El sog‘ligi — yurt boyligi

Enurez — peshob tuta olmaslik

Afsuski, ba’zi ota-onalar farzandining kechasi tagini ho‘llab qo‘yish odatiga bee’tibor qarashadi. «Bola shunday katta bo‘ladi-da!» deydiganlar ham yo‘q emas. Lekin o‘sha bola katta bo‘lgandan keyin ham bu hol davom etsa-chi? Endi bu nafaqat ona, balki bolaning o‘zi uchun ham rosmana muammoga aylanadi. Ayniqsa, kelajakda o‘zga oilaga boradigan, kelin, ona bo‘ladigan qizaloqlar orasida o‘smir yoshga yetganda ham bunday hol uchrashi jiddiy muammo. Tibbiyotda bu «muammo» enurez deb nom olgan. Bu mavzuni yoritishimizga bir muxlisamizning qo‘ng‘irog‘i turtki bo‘ldi. Xo‘sh, farzand o‘smirlik davriga yetganda ham enurezdan aziyat chekishiga sabab nima?
Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak?
Mavzu doirasida Toshkent shahar bolalar ruhiy-asab kasalliklari markazi dispanser bo‘linmasi boshlig‘i Adiba HOSHIMOVA «Sug‘diyona» gazetasiga ma’lumot berdi. Quyida ushbu ma’lumot bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

 

Enurez — uyqu vaqtida ixtiyorsiz peshob ajratish kasalligi. Enurezning klinik o‘rni bolalar va o‘smirlar o‘rtasida katta. Bu kasallik 5 yoshli bolalarning 10, 10 yoshlilarning 5, 14 yoshlilarning 2 foizida uchraydi. 18 yoshlilarning esa har yuztadan bittasida kuzatilishi mumkin.

Enurezning tarqalishida jinsning ham ahamiyati bor: u maktab yoshigacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning 12, qiz bolalarning esa 7 foizida uchraydi. Kasallik qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarda 1,5-2 baravar ko‘p kuzatiladi. 5 yoshgacha bo‘lgan davrda bu kasallik emas, fiziologik holat hisoblanadi. 5 yoshdan keyin esa peshobini tuta olmaydigan bolalarni albatta davolash kerak.

Enurez sabablari

  1. Markaziy asab tizimining peshob ajratish jarayoni ustidan nazorati shakllanishining ortda qolishi.
  2. Infeksiyalar.
  3. Qabziyat va axlat tuta olmaslik har doim ham jiddiy e’tibor qaratilavermaydigan jiddiy omillar.
  4. Oshqozon-ichak trakti faoliyati o‘zgarishi, surunkali tonzillit ham peshob pufagi faoliyatining buzilishini yuzaga keltirishi mumkin.
  5. Asab tizimi kasalliklari
  6. Ruhiy omillar (oiladagi ziddiyatlar, maktabda vazifalarning og‘irlik qilishi, turar-joy o‘zgarishi va hokazo).
  7. Peshob pufagi faoliyatining buzilishi…

Kasallik nasl suradimi?

Ota ham, ona ham enurezdan aziyat chekkan bo‘lsa, bolada bu kasallik kuzatilishi xavfi 77 foizni tashkil etadi. Agar ota-onadan bittasi tungi peshob tutolmaslikni boshdan kechirgan bo‘lsa, 44%, ota-onaning hech birida bu holat kuzatilmagan bo‘lsa, 15 foiz hollarda bola enurezdan aziyat chekadi.

Qaysi shifokorga murojaat qilish kerak?

Davolash faqat psixiatr yoki nevropatolog tomonidan amalga oshiriladi. Mutaxassis avvalo, kasallik sabablarini aniqlaydi. Buning uchun suhbat va muayyan tekshiruvlar amalga oshiriladi. Mutaxassis albatta enurezga chalingan bolaning ota-onasidan oilaviy muhit qandayligini, bola haqidagi qo‘shimcha shikoyatlar bor-yo‘qligini surishtiradi. Ona homiladorlik davrini qanday o‘tkazgan, boshqorong‘ilik bo‘lganmi, birorta kasallikka chalinganmi yoki siqilishlar bo‘lganmi, bola tug‘ilayotganda tug‘ma patologiyalar kuzatilmaganmi, o‘z vaqtida tug‘ilganmi kabi savollarni ham albatta hisobga olish kerak. Bolaning 3 yoshgacha bo‘lgan rivojlanish davri ham hisobga olinadi. Xullas, barcha ma’lumotlar jamlanib, xulosa chiqariladi. Muolajalar esa so‘rov va tekshiruv natijalariga qarab belgilanadi.

Qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak?

Tekshiruv peshob tuta olmaslikning davomiyligi va tezligi, bu muammoga ota-ona va bolaning munosabatini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.

Qon va axlatning umumiy tahlili o‘tkaziladi. Bolaning umurtqa pog‘onasi rentgen qilinadi. Chunki shunday vaziyatlar bo‘ladiki, bola umurtqa pog‘onasining eng pastki sohasi qiyshiq tug‘iladi. Agar shu holat aniqlansa, umurtqa pog‘onasining o‘sha qismi bola peshob pufagiga turtki berib turadi va bolada peshob pufagi tez to‘lib qolish reaksiyasi paydo bo‘ladi. Bunday vaziyatda ortoped bilan birga davo muolajalari qilinadi.

Albatta peshob tahlilini o‘tkazish kerak. Bunda buyraklarda, peshob yo‘llarida shamollash alomatlari, tuz yig‘ilish holatlari bor-yo‘qligi aniqlanadi. Agar tahlil natijasi buyraklar va peshob chiqarish yo‘llari ishida buzilishlarni ko‘rsatsa, sinchiklab tekshirish talab etiladi: ultratovush tekshiruvi, peshob pufagining rentgen tekshiruvi, urologik va nevrologik tekshiruv.

Oilaviy totuvlik — muvaffaqiyat garovi!

Asabi buzilib turganda alamini bolasidan oladigan, tergayveradigan ota – onalar bor … Aslida 5 yoshgacha bo‘lgan bolani tergash mumkin emas. Chunki ularda hali fikrlash qobiliyati to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi. Bolani tergayversangiz, kunduzi shuning ta’sirida asabi tarang bo‘lib yuradi. Natijada kechasi unda enurez holati kuzatilishi mumkin. Oilada er-xotin yoki qaynona-kelin o‘rtasidagi janjallar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Kattalar «bola o‘ynab yuribdi, e’tibor bermaydi» deb o‘ylashadi. Aslida esa har bir gapimiz, o‘zaro munosabatlarimiz ham bolaga ta’sir qilishini hisobga olishimiz kerak.

Xastalik ijtimoiy muammoga aylanib ketmasin!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, enurezdan aziyat chekuvchilarning 40 foizida ruhiy buzilishlar kuzatiladi. Bola enurezdan aziyat cheksa, asabiy, do‘stlariga qo‘shilolmaydigan bo‘lib qolishi, fanlardan o‘zlashtirishi susayishi mumkin. Chunki u doim shuni o‘ylab siqilib yuradi. Agar davolanmasa, ulg‘aygan sari bolada bu kasallik qolmasa, u ko‘pchilikka qo‘shilolmaydi, mehmonga, lagerga borishdan bosh tortadi, chunki qo‘rqadi. O‘g‘il bolalar, hatto harbiy xizmatga olinmaydi. Bu bola uchun juda katta ruhiy jarohat. Enurez asab tizimini shunday holatga olib keladiki, ayrimlar hatto uylanmaslikka qaror qilishi mumkin. Qizlarda esa turmushga chiqqach, oilasi buzilishi hollari kuzatiladi. Qiz bolada hayz davri boshlansa, kasallik o‘tib ketadi» deb hisoblaydiganlar ham bor. Aslida esa hammada ham bunday bo‘lavermaydi.

Enurezni davolash

Kattalar va o‘smirlardagi enurez markaziy asab tizimining organik patologiya asorati hisoblanadi va uni davolash nevrologik buzilishlarni to‘g‘irlash bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Peshob yo‘llarini mustahkamlaydigan, asablarini tinchlantiradigan preparatlar, vitaminlar, shamollashni singdirib yuboradigan terapiya va qo‘shimcha fizioterapiya, nuqtali massaj, parafin kabi muolajalarni kompleks tarzda olib borish kerak. Biroq unutmaslik kerakki, kasallik bir davolagandayoq o‘tib ketmaydi, buni 5-6 oyda takroriy kurs qilib davolab turish kerak. Chunki bu surunkali xastalik. Shuning uchun «bir marta davolandim, bo‘lmadi» deb qo‘l siltab qo‘yish noto‘g‘ri.

Enurezdan aziyat chekadigan bolalarni sportning suzish to‘garagiga berish foydali. Suzish bola asabini tinchlantiradi, butun organizmini chiniqtiradi. Bu sport turi bilan yilning issiq oylaridagina emas, balki yil davomida shug‘ullanish kerak. Shunda natijasi bilinadi.

8 muhim qoida

  1. O‘zingiz va farzandingizni aybdorlik hissidan xalos eting! Farzandingiz kechasi o‘rnini ho‘llab qo‘ygani uchun, siz yomon ona hisoblanmaysiz. Shuningdek, banday bo‘lgani uchun dilbandingiz yomon bola emasligini aniq-ravshan tushunishiga erishishga harakat qiling.
  2. Bolani jazolamang! U enurezga chalingani uchun aybdor emas va buning uchun sizdan kam qayg‘urayotgani yo‘q. Unga tagini ho‘llab qo‘ygani uchun na so‘z, na nigoh bilan gina qilmang. Tushuning, bu bolaga yordam bermaydi. Tagini ho‘llab qo‘yishni xohlaydigan bola bo‘lmaydi. Farzandingiz to‘shagini ho‘llab qo‘ysa, «obbo, o‘rning yana ho‘l-ku!» kabi gaplarni aytmang. Yaxshisi, hech nima demang. E’tiboringizni faqat muvaffaqiyatlarga qaratishingiz kerak.
  3. Bola har kuni bir xil vaqtda uyquga ketishga odatlansin. Kechqurun birgalikda kitob o‘qing, rasm chizing. Kechasi televizor tomosha qilmagani, kompyuter o‘yinlari o‘ynamagani ma’qul.
  4. 4 yoshdan bolaga onalar psixoterapiyani qo‘llashlari mumkin. Bu uxlashdan oldin amalga oshiriladi. Bola uyquga ketishidan oldin kaftingizni peshanasiga qo‘yib, unga «hojatga chiqqim kelsa, albatta uyg‘onib, hojatxonaga boraman. To‘shagim quruq bo‘ladi» kabi gaplarni jiddiy va щoshmasdan ayting. Agar bola bu gaplarni takrorlasa, yana-da yaxshi. «O‘z-o‘zini ishontirish» mashqini kuniga 5-7 martadan 1-2 oy davom ettiring.
  5. Bolani kechasi uyg‘otish mumkin emas. Bu tarzda bolada hech qachon peshobi qistaganda o‘zi uyg‘onish refleksi shakllanmaydi. U o‘z peshob pufagini o‘zi sezishga o‘rganishi kerak. Majburan uyg‘otish orqali esa bu refleks paydo bo‘lishiga faqatgina xalaqit berasiz.
  6. «Quruq tunlar» uchun farzandingizni rag‘batlantiring.
  7. Bola bilan birga taqvim tuting. Odatiy mitti taqvimchaga «ho‘l» va «quruq» tunlarni birgalikda belgilab boring. Qurug‘ini qizil, ho‘lini ko‘k qalam bilan belgilang. Ham qiziqarli, ham foydali.
  8. Unutmang: Bu maslahatlar faqatgina ularni muntazam ravishda, hech qanday dam olish kuni yoki bayramlarsiz, 1,5-2 oy davomida bajargandagina yordam beradi.

Biosfera.uz saytidagi «Enurez kasalligini davolash» nomli maqolada ushbu dardni bartaraf qilish uchun tabiiy retseptlardan na’munalar keltirilgan.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Savollar

  1. Madina

    Mani bir tanishim oldin tunda xam kunduzi xam uxlasa tagini xullab quyardi xozir u turmushga chiqqan qornida bolasi bor yaqindayam tunda tagimni xullab quydim degandi eri juda yomon uni harkuni asabiga tegib siqiltiradi qaynonasiyam kunini bermedi ajrashey desa bolasi yetim uzi ersiz qop ketadi u hozir uyida qanaqqib bu kasallikdan qutulsa buladi

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.