3
(2)

Odam organizmida halqum uch qismga bo‘linadi, ya’ni burun-halqum, og‘iz-halqum va hiqildoq-halqum sohasi. Burun-halqum xoanlar orqali burun bo‘shlig‘i bilan, og‘iz-halqum tomoqning yuqori qismi orqali og‘iz bo‘shlig‘iga qo‘shiladi. Hiqildoq-halqum hiqildoqqa qo‘shiladi. Halqumning yuqori qismida 6 ta bodomcha bezi bo‘ladi. Halqumda ovqat yutish va nafas olish yo‘llari bir-biri bilan kesishadi. Ovqat yutish vaqtida kichik tilcha ko‘tarilib, burun bo‘shlig‘ini, hiqildoq usti pastga tushib, hiqildoqni berkitadi va ovqat og‘izdan tomoqqa, undan qizilo‘ngachga o‘tadi.

Epiglottit – hiqildoq usti hamda uni atrofidagi to‘qimalarning yallig‘lanishi bilan bog‘liq xastalik. Odatda bu sohadagi yallig‘lanish tufayli nafas olish yo‘llari berkilib qolishi mumkin.

Epiglottit

Foto: Freeimages.com

O‘tkir kechadigan epiglottit asosan 2-4 yoshli bolalar orasida ko‘p uchraydi. Ayrim vaqtlarda bu xastalikka nisbatan katta yoshli bolalar, hattoki, katta odamlar ham chalinadi. Epiglottitga chalingan yosh bolalarda bir qancha soat davomida isitmalash, serzardalik, disfoniya (ovoz tembrining o‘zgarishi) va disfagiya (yutish funksiyasining buzilishi) kabi alomatlar paydo bo‘ladi. Bemorlar old tomonga bukilib o‘tirishga harakat qiladilar. Ularning nafas olishi og‘irlashgani bois og‘zini ochib o‘tirishga majbur bo‘ladilar, bemor og‘zidan so‘lak oqib turadi.

O‘smir va katta yoshli bemorlarda kasallik alomatlari nisbatan kechroq ifodalanadi. Tomoq og‘rig‘i kasallik boshlangan dastlabki ikki kun davomida namoyon bo‘la boshlaydi. Katta yoshdagi bemorlarning 25 foizida nafas bo‘g‘ilishi, 15 foizida so‘lak bezi faoliyati kuchayib ketishi, 10 foizida stridor (hushtaksimon nafas olish) kabi klinik alomatlar kuzatiladi.

Epiglottit sabablari

Aksariyat hollarda kasallikning rivojlanishiga pnevmoniya (zotiljam) va meningit (miya pardalarining yallig‘lanishi) kabi xavfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi bakteriya – «Haemophilus influenzae» sababchi bo‘ladi. Bu turdagi mikrob odam organizmiga havo-tomchi yo‘li bilan tushishi mumkin. Ayrim hollarda mazkur mikrob burun bo‘shlig‘ida qulay vaqt kelguniga qadar saqlanishi mumkin.

Yuqorida aytib o‘tilgan mikrobdan tashqari, kasallikning rivojlanishiga pnevmokokk, streptokokk, kandida zamburug‘i, chechak xastaligini keltirib chiqaruvchi varitsella zoster virusi ham sabab bo‘ladi. Ba’zi bir vaziyatlarda epiglottit shikastlanish sababli yuzaga keladi. Bundan tashqari, u nafas yo‘llarining kuyishi (shu jumladan, issiq ovqat yoxud suyuqlikni iste’mol qilish) oqibatida ham rivojlanishi mumkin.

Kasallikning klinik kechishi

Kasallikning patogenezi haqida so‘z ketganida, birinchi navbatda, respirator viruslarning ta’siri sababli kapillyar (qil tomircha)larning yorilishi kuzatiladi. Epiteliy to‘qimasi shikastlanishi tufayli shilliq qavat ostiga turli xildagi bakteriyalar joylashib oladi. Keyinchalik ular yallig‘lanish va shishni keltirib chiqaradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Psixologdan bola tarbiyasi borasida foydali tavsiyalar

Epiglottit alomatlari

Ba’zi hollarda epiglottitdan avvalroq turli xil infeksiyalar tufayli yuqori nafas yo‘llarini zararlanishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda xastalik juda tez rivojlanib 2-5 soat davomida hiqildoq usti hamda uni atrofidagi to‘qimalarning yallig‘lanishi sababli nafas yo‘llari butunlay berkilib qoladi.

Yuqori harorat, hushtaksimon nafas olish, tomoq qismining yallig‘lanishi, jizzakilik, betoqatlik, holsizlanish, nafas olishning qiyinlashishi epiglottitning asosiy alomatlari hisoblanadi. Dardga chalingan bemor biroz yengillik bo‘lishi uchun bo‘yin qismini cho‘zishga, og‘zini katta ochib o‘tirib olib boshini old tomonga egishga harakat qiladi. Bunda bemorning tili osilib turadi, burun bilan nafas olish paytida burun kataklari keskin ravishda shishib turadi. Kasallikni gemofilus inflyuense bakteriyasi keltirib chiqarganida bemorning tana harorati keskin oshadi, tomoq sohasida kuchli og‘riq seziladi. Bularga qo‘shimcha ravishda so‘lak bezi faoliyatining keskin kuchayishi, ovozning bo‘g‘ilib chiqishi, nafas olishning og‘irlashishi, kislorod yetishmovchiligi tufayli lablarning ko‘karib ketishini ham aytib o‘tishimiz kerak.

Mutaxassislar epiglottitning uch xilini – shish bilan kechadigan, infiltrativ va abses (gazak oladigan) shakllarini farqlashadi. Ularning har biriga qisqacha ta’rif berib ketamiz: shish bilan kechadigan epiglottit uchun yutish vaqtida kuchli og‘riqning his etilishi, intoksikatsiya (zaharlanish), bo‘yin sohasini ushlab ko‘rganda og‘riq sezilishi, tana haroratining 37-39 darajagacha ko‘tarilishi, hiqildoq usti hamda uni atrofidagi to‘qimalarning shishishi kuzatiladi. Halqumning zararlangan qismidan farqli o‘laroq boshqa sohalarda patologik o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Bemorning qonida leykotsitoz, ECHT – eritrotsitlarning cho‘kish tezligi miqdorining keskin oshib ketishi kuzatiladi.

Epiglottitning infiltrativ va gazak oladigan shakllarida bemorning umumiy holati og‘irlashib boradi. Kasallikning boshqa alomatlari nisbatan tez yoki sustroq tarzda ifodalana boshlaydi. Tana harorati 38-390C darajagacha ko‘tariladi. Tomoq sohasida chidab bo‘lmaydigan kuchli og‘riq, nafas yetishmasligi, bemorning yuzida kuchli iztirob kuzatiladi. Bemorning tili o‘ta darajadagi kulrang karash bilan qoplangani, hiqildoq ustining shishib, periferik qon tomirlarining haddan tashqari qonga to‘lishi kuzatiladi. Gazak oladigan o‘tkir epiglottitda zararlangan sohada madda o‘choqlari yaqqol ko‘rinib turadi, shish tufayli halqumning boshqa sohalarini kuzatish imkoniyati keskin chegaralangan bo‘ladi. Bemorning nafas olishi ancha qiyinlashib qoladi (inspirator nafas qisilishi).

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Giperfaollik sindromi

O‘tkir kechadigan epiglottit chog‘ida unga zararlangan sohaning yiringlashi ham qo‘shilsa qisqa fursat davomida hiqildoq usti sohasida xondroperixondrit (hiqildoq tog‘aylari hamda tog‘ay ustki qismlarining yallig‘lanishi) kuzatiladi.

Epiglottit asoratlari

Bemor o‘z vaqtida to‘liq davolanmasa nafas olish yo‘llarining anatomik butunligi buzilishi mumkin. Buning oqibatida doimiy ravishda bemor organizmiga kislorod yetishmaydi. Kislorod yetishmovchiligi tufayli bemor tez-tez hushini yo‘qotishi, osongina talvasaga tushib qolishi sababli bevaqt nobud bo‘lish ehtimoli katta. Klinik kuzatuvlarga ko‘ra, xastalikka chalinish oqibatida 10 foiz hollarda epiglottit o‘zidan keyin zotiljam (pnevmoniya), bo‘yin sohasidagi limfa tugunlarining shishishi, perikardit (yurak xaltachasining yallig‘lanishi), plevrit (plevra bo‘shlig‘ida suyuqlikning to‘planishi) kabi asoratlar qoldirishi mumkin.

Kasallikni tashxislash

Shifokor uning huzuriga kelgan bemorning gavda holatiga qarab birlamchi tashxis qo‘yadi. Biz ilgari aytib o‘tganimiz kabi epiglottitga chalingan bemor biroz yengillik bo‘lishi uchun bo‘yin qismini cho‘zishga, og‘zini katta ochib o‘tirib olib boshini old tomonga egishga harakat qiladi. Bunda bemorning tili osilib turadi, burun bilan nafas olish paytida burun kataklari keskin ravishda shishib turadi. Shifokor kuchli og‘riq va shish tufayli bemorning og‘iz bo‘shlig‘ini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Aksariyat hollarda bunday vaziyatda bemorni rentgenga tushirishga to‘g‘ri keladi. Yon tomonlama qilingan rentgenogrammada hiqildoq ustining shishib ketganligi (katta barmoq belgisi) aniq ko‘rinadi. Bunday alomatning ifodalanmaganligi epiglottitni taxmin qilmaslik uchun yetarlicha asos bo‘lolmaydi.

Ayni vaziyatda bemorning halqumini ko‘zdan kechirish uchun maxsus shpatel yordamida tilni pastga bosish mumkin emas. Bunday harakatlar oqibatida bemorda reflektor laringospazm va shu sababli nafas yo‘llari faoliyatining buzilishi yuz berishi ehtimoli bor. Epiglottitga chalingan bemorni operatsiya xonasiga olib borib fibrolaringoskop yordamida kuzatish kerak. Zarurat tug‘ilsa bemorga traxeya (bo‘g‘iz) sohasida intubatsiya qilinadi.

Qaysi shifokorga murojaat qilish zarur?

Otolaringolog – quloq, burun, tomoq xastaliklari bo‘yicha shifokorga murojaat etiladi.

Epiglottit kasalligini davolash

Epiglottitni davolash muolajalari tez yordam tizimi uchun xos bo‘lgan tamoyillarga asoslanishi shart. Bu kasallikni uy sharoitida mutlaqo davolab bo‘lmaydi. Bemorga intensiv (jadal) terapiya usulida tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun umumiy narkoz ostida nafas yo‘llariga plastik nayni kiritish zarur bo‘ladi. Shundan keyin vaziyatni mukammalroq o‘rganish maqsadida rentgenogramma qilinadi. Tomir orqali antibiotiklar, shuningdek, organizmning hayotiy quvvatini ta’minlaydigan maxsus suyuqliklar yuboriladi. Bemor maxsus xonaga joylashtiriladi. Bemorning nafas olishi va yurak urishi muntazam ravishda kuzatib boriladi. Odatda kasalxonada bemor 5-7 kun davomida davolanadi. Antibiotiklar kursi 7-10 kungacha davom ettiriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi

Ota-onalarga foydali maslahatlar

Yosh bolangiz kunduzi yoxud kechasi bexosdan uyqusidan uyg‘onib talvasaga tushsa, boshini old tomonga engashtirib o‘tirib olishga harakat qilsa yoki hadeb ko‘tarib olishlarini talab qilib xarxasha qilaversa, bo‘ynini cho‘zib, og‘zini katta ochib olsayu nafas olishga qiynalsa, tili osilib qolsa, yutinishi qiyinlashsa, tana harorati yuqori darajagacha ko‘tarilib ketsa, kuchli tomoq og‘rig‘idan bezovtalansa bolangizni mustaqil davolashga harakat qilmay, shu zahoti shifokor huzuriga olib boring.

Bezovtalanayotgan bolangizni tinchlantirishga harakat qiling. Buning uchun eng avvalo, o‘zingiz tinchlanib oling. Og‘ir vaziyatlarda ham es-hushini yo‘qotmaydigan ota-ona o‘z bolasining salomatligi uchun ko‘p narsa qilishga qodir bo‘ladi.

Epiglottit ehtimoli bor bo‘lsa aslo bolangizning tilini biron narsa yordamida pastga bosishga, kuch ishlatib uning og‘iz bo‘shlig‘ini kuzatishga, gavdasi va ayniqsa, boshini tik tutishga undamang. Unga qanday holat qulay bo‘lsa, shu holatda qoldiring. Avtomobilda ketayotgan bo‘lsangiz bolani ochiq darcha oldida olib o‘tiring, toki uning nafas olishi oson bo‘lsin.

 

Tomoqdagi yallig’lanish alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Lorobendir.

Loroben bu – 200 ml og’izni chayqash uchun eritma (o’lchov stakani bilan birgalikda).

100 ml eritma tarkibi:

Faol moddalar: benzidamin gidroxloridi 150 mg, xlorheksidin glyukonat 120 mg. Yordamchi moddalar: polisorbat 20, sorbitol 70%, propilen glikol, sariq xinolin, yalpiz essensiyasi, saxaroza, Ecocool MP, Patent V Blue, limon kislotasi monogidrati, natriy sitrat digidrati, tozalangan suv.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/loroben

Tomoqdagi yallig’lanishida keng qo’llaniladigan boshqa preparatlar: Tonzilgon N, Lizobakt, Adjisept, Lorsept, Geksolarin, Grammidin Neo, Tonzilotren va hk.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

© «Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz