3.5
(2)

“Disk churrasi” tashxisi so‘nggi yillarda shu qadar ko‘payib ketdiki, oxir-oqibat bu tashxis ko‘plarni tashvishga solib qo‘ydi. Rostdan ham bu kasallik ko‘p uchraydimi yoki oddiy radikulitni ham “disk churrasi” deb o‘ylashayaptimi?

disk churrasi

Shu kabi savollarga menga juda ko‘p berishadi. O‘ylaymanki bunday savollar bilan boshqa  nevropatologlarga ham ko‘p murojaat qilishadi.  Bu jumboqli savolga oydinlik kiritishga harakat qilaman.

Umurtqalar orasidagi diskning o‘z joyidan siljishiga disk churrasi deb aytiladi. Disk o‘z joyidan biroz siljisa u hech qanday og‘riq bermaydi. Biroq uning siljishi davom etaversa, buning oqibatida orqa miya va undan chiquvchi nervlar bosilib qoladi va kuchli og‘riq yuzaga keladi. Disk churrasi ko‘pincha bo‘yin va bel-dumg‘aza umurtqalari sohasida kuzatiladi.

Bo‘yin umurtqalari disk churrasi qanday namoyon bo‘ladi?

Sabablari quyidagicha: bir xil tarzda ishlayverish, boshga og‘ir narsaning tushib ketishi, balandan yiqilib tushish, yo‘l-transport hodisalarida bo‘yin umurtqalarining keskin qayrilishi kabi jaroxatlar. Bo‘yin umurtqalari orasida paydo bo‘lgan disk churralari ensa va bo‘yin-yelka sohalariga og‘riqlar beradi, qo‘llarni ko‘targanda, orqaga qayirganda og‘riqlar kuchayadi, harakatlar qilish chegaralanadi, qo‘llarda holsizlik paydo bo‘ladi. Ba’zida bosh miya tomon yo‘nalgan umurtqa tomirlari siqilishi sababli bosh aylanishi va yurganda gandiraklab ketishlar, quloqda shovqin paydo bo‘ladi.

Bel-dumg‘aza sohasi umurtqalari disk churrasi. Sabablari quyidagicha: og‘ir narsalar ko‘tarish, jismoniy harakatlarsiz bir xil tarzda ko‘p ishlash, yo‘l-transport hodisalari, balandan yiqilish kabi jaroxatlar. Bu sohadagi disk churralari bel va oyoqlarga og‘riqlar beradi, bemor o‘tirib-turganda qiynaladi, oqsoqlab yuradi, oyoqlardagi har qanday harakatlar og‘riqlarni yuzaga keltiradi. Og‘riqlar ko‘pincha bitta oyoqda kuzatiladi. Ba’zida og‘riqlar shu qadar kuchli namoyon bo‘ladi-ki, bemorning beli qiyshayib qoladi (biroq bu holat o‘tkir radikulitda bo‘lishini ham unutmang).

Ushbu maqolani ham o‘qing:  O‘ta sezgirlik yaxshimi yoki psixogen giperesteziya nima?

Disk churrasi kasalligiga tashxis qanday qo‘yiladi?

Nevropatolog ko‘rigi va MRT tekshiruvlari asosida qo‘yiladi. Bo‘yin va bel sohasidagi har qanday kuchli og‘riqni MRT tekshiruvisiz disk churrasi deb baholash aslo mumkin emas. Chunki bel sohasidagi kuchli og‘riqlar orqa miya nervlari va pardalarining kuchli shamollashlarida ham kuzatiladi. Ularning disk churrasiga aloqasi yo‘q. Ba’zi odamlarda kichik hajmdagi disk churralari aniqlanadi va ular o‘zlaridagi og‘riqlarni ushbu kichik disk churralari bilan bog‘lashadi. Bu ham noto‘g‘ri.

Kichik hajmdagi disk churralari (masalan, 2-3 mm) kuchli og‘riqlar bera olmaydi. Bunday holatlarda og‘riqning boshqa sabablarini izlash lozim. Mening kuzatuvlarim bo‘yicha bel og‘riqlariga shikoyat qilib kelgan 10 nafar bemordan faqat bittasida og‘riqlar disk churrasi bilan bog‘liq bo‘lib chiqayapti.  Demak, og‘riqlarni har doim ham disk churrasi bilan bog‘layverish kerak emas.

Operatsiya qilib davolashni kim hal qiladi?

Neyroxirurg hal qiladi. Odatda nevropatolog kattaroq hajmdagi disk churrasini aniqlasa va shu bois turli asoratlar havfi tug‘ilsa, bemorni neyroxirurg maslahatiga yuborish kerak. Operatsiyadan so‘ng bemor albatta nevropatolog nazoratida turishi lozim.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz