Ebola aslida nima?

Barchamizni qiziqtirayotgan bu kasallik aslida qanday? , uning tarixi qanaqa?. Agar, shu savollar bilan Google yoki Yandexga murojaat etadigan bo‘lsak, bizga o‘zbek tilida hech qanday ma’lumot chiqarmaydi. Bu mavzuning dolzarbligini hisobga olib hozir shu to‘grisida bir nechta ma’lumotlarni berib o‘taman.

Ebolaning tarixi qanday?

Ebola 1976 yilda ilk bor ikki yerda, avval Sudan, Kongo Demokratik Republikasida, sal o‘tib Ebola daryosi atrofidagi yerlarda paydo bo‘lgan. Shu sabab, bu o‘tkir virus ebola deb nom oldi. Taxminlarga ko‘ra, «Pteropodidae» oilasiga mansub mevaxo‘r ko‘rshapalaklardan ebola virusi tarqala boshlagan. Sal o‘tmay tropik o‘rmonlardagi shimpanze, gorilla, o‘rmon antilopalariga ebola virusi yuqqan. Hozirda ularning tarqalish manbasi nafaqat, yuqoridagi hayvonlar balki, kasallikni yuqtirib olgan odamlar hisoblanmoqda.
Aslida ebola Afrikaning G‘arbidagi mamlakatlar – Gvineya, Liberiya, Nigeriya va Syerra-Leoneda avj oldi.Hozirda Liberiyada bemorlar soni boshqa Afrika davlatlaridagiga qaraganda ko‘proq.
Uning belgilari qanday?
    • Kasallikning dastlabki kunlarida bemorda umumiy behollik, quruq yo‘tal, tomoq qurishi, kuchli bosh og‘rig‘i va isitma kabi belgilar kuzatiladi. Ba’zan tilda yarachalar paydo bo‘lishi mumkin.
    • Bemorning harorati +39 +40 C darajaga ko‘tariladi.
    • Kasallikning 2 3– kunlari qorinda og‘riq paydo bo‘lib, kuchli qayt qilish, ich ketish kabi holatlar yuzaga keladi. Bir necha kundan so‘ng bemorning ichidan qon keladi.
    • Dardning 5 6– kunlari bemor ko‘kragida, keyinroq yelka sohasida toshmalar paydo bo‘ladi.
    • Bir haftadan so‘ng gemorragik sindrom natijasida, ya’ni burundan, milklardan, quloqlardan  qon ketib, qon qusishlar kuzatiladi. Bemor ko‘p miqdorda qon va suv yo‘qotishdan jon beradi.

Ebolaning yuqish yo‘llari qanday?

Virus odamdan odamga  muloqot, yuqori nafas yo‘llarining shilliq pardasidan, terining shilingan joylaridan, qondan, bemor organizmidan chiqqan barcha ajralmalardan, ayollarning ko‘krak sutidan, hatto u foydalangan choyshab, sochiq, kiyim-kechaklardan ham virus yuqadi. Shu kasallikdan vafot etgan kishini oxirgi yo‘lga kuzatish jarayonida ham virus uning yaqinlariga (diniy urf-odatlar tufayli) o‘tib qolish holatlari ham kuzatilgan.

Kasallikni oldini olish mumkinmi?

Nisbiy olgandada gripp, O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiyalar)ga ham o‘xshab ketadigan bu kasallikka chalinmaslik uchun shifoxonalardan chiqishda, uyga borganda, sayohatga chiqqanda, albatta, qo‘lni sovunlab yuvish, gigiyena qoidalariga amal qilish kerak. Shifoxonadan olib kelingan idishlarni ehtiyotlik bilan uy sharoitida qaynatish yo‘li bilan zararsizlantirish yoki xlor saqlovchi eritmalarning birortasiga 20 daqiqaga solib, so‘ng oqar suvda bir necha daqiqa chayish zarur.                                                                                                                                                                                                                                                                      Eng asosiysi, bu dard bizning mamlakatda mavjud emasligi va shu bilan birga bu kasallik xavf solib turgan mamlakatlarga sayohat qilmaslik nafaqat sayohatchining o‘z sog‘ligi uchun va xalqimiz sog‘ligi uchun foydalidir. Eslatib o‘taman, bu kasallikni o‘ziga yuqtirgan bemorlarning 50 90% ining hayoti o‘lim bilan tugaydi.

Jamiyatimizda qanday ijtimoiy o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi?

    1. Toshkentga Shimoliy-G‘arbiy Afrikaliklar kelmadi: Ko‘pchiligingizning xabaringiz bor sport kurashi bo‘yicha jahon chempionati 8—14 sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazildi. Ana shu chempionatga Gvineya, Liberiya, Serra-Leone, Nigeriya va Kongo davlatlari sportchilari O‘zbekiston Sog‘likni Saqlash Vazirligi tavsiyasiga binoan taklif etilmadilar. Albatta, bu bilan SSV yurtimiz aholisiga Ebola xavfi paydo bo‘lmasligini ta’minlab berdi.
    2. Spam-xabarlar: Oktyabr oylari oxirlariga kelib ko‘pchilik abonentlarga quyidagi mazmundagi xabarlar kela boshladi, «Bananni yemang, meva orqali Ebola virusini tarqatishmoqda!» . Bu holatga  O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi  boshlig‘i Komil Muhammedov O‘zbekistonga Afrika mamlakatlaridan iste’mol mahsulotlari olib kelinmasligini aytib o‘tgan. Va “Xorijdan mahsulotlarni olib kirishning barcha jarayonlari qat’iy nazorat qilinishini ham qo‘shimcha qilgan.
    3. Aeraportda nazorat kuchaytirildi: Toshkent, Buxoro, Samarqand, Urganch va Navoiy  aeroportlarining uchib kelish zallariga o‘rnatilgan zamonaviy teplovizorlar orqali kelayotgan har bir aviayo‘lovchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. 2014 yilning oktyabr oyidan xorijiy safardan qaytayotgan yurtdoshlarimizning salomatligi yuqumli kasalliklar shifokori bilan kuchaytirilgan tarkib yordamida teplovizorlar vositasida nazorat qilib borilmoqda.
    4. Ebola o‘chog‘iga borish ta’qiqlandi: Noyabr oyidan boshlab, Epidemiyaga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda komissiyasi Gvineya, Serra-Leone, Liberiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Senegal va Mali kabi mamlakatlarga sayohatni vaqtinchalik chekladi.
    5. «Tijorat» boshlandi: Yapon, Amerika va yetakchi olimlar turli tajribalar o‘tqazib, virusga qarshi vaksina yaratayotgan bir vaqtda o‘zimizning «tijorat qirollari» Toshkent shahrida odamlarga o‘n ming so‘mdan «Ebolaga qarshi vaksina» deya  «o‘z topilmalarini» og‘zaki ko‘rsatmalar  asosida pulladilar.  Bu vaziyat rasman tasdig‘ini topmagan bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekistonliklar auditoriyasida ancha ommalashdi va ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ayni vaqtda ahvol qanday?

  • Ayni damda Jahon Sog‘likni saqlash ashkilotining xabar berishicha, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bezgagi epidemiyasi to‘liq tugatildi. Buning uchun tashkilot mamlakatda ikki marta maksimal inkubatsiya davri o‘tkazishi kerak. «42 kunlik epidemiya yakunlangach, Kongo Ebola yuqishidan xoli bo‘lgan mamlakatga aylandi», — deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotida. Shu davrgacha respublika aholisidan 49 kishi shu epidemiya tufayli vafot etdi.
  • Hozirda Amerika olimlari Ebola virusiga qarshi tajriba vaksinasi AQSHda ilk klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tganligini takidlashmoqda. Vaksina 20 nafar ko‘ngillida sinab ko‘rilgan va ularning har birida ijobiy natija ko‘zga tashlangan. Jumladan, ularning immun tizimi preparat ta’sirida Ebolaga qarshilik ko‘rsatadigan antitelolar ishlab chiqara boshlagan. Ikki kishidagi qisqa muddatli harorat oshishidan tashqari zararli ta’sirlar kuzatilmagan. Ushbu vaksina Ebolaga qarshi kurash yo‘lidagi muham qadam sifatida baholanmoqda.

Xavfdan qachon qutilamiz?

Aynan shu  savol butun dunyo ahlini qiziqtirayotgani turgan gap! Agar, bu narsa qiziqtirmasa, nega Googledan eng ko‘p qidirilgan so‘z ayni «Ebola» ?! Odamlarning bu qiziqishini va savollarin inobatga olib, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 22 noyabr, shanba kuni Vashingtonda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvida «agar dunyo hamjamiyati o‘z kuchlarini birlashtirsa, Ebola bezgagi epidemiyasini 2015 yil yarmiga kelib yengish mumkin» ligini ta’kidlab o‘tdi.

Lekin,  BMTning Ebola bilan kurash bo‘yicha missiyasi rahbari Entoni Banberi ayni paytda insoniyat virus ustidan g‘alaba qozonishdan ancha uzoqda ekanligini aytdi. Bu fikrga men ham tibbiyotchi sifatida qo‘shilaman. Va shu sababli sizni ehtiyotkorlikka chorlayman!

Omon bo‘ling, azizlar!

Yuklanmoqda...

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*