4
(1)

Epilepsiya ruhiy kasallikmi?

Epilepsiya ruhiy kasallik emas. Biroq, epilepsiya bilan kasallanganlarning deyarli yarmida keyinchalik ruhiy buzilishlar rivojlanadi. Aksariyat hollarda ruxiy buzilishlar darajasi xurujlar soniga bog‘liq. Xurujlar ko‘paygan sayin bemorning shaxsi o‘zgarib ruhiy buzilishlar kuchayib va ko‘payib boraveradi. Epilepsiyada bemor shaxsining o‘zgarishi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadiki, buning natijasida tibbiy amaliyotda “epileptik xarakter”, degan ibora paydo bo‘ldi. Bunday bemorlar juda ezma, qaysar, besabr, tez xafa bo‘ladigan, kayfiyati tez o‘zgarib turadigan, arzimagan mayda ishlarga o‘ralashib yuradigan, tez janjal ko‘taradigan, mayda gap va jahldor bo‘lib qolishadi. Albatta, bemorda bu belgilar turli darajada ifodalangan bo‘lishi mumkin va ularning qanchalik yaqqol namoyon bo‘lishi tutqanoq xurujlarining naqadar ko‘p kuzatilishi, epilepsiya turi va bemorning davolanish tarziga bog‘liq.

Yaxshi kayfiyatda yurgan bemor birdan o‘zgarib qolishi va qo‘pol so‘zlar bilan yaqinlarini haqorat qila boshlashi mumkin. Bunday holat u biror narsasini topa olmasa, uning qilayotgan ishiga chetdan kimdir aralashib xatosini ko‘rsatsa, uning fikriga zid fikr bildirsa ro‘y beradi. Bunday paytlarda bemor tezda janjal ko‘tarib urishib ketadi. Ba’zan arzimagan narsadan ko‘tarilgan janjal affekt darajasiga yetib bemor o‘zi yoki atrofdagilarga tan jaroxatini yetkazib qo‘yadi. Shuning uchun ham bunday bemorni davolayotgan vrach uni psixiatr nazoratiga yuborishi kerak. Demak, xulq-atvorning keskin o‘zgarishi bilan kechadigan epilepsiya kuzatilgan bemor psixiatr va tibbiy psixolog nazoratida turishi va unda davolanishi kerak.

Hulq-atvor va kayfiyat nega o‘zgaradi?

Epilepsiyada kuzatiladigan shaxsiyat o‘zgarishlari kasallikning qaysi yoshda boshlangani, xurujlar soni va turi, o‘tkazilayotgan davolash muolajalarining qanday olib borilayotganiga uzviy bog‘liq. Kasallik qanchalik erta yoshda boshlansa va xurujlar hadeb takrorlanaversa (ayniqsa, hushning yo‘qolishi bilan kechuvchi), shaxs o‘zgarishlari shunchalik tez rivojlanadi va og‘ir kechadi. Bosh miyaning chakka bo‘lagi zararlanishi sababli yuzaga kelgan epilepsiyalarda shaxs buzilishlari kuchli ifodalangan bo‘ladi.

Epilepsiyada xulq-atvor o‘zgarishlari, ba’zan, “ijobiy” tus oladi. Masalan, ular birovlarga keragidan ortiqcha mehribon, bosh yordamchi, kulib turadigan, muloyim, har qanday ishga bel bog‘lab kirishib ketadigan shaxslardir. Bu mehribonlik ba’zi hollarda oila a’zolariga emas, begonalarga ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsa-da, uning jahlini chiqarish oson, qilayotgan ishlariga mos e’tiborni sezmasa yoki tanbeh olsa, bemor yana o‘zgarib qaysar va o‘jar bo‘lib qoladi. Bemor birorta odamdan qattiq ranjisa, u bilan sira muloqotga bormaydi.

Epilepsiya bilan kasallangan ba’zi bemorlar yolg‘onga o‘ch bo‘lsa, boshqa birlari haqiqatparvar bo‘lishadi, adolatsizlikka chiday olishmaydi. Uning uchun begona bo‘lgan odam nohaqlikdan aziyat cheksa, uzoq vaqt u haqida gapirib yuradi, qo‘lidan kelsa, yordamga shoshadi. Ba’zi bemorlar uyni va ishxonasini juda saranjom va sarishta tutishadi, ozoda yurishadi, chiroyli kiyinishadi, ya’ni ular tartibga qattiq rioya qilishadi. Epilepsiya uchun kleptomaniya (kerakmas narsalarni o‘g‘irlab qo‘yish) ham xos.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Epilepsiya xuruj qilsa...

Juda kam holatlarda kayfiyatning ko‘tarilib yurishi kuzatiladi.   Ular begona odam bilan ham (keldi-kelmadi) hazillashaveradi, biror-bir kulgili voqea o‘ylab topib gaplashib ketaverishadi, masxaraboz bo‘lishadi, uyatsiz latifalar o‘ylab topishadi, gap orasida hadeb kechirim so‘rayverishadi. Tanish odamlarni uchratib qolishsa, yig‘lab ham olishadi (ayniqsa, ayollar). Ba’zi bemorlarda jinsiy faollikning oshib ketishi kuzatiladi.

Epilepsiya aqliy zaiflikka olib keladimi?

Epilepsiyaning ba’zi turlari bora-bora aqliy zaiflikka olib kelishi mumkin. Ba’zi bemorlarning xotirasi pasayib tafakkur doirasi torayib boradi. Biroq bu buzilishlar darrov paydo bo‘lmaydi, sekin-asta vujudga keladi. Yillar o‘tib diqqat tarqoqligi rivojlanadi, fikrlar teranligi susayadi. Bemor diqqat-e’tiborni talab qiluvchi aqliy mashqlarni bajarishda qiynaladi yoki uddasidan chiqa olmaydi. Ular uchun bir ishga kirishib ketib oxirigacha yetkaza olmay tashlab qo‘yish, asosiy ish bilan ikkinchi darajali ishni chalkashtirish, keraksiz ishlarga o‘ralashib yurish juda xos.

Fikrlar karaxtligi bemorning nutqida ham aks etadi. Berilgan savollarga lo‘nda qilib javob bera olmaydi, bir aytgan gapini so‘ngra yana bir necha bor takrorlayveradi yoki suhbat boshida tushunarli bo‘lib qolgan voqeani yana so‘zlab beradi. Ular hissiyotga berilib so‘zlashadi, ba’zan kamgap, ba’zan sergap bo‘lishadi. Bu bemorning kayfiyatiga bog‘liq.

Yoshi katta bemorlarda, ayniqsa ayollarda, puerilizm, ya’ni bolalarga xos xulq-atvor kuzatiladi. Ularning nafaqat xatti-harakatlari, balki fikrlash doirasi ham yoshidan orqada qolishi mumkin. Ba’zan esa, 5-7 yashar bolalar o‘z yoshiga mos kelmaydigan aql-zakovatni ko‘rsatishi mumkin. Ular xuddi kattalardek fikr yurgizishadi, foydali maslahatlar berib qo‘yishadi. Ba’zi ota-onalar boladagi bunday qobiliyatdan qo‘rqib ketib bolani psixiatrga ham ko‘rsatishadi yoki bo‘lmasa faxrlanib yurishadi va boladagi noyob qobiliyatni epilepsiya bilan bog‘lashmaydi. Demak, boshqa ruhiy kasalliklardan farqli o‘laroq, epilepsiya bir-biriga zid bo‘lgan ruhiy o‘zgarishlar bilan kechuvchi kasallikdir.

Epilepsiyada turli darajada ifodalangan aqli zaiflik erta rivojlangan epilepsiyalarda ko‘p kuzatiladi. Bu holatni bolalarda oliy ruhiy funksiyalar hali to‘la shakllanmaganligi bilan bog‘liq. Shu bois bolalik davrida kuzatiladigan bosh miyaning har qanday og‘ir kasalligi ruhiyat va tafakkurning u yoki bu darajada buzilishlari bilan kechadi.

Epilepsiya bilan kasallangan bemorlarda keyinchalik bosh miyaning turli kasalliklari kuzatilsa, masalan, bosh miya jaroxati, meningit, qon tomir kasalliklari, alkogolizm, tutqanoq xurujlari va ruhiy buzilishlar kuchayishi mumkin. Ruhiy buzilishlar yaqqol ifodalangan bemorlarda tutqanoq xurujlari butunlay to‘xtagan bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun ham psixiatrlar va tibbiy psixologlar epilepsiyaning so‘nggi bosqichlarida tutqanoq xurujlari o‘rnini ruhiyat buzilishlari egallaydi, deb aytishadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tibbiy psixolog. U kim?

Epilepsiyaning 3-5 yil ichida butunlay tuzalib ketadigan, aqliy va ruhiy buzilishlar umuman bo‘lmaydigan turlari ham ko‘p.

Epilepsiya va stupor (qotib qolish)

Epilepsiyada stupor turli darajada, ya’ni oddiy kamharakatlikdan tortib, qotib qolishgacha kuzatiladi. Qotib qolgan bemorlarda mutizm (gapirmay qo‘yish) paydo bo‘ladi, biroq ular birovning so‘zi va harakatini takrorlashi mumkin. Odatda, stupor bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Stupor paytida to‘satdan faol harakatlar paydo bo‘lishi va bemor atrofdagi narsalarni otib yuborib, yonidagilar bilan urishib ketishi mumkin. Stupor, odatda, xurujlardan so‘ng kuzatiladi, bunda to‘la va qisman amneziya ham vujudga keladi.

Epilepsiya bilan kasallangan bemorni davolasa bo‘ladimi?

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, epilepsiya bilan kasallangan bemorni qancha erta davolab boshlasa, to‘la tuzalib ketish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi. Tutqanoq xurujlari kuzatilgan bemor vrach nazoratiga olinishi va barcha tekshiruvlardan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek davolashni endi boshlagan davrda aynan qaysi dori epilepsiyaning qaysi turiga foyda qilishini bilib olish kerak.

Antikonvulsantlar qanday buyuriladi?

Epileptik xurujlarni bartaraf etish uchun beriladigan dorilarni antikonvulsantlar deb atashadi. Masalan, finlepsin, depakin, konvuleks kabi dorilar antikonvulsant hisoblanadi. Davolashning muvaffaqiyatli kechishi to‘g‘ri aniqlangan tashxis va to‘g‘ri tanlangan dori turiga bog‘liq.
Davolashda quyidagi qoidalarga amal qilish zarur:

  • Dastavval epilepsiya turi, bemorning yoshi, qanday kasalliklar bilan og‘riganligi, dorilarga allergiyasi bor-yo‘qligi va ruhiy holati aniqlanadi.
  • Elektroensefalografiya (EEG) albatta qilinishi va davolovchi vrach EEG xulosalarini o‘qiy olishi kerak. Bu tekshiruv epilepsiya tashxisini qo‘yish va uning turini aniqlash uchun eng asosiy tekshiruv usulidir. Uni zaruratga qarab har 3-6 oyda o‘tkazib turish mumkin. Tashxis qo‘yish mushkul holatlarda EEG videomonitoring qilinadi.
  • Bunda bemorning boshiga taqib qo‘yilgan elektrodlar orqali bosh miya biotoklari 12-24 soat mobaynida yozib turiladi. Bu yozuvlar kompyuter monitorida aks etib turadi va bira-to‘la videoga yozib boriladi. Xulosa bemorning qarindoshlariga CD diskka yozib beriladi. Videomonitoring, ayniqsa, absanslar bilan kechadigan epilepsiyalarda  ko‘p qo‘llaniladi. Bu usul bilan bir kunda bemorda necha marta absans ro‘y berganini aniqlab olish mumkin. Ba’zida absanslar bir kunda 50-100 marta ham kuzatiladi.
  • Davolash uchun dastlab bitta dori tanlanadi va u kam dozada berib boshlanadi. Dorining dozasi har 3-5 kunda oshirib boriladi. Bunda tana og‘irligi, xurujlar soni, bemorning umumiy ahvoli e’tiborga olinadi. Tanlangan dorining bemor uchun zarur dozasi aniqlab olinishi o‘ta muhim. Bu vrachdan katta mahorat va tajribani talab qiladi.

Antikonvulsantlarning qanday berilishi individual tarzda hal qilinishi va buni faqat davolovchi vrach hal qilishi kerak. Davolash rejasini tuzishda Xalqaro standartlarga tayanib ish ko‘rish lozim.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nega chivinlar aynan sizni chaqadi? Qoningiz shunchalik «shirin»mi?

Bemor tuzalgandan so‘ng epilepsiya xurujlari yana qayta qo‘zg‘amaydimi?

Agar davolash to‘xtatilgandan so‘ng, ya’ni epilepsiyaga qarshi dorilarni qabul qilish poyoniga yetgach, xurujlar 5 yil  mobaynida kuzatilmasa bemor tuzaldi, deb xulosa qilinadi. Biroq  Halqaro epileptologlar assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 % bemorda to‘la tuzalish kuzatilmaydi. Bunday bemorlar operatsiya yo‘li bilan davolanishi kerak. Biroq operatsiya ham yordam bermasligi mumkin.
Epilepsiya va tutqanoq xurujlarining 80 foizini terapevtik yo‘l bilan, ya’ni dori-darmonlar bilan davolash mumkin. Ayniqsa, bolalik davri epilepsiyalari, katta xurujlar bilan kechuvchi epilepsiya turlarini samarali davolash imkoni bor. Agar tutqanoq xurujlari bosh miya jaroxatlari, bosh miya qon tomir kasalliklari (ensefalopatiyalar), bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari (meningit, ensefalit, leptomeningit), turli intoksikatsiyalar (alkogolizm, bolalar va o‘smirlarda gijja) sababli rivojlangan bo‘lsa, tutqanoq xurujlarini to‘xtatish uchun kasallikni keltirib chiqaruvchi sababni bartaraf etish lozim.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, davolash kursini to‘g‘ri o‘tagan bemorlarning 50 foizida keyinchalik xurujlar sira kuzatilmaydi, 30 foizida xurujlar kam bo‘lsada, qaytalanishi mumkin, 20 foizida davolash qanday kechishidan qat’iy nazar xurujlar qaytalayveradi, ya’ni ijobiy natija bo‘lmaydi.

Davolash natija bermasligining sabablari nimada?

Buning sabablari bir qancha bo‘lib, uning asosiylari quyidagilar:

  • Epilepsiya turi noto‘g‘ri aniqlangan, ya’ni tashxis  noto‘g‘ri qo‘yilgan.
  • Dori yoki uning dozasi noto‘g‘ri tanlangan va kam dozada berilayapti.
  • Dori qabul qilish rejimi tez-tez buzilgan.
  • Kechqurun to‘yib uxlamagan yoki tunda ishlaydi.

Dori ichishni qachon to‘xtatish mumkin?

To‘g‘ri davolash boshlanganidan so‘ng 2-3 yil mobaynida xurujlar kuzatilmasa, asta-sekinlik bilan dorilar qabul qilish to‘xtatib boriladi. Epilepsiyaning ba’zi turlarida bu muddat 5 yilgacha cho‘ziladi. Biroq yuqorida aytib o‘tganimizdek, deyarli 30 foiz bemorda xurujlar yana qaytalashi mumkin. Bunday holatlarda davolanishni yana davom ettirish kerak bo‘ladi.

Epileptik xurujlarni to‘xtatuvchi dorilarning eng zo‘ri bormi?

Epilepsiyaning barcha turlariga zo‘r ta’sir qiladigan universal dori xanuzgacha ishlab chiqilmagan. Masalan, karbamazepin tutqanoq xurujlarini yaxshi bartaraf etsa, biroq absanslar bilan kechuvchi epilepsiyada yordam bermaydi. Etosuksimid, depakin, konvuleks absanslarni to‘xtatishda juda foydali, biroq  tonik va klonik titrashlar bilan namoyon bo‘luvchi tutqanoq xurujlarini to‘xtata olmaydi. Benzonalni qabul qilib yurish esa bora-bora aqliy zaiflikka olib keladi. Hozirda bu doridan vrachlar voz kechishmoqda.

Maqolaning ikkinchi qismi:  Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (1-qism)
Maqolaning uchinchi qismi: Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (3-qism)

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz