1
(1)

Makkarona tuzoq

Chekish – tabiat va inson hamkorligida yaralgan eng makkorona va mash’um tuzoq.

Bizni chekishga eng avvalo kim undaydi deb o‘ylaysiz? Katta yoshdagi minglab chekuvchilar-da! Ular hatto ogohlantirib ham qo‘yishadi: chekish salomatlikka putur yetkazadigan va qimmatga tushadigan odat. Ammo farzandlar ularning chekishdan rohat olmayotganiga qanday ishonsin? Chekishning taajjubli jihatlaridan biri shundaki, unga o‘rganib qolish uchun anchagina g‘ayrat ko‘rsatishimizga to‘g‘ri keladi.

Bu – xo‘rak qo‘yilmaydigan dunyodagi yagona tuzoq. Unga ilinishimiz sababi sigaretaning ajoyib ta’mga egaligi emas, aksincha, ko‘ngilni aynitganidir. Biz chekkan birinchi sigareta vujudimizga xush yoqqanida edi, ongli mavjudot sifatida millionlab odamlar o‘zlarini zaharlashga nima uchun jaraq-jaraq pul to‘lashlarini tushungan bo‘lardik. O‘sha birinchi sigaretadan jirkanganimiz uchun xotirjam bo‘lamiz va shunday xulosaga kelamiz: bu narsa menga hech qanday lazzat bag‘ishlamadi, demak, unga aslo o‘rganib qolmayman va istagan paytda uni tashlashim mumkin.

Bu maqsadingizga yetishishga yo‘l bermaydigan tuzoq.

O‘spirin yigitchalar kimgadir taqlidan “zo‘r” ko‘rinish uchun sigareta tutatishadi. Yanada zo‘rroq ko‘rinishni istaganlarning esa boshi aylanib, ko‘ngli ayniydi. Shunday paytda ular tezroq do‘stlaridan uzoqlashishni va bemaza sigaretani uloqtirishni istab qolishadi.

Qizlar esa zamonaviy degan taassurot qoldirish ilinjida cheka boshlashadi. Ular zamonaviylik bobida oshib-toshganlarida, yigitlar esa “hammadan zo‘r” nomiga ega bo‘lganlarida chekishni o‘rganganlaridan afsus chekishadi.

Shu tariqa umrimizning qolgan qismini nima uchun chekishimizni tushunishga urinib, vaqti-vaqti bilan undan xalos bo‘lishga chiranib, farzandlarimizga bu tuzoqqa ilinmaslikni uqtirib o‘tkazamiz.

Lekin tuzoq shunday qurilganki, kuchli stressni boshdan kechirganda – salomatligimiz yomonlashsa yoki puldan qiynalib qolsakkina chekishni tashlashga harakat qilamiz.

Chekishni tashlab esa avvalgidan-da kuchliroq stress­ga duch kelamiz, chunki shu paytgacha chekishimizdan maqsad stressdan xalos bo‘lish edi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ochlik davrida huqna qilishga qarshiman ( 12-qism )

Bir necha qiynoqli kunlardan keyin chekishni tashlashga noqulay vaqtni tanlabman, degan xulosaga kelamiz va stress o‘tib ketganidan keyin tashlashni dilga tugamiz. Ana shu fikr xayolimizda charx urgani zamon chekishni tashlashga bo‘lgan istak bizni tark etadi. Vaholanki, biz umid qilgan – stress­lardan xoli vaqt hech qachon kelmaydi, chunki hayot oqimi og‘irlashib boruvchi xususiyatga ega. Ota-onamiz bag‘ridan uchirma bo‘lar ekanmiz oila qurib, ro‘zg‘or tashvishlari yelkamizga yuklanadi, qarzga botamiz, bolalarimiz tug‘iladi, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishni istaymiz va hokazo, va hokazo. Shunday qilib, ko‘ngilda halovat ilinji, haqiqatda esa puch xayollarga berilgan bo‘lamiz. Unutmaslik kerakki, chekuvchining hayoti tobora qiyinlashib boraveradi. Sababi, chekish biz o‘ylagandek stressdan xalos qilib, bo‘shashishga yordam bermaydi. Aksincha, yanada asabiylashtiradi va zo‘riqtiradi.

Aqalli bir marta chekishni tashlashni uddalaganlar yana nikotinga qaram bo‘lmagunga qadar baxtiyor yashashlari mumkin.

Chekish ulkan labirintda tentirab yurishga o‘xshaydi. Labirintga kirganimiz zahoti ongimiz xiralashadi va qolgan umrimizni u yerdan chiqib ketishga urinish bilan o‘tkazamiz. Ko‘pchiligimiz yo‘l topishga muvaffaq ham bo‘lamiz, ammo bu yutug‘imiz takroran qopqonga tushishimizga xizmat qiladi, xolos.

Kamina chekishni tashlaganimdan keyin sevimli mashg‘ulotim (keyinchalik esa kasbim) nikotinga qaramlik bilan bog‘liq muammolarga yechim topish bo‘ldi. Chekishni tashlashga urinish– Rubik kubigiga o‘xshash murakkab boshqotirma. Biroq har qanday boshqotirmalarda bo‘lgani kabi, yechimini topsangiz, bundan osoni yo‘q.

Men chekishni tashlashning osongina yo‘lini bilaman. Men sizni labirintdan olib chiqaman va takroran uning ichida daydib yurmasligingizga kafolat beraman. Sizdan yagona tilagim – ko‘rsatmalarga amal qilish. Aks holda sa’y-harakatlarimiz chippakka chiqadi.

Hozircha esa bizni chekishga undaydigan asl sabablarni aniqlab olishimizga to‘g‘ri keladi.

Nima uchun hanuzgacha chekayabmiz?

Biz ahmoqlik qilib, odatda atrofdagilarning ta’sirida chekib ko‘ramiz. Unga o‘rganib qolgach esa savol paydo bo‘ladi: nima uchun chekishni davom ettiryapman?

Ushbu maqolani ham o‘qing:  “Chekishni tashlashning osongina yo‘li” (9-qism)

Dunyodagi hech bir chekuvchi nima uchun chekishini bilmaydi. Agar asl sabablar unga ayon bo‘lganida esa,  allaqachon chekishni tashlab yuborardi. Maslahat paytida har safar chekuvchilardan shu narsani so‘rayman. To‘g‘ri javob bitta, lekin men eshitadigan noto‘g‘ri javoblar shunchalik turli-tumanki, adog‘i yo‘q.

Bilasizmi, kashandalar ich-chidan o‘zlarini kallavaram deb hisoblashadi. Ular chekishga o‘rganib qolmagunga qadar “hech qachon sigaretaga ehtiyoj sezmayman”, degan xayolda yurishadi. Biroq chekuvchilar ham ongli va aqlli odamlar. Chekish bilan sog‘liklarini katta xatarga qo‘yishayotganini, buning uchun mo‘maygina pul sarflashlarini yaxshi bilishadi. O‘z odatlarini oqlash uchun ular mantiqli vaj-korson ko‘rsatishlari lozim.

© Allen Karr.
“Chekishni tashlashning osongina yo‘li” kitobi.
Tib.uz