4
(1)

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, inson tanasida taxminan yuz trilliondan ortiq hujayralar mavjud. Butun tanada, asosan ichaklarda yashaydigan bakteriyalar esa inson hujayralaridan bir qancha marotaba kichik bo‘lsa-da, hayotiy faoliyatga kuchli ta’sir etadi. Ammo ularning ko‘pchiligi zararsiz, hatto foydali ekanligi aniqlangan. Foydali mikroblar kishi salomatligini ta’minlaydi, immunitetni ko‘taradi, ovqat hazm bo‘lishiga ko‘maklashadi.

disbakterioz

Me’yoriy mikroflora kishi tana og‘irligining 5 foizini tashkil etadi, ular hazm qilishda qatnashib, ichaklarda suv, oqsil, yog‘, uglevod, xolesterin, temir, kalsiyning so‘rilishini ta’minlaydi. Shuningdek, vitamin va gormonlarni sintezlaydi, organizm uchun zaharli moddalarni zararsizlantiradi. Turli xastaliklarda, ekologik buzilishlar kuzatilganda, sifatsiz suv yoki oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilinganda, shuningdek, antibiotiklardan noto‘g‘ri foydalanilganda mikroflorada mikrob turlarining nisbati keskin o‘zgarib, ularning ko‘pchiligi qirilib ketadi, natijada disbakterioz paydo bo‘lishi mumkin. Kuzatishlarga ko‘ra, katta yoshdagi kishilarning 90 foizi, bolalarning esa 95 foizi disbakterioz bilan og‘riydilar.

Disbakteriozda organizmning oziq moddalarni o‘zlashtirish jarayoni buziladi, fermentlar va vitaminlar sintezi keskin pasayadi. Davolashdan avval ichaklarda kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar qanchalik ko‘paygani, ularning sonini aniqlash uchun bak-posev tekshiruvini o‘tkazish kerak bo‘ladi. Ya’ni, laboratoriya mutaxassislari bemor najasini idishlarga ekib, uni o‘stiradilar. Besh kunda o‘sib chiqqach, foydali mikroblar soni, zararli mikroblarning qaysi turi ko‘paygani, hamda ularga ta’sir qiladigan antibiotiklar aniqlanadi. Antibiotiklarning ta’sirchanligi ijobiy bo‘lsa, kasallik yaxshi davolanadi.

Disbakterioz belgilari

Ota-onalar bolalarda qorin og‘rig‘i bilan boshlanadigan ilk holatlarni kuzatishi mumkin. Bolaning qornida g‘urillash, qattiq og‘riq bo‘lib, tez-tez ichi ketadi. Bunga ovqat iste’mol qilishda shaxsiy gigiyenaga rioya qilinmaganligi ham sabab bo‘lishi mumkin.

Didisbakteriozni davolashda qo‘shimcha muolaja

Ichak disbakteriozi kerakli dori-darmonlardan tashqari qatiq bilan ham davolanadi. Mutaxasssilarning fikriga ko‘ra, har kuni 200 gramm qatiq iste’mol qilish kishi salomatligini asraydi va ichning ravon kelishini ta’minlaydi. Disbakteriozda bioqatiqlar foydasi haqida ko‘p gapirilishi bejiz emas. Negaki oddiy qatiq achitqi zamburug‘laridan tayyorlansa, bioqatiq achitqi zamburug‘laridan tashqari bifido va laktobakteriyalar kabi qo‘shimchalar bilan boyitiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Aloe haqida nimalar bilasiz

Bugungi kunda shifobaxsh bioqatiqlar savdo do‘konlarida ko‘p. Bioqatiqning oddiy qatiqqa nisbatan davolovchi xususiyati ko‘proq. Ular ichak mikroflorasini yaxshilaydi, organizmdagi zararli xiltlarni tashqariga chiqaradi, o‘z o‘rnida disbakterioz holatini bartaraf etadi.

Bioqatiq kechasi uyqu oldidan ichak faoliyati faollashgan vaqtda ichilsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Uni muntazam ravishda iste’mol qilish inson salomatligini mustahkamlashda ahamiyati beqiyos. U organizmda moddalar almashinuvini faollashtiradi, soch to‘kilishidan xalos qiladi, tirnoqlarni mustahkamlaydi, yuz va teri rangini yaxshilaydi, eng asosiysi asab tizimi ishi tiklanishiga yordam beradi.

Bioqatiqni xarid qilishdan oldin uning yaroqlilik muddatiga e’tibor qarating. Ishlab chiqarilgan kundan uch kun o‘tsa, unda bifidobakteriyalar miqdori nihoyatda ozayib ketgan bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Qorin dam bo‘lishi (meteorizm) kasallikmi?

© Nigora TURSUNOVA, umumamaliyot shifokori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.