3.7
(7)

Agar ichib yurgan dori foyda qilmasa, uni boshqa doriga o‘zgartirish tartibi qanday?

Foyda qilmagan dorini birdan to‘xtatish aslo mumkin emas! Bu havfli! Shuning uchun bir dorini ikkinchi doriga o‘zgartirish sxemasini keltirib o‘taman. Deylik bemor A dorini 1 tabletkadan 3 mahal qabul qilib yuribdi. Uni qanday qilib B doriga o‘zgartirish mumkin? Ushbu sxema quyidagi jadvalda keltirilgan (Bu jadval vrachlar foydalanishi uchun mo‘ljallangan

Dorilar
Avval ichib yurgan dorilari A A A
1-3 kun A A B
4-6 kun A B B
7 kundan keyin B B B

Demak, A dorining dozasini har 3 kunda kamaytirib, B doriga o‘tib borish mumkin. Buni vrach nazoratida amalga oshirish kerak. Vrach hoxishiga ko‘ra bir doridan ikkinchi doriga o‘tish tartibini 3 kun emas, balki 5 kun qilib belgilash ham mumkin. Bir doridan ikkinchi doriga o‘tishni EEG nazoratida amalga oshirsa judayam yaxshi bo‘ladi.

Nima uchun epilepsiyada doimo EEG tekshiruvi o‘tkazish tavsiya etiladi?

Chunki EEG – epilepsiya turini to‘g‘ri aniqlovchi yagona tekshirish usulidir. Yangi dorining foyda berish yoki bermasligini dastavval ushbu tekshiruv orqali bilib olish mumkin. Chunki xurujlar kamayishidan oldin o‘zgarishlar avval EEG da ko‘zga tashlanadi. EEG ni epilepsiyani yaxshi tushunadigan mutaxassis nevropatolog o‘tkazishi kerak. EEG qilayotganda albatta fotostimulyatsiya sinamasini o‘tkazish lozim. Fotostimulyatsiya – ikkala ko‘zga maxsus moslama yordamida yorug‘lik nurlari orqali ta’sir o‘tkazilish. Ana shunda ko‘rinmas to‘lqinlar yuzaga chiqib epilepsiyaning turini aniqlash oson kechadi.

Giperventilyatsiya, ya’ni EEG olayotganda chuqur-chuqur nafas olish ham epileptik xurujlar, ayniqsa absanslarni tez aniqlashga yordam beradi. Ba’zida absansni yuzaga keltirish uchun giperventilyatsiya yoki fotostimulyatsiyaning o‘zi yetarli. Xurujlar endi boshlangan bemorda epilepsiyaning turini aniqlash qiyin kechadi. Buning uchun kamida har oyda bir marta EEG qilib bemorni nazoratga olib huruj turlarini aniqlash o‘ta muhimdir. Ba’zida 12-24 soat mobaynida EEG videomonitoring o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Keyin olingan ma’lumot har tomonlama tahlil qilinadi.

Qanday dorilarni epilepsiyada berib bo‘lmaydi? Vitaminlar tutqanoq xurujlarini kuchaytiradimi?

Tutqanoq xurujlarini kuchaytirish mumkin bo‘lgan dorilar bir qancha bo‘lib, ularning ba’zilari haqida ma’lumot berib o‘taman. Oxirgi paytlarda ba’zi bemorlar yoki ularning qarindoshlari internet orqali yoki boshqa bir bemorning tavsiyasiga ko‘ra dori tanlaydigan bo‘lib qolishgan. Bu o‘ta havfli! Faqat vrach tavsiyasiga ko‘ra ish qilish kerak. Tarkibida kofein saqlovchi dorilarni (kofein benzoat natriy), psixostimulyatorlar, antixolinesterazlar (prozerin, nivalin, neyromidin), biostimulyatorlar, serebral metaboliklar va tarkibida jenshen miqdori ko‘p bo‘lgan dorilar epilepsiya kasalligida tavsiya etilmaydi. Vitaminlardan V1 vitamini xurujlarni kuchaytirishi mumkin, qolgan vitaminlarning havfi yo‘q. Masalan, V6 vitamini (piridoksin) epilepsiyada juda foydalidir. Ayniqsa, erta yoshdagi bolalarda kuzatiladigan epilepsiyaning ba’zi turlari piridoksin, ya’ni V6 vitamini yetishmasligi sababli ro‘y beradi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, polivitaminlarning ham ziyoni yo‘q. Ularni bemorlar vrach belgilagan miqdorda qabul qilishlari mumkin. Shuningdek, ba’zi aminokislotalar, ya’ni lesitin, metionin, glutamin kislotasi, folat kislotasi tutqanoq hurujlarini to‘xtatishga yordam beradi. Chunki har bir hurujda miya to‘qimalarida ularning miqdori kamaya boradi. Men epilepsiya bilan kasallangan bemorlarni, ayniqsa bolalarni davolashda ushbu aminokislotalarni rejali tarzda bir necha oylab berib turishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Bu dorilar epilepsiyaga qarshi beriladigan dorilarning jigarga zararli ta’sirini kamaytiradi, xotira pasayishi va aql zaiflashib borishining oldini oladi, hulq-atvor buzilishlarini kamaytiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gelmentlar - tana parazitlari

Bemorni davolash uchun 2-3 ta dorini birgalikda bersa bo‘ladimi?

Epilepsiya turi aniqlangandan so‘ng kasallikning aynan o‘sha turiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarning bittasi tanlab olinadi. Dori kam dozada berib boshlanadi va sekin-asta oshirib boriladi. Har bir dorining dozasi va uning qay tarzda berilishi bemorning yoshi, xurujlar soni, kasallik sababi, yo‘ldosh kasalliklar bor-yo‘qligi, monelik qiluvchi holatlar va shu kabi boshqa vaziyatlarga qarab vrach tomonidan belgilanadi. Agar dori ko‘rsatilgan muddatgacha tavsiya qilingan taqdirda ham foyda bermasa, vrach uni boshqa doriga o‘zgartiradi. Odatda dorining ta’sir qilish-qilmasligi 1 haftadan so‘ng bilinadi. Agar xurujlar soni kamaysa-yu, butunlay to‘xtamasa qo‘shimcha ravishda ikkinchi dori tavsiya qilinadi. Lekin ikkinchi dorini tavsiya qilishga hech vaqt shoshmaslik kerak.

Ba’zida vrachlar “Men hammasini to‘g‘ri yozganman, biroq bemor dori ichish rejimini doimo buzib yuradi”, deb bemorlardan arz qilishadi. Bunga nima deyish mumkin?
Xatto Yevropa mamlakatlarida ham deyarli 30 % bemor dori ichish rejimiga amal qilmaydi. Buning asl sababini o‘rganish uchun bemorlar orasida so‘rovnoma ham o‘tkazilgan. So‘rovnomada bittagina savol qo‘yilgan. “Siz dori ichish rejimini nega buzayapsiz”. Javoblar quyidagicha bo‘lgan. “Dori nojo‘ya ta’sir ko‘rsatgani uchun (masalan, bosh aylanish, xolsizlik)” “Tuzalib ketishimga ishonmayapman”, “Dori ichish tez-tez esimdan chiqayapti”, “Dori ichaverish jonimga tegdi”. Dori ichish rejimi buzilishining yana bir asosiy sabablaridan biri – bu epilepsiyaning surunkali kechishi va dorini yillab ichish kerakligidir.

Bemorning tuzalishi undan sabr-toqatni, davolovchi vrachdan esa irodani talab qiladi. Dori ichish rejimini buzmaslik uchun uni 2 mahal, ya’ni ertalab va kechkurun tavsiya qilgan ma’qul. Chunki ertalab ham, kechasi ham bemorning dori ichayotganligini nazorat qiluvchilar yoki dori ichishni eslatib turuvchilar  ko‘p bo‘ladi (masalan, ertalabki nonushta va kechqurungi ovqatlanish payti). Buning uchun ta’siri 12 soat davom etuvchi dorilarni tanlab olish zarur. Kunduz kuni esa bemor dori ichishni unutib qo‘yishi yoki ichmasligi mumkin. Biroq xurujlar tez-tez bo‘ladigan holatlarda kuniga 4 mahal dori ichishga to‘g‘ri keladi. Bunday bemor albatta kimningdir nazoratida dori ichishi lozim!
Epilepsiya kasalligida dorini yillab ichish tavsiya qilinadi.

Bu dorilar jigarga ziyon emasmi?

Olimlar surunkali kasalliklarda doimiy ravishda qabul qilinadigan dorilarni ishlab chiqishda ularning organizm, shu jumladan jigarga zararli ta’sirini ham albatta o‘rganishadi. Bunday dorilar uzoq muddat qabul qilishga mo‘ljallangan. Shunday bo‘lsada, davolashni boshlashdan oldin va keyinchalik (har yili 1-2 marta) jigar fermentlarini tekshirib turish zarur. Ayniqsa, valproatlarni (depakin, konvuleks) tavsiya qilganda jigar fermentlarini tekshirib borish tavsiya etiladi. Agar bemor qo‘shimcha ravishda aminokislotalar, ya’ni glutamin kislotasi, lesitin, metionin, folat kislotasi ichib yursa, dorining jigarga zararli ta’siri pasayadi.

Bemorni davolash uchun berilayotgan dorilar xotira va aqliy rivojlanishga ziyon qilmaydimi?

Aytib o‘tganimizdek, xurujlar tez-tez kuzatilsa, bemorning nafaqat xotirasi, balki uning aqliy rivojlanishi ham orqada qoladi. Masalana, benzonalni yillab qabul qilish aqliy rivojlanishga olib keladi. Shuning uchun ham benzonal ko‘p mamlakatlarda qo‘llanilmaydi. Biroq, finlepsin (karbamazepin), konvuleks, depakin, topiramat (topamaks) kabi dorilar xurujlarni to‘xtatish bilan birga, bemorning hulq-atvori va aqliy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday dorilar bugungi kunda ko‘p ishlab chiqarilmoqda.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ochlik arteriyani yosh saqlaydi ( 20-qism )

Epilepsiya bilan kasallangan bemorni jarroxlik yo‘li bilan davolash mumkinmi?

Ha! Bunday bemorlarni jarroxlik yo‘li bilan ham davolash mumkin. Buning uchun bosh miyaning epileptik xurujlar keltirib chiqaruvchi qismiga maxsus jarroxlik yo‘li bilan ta’sir ko‘rsatiladi. Bunday operatsiyalarning ijobiy ta’siri juda yuqori. Odatda dorilar bilan davolash qiyin bo‘lgan bemorlarga jarroxlik usuli tavsiya qilinadi. Biroq bemor xoxishiga ko‘ra epilepsiyaning dori bilan davolasa bo‘ladigan turlarini ham operatsiya yo‘li bilan davolash mumkin.

Avvallari operatsiya yo‘li bilan davolash faqat kattalarga o‘tkaziladigan bo‘lsa, hozirgi kunda bolalar va o‘smirlarni ham operativ yo‘l bilan davolash qo‘llanilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, tutqanoq xurujlari bosh miya o‘smalari yoki unda mavjud bo‘lgan yirik chandiqlar hisobiga rivojlansa, bunday bemorlarga albatta operatsiya qilish kerak. Biroq xirurgik usullar epilepsiyaning barcha turiga ham yordam beravermaydi. Masalan, idiopatik (nasliy) va kriptogen (sababi noaniq) epilepsiyalarga xirurgik davolash usullari yordami hali isbot qilinmagan.

Bemorlar va ularning ota-onalariga beradigan maslahatlarim

Televizor va kopyuterga o‘ch bo‘lmang

Epilepsiya bilan kasallangan bemorni nazoratga olgan vrach uning hayot tarzini chuqur o‘rganib, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishi lozim. Masalan, hozirgi kunda aholining aksariyat qismi televizor va kompyuter monitori oldida kunini o‘tkazadi. Ba’zi bolalarning qo‘lidan telefon tushmaydi. Bemor bunday vositalardan o‘zini cheklashi lozim. Televizorni qorong‘i xonada emas, yorug‘ xonada ko‘rish kerak va televizorgacha bo‘lgan masofa 2 m dan ortiq bo‘lishi zarur. Teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak.  Fotosensitiv epilepsiyada televizor ko‘rish yoki kompyuter monitori oldida o‘tirish man etiladi. Quloqchin orqali doimo musiqa eshitib yurish ham epilepsiyaning ba’zi tiplari uchun havfli.

Maktab va yasliga borish mumkin

Epilepsiya bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasi boshqa bolalar singari, maktab va yaslilarga qatnashishlari mumkin. Bunday paytlarda ushbu muassasadagi vrachlar ogohlantirib qo‘yiladi. Biroq oligofreniya, bolalar serebral falajligi kabi bosh miyaning organik kasalliklarida kuzatiladigan tutqanoq xurujlarida bolalar, albatta, maxsus maktablarda ta’lim olishlari kerak. Bemor bolalarni faqat tutqanoq xuruji borligi sababli jamiyatdan ajratib tarbiyalash noto‘g‘ri, bunday qonunlar ham yo‘q. Aksincha, ularga to‘laqonli hayot kechirishga imkoniyat yaratib berish lozim. Ular til o‘rganmoqchi, sport va fizkultura mashqlariga qatnashmoqchi bo‘lsa, ruxsat berish kerak, biroq trenerni ogohlantirib qo‘yish zarur. Bemorning bunday tadbirlarda qatnashish-qatnashmasligini, albatta, vrach hal qilishi lozim.

Sport va jismoniy mashqlar

Xuruj tez-tez kuzatiladigan holatlarda mumkin emas. Xuruj kam bo‘ladigan holatlarda bemor sportning yengil turlariga qatnashishi mumkin. Sportning ba’zi turlari, ya’ni boks, shtanga ko‘tarish, kurash, suzish, tez yugurish aslo mumkin emas. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, rejali tarzda sportning yengil turlari bilan shug‘ullanish foydalidir, chunki so‘nggi paytlarda mutaxassislar o‘smirlarda kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishdan kuchayib ketayotganligini ta’kidlashmoqda.

Passiv hayot va epilepsiya

Yirik amerikalik epileptolog V. Lennoks “faol hayot – xurujlar antagonistidir” degan edi. Mutaxassislar epilepsiya kasalligida xurujlarning passiv hayot kechiruvchi bemorlarda ko‘p, faol aqliy va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bemorlarda esa xurujlar kam kuzatilishini aytishadi. Shuning uchun ham bemorlar, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni jismoniy xatti-harakatlardan, o‘qishdan  chegaralab tashlash va ularning ko‘z o‘ngida oilaviy bo‘lib kasalligini muhokama qilaverish og‘ir ruhiy asoratlar qoldiradi. Bunday bolalarda melanxoliklarga xos bo‘lgan xulq-atvor shakllanadi, ular ruhiy nogiron bo‘lib o‘sadi. Biroq ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar xurujlar sonini ko‘paytirishini ham unutmaslik kerak.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Epilepsiya va uning zamonaviy yechimi

Bemor uchun xavfli ishlar

Bemorga uning hayoti uchun xavfli ishlar, ya’ni haydovchilik qilish, o‘t o‘chirish, militsiya, soqchilik va qutqaruvchilik kasblarini egallash, shuningdek kimyoviy vositalar bilan yoki baland binolarda, jaroxatlanish havfi yuqori bo‘lgan zavod va fabrikalarda ishlash mumkin emas. Tungi ishlarda ishlash umuman man etiladi. Chunki tunda uyquga to‘ymaslik xurujlarning takrorlanishiga yoki ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ladi.

Dush qabul qilish qoidalari

Bemor dush yoki vanna qabul qilganida, eshikni ichkaridan bekitmasligi, issiq yoki o‘ta sovuq dush qabul qilmasligi kerak, saunalarga qatnamasligi va uzoq vaqt vannada qolib ketmasligi zarur.

Olovga yaqin yurmang

Tandirda non yopish, olov yonida katta qozonlarda ovqat tayyorlash, issiq joylarda ishlash mumkin emas.

Fizioterapiya mumkin emas

Fizioterapevtik muolajalar (elektroforez, magnitoterapiya, elektroterapiya, dorsanval) qo‘llash mumkin emas.

Ishxonadagilar xabardor bo‘lsin

Ishxonada doimiy ishlovchilardan bir-ikkitasi kasallikdan xabardor bo‘lishi kerak, uzoq safarlarga yolg‘iz ketmagan va mexmonxonalarda yolg‘iz yotmagan ma’qul.

Epilepsiya xuruj paytida tez yordam qay tarzda amalga oshiriladi?

Dastlab bemorga jaroxat yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfli narsalarni zudlik bilan chetga olish kerak. Bemor xavfsiz va yumshoq joyga o‘tkaziladi va uning yoqasi ochiladi. Agar bemor yotgan joy havfsiz bo‘lsa, uni boshqa joyga ko‘chirib o‘tish shart emas. Agar xuruj yopiq joyda kuzatilsa, derazalarni ochib, bemorga toza havo kelishini ta’minlash zarur. Bemorning boshini kuch ishlatmasdan, yon tomonga og‘dirib ushlash lozim, ana shunda bemorning tili tomog‘iga tiqilib qolmaydi. Buning uchun bemorning yoniga yon tomondan emas, balki bosh uchidan borish kerak. Chunki xuruj paytida bemor Sizni qo‘li bilan qattiq urib yuborishi mumkin.

Agar tutqanoq xurujlari bemorning boshi va tanasi chap tomonga qayrilib kuzatilayotgan bo‘lsa, uni chapga, o‘ngga qayrilib kuzatilayotgan bo‘lsa, o‘ngga buragan holda ushlash zarur. Biroq kuch ishlatish aslo mumkin emas. Bemor tilini tishlab olmasligi uchun shpatel yoki qoshiqni dokaga o‘rab, yon tomondan tishlari orasiga qo‘yish lozim. Bu esa bemorning ravon nafas olib ketishiga ham yordam beradi. Biroq bemorning jag‘ini zo‘rlab ochish mumkin emas. Xuruj bo‘layotgan paytda bemorning oyoq-qo‘llarini zo‘rlab ushlamaslik, yuziga suv sepmaslik, novshadil va piyoz hidlatmaslik kerak. Aksariyat tutqanoq xurujlari 3-5 daqiqa davom etadi va bemorga yordam ko‘rsatguncha o‘tib ketadi. Ko‘pincha, tonik-klonik xurujlar bilan kechuvchi epilepsiyada bemorga tez yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Chunki epilepsiyaning bu turida jaroxatlanishlar ko‘p kuzatiladi.

Epileptolog – u kim?

Epileptolog – nevrologiya, tibbiy psixologiya va elektroensefalografiyani mukammal biladigan mutaxassis. Epileptologlar orasida ushbu kasallikni neyroxirurgik  usullar bilan davolovchi mutaxassislar ham majud.

Maqolaning ikkinchi qismi:  Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (1-qism)
Maqolaning uchinchi qismi: Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (2-qism)

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz