va birozdan so‘ng to‘xtaydi, ba’zan uydan chiqib ketadi. Bu xurujlar odatda 30 soniyadan 2-3 daqiqagacha davom etadi. Keyin bemor o‘ziga keladi, nimalar qilganini eslay olmaydi, ba’zan qiliqlarini chala bo‘lsa-da, aytib beradi. Tunda bo‘ladigan xurujlarda bemor tilini tishlab olishi, og‘zidan qon aralash ko‘pik chiqishi, tagiga siyib yuborishi mumkin.
Epilepsiya va uyqu
Epilepsiya bilan og‘rigan bemorlar uchun kech uyquga ketish va majburan erta uyg‘onish xavflidir! Uyquning davomiyligi 6-8 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Ertalab uyg‘ongandan so‘ng majburan ko‘p uxlayverish ham mumkin emas. Bunday bemorlarda ba’zan kunduz kuni to‘satdan uxlab qolish holatlari ham kuzatiladi va bu holat narkolepsiya deb ataladi.
Fokal  xuruj  nima?
Bosh miyaning biror-bir markazi qo‘zg‘alishi hisobiga ro‘y beradigan tutqanoq xurujiga fokal, ya’ni o‘choqli xuruj deb aytiladi. Fokal xurujlar tananing ma’lum bir sohasida titrashlar, boshning titrashi, ko‘zga har xil narsalarning ko‘rinib o‘tishi, quloqqa turli ovozlarning eshitilishi, to‘satdan keladigan qo‘rquv va qorinda kuzatiladigan og‘riq xurujlari ko‘rinishida ro‘y beradi. Ularning davomiyligi 30 soniyadan oshmaydi.
«Avval ko‘rgan» yoki «hech qachon ko‘rmagan» fenomeni ham fokal xurujlar uchun xosdir, ya’ni bemor hech qachon ko‘rmagan joyni xuddi avval ko‘rgandek yoki o‘ziga avval juda tanish bo‘lgan yoki avval yashagan joylarini endi birinchi marta ko‘rib turgandek tuyuladi.
Oddiy va murakkab fokal xurujlar farqlanadi. Oddiy fokal xurujlarda bemor hushini yo‘qotmaydi. Murakkab fokal xurujlarda esa bemor xushini yo‘qotadi. Murakkab fokal xurujlarda hushsiz yotgan bemorda yutinish, chaynash, biror joyini silash, chapak chalish kabi avtomatik harakatlar kuzatiladi. Murakkab fokal xurujlarning davomiyligi ham 30 soniya atrofida bo‘ladi. Bemor o‘ziga kelganidan so‘ng biroz karaxt holatda bo‘ladi.
Fokal xurujlarda bosh miya kasalliklarini topish uchun chuqur nevrologik tekshiruvlar o‘tkazish lozim. Deyarli 60 % epilepsiya fokal xurujlar bilan kechuvchi epilepsiyadir.

Kitob muallifi Zarifboy Ibodullayevga o‘z minnadorchiligimizni bildiramiz.

Davomini o‘qish uchun>

10 комментариев

  1. Аноним

    ularga qanday ovqat qanday qarash kerak

  2. Комилжон

    эпилепсияни мумиё билан даволаш мумкинми

  3. Аноним

    Man ham shu epilepsiaga cchalinganman ln menda miyamda xec nma.ciqmaydi sabab nimadan

    • Bu sabasiz epilepsiya deyiladi davolanmoqchi bösez Toshkentta yaxshi nevrapatolog bor manam ösha nevrapatologda davolanam manday sabsiz paydo böga lekin Hudoga shukr mana xuruk böme turganiga 2 yil bölyapti siz qattiq hayajonlanishtan özizi asren

  4. Uwa nevropotologni adresini bering iltimos

  5. Уша невропотолевропотологни адресини Берлин илтимос реки тел номерини

  6. epilepsiya bilan og’rigan bemorlarning to’liq parxezini bera olsizmi iloji bo’lsa
    epilepsiya bilan og’rigan bemorlarga uylanishni maslahat berasizmi

  7. Аноним

    assalom Aalaykum mani singlim 8 oylik chaqaloqligida tutqanoq kassaligi boshlangan. Hozirda 19 yoshda benzanol dori istemol qiladi. Aqli butun emas. Yoshligida tekshirtirilganda miyasi toza chiqgan. Kassalik sabablari aniqlanmagan. Lekin hozirgi kunda tibbiyot rivojlangan. iltimos kuchli nevropotologni bolsa tavsiya qiling. Oldinddan rahmat.

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*