El sog‘ligi — yurt boyligi

Elektroterapiya — elektr bilan davolash

Elektroterapiya (elektr bilan davolash usuli) og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi vosita sifatida nevralgiya, tomir tortishishi, asab-mushak tizimi xastaliklari, mushak atrofiyasi, bo‘g‘imlar revmatizmi, nevrasteniya singari bir qancha kasalliklarda qo‘llaniladi.

elektroterapiya

Past kuchlanishli tok elektrodlar orqali tananing ma’lum qismidan o‘tganida hujayrada fizik-kimyoviy jarayonlarning o‘zgarishi ro‘y beradi, qon aylanishi va uyqu yaxshilanadi, og‘riq kamayadi, yallig‘lanish jarayonlari bartaraf etiladi, zararlangan to‘qimalarning tiklanishi tezlashadi.

Elektr bilan davolash tana uchun deyarli xavfsiz. Bu muolajani ovqatlangandan 1-1,5 soat o‘tgach bajarish tavsiya etiladi. Muolaja paytida foydalaniladigan tok kuchi nihoyatda past bo‘lib, inson salomatligiga zarar yetkazmaydi.

Past chastotali elektr toki yordamida tananing og‘riq joyiga kam miqdorda dori vositasi yuboriladi.

Zamonaviy tibbiyotda past kuchlanishli o‘zgarmas elektr toki (galvanizatsiya), o‘zgaruvchan toklar (darsonvarizatsiya, diatermiya) past chastotali impulsli tok (induktotermiya), shuningdek elektroforez, darsonvalizatsiya, fonoforez (dorivor moddalarni to‘qimalarga yuborish usuli), turli chastotali o‘zgaruvchan yoki yuqori chastotali o‘zgaruvchan yoki magnit maydonlari muolajalari elektr toki yordamida amalga oshiriladi.

Galvanoterapiya

Galvanoterapiya bilan davolash maqsadida organizmga (30-80 V) birlikdagi kam quvvatli elektr toki yuboriladi. Galvanik tok bemorning markaziy asab tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, yurakni quvvatlantiradi, organizmda yangi hujayralar xosil bo‘lishini ta’minlaydi va himoya kuchlarini mustahkamlaydi. Bu usul radikulit, nevralgiya, bosh va orqa miyada qon aylanishining buzilishi, surunkali gastrit, kolit, xoletsistit, o‘t yo‘llari diskineziyasi, yurak-qon tomir xastaliklari, ko‘z kasalliklari va surunkali artritni davolashda yordam beradi.

Unutmaslik kerakki, organizmda yiringli va yallig‘lanish bilan bog‘liq jarayonlar kechganda, qon kasalliklarida, doimiy behollikda, shuningdek homiladorlik davrida galvanoterapiya tavsiya etilmaydi.

Elektroforez

Elektroforez (dori vositalarini galvanizatsiya yordamida organizmga yuborish) usuli dorilarning to‘qimalarga tezroq singishini ta’minlab, ta’sirini yanada oshiradi. Elektroforez og‘riqsizlantiruvchi, qon tomirlarni kengaytiruvchi, organizmda moddalar almashinuvini jadallashtiruvchi ta’sir ko‘rsatishi tufayli asab tizimi kasalliklari, tayanch-harakat tizimi va ginekologik xastaliklarda samarali qo‘llaniladi. Elektroforez muolajasi og‘riqsiz bo‘lib, bemor faqatgina dori yuborilayotgan joyning yengilgina qizishi yoki ignachalar «sanchishini» sezishi mumkin.

Darsonvalizatsiya

Darsonvalizatsiya yuqori kuchlanishli (20 kV gacha), kichik kuchli (0,015-0,02 mA) va yuqori chastotali (110 kGs) impuls toklar bilan davolash usuli bo‘lib, bunda darsonval toklari teriga elektroddan tushib turadigan mayda-mayda uchqunlar hamda bu uchqunlardan havoda paydo bo‘ladigan ionlar va kimyoviy moddalar (ozon, azot-oksid va boshqalar) orqali ta’sir ko‘rsatadi. Muolaja bemorda igna sanchilishidek his uyg‘otadi, shuningdek, issiqlik sezgisini yuzaga keltiradi.

Darsonval yordamida teridagi moddalar almashinuvi tezlashadi, mayda yiringli yaralar, so‘gal, husnbuzarlar davolanadi. Bu muolaja tanada qon aylanishini tezlashtiradi, a’zo va to‘qimalarning kislorod bilan oziqlanishini faollashtiradi, allergik kasalliklarda kuchli qichishishlarning to‘xtashiga yordam beradi, og‘riqsizlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek darsonvalizatsiya bilan xafaqon (gipertoniya, qon bosimining oshishi), uyqusizlik, qon-tomir kasalliklari, ginekologik xastaliklar davolanadi. Nerv to‘qimalarining ta’sirchanlik darajasini pasaytirish xususiyati tufayli bu usul xirurgiyada ham og‘riqsizlantiruvchi vosita sifatida keng qo‘llanilib kelinmoqda.

Darsonval usuli tez-tez boshi og‘rib turadigan ayollarga naf beradi, bundan tashqari asab kasalliklari, uyqusizlik, surunkali charchoqdan shikoyat qiladigan bemorlar sog‘ligini tiklashda ham juda foydali.

Lekin bu usul o‘tkir yuqumli kasalliklarda, yurak-qon tomir xastaliklarining zo‘rayish davrida, o‘sma dardlarida va homiladorlikda buyurilmaydi.

© Aziza RAJABOVA, terapevt.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *